Qoʻqon xonligida moliya tizimining shakllanishi va boshqaruv siyosati
Qoʻqon xonligida moliya tizimining yuzaga kelishi bevosita davlatchilikning qaror topishi bilan bogʻliqdir. 1709-yilda Buxoro xonligidan ajralib chiqqan yangi davlat oldida hokimiyatni mustahkamlash, qoʻshinni taʼminlash va boshqaruv tizimini yuritish kabi vazifalar turardi. Bu esa xazina daromadlarini shakllantirish va ularni maqsadli tasarruf etish zaruratini keltirib chiqardi.
Xonlikda moliyaviy masalalar markazlashgan boshqaruv orqali tartibga solingan. Xazinani shakllantirish va sarflashda xonga yaqin nufuzli amaldorlar muhim oʻrin tutgan. Davlat ahamiyatiga molik masalalar otaliq, mingboshi, parvonachi, gʻaznachi va mehtar kabi mansabdorlar qatnashchiligidagi doimiy kengashda hal etilgan.
Manbalarga koʻra, xonlik moliya tizimining oʻziga xos jihati shunda ediki, xarajatlar zamonaviy davlatlardagidek oldindan yillik byudjet asosida qatʼiy rejalashtirilmagan. Mablagʻlar koʻproq muayyan ehtiyojlar va yuzaga kelgan zaruratlarga qarab taqsimlangan.
Davlat moliyasi faqat ichki ehtiyojlarga emas, balki quyidagi muhim yoʻnalishlarga ham yoʻnaltirilgan:
Xoʻjalik va infratuzilma: Yangi yerlarni oʻzlashtirish, kanallar (Umarxon davrida Yangi ariq, Madalixon davrida Xonariq, Xudoyorxon davrida Ulugʻnahr) qazish hamda suv inshootlarini qurish.
Harbiy taʼminot: Qoʻshinning janggovar salohiyatini saqlash. Harbiy xizmatga kiruvchilarga ot va ot-abzal berilib, safar oldidan martabasiga qarab (yuzboshiga 2 tilla, ellikboshiga 1,5 tilla, askarga 1 tilla) mukofotlar ajratilgan.
Yillik maoshlar (1851-yil hisobida): Yuzboshilarga 147 soʻm, ellikboshilarga 98 soʻm, oʻnboshilarga 65 soʻm va oddiy askarlarga 43 soʻm miqdorida kumush tanga berilgan.
Shu tariqa, Qoʻqon xonligida moliyaviy manbalar va xazina mablagʻlari nafaqat kundalik saroy ehtiyojlarini qoplagan, balki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, suv xoʻjaligini yuritish va markazlashgan harbiy kuchni saqlab turishning asosiy vositasi boʻlib xizmat qilgan.
Xazina mablagʻlari qayerga sarflangan?
Qoʻqon xonligi xazinasiga kelib tushgan mablagʻlar va ularning sarf-xarajat yoʻnalishlari arxiv hujjatlari asosida quyidagicha tadqiq etiladi:
Xazina mablagʻlarining asosiy yoʻnalishlari
Arxiv manbalari xonlik xazinasi faqat joriy saroy ehtiyojlarini emas, balki muhim iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlarga ham sarflanganini koʻrsatadi. Bu jarayonlar asosan quyidagi yoʻnalishlarni qamrab olgan:
Investitsion xarajatlar va mulk xaridi: Kelgusida barqaror daromad keltiruvchi yerlar va bogʻlarni sotib olishga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, Xudoyorxon davrida Oqmasjid yaqinidagi 10 tanob mevazor (4 tanob uzumzor va 6 tanob anorzor) 50 tillaga sotib olingani qayd etilgan (bunda 1 tanob yerning narxi oʻrtacha 5 tillaga toʻgʻri kelgan).
Saroy va xoʻjalik taʼminoti: Tanobonadan tushgan mablagʻlar saroy oʻrdasining kundalik xarajatlarini qoplagan. Bu xarajatlar qatʼiy nazoratda boʻlib, maxsus tayinlangan amaldorlar tomonidan kuzatib borilgan. Masalan, 1870–1871-yillarda Oltiariqdagi Dalailxon madrasasiga ajratilgan mablagʻlar va gʻalla, paxta, oʻrik hamda oʻtindan olingan soliqlar Muhammad Sodiq qoʻriqchi nazorati ostida maqsadli sarflangan.
Natural toʻlov tizimi: Xazinada hisob-kitoblar faqat naqd pul (tilla, tanga, chaqa) orqali emas, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlari vositasida ham amalga oshirilgan.
1875-yilgi hisob-kitob daftari va natural moliya tizimi
Xonlikda pul va natural qiymatning oʻzaro bogʻliqligini 1875-yilga oid maxsus arxiv daftari asosida yaqqol koʻrish mumkin. Qizilmush hududidagi yerlarni xarid qilish jarayoni bunga yaqqol misol boʻla oladi:
Mahsulot va pul uygʻunligi: Yer egalariga (Abdujalilboy, Muhammad Xoliqboy, Mulla Umar Uzoq va boshqalar) naqd pul oʻrniga joʻxori, mosh, guruch, paxta va qovun pullari berilgan. Hujjatda bu mahsulotlarning miqdorigina emas, balki ularning bozor qiymati ham tilla va tanga hisobida aniq koʻrsatib oʻtilgan.
Qamrovi va vaqf yerlari: Hisob-kitoblar faqat xususiy mulklarni emas, balki Dovud xoʻja eshon darveshlarining xonaqohi va qishloq masjidi kabi vaqf yerlariga tegishli xarajatlarni ham oʻz ichiga olgan. Jumladan, vaqf yerlari boʻyicha hisoblangan mahsulotlar ham alohida qayd etilgan (masalan, xonaqoh vaqfi boʻyicha 39 tilla 7 tanga).
Yakuniy hisob: Mazkur daftardagi umumiy jamlanmaga koʻra, 240 choriq joʻxori (80 tilla), 86,5 choriq paxta (66,5 tilla), 3 choriq gʻalla (1,5 tilla), 3 choriq mosh (1 tilla 13 tanga), qovun pullari va 679 choriq guruch (320 tilla) jami 500 tillalik umumiy qiymatni tashkil etgan.
Arxiv hujjatlari Qoʻqon xonligi xazinasi faqat pul toʻplash yoki sarflash vositasi boʻlmay, balki mulkdorlik munosabatlarini kengaytirish, iqtisodiyotni mustahkamlash va taʼlim-maʼrifot muassasalarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilganini koʻrsatadi. Moliyaviy hisob-kitoblarda pul va natural mahsulotlarning bir tizimga keltirilishi xonlikda murakkab va puxta oʻylangan xoʻjalik hisobi yuritilganidan dalolat beradi.
OʻzMA 1043-fond 497-hujjatning tarjimasi:
1875-yil Robbi avval oyining 8-sanasi. Qizilmushdagi yerlarga 500 tilla hisobidagi gʻalla ajratildi. Uchta chek-yer – Abdujalilboy, Muhammad Xoliqboy, Mulla Umar Uzoq. 64 choriq joʻxori, (bozor narhi bilan xisoblaganda 3 choriq joʻxoriga bir tilla 6 yarim tanga); 2 yarim choriq 100 paysa mosh – (bozor narxida 1 choriq 16 chaksa mosh uchun bir tilla), hisoblangan qovunlar uchun 3 tilla, 34 choriq 12 chaksa guruch – 2 choriq 2 chaksasiga – 16 tilla 6 tanga, yana ombordan 5 choriq 4 chaksa paxta – 5,25 tilla. Jaʼmi 47,25 tilla (choragi bilan) .
Ikki yarim chek-yer. Doʻst Muhammadboy va Hasanboy. 11 choriq 9 chaksa joʻxori – 3 tilla 16 tanga, 4 choriq shishak paxta (bir chorigʻiga – 1 tilla) 4 tilla 0,25. (Четири тилла с четвертю) 57 choriq guruch – 27 tilla, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 7 tanga. Jaʼmi 39 tilla 8 tanga.
Bir chek-yer. Muhammad Nazarboy sariq. 15 yarim choriq joʻxori – 5 tilla 3 tanga bir miri, 3 choriq 14 chaksa paxta 3 tilla 17 yarim tanga, qovun pulidan 15 tanga, 8 choriq 12 chaksa guruch – 10 tilla 15 tanga, , yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3chorak. Jami 15 tilla 3 chorak boʻldi.
Ikki yarim chek-yeri. Shaharlik Muhammadalimboy. 3 choriq paxta – 3 tilla, qovun puli – 2 tilla 4 tanga, 63 choriq 5 chaksa guruch – 29 tilla 15 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 7 tanga jaʼmi 39 tilla 8 tanga.
Bir chek-yeri. Xakim toʻra. 4,5 choriq paxta – 4,5 tilla, 2,5 choriq joʻxori – 16 tanga, 18,5 choriq guruch – 8 tilla 13 tanga, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jaʼmi 15 va 3 chorak tilla.
Bir yarim chek-yeri. Eslatib oʻtilgan Raxmatulloh arqonfurush va Muhammad Nazarboy amin, Doʻstmuhammad, Abdujalil. 44 choriq 10 chaksa guruch – 21 tilla, yana ombordan 2 choriq 10 chaksa paxta – 2tilla 12 tanga jaʼmi 23 tilla 12tanga[5.4.].
3 tartib) Bir chek-yeri. Muhammad Azim. 3 choriq 4 chaksa joʻxori – 1 tilla 2 tanga, 3 choriq 3 chak 20 choriq 10 chaksa guruch – 9 tilla 13 tanga, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jaʼmi 15 va 3 chorak tilla. Jaʼmi 15 tilla 3 chorak tilla[4.5.].
Bir chek-yeri. Mullajon maxzum (Usta Ibodulloh va Mulla Ismatullohlarning sagʻirasi – yetimi) 2,5 choriq paxta – 2,5 tilla, 24 choriq 7 chaksa guruch – 11,5tilla, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak, jaʼmi 15 va 3 chorak tilla[5.6.].
3 chorak chek-yer. Said soʻfidan qolgan meros. 4 choriq joʻxori – 1 tilla 6 tanga, 1 choriq paxta – 1 tilla, qovun puli – 23 tanga, 14 choriq 14 chaksa – guruch – 7 tilla, 1 choriq 5 chaksa – 1 tilla 6 tanga. Jaʼmi 11 tilla 16 tanga[5.7.1.].
Ikki yarim chek-yer. Dovud xoʻja eshon darveshlarining xonaqohi vaqfi. 3 choriq 12 chaksa joʻxori – 1 tilla 6 tanga, qovun puli – 30 tanga, 3 choriq bugʻdoy – 1,5 tilla, 12 chaksa mosh – 8 tanga, 60 choriq 2 chaksa guruch – 30 tilla 2 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 8 tanga. Jaʼmi 39 tilla 7 tanga [5.7.2.].
Bir chek-yer. Qishloq masjidining vaqfi. 2 choriq joʻxori – 13 tanga, 11 choriq paxta – 13 tanga, 26 choriq12 chaksa guruch – 12 tilla 12 tanga, yana ombordan choriq 12 chaksa paxta – 1tilla 3 chorak. Jaʼmi 15 tilla 3 chorak.
Bir chek-yer. Mulla Abduvali oqsoqol. 29 choriq 12 chaksa guruch – 14 tilla, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta- 1 tilla 3 chorak. Jaʼmi 15 tilla 3 chorak.
Yarim chek-yer. Mulla Muhammad Zokir domla.14 choriq 14 chaksa guruch – 7 tilla, yana ombordan 14 chaksa paxta – 17 tanga. Jaʼmi – 7 tilla7 tanga.
Jaʼmi: 240 choriq joʻxori – 80 tilla, 86,5 choriq paxta – 66,5 tilla, eski xosil paxtasidan 55,5 choriq olindi. 3 choriq gʻalla – 1,5 tilla, 3 choriq mosh – 1 tilla 13 tanga, 164 tanga qovun pullari, 679 choriq guruch – 320 tilla. Jaʼmi 500 tilla. [5.3].
Mazkur arxiv hujjatlarining maqolaga kiritilishi oʻquvchiga faqat tadqiqotchining tayyor xulosasini beribgina qolmay, balki xonlik davridagi moliyaviy hisob-kitoblarni oʻz tasavvurida gavdalantirish va mustaqil ilmiy xulosa chiqarish imkonini beradi. Raqamlar, mahsulot turlari, yer maydonlari va ularning bahosi bevosita hujjat tilidan yetib kelgani fikrlarni umumiy mulohazadan aniq arxiv dalili darajasiga olib chiqadi. Yer xaridi bilan bogʻliq hisob-kitoblarda mahsulot miqdori, bozor narxi va umumiy qiymat oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlgan.
Xazina mablagʻlari faqat tayyor mulklarni sotib olishga emas, balki xon yerlarida dehqonchilikni tashkil etish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga ham sarflangan. Bu holat Oʻzbekiston Milliy arxivining 1043-fond, 511-hujjati bilan toʻliq tasdiqlanadi. Xususan, Margʻilon beki va Xudoyorxonning tugʻishgan ukasi Sulton Murodbekning Dadxoh sarkorga yoʻllagan eslatma-pattasida Xonaboddagi yerlarga ekish uchun gʻalla urugʻi hamda hoʻkiz sotib olishga mablag‘ ajratish soʻralgan:
“Hurmatli Dadxoh sarkorga: Xonaboddagi yerlarga ekish uchun gʻalla urugʻi bering. Shu bilan birga, hoʻkiz sotib olish uchun 6 tilla 10 tanga ajratib, imkoni boricha Doʻst Muhammadni tezroq qaytarib yuboring. Holatni tasdiqlangan deb hisoblang. 1288/1871–1872-yillar”[5.8].
Xulosa
Qoʻqon xonligi moliya tizimiga oid manbalar tahlili shuni koʻrsatadiki, xazina mablagʻlari shunchaki joriy xarajatlarni qoplash vositasi boʻlib qolmagan. U yangi yerlarni oʻzlashtirish, urugʻlik va ish hayvonlari bilan taʼminlash orqali qishloq xoʻjaligini yuritish va kelgusida barqaror daromad olishga qaratilgan xoʻjalik ishlarini ham bevosita moliyalashtirgan.
Saroy devonxonasida yuritilgan daftarlar va moliyaviy hujjatlarda xazina mablagʻlarining harakati muntazam qayd etib borilgan. Bu esa xonlik moliya tizimining amaliy mexanizmini, xarajatlarning maqsadli yoʻnaltirilishini va davlat boshqaruvining iqtisodiy asoslarini chuqur anglashda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi.
Zumradxon XATAMOVA,
CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Moliya-arab tilidan olingan soʻz boʻlib, pul mablagʻlari degan maʼnoni anglatadi. Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbek tilining izohli lugʻati: J.2.Ye-M // Tahrir hayʼati: T.Mirzayev (rahbar) va boshqalar, – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 611-b.
Moliya atamasi dunyoda birinchi marta 1577-yilda “Respublika xususida olti kitob” asarida fransuz olimi J.Boden tomonidan ishlatilgan. Baʼzi adabiyotlarda moliya finansi lotin tilidan olingan degan maʼlumotlar ham uchraydi. Batafsil maʼlumot uchun: Vahobov A., Malikov T. Moliya. Toshkent, 2011. – B.30.
2. Bobobekov X. N. Qoʻqon tarixi. T.: Fan, 1996. – B. 238.
3. Хорошхин А.П. Сборник статей касающихся до Туркестанского края. СПб, 1876. С.31.
4.Иванов П.Очерки по истории Средней Азии. – С.182.; Троицкая А.Л. Материалы по истории Кокандского ханства XIX в. Москва, 1969. – С.16.
5. OʻzMA 1043-fond, № 15-daftar, №497, №497, 2t, №497, 3t, №497, 3t, №497. 3 t, №497. 3t, № 497.3t
6. Xatamova Z. Qoʻqon xonligida soliq tizimi. Fargʻona, 2022.