Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Turkiya Respublikasiga uyushtirilgan etnofolklor ekspeditsiyasi davomida nomoddiy madaniy meros bilan bir qatorda madaniy meros va muzeylar ham tadqiq etildi. Istanbuldagi Ayyub Sulton jome masjidi (1558-yilda qurilgan), Ali Qushchi yodgorligi, Ayo Sofiya masjidi (537), Toʻpqopi saroy-muzeyi (1459), Sulton Ahmad masjidi (1616), Shonliurfadagi Goʻbektepa arxeologik yodgorligi, Baliqlikoʻl qadamjosi, Adanadagi Shermuhammad qoʻrboshi yodgorligi, Koʻnyodagi Mavlono Jaloliddin Rumiy muzeyi, Alouddin masjidi, Ayo Yelena muzeyi (327) va boshqa tarixiy maskanlar ziyorat qilindi.
Istanbulda deyarli barcha sohalarga doir muzeylar mavjud. Ularning eng ulugʻvori, shubhasiz, Toʻpqopi (Toʻpli darvoza) saroy-muzeyidir. Sulton har gal saroyga kirgan va chiqqanda toʻp otilgani bois unga shu nom berilgan.
1479-yili Sulton Muhammad tomonidan qurilishi boshlangan saroy XIX asr oʻrtalariga qadar turk sultonlarining qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Shu yillar mobaynida 25 hukmdor mamlakatni boshqargan. Manbalarda saroyda 4-5 mingga yaqin kishi yashab xizmat qilgani qayd etilgan. Sulton oshxonasida bir vaqtning oʻzida mingga yaqin oshpaz ishlagan. Bir yilda saroyga 30 mingta joʻja, 23 ming bosh qoʻy, 14 ming bosh buzoq keltirilgan.
Toʻpqopi muzeyi chinni idishlar soni boʻyicha Pekin va Drezden saroylaridan soʻng uchinchi oʻrinda turadi. Bu yerda 10 mingdan ziyod buyum saqlanadi. Saroy Turkiya Respublikasi tashkil etilganidan soʻng Mustafo Kamol Otaturkning buyrugʻiga binoan 1924-yil 3-aprelda muzeyga aylantirilgan. 1854-yili Bosfor sohilida yevropalik meʼmorlar ishtirokida “Doʻlmabogʻcha” saroyi qurilgach, Toʻpqopining siyosiy roli kamaygan boʻlsa-da, ramziy va diniy ahamiyatini yoʻqotmagan.
Sulton Abdulmajid hukmronligi davrida saroy ilk marotaba cheklangan omma uchun muzey sifatida ochilgan. Ingliz elchisiga Toʻpqopi xazinasidagi buyumlar koʻrsatilganidan soʻng mamlakatga kelgan mehmonlarni bu yerga taklif etish anʼanaga aylangan.
UNESCOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Toʻpqopi saroy-muzeyida qadimiy qoʻlyozmalar, chinni buyumlar, qurol-yarogʻlar, sultonlar kiyim-boshi saqlanadi. Saroyda saqlanayotgan artefaktlar usmoniylar madaniyati, estetik didi va ilm-fanga eʼtiboridan dalolat beradi.
Toʻpqopi faqat hashamati bilangina emas, balki oʻsha zamon sirlarini oʻzida saqlagani bilan ham tarixga kirgan. Bunga Oltin panjara deb atalmish bino misol boʻla oladi. Bu yerda asosan taxt vorislari istiqomat qilgan. Merosxoʻr shahzodalar bir-biri bilan aslo uchrashmagan. Ular 18 yoshga qadar saroyda tarbiyalanib, keyinchalik mamlakatning turli viloyatlariga yuborilgan. Shahzodalarning koʻpchiligi saroy fitnasining qurboniga aylangan. Ularning oʻlimi bilan bogʻliq tafsilotlar saroydan tashqariga chiqmagan, sirligicha qolgan.
Yongʻin koʻp roʻy bergani bois saroy muntazam ravishda taʼmirlab kelingan. Shu sababli ham inshootda har bir sultonning hissasi bor deyish mumkin.
Toʻpqopi arxitekturasi bilan diqqatni tortadi. Usmoniy imperiyasining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi muzeyda Vizantiya va saljuqiy meʼmorchiligi izlari ham mavjud. Saroyning toʻrt hovlili tuzilmasi markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ifodalaydi. Har bir hovli ijtimoiy tabaqalanish tamoyiliga mos ravishda tashkil etilgan. Meʼmoriy jihatdan handasaviy naqshlar, arabiy yozuvli bezaklar va turk gumbaz uslubi uygʻunlashgan. Bagʻdod, Revan va Iftor pavilonlari usmoniylar gʻalabalari sharafiga qurilgan.
Saroy-muzeyda asrlar davomida jamlangan moddiy va maʼnaviy boyliklar namoyishga qoʻyilgan. Munaqqash zallarda xattotlik, musavvirlik, zargarlik, sahhoflik, aslahasozlik va xalq amaliy sanʼatining bebaho namunalari, qiymati mamlakatlar boj-xirojiga teng dur-u javohirlar saqlanmoqda. Islom tarixi va sanʼati boʻlimidan esa Ibrohim (a.s.) kosasi, Muso (a.s.) hassasi, Dovud (a.s.) shamshiri, Yusuf (a.s.) sallasi, Muhammadga (s.a.v.) tegishli muborak xirqa, soch, tish, qilich, maktub, oyoq izi kabi noyob eksponatlar oʻrin olgan.
Kumush panjara bilan oʻralgan boʻlmada Paygʻambarimiz Muhammadning (s.a.v.) xirqayi saodatini (tuya yungidan tikilgan, oʻlchami 1 metru 24 sm) koʻrish mumkin. Rivoyatlarga qaraganda, bir majlisda shoir Kaʼb goʻzal ashʼor oʻqigan. Sheʼrdan taʼsirlangan Rasululloh (s.a.v.) saodatmand shoirni alqab, egnilaridagi xirqani unga tuhfa qilganlar. Ardoqli hadyani shoirning avlodlari koʻz qorachigʻidek asrab-avaylagan, keyinroq xalifa Muoviya uni 20 ming tangaga sotib olgan. Shu tariqa muborak libos asrlar davomida arab sulolalari bisotida saqlangan. Sulton Salim 1517-yili Misr mamluklarini yenggach, xirqani Istanbulga keltirgan.
Muzeydan joy olgan har bir eksponatning oʻz tarixi bor. Zumrad va olmos bilan bezatilgan, dastasi uchida soat yashirilgan Toʻpqopi xanjari usmoniylar davri hunarmandlari mahoratini aks ettiradi va dunyodagi eng qimmatli xanjarlardan biri hisoblanadi.
Toʻpqopidagi eng diqqatga sazovor yodgorliklardan yana biri Sulton Muhammad Fotih taxtidir. Ulugʻvor taxt oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
Muzeyda temuriylar davriga oid noyob qoʻlyozmalar ham saqlanadi. Xususan, Hofizi Abroʻning “Majmua” (Hirot, 1415), Nizomiddin Abul Maoli Nasrulloning “Kalila va Dimna” (Hirot, 1429), Attorning “Sitta” (Hirot, 1438) asarlari; sheʼriy toʻplam (Yazd, 1407), Nizomiy Ganjaviyning Yusuf al-Jomiy tomonidan koʻchirilgan “Xamsa”si (1445) shular jumlasidan.
Mirzo Ulugʻbekning oʻyma naqshli yogʻoch sandiqchasi, Kamoliddin Behzod qalamiga mansub “Shoh ovi” miniatyurasi, oq nefrit va oltin bezakli, dastasi ajdaho boshli poʻlat qilich va qin (XV asr) Toʻpqopida saqlanayotgan temuriylar davriga oid amaliy va tasviriy sanʼatning noyob namunalari hisoblanadi.
Xullas, saroy-muzey Turkiyagina emas, balki butun insoniyat sivilizatsiyasining bebaho manbasi hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasi faqat tarixiy artefaktlar toʻplamigina emas, balki usmoniylar imperiyasining siyosiy va madaniy xotirasini jamlagan ilmiy tizimdir. Bu buyumlar orqali oʻtmishning moddiy va maʼnaviy qadriyatlari oʻrganilib, insoniyat tarixidagi eng yirik imperiyalardan birining madaniy portreti tiklanadi. Bu jihatdan muzey ekspozitsiyasi tarix, sanʼatshunoslik, antropologiya fanlari uchun muhim manbadir.
Jasurbek AHMEDOV,
tarix fanlari boʻyicha
falsafa doktori, dotsent
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Toʻpqopi: tarix va tamaddun” maqolasi