Yosh shoirlar ijodida shunday obrazlar borki, ular bevosita Alisher Navoiy merosiga bogʻlanadi. Shu maʼnoda ulug‘ mutafakkirning nafaqat shaxsi, balki yaratgan obrazlari ham sheʼriyatimizga mavzu va tashbeh boʻlib xizmat qilmoqda.
Navoiydan tortib Mashrab bobomgacha
Shoirni siylagan elni sevaman, –
deydi shoir Bek Ali.
Muallif nazdida Alisher Navoiy shoirlikni belgilovchi asosiy kategoriyaga aylangan. Xalqning maʼrifatga oshnoligi, sheʼrni qadrlashi ham Navoiyga nisbatan baholanmoqda. Ushbu qarash Shahriyor Shavkat sheʼrlarida ham koʻrinadi:
Shamshirlar tirnamish qanotimizni,
Boʻronlar chorlamish girdibodiga!
Birga-bir tikkanmiz hayotimizni,
Bobo Alisherning qutlug‘ yodiga.
Ayni shu ruhdagi misralar Alibek Anvariyning “Taskin manzillari” asarida ham koʻzga tashlanadi:
Kelsa yuragim sezadi...
inkormi, imdodmi – nima farqi bor?
Yozar... oʻchiradi... yozadi...
Termizmi, Hirotmi – nima farqi bor?
Yuqorida tilga olingan ijod konsepsiyasiga daxldorlik ushbu sheʼrda avtobiografik ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, “Navoiy – shoirlik maqomining choʻqqisi, Hirot esa sheʼriyat poytaxti”, degan fikrga ishora qilingan. Yaʼni, oʻsha sheʼriyat poytaxtidagi oliymaqom Alisher boʻladimi, yoki Termizda yashayotgan Alibek boʻladimi, nima farqi bor, ijod konsepsiyasi bir xil (“Yozar... oʻchiradi... yozadi...”) ekani haqida xulosa yasaladi. Shahar orqali insonga ishora etish – sinekdoxa usulida koʻchim yuz bergan. Bunga sheʼriy sanʼat sifatida majoz deb qarasak, alohida xususiyatiga koʻra majozi mursol sanʼati deb baholash mumkin. Metafora – istioradan farqli majozi mursolda ikki obyekt oʻrtasida qiyosiy aloqa emas, real bogʻliqlik muhimligini hisobga olsak, Hirot butun mavjudligi bilan Navoiyni bildirmoqda.
Akmal Nur. “Qays”, 2018. Mato, moyboʻyoq.
Yana bir shoir Sirojiddin Ibrohim Alibek Anvariyga bagʻishlangan sheʼri yakunida:
Sheʼr degan bu ilohiy qaygʻu,
Bizga boqmas boqqandek yotga.
Zuvalamiz qorgan balki u,
Axir, Termiz yaqin Hirotga, –
deya “Termiz-Hirot” adabiy-geografik tandemiga qoʻshimcha poetik boʻyoq beradi. Bu misrada Hirotga geografik yaqinlik adabiyotga maʼnaviy yondoshlik sifatida talqin qilinmoqda. Alisher Navoiyga geografik jihatdan yaqin boʻlish shoirlarga gʻurur bagʻishlashi sheʼrning original badiiy xulosasi boʻlgan.
Shoir Mansur Jumayev esa hazrat Mir Alisher Navoiyga boshqa tengdoshlari bergan “status”ni yana bir pogʻonaga koʻtaradi.
Momo alyor, bobo sheʼrim,
pir toʻzitgan qabo sheʼrim,
hazrat Amir Alisherbek
bobom kiygan abo sheʼrim.
Bunda “hazrat Amir Alisherbek” deyish orqali shoirning nafaqat adabiy, balki milliy-ijtimoiy ahamiyati ham urgʻulanmoqda. Tarixiy-madaniy tahlil usuliga koʻra, ikkinchi misradagi “pir” timsoli ham Navoiyga ishora qilmoqda va uning maʼnaviy-tasavvufiy darajasini koʻrsatmoqda.
Mansur Jumayev “Majlisi uns” sheʼrida Ozarboyjonning Qorabogʻida oʻtgan turkiy adiblar anjumani haqida yozar ekan:
Ishq emas bu, sabab bu,
Sheʼr emas bu, shabab bu:
Navoiyga nazira,
Fuzuliyga tatabbu, –
deya mushoirada ishtirok etgan barcha turkiy shoirlarning butun ijodini Navoiyga nazira ekanini bildiradi.
Shoirning “Kitobsevar qizga” sheʼrida Alisher Navoiy siymosiga yangi poetik qiyofa beriladi:
Bugun esa tavallud ayyom,
siz tugʻilgan bu kun ham oniy.
Talpinaman sizga bu oqshom,
qoʻllarimda –
Hazrat Navoiy!
Navoiy – muhabbat, ishq izhori timsoli. Oshiq yigit uchun kitobsevar sevgilining tugʻilgan kuniga eng katta sovgʻa – Navoiy, metonimik maʼno koʻchishida Navoiy qalamiga mansub kitob.
Malik Nabiyev. “Navoiy ish ustida”, 1969. Mato, moyboʻyoq. OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanmoqda.
Qofiya ortidan quvgancha gohi
Maʼnini qoʻltiqlab, yuguramiz zir.
Qofiya – sheʼrlarning qoʻgʻirchoq shohi,
Maʼno – Navoiydek donishmand vazir, –
deydi Mansur Nazarov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan “Soʻroq” kitobida. Bunda Navoiy badiiy obraz darajasiga chiqmagan boʻlsa-da, tashbeh tarzida uning ijtimoiy faoliyatiga urgʻu berilgan. Muallif “Sheʼrda qofiya boʻlsin, usiz sheʼr boʻlmaydi, lekin qofiya davlat rahbari boʻlsa ham, maʼno degan bosh vazirga boʻysunsin, shunda sheʼr davlati barqaror boʻladi”, deya nazmda “parlamentar respublika” oʻrnatishga urinadi.
Yoshlar sheʼriyatida Alisher Navoiyga lirik qahramon sifatida murojaat qilingan oʻrinlar ham uchraydi. Shahriyor Shavkatning “Vahima” sheʼri metrodagi izdihomda shoirning paydo boʻlishi bilan boshlanadi:
Kimdir birdan chinqirdi ogʻir,
Payqaganlar oʻtishdi chetroq.
“Bu nimasi?
Metroda shoir!”
Aslida-chi?
Shoirda metro!..
Shoirning olomon ichida ham alohida ekani, yakka shaxs ekani chiroyli ifoda qilingan. Biroz mubolagʻali “shoirda metro” jumlasi bilan shoir qamrovi jihatdan shu metro toʻla olomonni oʻziga sigʻdira olishini aytmoqchi boʻladi. Sheʼr davomida esa:
Davomimi?
Bundan-da dahshat!
Bir xabar jaranglab ketadi:
“Eshiklar yopilar,
keyingi bekat –
Alisher Navoiy bekati...”
Metrodagi poyezdlar va olomonni oʻziga sigʻdirganini iddao qilgan shoir metropolitenda “vahima” koʻtargani bilan gʻururlanib ketar ekan, birdan ovoz yangraydi: “Alisher Navoiy bekati”. Yaʼni, bunday poyezdlar, bunday izdihom, ular orasida “shoirda metro” deguvchilar ham oʻtib ketaveradi. Navoiy esa oʻtguvchi emas, u bekat. Shu poyezdlar, olomon, uning ichidagi shoirlarning necha mingini qabul qila oladigan bu dunyo metropolitenining bir ulug‘ bekati! Shahriyor Shavkat mazkur sheʼrida Alisher Navoiyning adabiyotdagi darajasini poetik talqin qilar ekan, unga toʻlaqonli badiiy obraz sifatida yondashadi.
Xurshid Abdurashid bugungi insonning, xususan, zamon ziyolisining ahvolini istehzo ila tasvirlashda Alisher Navoiy obrazidan foydalangan:
Avtobuslar oʻtar, ana, bekatda –
Navoiy oʻltirar, chehrasi horgʻin.
Ishda oʻtirmogʻi zarur bir paytda,
Kechikib turibdi, birpas olib tin.
Xurshid “Oʻzimga tanbeh” sheʼrida ham Alisher Navoiy va uning adabiyotdagi oʻrni haqidagi qarashlarini ochiqlab oʻtadi:
Boshdin baland sakray olmadik nuqul,
Koʻp borsa, bosh tegdi daraxt shoxiga.
Alisher Navoiy ochdi bir yoʻlkim,
Ul yoʻl olib chiqur falak toqiga.
Husan Maqsudning “Hirotdan kelgan maktub” sheʼrida esa Navoiy tom maʼnoda lirik qahramonga – roviyga aylanadi va bu orqali muallif bugungi millatning maʼnaviy qiyofasiga uning rakursidan nazar tashlashga urinadi:
Oramizda besh yuz yillik yoʻl
(uzoqlashar tobora u ham...),
Ammo menga uzatgancha qoʻl,
talpinasan mudom, nabiram.
Oʻzbek jamiyatini kemirayotgan dabdababozlik, koʻzboʻyamachilik va boshqa illatlarga eʼtibor qaratiladi, yoshlar sheʼriyati ham chetda qolmaydi:
Maqtovlarga oʻchsan, bolajon,
minbarlarga oʻzni urasan.
Bitganlaring ruhsiz, chalajon
va ularni sheʼr deb yurasan.
Lirik qahramon millat bolalarini uygʻotish, ularga haqiqatni anglatishni istaydi. Eng soʻngida “Choʻp holicha qolmasin qalam, jaholatga qarshi tig‘ boʻlsin”, deya duo qiladi. Bu sheʼr yoshlar ijodida dunyoga Navoiy rakursidan qarashga urinish borligini koʻrsatishi bilan ahamiyatga ega.
Alisher Navoiy asarlari qahramonlari xalqimiz orasida shu darajada ommaviyki, umummilliy timsolga aylanib ketgan. Layli va Majnunni eslaylik, bugun bu ikki nom tilga olinganda odatda badiiy obrazlar nazarda tutilmaydi.
Loyimga shoirlik maqomin berib,
Qorgansan halollik taomin berib,
Meni rafiqlikda Majnun etgansan,
Laylimga qovurgʻam davomin berib, –
deb yozadi Bek Ali Yaratganga murojaat qilingan sheʼrida. Sal avval taʼkidlanganidek, bu yerda “Xamsa”dagi “Layli va Majnun” sujetiga ishora ham yoʻq. Lekin mashhur oshiq-maʼshuq nomlarining oʻziyoq sheʼrga talmeh sifatida rang bergan. Umuman, shu kabi timsollarni sheʼrda qoʻllash Alisher Navoiy ijodidan xabardorlikni yoki taʼsirlanishni bildirmaydi. Ular adabiyotda va xalq orasida muhabbat arxetipiga aylanib boʻlgan. Ammo bilvosita baribir hazratga olib borishini taʼkidlash lozim deb oʻylaymiz.
Junun dashtlarini kezganim diqqat,
Shoʻrlik laylilar ham inkor etolmas...
***
Menman sahrolarda adashgan Majnun,
Bir ism ayturman, tillarda doston...
Bek Alining yuqoridagi misralarida Layli va Majnun obrazlari bilan dasht va sahro xronotoplari ham birga kelgan. Ammo birinchi baytdagi “shoʻrlik laylilar” ifodasi shoirning oʻz sezimlaridan oʻsib chiqqan, oʻz lirik kayfiyatiga bogʻliq birikma ekani boʻrtib koʻrinadi. Ikkinchi baytda ham lirik qahramon Majnun siymosida oʻzini koʻradi va tillarda doston boʻlgan oʻsha ism – Laylini yodga oladi.
Yosh ijodkorlar: Akmal Murod, Islomjon Qoʻchqorov, Suhrob Ziyo, Najmiddin Ermatov, Mansur Jumayev. Rustam Nazarmat olgan surat. Toshkent, 2018.
Xotin-qizlar ijodida ham ayni tendensiya koʻzga tashlanadi. Misol uchun, Gulrux Xudoyorovaning:
Yigʻlasam, yoshimning qasdiga
Goʻroʻgʻli minadi Gʻirotga.
Laylolar yigʻlabmi qoldi deb,
Majnunlar boradi Hirotga... –
deya boshlanadigan sheʼrini olaylik. Aytilishicha, lirik qahramon yigʻlasa, Majnun “Layli yigʻlayapti, shekilli”, deb Hirotga yoʻl olar ekan. Bizningcha, shoira qadim dostonlardan afsonaviy oshiq-maʼshuq arab oʻlkasida yashab oʻtganini bilgani holda Alisher Navoiy “Xamsa”ni qayerda yozganiga ustuvorlik berib ishora qilmoqda.
Yana Mansur Jumayev sheʼriga eʼtibor qilamiz:
Bunday qaramang, deysan,
men shunday qaradimmi?
Laylosiga mubtalo
Majnunday qaradimmi?
Yana “Layli-Majnun”lik kayfiyatidagi satrlardan biri. Muallif boshqa sheʼrida ushbu sevgi tarixini Navoiy kuylagan oshiqlik mojarosi tariqida tilga oladi:
Majnun topgan kabi Laylini
behush edim,
aytdim koʻngil maylini:
poyingga yiqilsam kunda besh mahal,
chehrang sogʻinchidan chalgʻitmaydimi?