Bir asar tarixi
Mustabid tuzumda oʻz yurti tarixi haqida badiiy asar yozishga bel bogʻlagan shoir, yozuvchi borki ikki oʻt orasida qovurilardi. Bir tomonda haqiqat tigʻi, ikkinchi tomonda “dorning ogʻochi”... “Navoiy” romani Oybekni, “Mirzo Ulugʻbek” dramasi M.Shayxzodani, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy kabi buyuk allomalarga bagʻishlangan “Jayhun ustida bulutlar” kitobi Mirkarim Osimni, “Ulugʻbek xazinasi” romani Odil Yoqubovni mana shu ikki oʻt orasiga tashlagani kabi, Pirimqul Qodirov ham Boburga bagʻishlangan asari uchun ne savdolarni boshdan oʻtkazmagan, deysiz. Bu asarlar asosida kino yoki telefilm suratga olish esa undan-da ogʻir edi. Oyina.uz navbatdagi “Bir asar tarixi” ruknida “Yulduzli tunlar” romani va u asosda yaratilgan koʻp qismli televizion film tarixiga toʻxtaladi.
Roman haqiqatlari
“Yulduzli tunlar” tarixiy romani 1972-yilda yozib tugallangan boʻlsa-da, uning nashr etilishiga olti yil toʻsqinlik boʻldi. Bu haqda muallifning oʻzi asarning mustaqillik yillarida qayta nashri soʻz boshisida shunday yozgan edi: “1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob boʻlib chiqdi. 1981- yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini keltirgan boʻlsa kerak. Ular “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan dahshatli tuhmatlar davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushirishga urinib koʻrdilar”.
Asosan “Boburnoma”ga tayangan Pirimqul Qodirov faqat va faqat haqiqatga suyanishga, Bobur shaxsiga mustabid tuzum koʻrsatmalariga koʻra “bosqinchi” shoh niqobini yopishtirmaslikka, shu bilan birga Boburni haddan ortiq ideallashtirmaslikka harakat qildi. Shuning uchun ham bu asar hanuzgacha tarixiy faktlarga boyligi, haqiqat va badiiy toʻqima muvozanatini saqlaganligi bilan eʼtirof etiladi.
“Yulduzli tunlar” nashr etilganidan soʻng asarning shuhrati katta boʻldi. Asar tarixiy biografik roman ixlosmandlari orasida qoʻlma qoʻl oʻqildi. Tarixga haqiqatparvar yozuvchi nigohi ila xolis baho berilgani sababli roman xalqning sevimli asariga aylandi, adabiyotshunos va tarixchilar tomonidan yuksak bahosini oldi. Asarni varaqlasak, 1494-yildan 1530-yillar oraligʻidagi juda katta hajmdagi tarixiy voqelik Pirimqul Qodirovning yuksak badiiy mahorati bilan ifodalangani guvohi boʻlamiz.
12 yoshida otasi Umarshayx mirzoning bevaqt oʻlimidan soʻng taxtga oʻtirishga majbur boʻlgan Boburni beklar oʻz tomonlariga ogʻdirishga harakat qilishlari, oʻgay ukasi – oʻzidan ikki yosh kichik Jahongir mirzoni unga qarshi qoʻyishlari, gʻalaba u tomonda boʻlganda uni alqashlariyu, magʻlubiyatga uchrasa xoinlik qilishlari, Shayboniyxon temuriylarning soʻnggi avlodlarini birma bir yoʻq qilishi, Boburning boshiga oltin vaʼda etilishi, Samarqand qamalida opasi Xonzoda begim oʻzini qurbon qilib, ukasini asrab qolishi voqealari tarixning oʻzi chalkash dramatik voqeliklarga boyligini isbot etadi.
Mazkur asar orqali Bobur oʻzbek xalqining chin qahramoni boʻlib boʻy koʻrsatgan edi. Asarni oʻqigan har oʻquvchi qalbini faxr va iftixor hissi qamrab oladi. “Yulduzli tunlar”ning nashri Bobur ijodiga, “Boburnoma”ga boʻlgan qiziqishni kuchaytirib yuborgan boʻlsa, “Bobur” serialining namoyishi bu qiziqish va muhabbatni yuz chandon oshirdi.
“Bobur” teleseriali tarixi
1990-yilda Oʻzbekiston hali sobiq sovet mamlakatlari tarkibidan chiqmagan bir paytda “Bobur” televizion koʻp qismli filmining namoyish etilishi juda katta voqea boʻldi. Aslida bu videofilm ustida 1984-yilda ish boshlangan edi. Ammo, ayrim sabablarga koʻra jarayon toʻxtab qoladi. Maqsud Yunusov intervyulardan birida “Bobur” serialining epizodlaridan birini suratga olib, yozuvchi Pirimqul Qodirovga koʻrsatganini, yozuvchi telerejissyorning mehnatlarini qadrlagan holda, oʻzining qimmatli maslahatlarini ham ayamaganini aytib oʻtgan.
“Bobur” serialiga qadar xalqqa manzur boʻlgan bir necha televizion filmlar suratga olgan Maqsud Yunusovning ijodiy tajribasi katta edi. Rejissyor “Yulduzli tunlar” romanini inssenirovka qilib, telessenariy yozadi. Respublikaning barcha shahar va viloyat teatrlaridan aktyorlarni tanlaydi. Uzoq muddat tayyorgarlikdan soʻng, oʻsha vaqtda Surxondaryo viloyat teatrida ishlayotgan Muhammadali Abduqunduzovga Bobur rolini ishonib topshiradi.
Kino-televizion badiiy asarlarda munosib bosh qahramon tanlay olish asarning 50 foiz muvaffaqiyati garovidir. Maqsud Yunusov hali kinofilmda ham rol oʻynab koʻrmagan aktyorni bosh rolga taklif etishi bir qadar xavfli ham edi. Chunki, teatr sahnasi bilan aktyor yuz ifodasining har bir mimikasini roʻy rost tasmaga muhrlaydigan kamera orasida katta farq bor. Ammo, Maqsud Yunusov nafaqat bosh rollar ijrochilarini, balki videofilmdagi har bir rolga teatr aktyorlarini taklif qiladi. Aktyorlar bilan yakkama yakka ishlagan rejissyor pirovardida “Bobur” seriali orqali katta muvaffaqiyatga erishadi.
Bobur
Aktyor Muhammadali Abduqunduzovning ijodiy faoliyatida Bobur obrazi alohida oʻringa ega. Bu obrazni oʻzining eng kuchga toʻlgan davrida yaratgan M.Abduqunduzovni hanuzgacha tomoshabin oʻz Boburi, deb biladi. Oʻziga xos ovoz tembri bilan gʻazal oʻqigan, ahli ayoliga alohida muomala, saroy ayonlariga yana bir boshqacha muomalasi bilan, doʻstu dushmaniga xarakterining turli qirralarida namoyon boʻlgan Bobur – Abduqunduzov ruhiyatidagi evrilishlar teleserialning qismdan qismga oʻtishda sayqallanib boradi. Rejissyor va ssenariynavis M.Yunusov badiiy asardagi syujet ketma ketligiga keskin oʻzgartirish kiritmaganligi va Pirimqul Qodirov qalamiga mansub dialog va monologlarni deyarli oʻzgartirmagani sababli XV asr adabiy turkiy tiliga xos nafosat, nazokat va saroy muhitiga oid koʻtarinki ruh Boburning ekrandagi obrazini haqqoniy va ayni paytda havas qilarli darajada badiiy ifodalanishiga yordam bergan edi.
Serialning 1-2 qismlarida 12 yosh va 15-17 yosh oraligʻidagi ikki yosh aktyorlarda bir oz gʻoʻrlik, bir oz oʻziga ishonchsizlik holatlari guvohi boʻlsak, 3-qismdan boshlab Boburdagi yigitlik shijoati, janglarda toblangan shahzoda qatʼiyati boʻy koʻrsatadi. Shu bilan birga nazm va navoga boʻlgan kuchli havas Boburning Samarqandni ikkinchi bor qoʻldan boy berishiga sabab qilib koʻrsatiladi. Shunda, tomoshabin sifatida koʻngildan Bobur aslida shohlik uchun tugʻilmagan-da, u qalban nazm va nafosat kuychisi degan fikr kechadi. Ayniqsa, opasi Xonzoda begimning Shayboniyga sulh evaziga turmushga chiqishi oldidan opa va uka suhbati oʻta taʼsirli ifodalangan. Bobur Xonzoda begim unga bildirmay Samarqand darvozasidan chiqib ketganini kech biladi. Boburning noilojlik va alamdan azoblangan qiyofasini koʻrish ham azobli. Tomoshabin Boburning holiga bir achinsa, darvoza oldida qizining ortidan yigʻlab qolgan Qutlug‘ Nigor xonim holiga ikki achinib yigʻlaydi. Ayni paytda saroydan uzoqlashib borayotgan 25 yoshli goʻzal va sarvqomat malika Xonzoda begimning jasoratiga tahsin oʻqiydi.
Koʻplab temuriy podshoh va shahzodalar oʻz ogʻa inilari yoki qavmlari bilan taxt talashib, bir birining joniga qasd qilishlari oddiy hol boʻlganini tarix tasdiqlaydi. Shoh Bobur esa oʻgay ukasi Jahongir mirzoga Fargʻona viloyatining yarmini boʻlib beradi, opasi va farzandlari bilan inoqlikda yashaydi. Hatto, oʻgʻli Humoyun oʻlim bilan olishgan mahalda Allohdan oʻgʻlining joni oʻrniga, oʻz jonini olishini soʻrab iltijo qiladi. Ana shu tarixiy fakt ham bu videofilmda oʻzgacha bir shukuhda ifodalangan. Sirli tarixiy hodisa roʻy bergani qayd etilgan koʻplab manbalarda Bobur oʻgʻlining jonini soʻrab betob Humoyun boshi uzra aylanarkan, tobora oyoqlaridan mador ketib, kuchdan qoladi. Mana shu sahnada oʻgʻli atrofida aylanayotgan Bobur, hushsiz yotgan Humoyun, bu holni hayron boʻlib kuzatib turgan tabib va boshqa ayonlar – hammasi bir kadrda jamlanib, tomoshabinni kuchli hayajonga soladi.
Boburning zaharlanishiga sababchi boʻlgan malika Baydani tirik qoldirishga buyruq bergan Bobur – aktyor M.Abduqunduzov soʻzlaridagi keskinlik, nigohlaridagi uchqun goʻyo u kelajakni oldindan koʻrib turgandek, boburiylar avlodi 300-yildan ortiq Hindistonda hukmron boʻlishini bilgandek qatʼiyat bilan soʻzlaydi.
Shayboniyxon
“Bobur” serialida Boburdan keyin katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan obraz Shayboniyxon obrazidir. Bu rol Buxoro viloyat teatri aktyori Muhammad Rafiqovga topshiriladi. Ayrim tarixiy faktlar va buyuk musavvir Behzod qalamiga mansub suratda Shayboniyxon koʻrkam etib tasvirlanmagan. “Boburnoma” da Bobur ham gʻanimining jang bobida “purtajribalik” ekanini tan olsa ham, takabbur, maqtanchoq va islom aqidalariga koʻp ham amal qilmasligi haqida yozgan. Bulardan farqli tarzda teleserialda Shayboniyxon xushbichim, koʻrkam va aqlli inson sifatida koʻrinadi. Oʻzining jangovar tajribasi, bilimi bilan ayonlari oldida soʻzamol boʻlgan Shayboniyxon Samarqand taxtini jangsiz qoʻlga kiritishda ayyorlik qiladi. U Sulton Maxmudxonning bevasi Zuhra begimga soxta ishqiy maktub yoʻllab, uning oʻgʻli Sulton Ali mirzoni aldab huzuriga chorlaydi. Shohning hiylasiga uchgan ona-bola Shayboniy va uning ayonlari tomonidan kalaka qilinadi.