Koʻzing och, yotma, gʻaflatdan oʻson, millat, oʻson millat!

Topar san birla avloding omon, millat, omon millat!

Abdulla AVLONIY

Oradan 10–15, balki 50–60 yil oʻtar, oʻshanda ortga nazar solib, Vatanimiz taraqqiyoti, farzandlarimiz farovon hayoti uchun nima qildik, degan savol har birimizni oʻylantirishi  tabiiy. Bugun Prezidentimiz barchamizni Uchinchi Renessans sari ruhlantirmoqda. Bu yoʻlda oldimizga katta maqsadlarni qoʻyganmiz. Lekin yana savol tugʻiladi: Uchinchi Renessans uchun qanchalik hissa qoʻshyapmiz? Hech qursa vijdonimiz oldida shu savollarga javob berishga burchlimiz.

Bu kabi uygʻoq savollar yurt kelajagiga befarq boʻlmagan barcha ilm ahlini qiynayotganiga iymonimiz komil. Zotan, davlatimiz rahbari har bir ishga, har bir sohaga ilm­-fan mezonlari asosida yondashish lozimligi, maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyasi davr talabi ekani, ilm bobida jiddu jahd va muttasil izlanishlar bilangina mutaraqqiy davlatlar qatoridan joy olish mumkinligi, taraqqiyotning boshqa muqobil yoʻli yoʻqligini uqtirib kelmoqda. Alhol, bu kundek ravshan haqiqat ekanini hayotning oʻzi tasdiqlayotir.

Endi esa nega bu savollar bizni hozirdanoq oʻylantirishi kerakligi xususida gaplashsak. “Yangi Oʻzbekiston ruhi” bilan yashayotganimiz – bugungi islohotlar davrida har ishga, har sohaga ilm-­fan nuqtayi nazaridan yondashish talab etilmoqda, maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyasi yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoridan joy olishimiz, ijtimoiy-­iqtisodiy taraqqiyotga erishishimiz kerakligi, boshqa muqobil yoʻl yoʻq ekanini anglatmoqda.

Ammo biz tarix gʻildiragi aylanib turishini, oʻtmishi buyuk el, albatta, yana buyuk boʻla olishiga dunyoni qachon ishontiramiz? Axir, dunyo ilmiga shu zamin beshik boʻlgani, bu el farzandlari bitmas-­tuganmas meros qoldirgani ayon­-ku! Qolaversa, haqiqat shuki, Jaloliddin Rumiy aytganidek, Turonzamin hamisha ilm-fan va madaniyat beshigi boʻlgan va boʻlib qolajak.

Albatta, Turonzaminda ilm­-fan va madaniyat oʻz-­oʻzidan paydo boʻlib qolgani yoʻq, buning oʻziga xos obyektiv va subyektiv sabablari, unga turtki boʻlgan qator omillar bor.

Islom va uning tub ilohiy­-falsafiy mohiyati bizning zaminda ilm-fan rivojiga obyektiv omil sifatida xizmat qilgan boʻlsa, hukmdorlarning ilm-­fan fidoyilarini qoʻllab-quvvatlagani, ularga shart­-sharoit yaratib bergani, mablagʻni ayamagani subyektiv omil oʻlaroq taraqqiyot uchun eng muhim asos boʻldi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yozganidek, musulmonlar qadimgi ilmlarni juda rivojlantirdi. Oʻzlaridan avval maʼlum boʻlmagan ilmlarni kashf etdi. Ularning dorulfununlari ovroʻpolik tolibi ilmlar uchun doimo ochiq edi. Ovroʻpolik podsholar musulmonlar diyoriga davolanish uchun borar edi. Ovroʻponing uygʻonishi va taraqqiyotining asosiy sababchilari ham musulmonlardir.

Bu Uygʻonish davri Turonzaminda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Fargʻoniy, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Koshgʻariy, Zamaxshariy, Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimizni yetishtirib chiqardi va ular IX–XI asrlardagi Birinchi Renessans hodisasiga zamin yaratdi.

XIV­-XV asrlarda Ikkinchi Renessans deya ataladigan davr ham oʻziga xos voqelik hisoblanib, bunda obyektiv shart­sharoitdan koʻra, subyektiv omillar muhimroq va koʻproq rol oʻynagani guvohi boʻlamiz. Amir Temurning olim-u fuzalolarga yuksak eʼtibori, oliy madrasalar bunyod etilishi, umuman, madaniyat va maʼrifat negiziga qurilgan bunyodkorlik siyosati va davlat boshqaruvi Ikkinchi Renessans yuzaga kelishiga turtki berdi.

Mulohaza qilib koʻrilsa, har ikki Renessans mohiyatan bir-­birini toʻldiruvchi, chuqur mantiqiy izchillikni oʻz ichiga olgani bilan xarakterlanadi. Unda diniy va dunyoviy ilmlarning uygʻunlik, mushtaraklik kasb etganiga guvoh boʻlasiz. Maʼrifiy islom bulogʻidan suv ichgan alloma bobolarimiz ilm-u irfon bogʻini gullatdi, dunyoga ustozlik qildi.

Ilmga muhabbat islomdan meros boʻlib kelayotgani ham bejiz emas. Zero, Qurʼoni karimning “Mujodala” surasi 11-­oyatida “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”, deyilsa, “Zumar” surasi 9-­oyatida “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” deya marhamat qilingan. Bu oyati karimalar ilm kishisining maqom-­martabasi Haq huzurida qanchalar yuksak ekanini tasdiqlab turibdi.

Shu bois, agar biz bugun yashayotgan kunimizni ilm­-maʼrifat, mustahkam eʼtiqod, yurtga sadoqat ruhi bilan toʻldirsak, kelajak avlod undan toʻyib oziqlanadi va bizdan ogʻrinmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi toʻgʻri hayotimiz va uning mazmuni, kerak boʻlsa, ruhiyati avlodlarimiz taqdirini belgilab beradi. Biz ilmli, maʼrifatli, madaniyatli, bagʻrikeng, halol, saxiy boʻlsak, kelajak avlodimiz ham xuddi shunday boʻladi.

Agar bizdan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun ishni nimadan boshlash kerak, deb soʻrasalar, hech ikkilanmay ziyolilarimizni, olimlarimizni uygʻotishdan, deb javob bergan boʻlar edik.

Inson qachonki uygʻoq boʻlsa, hushyor boʻladi, atrof­-muhitda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar, xoh u samoviy boʻlsin, xoh moddiy yoki nomoddiy, sezadi, anglaydi, birga ishtirok etadi va baho beradi, yangi-­yangi fikrlar, gʻoyalar shakllanadi. Bir soʻz bilan aytganda, inson intiladi. Intilish – taraqqiyot mezoni.

Yaqin 6­-7 yil oldingi tariximizni eslasak, tahlil qilsak, butun boshli Fanlar akademiyasi yopilib ketishiga sal qolganiga, qancha-­qancha ilmiy­-tadqiqot institutlari oʻz faoliyatini toʻxtatganiga, ularda ishlayotgan olimlar davlat mablagʻisiz, faqatgina tanlovda gʻolib topilgan grantlar evaziga yashaydigan holatga kelganiga guvoh boʻlamiz. Agar grant tanlovida gʻolib topilmasa, olimlarning shoʻriga shoʻrva toʻkilgani ham rost. Olim boʻlguncha, savdogar boʻlsam netardi, deb ilmiy faoliyatdan voz kechib ketgan koʻp olimlarni bilamiz. Axir bu ertak emas, haqiqat­-ku. Xoʻsh, nega Oʻzbekiston ilm­-fani shunday ogʻir kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda yetakchi olimlarimiz harakatdan koʻra, jimlikni afzal koʻrdi? Mamlakat taraqqiyoti ilm­-fan rivoji bilan oʻlchanar ekan, ular nega bong urmadi?

Zamon shunday edi, uzoq yillar mudroqlik kayfiyati hukm surdi. Shu bois, birlashib harakat qilishdan koʻra, jarayonni tinchgina kuzatishni afzal bilguvchilar koʻp edi. Oʻzimiz ham birorta mard chiqib qolar, deb ovunib oʻtirganimizni bugun aytsak toʻgʻri boʻlar. Yana bilmadim-u, lekin bu vaziyatga zamonni aybdor qilib koʻrsatish xatodir. Balki davlat oʻz taraqqiyoti rivoji uchun ulardan sezilarli naf koʻrmagandirki, tizimni davlat tomonidan moliyalashtirishni qisqartirib, oʻz kunini oʻzi koʻrsin, degan xulosaga kelgandir. Biz u davrni muhokama qilish fikridan yiroqmiz.

Oʻzbekiston ilm­-fani shunday kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda siyosiy iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ziyolilari, olim-u fuzalolariga alohida eʼtibor qaratdi, qiyin ahvolda qolgan ilm-fanni yangi yuksalish oʻzaniga burdi. Xullas, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tarixida yangi davrni boshlab berish uchun maydonga chiqdi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish masalasi davlatning bosh maqsadiga aylandi. Balki bu gaplar balandparvoz tuyular, ammo haqiqat.

Albatta, yangi Oʻzbekistonni qurish oson kechmaydi, uning oʻziga xos qiyinchiliklari bor. Sohibqiron Amir Temur davlat ishlarini yuritishda olim-u fuzalolar, mamlakatning ulug‘ arboblari bilan maslahatlashib ish yuritganidek, Prezidentimiz ham 2016-yil 30-dekabr kuni yurtimiz ilm­-fan vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad olimlarni har tomonlama qoʻllab­-quvvatlash, ilm-­fanni rivojlantirish davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidlashdan iborat edi. Shunday boʻldi ham. Prezident olimlarga bergan vaʼdasini bajardi, tizim toʻliq davlat tomonidan moliyalashtirishga oʻtkazildi. Grantlardan olinadigan qoʻshimcha daromadlar joyida qoldi. Bir soʻz bilan aytganda, olimlarga ilmiy tadqiqotlar bilan xotirjam shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Davlat rahbari ilm-­fan vakillariga qaratgan bunday yuksak eʼtiborga javoban birgina narsani istadi, u ham boʻlsa davlatimiz taqdiriga, uning kelajagiga befarq boʻlmaslik.

Endigi marra – ana shu ishonchga munosib boʻlish. Shu haqda mulohaza yuritish chogʻi kishini baʼzi savollar oʻylantiradi. Nega Oʻzbekistondan Nobel mukofoti laureatlari chiqmaydi, nega koinotga chiqish yoʻlini bizning ota-bobolarimiz yaratib qoʻygan boʻlsa­-da, biz koinotda emasmiz? Algebra, matematika, fizika, kimyo, tibbiyot, astronomiya kabi fanlarga tamal toshini qoʻygan ajdodlarimiz boʻlsa­-yu, bu fanlar yutugʻi bizning nomimizda emas?

Yoki XIV asrda Amir Temur Shahrisabzda bunyod etgan, atigi bir dona sham bilan qizdirilgan hammomning sir-u sinoatini bilish uchun bugungi kungacha nafaqat oʻzimizning olimlar, balki rivojlangan davlatlar mutaxassislari ham bosh qotirayotganidan xabarimiz bor-ku! Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin, biroq uning vorisiyligini taʼminlash ham kerak-­ku axir. Mana Prezidentimiz, xalqimiz biz, olimlardan nimani kutmoqda!

Aytmoqchimizki, yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi oʻz oʻrnida va oʻz vaqtida ilgari surildi. Chunki ertaga kech boʻlar edi. Shiddat bilan rivojlanayotgan Gʻarb, Uzoq Sharq mamlakatlari, oxirgi yillarda taraqqiyot choʻqqisini zabt etayotgan arab davlatlari... Bir soʻz bilan aytganda, bizning jonajon yurtimiz, agar oʻz taraqqiyot yoʻlini qayta koʻrib chiqmasa, Markaziy Osiyoda turmush darajasi oʻrtacha boʻlgan yurt sifatida tarix sahifasiga muhrlanishiga oz qolgan edi.

Dengiz yoʻli yoʻq, qoʻshni davlatlardagi notinch ijtimoiy­-siyosiy hamda iqtisodiy vaziyat, xalqning umidi soʻnib borayotgan bir sharoit Prezident zimmasiga nihoyatda masʼuliyatli vazifalarni qoʻydi. Bu ham tashqi, ham ichki siyosatda tub islohotlarni talab qilar edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi, jurʼati bilan bu mushkul vazifa uddalandi. Qisqa muddatda yon qoʻshnilar bilan munosabatlar tartibga solindi. Yaxshi qoʻshnichilik tamoyili asosida dunyo hamjamiyati hayratlanadigan darajada izchil va bardavom aloqalar oʻrnatildi. Chegaralar, savdo yoʻllari ochildi, fuqarolarning kirish­-chiqish masalasida muammo qolmadi. Yangi Oʻzbekiston rahbari qoʻshni mamlakatlar yetakchilari bilan qisqa muddatda oʻzaro til topisha oldi.

Bu siyosat davom etajak. Chunki Markaziy Osiyo – ildizlari tutash xalqlar yashagan yaxlit makon. Shu bois, xalqlarimiz tarqoqlikdan koʻra, oʻzaro ahil-inoq va bordi-­keldi bilan yashashni afzal biladi. Shavkat Mirziyoyevning bu masaladagi oqilona siyosati va uning natijasini nafaqat Oʻzbekiston xalqi, balki Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham doim eslab yuradi.

Yurtimizda yangi Oʻzbekiston gʻoyasi asosida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirila boshlandi, natijalar uzoq kuttirmadi. Maqsad aniq, nishonga otilgan oʻq asta-­sekin moʻljalga tega boshlaganini sezgan xalqimiz oʻz Prezidentidan bundan-da katta natijalarni kutadi. Islohotlar qisqa muddatda ijobiy natijalarini bera boshladi.

Har bir ishga ilm bilan yondashish talabi qoʻyilayotgan islohotlar shaharlardan hududlarga – qishloqlar va mahallalarga koʻchdi. Davlat boshqaruvining vertikal tizimi toʻliq ishga tushdi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ulkan loyihalar amalga oshirila boshlandi. Olis qishloqlarda va mahallalarda aholi endi oʻz davlati rivoji sarob emas, balki tez surʼatlarda qad koʻtarib borayotganiga guvoh boʻlib yashashni oʻrgandi. Statistik raqamlar oʻtgan 6 yil ichida Oʻzbekistonda oʻrtacha umr koʻrish 2-­3 yilga uzayganini koʻrsatmoqda. Albatta, bularning barchasi chuqur oʻylangan va amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

Shuning uchun boʻlsa kerak, Birinchi va Ikkinchi Renessans voqeligiga guvoh boʻlgan bu zamin uchinchi marta ham shu tarix millatimiz taqdiri bilan bogʻlanishiga, uni amalga oshirish mumkinligiga ishondi. Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi jarangladi.

Bir haqiqatni aslo unutmasligimiz darkor, Movarounnahr diyori qaysidir janglarda, savashlarda magʻlub boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo ilm va maʼrifatda aslo magʻlub boʻlmagan. Chunki yurtimiz doimo dunyo ilm­-fani markazi boʻlgan va boʻlib qolajak. Bu diyordan biz yuqorida muborak nomlarini keltirib oʻtgan buyuk zotlar, mutafakkir-­olimlar, sohibqiron-­podsholar, hukmdorlar yetishib chiqqan va dunyoni bir emas, bir necha marta hayratlanishga majbur qilgan.

Aslida yurtga uncha-­muncha inson rahbarlik qila olmaydi. Kimgaki shunday taqdir nasib etsa, bu – Yaratganning xohish-­irodasi. Bizning vazifamiz esa Prezidentimizga har tomonlama koʻmaklashish boʻlmogʻi lozim. Toʻgʻri, koʻmakning turlari juda koʻp. Mahallangizni seving, uning obodligiga befarq boʻlmang, yurtingizni ardoqlang, uning rivojiga bir yaxshi soʻz bilan boʻlsa­-da, hissa qoʻshing. Bu ham bir koʻmak. Oʻz mamlakatingiz taqdiriga befarq boʻlmang, zero, yaxshilikning katta-­kichigi boʻlmaydi.

Shu yurtda siz va biz birga istiqomat qilish baxtiga musharraf boʻlgan ekanmiz, bir-­birimizga bildirilgan baʼzi tanqidiy fikrlarni toʻgʻri qabul qilishni ham oʻrganaylik. Aslida hammamizning maqsadimiz ulug‘, niyatimiz pok. Xalqimiz, davlatimiz boy boʻlsin, elimiz farovon yashasin, farzandlarimiz sogʻlom va baquvvat, ruhiyati tetik oʻssin, ota­-onalarimiz baxtimizga bor boʻlsin kabi ezgu niyat, ezgu maqsad va ezgu soʻz ila yashayapmiz. Niyatni ezgu qilganga yarasha qadamlarni ham kattaroq tashlash kerak. Ayniqsa, taqdir kimgadir olimlik martabasini tuhfa etgan boʻlsa, ular bu neʼmatni xalq manfaati uchun sarflashi kerak.

Uchinchi Renessans poydevorini yaratish katta gap, bu gʻoya oʻzida ulkan maqsadlarni mujassam etib turibdi. Biz oʻz maqsadimizni aytdik, dunyo eshitdi. Ular kuzatmoqda, qani nima qilar ekan, eplay olarmikin, maqsadiga erisha olarmikin, deb. Bir haqiqatni unutmaslik darkor – biz bu maqsad yoʻlida magʻlub boʻlishga haqqimiz yoʻq. Hozir oliy taʼlim muassasalarida ishlayotgan oddiy oʻqituvchining oyligi 6-­9 million soʻmdan kam emas, ilmiy darajasi bor qatlam esa 10 milliondan 20 million soʻmgacha maosh oladi. Fanlar akademiyasi va uning tarkibidagi tarmoq ilmiy-­tadqiqot institutlari, taʼlim, ilm-­fan tizimiga kiruvchi vazirlik, idoralar rahbar va xodimlari ham anchagina yuqori koeffitsiyentli maosh olmoqda. Boshqa vazirlik, korxona va idoralar rahbarlari va oʻrinbosarlarining ijtimoiy himoyasi ham davlat tomonidan himoyalangan. Oylik ish haqimiz yildan-­yilga oshib, turmushimiz yaxshilanib bormoqda. Bugun pir-u badavlat boʻlish amalga oshmas orzu emas.

Ammo jiddu jahdimiz sust, sezilmayapti. Nega biz ham Prezidentimiz qaygʻurganichalik qaygʻurmaymiz, nega tanbeh berganidan soʻng “endi koʻzim ochildi, endi ishlayman” kayfiyatiga oʻtib olganmiz? Nega davlatimiz rahbari bizga bergan vakolat va imkoniyatlar, qolaversa, ishonchni oqlash uchun masʼuliyat bilan yondashmaymiz? Davlatning yukini birgina Prezident yelkasiga yuklash toʻgʻrimi, adolatdanmi?!

Shuncha qiyinchiliklar boʻlishiga qaramay, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurish harakati boshlandi. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablarining tezkorlik bilan bunyod etilishi, rivojlangan mamlakatlardan professional mutaxassislar jalb qilinishi, xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan yoshlarimiz safi yil sayin ortib borayotgani, aql sporti – shaxmat boʻyicha xalqaro musobaqalarda gʻoliblikni bermay kelayotgan oʻgʻil-­qizlarimiz soni koʻpayayotgani, oʻz kashfiyoti bilan dunyo tanlovlarida munosib oʻrinlarni egallab kelayotgan farzandlarimiz Uchinchi Renessans poydevorining ilk nishonalari hisoblanadi.

Bu yoʻldagi ishlarimizni bir kun ham susaytirishga haqqimiz yoʻq. Aksincha, kunma-­kun, kerak boʻlsa, soatma­-soat oʻz ustimizda ishlashimiz, yangi-­yangi marralarni koʻzlab harakat qilmogʻimiz lozim.

Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun maʼrifatli jamiyat makonini barpo etish lozim boʻladi. Chunki bu ikki tushuncha oʻzaro chambarchas bogʻliq boʻlib, biri ikkinchisi natijasida shakllanadi va takomillashib boradi. Agar davlat maʼrifatli jamiyat barpo etish yoʻlida boʻlsa, rivojlanish jarayoni tezlashadi. Chunki muhit shunga mos ravishda shakllansa, ilgʻor maqsad va gʻoyalarga erishish oson kechadi.

Birgina misol. Sarmoyador biror hududga mablag‘ olib kirmoqchi boʻlsa, muhitni oʻrganadi. Sarflanajak mablag‘ oʻzini oqlaydimi, sharoit muhofazalanganmi, bozor talabi, infratuzilma mavjudmi, logistika siyosati qanday? Shu kabi savollarga javob izlaydi. Talabga javob bersa, qoʻrqmasdan pul tikadi va oʻzini ham, hududni ham rivojlantiradi, boyitadi. Endi jamiyat ham maʼrifat yoʻlida boʻlsa, ilm­-fan rivojlanadi, mamlakat yuksaladi. Prezidentimiz bejiz 2022-yilgi davlat dasturida “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish Milliy dasturini ishlab chiqish topshirigʻini bermadi. Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ishlar yakunlanish arafasida.

Umuman, biz faqat va faqat ezgulikka, yurtimiz taraqqiyotiga qaratilgan saʼy-­harakatlar tarafdorimiz. Maqsadimiz – Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etish.

Shunday ekan, najot ilmda ekanini unutishga aslo haqqimiz yoʻq. Buni davlatimiz rahbari har bir chiqishida takror­-takror taʼkidlayapti. Bizning 35 milliondan ortiq boyligimiz – xalqimiz bor. Yer osti va yer usti boyliklarimiz koʻp. Lekin ana shu boyliklardan toʻgʻri foydalanish, ularni koʻpaytirish, hayotimizni yanada gullatish uchun aql, kuch, intilish kerak boʻladi.

Ikkinchi jahon urushidan qashshoqlik girdobiga botib chiqqan Yevropa va Osiyoning bugungi qudratli mamlakatlari ham tabiiy boyliklari emas, oʻz xalqi kuchi, bilimi va salohiyati tufayli barcha mashaqqatlarni yengib, yuksak marralarga erishdi. Biz ham bunga qodirmiz. Faqat oʻzimizni, hayot tarzimizni, qarashlarimizni oʻzgartirsak bas. Navbatdagi buyuk Uygʻonishga bizni faqat bilim va mehnat yetaklab boradi.

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

rahbarining birinchi oʻrinbosari,

siyosiy fanlar doktori

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2022-yil 21-may

101 (623)-son.