ShHT+ formatidagi hamkorlik – barqaror taraqqiyot va tinchlik sari dadil qadam
2025-yil 1-sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida oʻtkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” (ShHT+) formatidagi sammit xalqaro miqyosdagi eng muhim siyosiy voqealardan biri boʻldi. Bu uchrashuv dunyo sahnasidagi geosiyosiy muammolar, xavfsizlikka tahdid solayotgan omillar va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammitdagi nutqida xalqaro maydondagi muhim masalalarga toʻxtalib, Oʻzbekistonning prinsipial va masʼuliyatli tashqi siyosatiga asoslangan yondashuvini ochiq va aniq ifoda etdi. Jumladan, ShHT+ formati doirasidagi hamkorlik nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda barqarorlik, taraqqiyot va tinchlikni taʼminlashda muhim platformaga aylanishi qayd etildi. Shuningdek, Prezidentimiz xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, transport-logistika infratuzilmasi, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish zarurligini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, Prezident xalqaro munosabatlarda oʻzaro hurmat, suverenitetni eʼzozlash va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga qatʼiy sodiqlikni yana bir bor taʼkidlab oʻtdi. Bu esa mamlakatimizning tinchlikparvar siyosati va maʼnaviy qadriyatlarga tayanadigan tashqi siyosiy pozitsiyasini mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, bu kabi yondashuvlar nafaqat siyosiy barqarorlik, balki jamiyatda yuksak maʼnaviy uygʻonish, oʻzaro ishonch va birgalikda taraqqiyot sari intilish ruhi shakllanishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz tashabbuslari orqali xalqaro hamjamiyatda ham ijobiy muhit yaratilib, barcha davlatlar uchun manfaatli boʻlgan hamkorlik tamoyillari ilgari surilmoqda.
ShHT+ formati – bu shunchaki siyosiy maydon emas, balki barqaror, adolatli va xavfsiz dunyoni birgalikda qurish sari yoʻnaltirilgan hamkorlik maydonidir. Bu esa bugungi avlodning yelkasidagi masʼuliyatni anglash va kelajak avlodlarga tinch, taraqqiy topgan jamiyatni meros qilib qoldirishga xizmat qiladi.
Rustam Burxonovich XAYITOV
Navoiy viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi rahbari