XIV asrning birinchi yarmi Chigʻatoy ulusi tarixida tub burilish davri boʻldi. Bu davrda koʻchmanchi moʻgʻul aristokratiyasi va oʻtroq islom madaniyati oʻrtasidagi kurash keskinlashdi. Mazkur jarayonlarni bevosita kuzatgan va qogʻozga tushirgan eng muhim xorijiy manbalardan biri – Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asaridir. Uning 1333-yilda Movarounnahrga qilgan sayohati va Qarshida Tarmashirinxon saroyida mehmon boʻlishi oʻsha davr davlatchilik anʼanalarini oʻrganishda birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi.

Ibn Battutaning asl ismi Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Ibrohim al-Lavotiy at-Tanjiy boʻlib, ilm-fan tarixida koʻproq Ibn Battuta nomi bilan tanilgan. Uning sayohatlari 1326-yilda Makkada haj amallarini bajarishdan boshlanib, Yaqin Sharq, Eron, shuningdek, Shimoliy va Sharqiy Afrika hududlarini qamrab olgan. Keyinchalik moʻgʻul uluslari tomon yoʻl olgan sayyoh dastlab Oltin Oʻrda, soʻngra uning tasarrufidagi Xorazm hududlarida boʻladi. Shundan soʻng Chigʻatoy ulusi hududlariga kirib kelib, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz va Balx shaharlarini ziyorat qiladi hamda Hirot, Kobul, Nishopur va Mashhad orqali Hindistonga safarini davom ettiradi. U yerda bir muddat hukmdor Muhammad ibn Tugʻluq saroyida xizmat qiladi.

Ibn Battuta safarlari davomida Chigʻatoy ulusi hukmdori Alouddin Tarmashirinxon saroyiga qilgan tashrifiga alohida oʻrin beradi. Sayyoh 1333-yilda Termiz orqali Movarounnahrga kirib kelar ekan, uning diqqat markazida boʻlgan asosiy manzillardan biri Nasaf shahri edi. Uning “Sayohatnoma” asarida bu oʻlka nafaqat geografik, balki ijtimoiy-madaniy jihatdan ham batafsil tavsiflangan.

Ibn Battuta Nasafni (Qarshini) koʻplab bogʻ-rogʻlari bor, atrofi yam-yashil va sersuv maskan sifatida taʼriflaydi. Shaharning iqlimi moʻtadilligi va mevalarining moʻlligini alohida qayd etadi. Akademik N.Ibrohimov taʼkidlaganidek, sayyohning bu qaydlari Nasafning oʻsha davrda Buyuk Ipak yoʻlidagi eng obod iqtisodiy markazlardan biri boʻlganini tasdiqlaydi.

Sayyoh Nasafdan ikki mil uzoqlikda Chigʻatoy hukmdori Kebekxon (1318–1326) tomonidan bunyod etilgan muhtasham saroy haqida ham maʼlumot beradi. U bu binoning moʻgʻulcha “Qarshi” (yaʼni “Saroy”) deb atalishini tushuntirib oʻtadi. Ibn Battuta bu saroy atrofida yangi turdagi shahar shakllanayotgani va koʻchmanchi aristokratiyaning oʻtroq hayot tarziga moyilligi kuchayayotganini payqagan dastlabki xorijiy kuzatuvchilardan biridir.

Ibn Battuta Nasaf aholisining mehmondoʻstligi va ochiqkoʻngilligiga yuqori baho beradi. Shaharda islomiy muhit ustuvor boʻlib, ulamolar va qozilarning mavqeyi baland boʻlgan. Sayyohning yozishicha, Nasaf nafaqat maʼmuriy markaz, balki hunarmandchilik va karvon savdosi jadal rivojlangan yirik iqtisodiy tugun edi. Xon qarorgohiga yetib kelganida, u yerdagi oʻziga xos muhit Battutani hayratda qoldiradi. Sayyohning qaydlari Tarmashirinxon shaxsiyati va moʻgʻul saroyida islomiy qadriyatlar chuqur ildiz otganini koʻrsatadi.

Ibn Battuta Tarmashirinxonni kibrsiz va oddiy inson sifatida tasvirlaydi. Xonning ochiq havoda, oddiy kursida oʻtirgan holda fuqarolarni qabul qilishi uning eʼtiborini tortadi. Sayyoh suhbat chogʻida xon oʻzini hukmdor kabi emas, balki samimiy mezbon kabi tutganini alohida taʼkidlaydi. Akademik V.V.Bartold qayd etganidek, Tarmashirinxonning bu fazilati Chigʻatoy ulusida “xon va xalq” oʻrtasidagi masofaning qisqarishiga hamda oʻtroq aholining unga boʻlgan hurmati oshishiga xizmat qilgan.

Shuningdek, Ibn Battuta Tarmashirinxonning dindorligiga yuqori baho beradi. Xon har kuni masjidda jamoat bilan birga bomdod namozini oʻqigachgina davlat ishlariga kirishgan. Saroyda ulamolar, qozilar va shayxlarning nufuzi baland boʻlishi Chigʻatoy saroyida qadimiy moʻgʻul “Yasa” qonunlari bilan bir qatorda shariat normalari ham joriy qilinganidan dalolat beradi.

Saroy odobiga koʻra, xon mehmonni diqqat bilan tinglab, unga yuksak ehtirom koʻrsatgan. Ibn Battuta xon unga safar xarajatlari uchun 700 oltin dinor va zotdor ot hadya qilganini minnatdorlik bilan esga oladi. Bu holat moʻgʻul-turkiy hukmdorlarning ulamolar va sayyohlarga nisbatan saxovatpeshaligining yorqin namunasidir.

Biroq Tarmashirinxonning islom diniga haddan tashqari moyilligi va poytaxtni Movarounnahrda saqlab qolishi koʻchmanchi moʻgʻul amirlariga (ulusning sharqiy qismi – Ili vodiysidagi xonzodalar va aslzodalarga) yoqmayotgan edi. Sayyohning yozishicha, xon “Yasa” qoidalarini buzib, hukmronligining soʻnggi toʻrt yilida Ili mintaqasiga bormagani uchun qurultoyda ayblanib, taxtdan agʻdariladi.

Tarmashirinxonning taqdiri haqida manbalarda qatl etilgani aytilsa-da, “Sayohatnoma” muallifining taʼkidlashicha, u tirik qolib Movarounnahrni tark etgan va dastlab Hindistonga qochib panoh topgan. Avvalroq xonning oʻgʻil va qizlari ham Hindistonga kelib joylashgan edi. Tarmashirinxonning tirikligi uning tabibi va oʻgʻli tomonidan tasdiqlangach, Hindiston podshosining vaziri Xoja Jahon Ahmad ibn Ayyos va bosh amir Qutluxon xonning bu yerda qolishi davlat xavfsizligiga tahdid solishini uqtiradilar. Negaki, oʻsha paytda Hindistonda Tarmashirinxonga aloqador qirq ming fuqaro, shuningdek, uning oʻgʻli va kuyovi yashayotgan edi. Ular birlashib saltanatga xavf tugʻdirishi mumkinligi sababli, podsho Tarmashirinxonga sovuq munosabatda boʻlib, uni Hind va Sind mulklaridan chiqarib yuboradi.

Shundan soʻng Tarmashirinxon avval Koja va Makron viloyatiga, soʻngra Sherozga yoʻl oladi. Sheroz sultoni Abu Isʼhoq unga ehtirom koʻrsatib, barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi. Ibn Battuta Hindistondan qaytayotib Sherozga kelganida Tarmashirinxon hamon oʻsha yerda yashayotganidan xabar topadi. Biroq sulton Abu Isʼhoqning ijozati kerakligi hamda “biror koʻrgulik yuz berishidan ehtiyot boʻlib”, u bilan uchrashmaganini va keyinchalik bundan qattiq afsuslanganini qayd etadi.

“Sayohatnoma” muallifi oʻz asarida Tarmashirinxondan avvalgi va keyingi xonlar haqida ham muhim maʼlumotlarni keltiradi. Jumladan, unda Chigʻatoy ulusining mashhur hukmdorlaridan biri Kebekxon toʻgʻrisida ham qimmatli dalillar mavjud. Ibn Battuta Movarounnahrga kelganida (1333-yil) Kebekxon vafot etganiga qariyb yetti yil boʻlgan edi. Shunga qaramay, sayyoh mahalliy aholi orasida uning adolati haqida saqlanib qolgan rivoyatlarni yozib qoldirgan. Bu hikoyalar Chigʻatoy ulusida qonun ustuvorligi qanchalik yuqori darajada boʻlganini koʻrsatib beradi.

Ibn Battuta keltirgan eng mashhur rivoyatlardan biri oddiy ayolning shikoyatiga bagʻishlangan. Unga koʻra, bir ayol Kebekxon huzuriga kelib, xonning nufuzli amirlaridan biri uning sutini tortib olib ichib qoʻyganidan shikoyat qiladi. Kebekxon darhol amirni chaqirtirib, haqiqatni aniqlash maqsadida uning qornini yordiradi. Oshqozondan sut chiqqach, zulm qilgan amir qatʼiy jazolanib, qatl etiladi. Bu keskin chora “Yasa” qonunlari nafaqat oddiy xalq, balki yuqori tabaqa vakillari uchun ham barobar ekanligini amalda isbotlagan.

Ibn Battuta Kebekxon davrida Movarounnahrda oʻrnatilgan xavfsizlik darajasini yuksak baholaydi. Uning yozishicha, oʻsha zamonda bir ayol bir tovoq tilla bilan yolgʻiz holda butun mamlakatni bexavotir kesib oʻta olgan. Bu holat oʻsha davr uchun “adolatli jamiyat” mezoni boʻlib, xalq xotirasida “Kebekxon – adolatli podshoh” obrazini muhrlagan. Akademik V.V.Bartold Ibn Battuta maʼlumotlariga tayanib, Kebekxonning bu kabi qatʼiy choralari moʻgʻul zodagonlarining oʻzboshimchaligini jilovlashda hal qiluvchi rol oʻynaganini taʼkidlaydi. Kebekxonning adolati shunchaki jazo berishdan iborat boʻlmay, balki oʻtroq aholi – hunarmand va dehqonlar mulkini harbiylarning tajovuzidan himoya qilish orqali mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan edi.

Ibn Battutaning “Sayohatnoma”si Chigʻatoy ulusi poytaxtining Yettisuvdan Movarounnahrga koʻchirilishi va Qarshi shahrining bunyod etilishini oʻrganishda eng ishonchli manbalardan biridir. Kebekxongacha boʻlgan Chigʻatoy xonlari asosan Sharqiy Turkiston va Yettisuv yaylovlarida istiqomat qilishgan. Sayyoh Kebekxon Nasaf yaqinida oʻrnashib, oʻzi uchun maxsus qarorgoh qurdirganini qayd etadi. Bu qadam shaxsiy qulaylikdagina emas, balki davlat boshqaruvini oʻtroq dehqonchilik va savdo markazlariga yaqinlashtirish strategiyasidan dalolat beradi. Muarrix yozganidek: “U (Kebekxon) Nasafdan ikki mil uzoqlikda bir saroy qurdirdi. Moʻgʻul tilida saroyni “Qarshi” deb ataydilar”.

Sayyohning mazkur guvohligi bugungi kunda Oʻzbekistonning yirik markazlaridan biri boʻlgan Qarshi shahrining nomi aynan Kebekxon saroyidan kelib chiqqanini ilmiy jihatdan asoslaydi. Ibn Battuta Nasaf va uning atrofidagi Qarshi saroyi hududini obod, bogʻ-rogʻlarga boy va sersuv oʻlka sifatida tasvirlaydi. Uning yozishicha, Kebekxon davrida bu yerda nafaqat xon qarorgohi, balki hunarmandlar, savdogarlar va ulamolar yashaydigan yangi turdagi shahar markazi shakllangan. Akademik N.Ibrohimov taʼkidlaganidek, Kebekxonning bu faoliyati Movarounnahrda oʻtroqlashuv jarayonini tezlashtirgan va keyinchalik Amir Temur davridagi buyuk shaharsozlik anʼanalari uchun poydevor yaratgan. Shaharsozlik koʻchmanchi moʻgʻul zodagonlarini oʻtroq hayot tarziga jalb qilishning muhim vositasi edi. Ibn Battuta Kebekxon vafotidan keyin ham ushbu saroyning nufuzi saqlanib qolgani va Tarmashirinxon ham aynan shu yerda mehmonlarni qabul qilganini koʻrsatib oʻtadi.

Sayyoh Movarounnahrda boʻlar ekan, Kebekxonning islom dini va uning vakillariga boʻlgan hurmati haqida ham ijobiy fikrlarni bayon etadi. Garchi Kebekxon islomni rasman qabul qilmagan boʻlsa-da, uning siyosati oʻtroq musulmon aholining madaniy va diniy qadriyatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan edi. Muarrix uning ulamolarni qadrlagani, ularga ehtirom koʻrsatgani va diniy muassasalarning daxlsizligini taʼminlaganini yozadi. Akademik V.V.Bartold taʼkidlaganidek, Kebekxon islomni shaxsan qabul qilmagan boʻlsa-da, musulmon madaniyati va shariat normalarini davlat boshqaruvida barqarorlik oʻrnatuvchi muhim omil deb bilgan.

Ibn Battuta Kebekxonning ulamolar bilan suhbatlashishni xush koʻrishi va muhim qarorlarda ularning fikriga quloq tutgani haqidagi xalq orasidagi qarashlarni qayd etadi. Bu holat moʻgʻulning anʼanaviy “Yasa” qonunlari va islomiy huquqiy normalar Movarounnahrda oʻzaro muvozanatda boʻlganidan dalolat beradi. Asarda Kebekxon musulmonlar uchun tinchlik va adolat kafolati boʻlgan hukmdor sifatida gavdalanadi. Shuningdek, uning islohotlari doirasida masjid va madrasalarga qarashli vaqf yerlarining daxlsizligi saqlab qolinishi ulamolar tabaqasining iqtisodiy mustaqilligini va xon hokimiyatini qoʻllab-quvvatlashini taʼminlagan.

Xulosa qilib aytganda, Ibn Battutaning Chigʻatoy ulusi poytaxti – Qarshi shahriga tashrifi va Tarmashirinxon saroyidagi kuzatuvlari XIV asrning birinchi yarmida Movarounnahrda oʻtroqlashuv va islomlashuv jarayonlari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganini koʻrsatadi. Kebekxon asos solgan “Qarshi” saroyi tavsifi moʻgʻul zodagonlarining shahar madaniyatiga yuz tutganini moddiy jihatdan isbotlasa, xalq xotirasidagi uning adolati haqidagi rivoyatlar mintaqada kuchli huquqiy tartib oʻrnatilganidan dalolat beradi. Bu maʼlumotlar Chigʻatoy ulusining gʻarbiy qismida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik qaror topgani va Buyuk Ipak yoʻlidagi Nasaf kabi shaharlarning strategik mavqeyi yuksalganini tasdiqlovchi birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, sayyohning Tarmashirinxon shaxsi, uning dindorligi va ulamolarga yuksak ehtiromi haqidagi qaydlari Chigʻatoy saroyida islomiy qadriyatlar nafaqat eʼtiqod, balki davlat boshqaruvi etiketi darajasiga koʻtarilganini ochib beradi. Ibn Battuta guvoh boʻlgan ushbu maʼnaviy va maʼmuriy transformatsiya jarayonlari koʻchmanchi anʼanalar va oʻtroq islom madaniyatining oʻzaro qorishuvini ifodalab, kelgusida Amir Temur saltanatining mukammal davlatchilik tizimi shakllanishi uchun muhim tarixiy-madaniy poydevor vazifasini oʻtagan.

Shahlo MAXAMOVA,

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tadqiqotchisi