Aziz birodar, ehtimol, siz ham kamina koʻrgan manzaraning guvohi boʻlgandirsiz, koʻnglingizda mendagi kabi chalkash mulohazalar tugʻilgandir. Gap shundaki, bir kuni kechki mahal avtobusga chiqdim. Tashqarida olaqorongʻi, avtobus salonida chiroq yoqilgan. Yoʻlovchilarga qaradim: birovi mudragan, boshqasi tashqariga hissiz termilgan. Har kimning ikki yelkasiga qoʻrgʻoshin tog‘ kavsharlangandek... Ular ishdan qaytayotir. “Bular kun boʻyi qanday yumush bilan mashgʻul boʻlganki, bu qadar horgʻin?” deb oʻyladim. Hammasi shu qadar jiddiyki... “Biz inobatli ishxonalarda ishlaymiz, olamshumul kor-amal bilan bandmiz”, degan ovoz eshitilgandek boʻldi. Bilolmay qoldim: chindan ham kimdir javob berdimi yoinki bu ichimdagi ovoz edimi?..

Ha, ular kun boʻyi turli ishxonalarda tinimsiz qogʻoz toʻldirgan, tepadagi badqovoq idoralarga hisobot bergan, soxta tabassum ila allakimlarni qabul qilgan, majlislarda qoʻr toʻkib oʻtirgan, telefonda gaplashgan, muzokara olib borgan, qarorlar qabul qilgan... Kimga va nima uchun kerak bu ishlar? Tirikchilik uchun olinadigan moyanadan tashqari, umumjamiyat ravnaqi, odamning odamday yashashi, insonning Yaratgan belgilab bergan abadiy rohatga erishuvi uchun foydasi bormi oʻsha yumushlarning? Tabaqalanish, kambagʻallik, jaholat, bir-birini mahv etish, yolgʻon, talon-toroj, insofsizlik, xiyonat, ochkoʻzlik, oʻz-oʻzini aldash esa... davom etaveradi. Dunyo-dunyo qogʻozlar, oliymaqom majlis-mashvarat, donishmandona maʼruza-yu kiborlarcha vaʼdalar bilan hech nima oʻzgarmaydigandek. Hayot bir zaylda eski tegirmondek aylanaveradi...

Hayot voqeligi xayolingizda Alber Kamyuning “Sizif”i va Frans Kafka asarlari bilan qorishib ketgandek boʻladi. Oqsoqolning ombori-yu uyida saqlanadigan xirmon-xirmon eski hujjatlar, qoʻl koʻtarib tasdiqlashdan boshqasiga yaramaydigan noiblar, aybi neligini bilmaydigan sudlanuvchilar, oliyjanob gʻoyalar-u inson komilligidan jarangdor maʼruza oʻqiydigan mafkurachilar, butun umrini qoʻrgʻonga kirish yoʻlida sarflaydigan tanobchilar, oʻzini oqlamagan islohotlar, “yulduz”larning toʻshagigacha taftish qiladigan jurnalistlar, yarim tungacha majlis oʻtkazadigan rahbarlar... – bularning bari absurdchi adiblarning asaridamidi yoki... Sizning ham boshingizda, ehtimol, quyundek aylanadigan savollar tugʻilgandir: odamzod samarasiz, oxiri yoʻq ishlardan charchamadimi? Odamlar bir yumush bilan band boʻlsa boʻldi – shumi zamonaviy nizomlarning mohiyati? Bu xildagi tuzilma qayerdan paydo boʻlgan? Uning boshi qayerda, oxiri bormi? Uni parchalab, yangi tuzilma barpo qiladigan kuch-chi? Mosh bilan guruchni aralashtirib, oʻgay qiziga uni ajratishni topshirib ketgan oʻgay ona sindromi bir kun kelib barham toparmikan?..

Shu sira chalkash savollar sabab xayolimni yana Sizif egalladi. Bu qahramon haqidagi bitiklarni tasavvuran bir zanjirga tizgim, ularni odamzodning oʻtmish va buguniga muqoyasa etgim keldi. Gap hozir absurd adabiyoti haqida emas, inson hayotidagi absurd xususida ekanini taʼkidlashga toʻgʻri keladi. Ha, bu galgi mulohazalar Sizif bahonasida jamiyat va inson munosabatlari haqida. Binobarin, tarixning turli bosqichlarida turli mualliflar bu timsol orqali davr odamini tamsil etgan.

* * *

Sizif haqidagi   ilk   asarlar antik davr mualliflariga tegishli. Esxil, Sofokl, Yevripid   dramalari bugungacha   toʻliq yetib   kelmagan boʻlsa-da,   mutaxassislar ayrim parchalarga tayanib ularning umumiy mazmunini tiklagan. Bizgacha faqat Homer asari saqlanib qolgan. Antik dunyo adiblari vaqt nuqtai nazaridan yunon afsonalariga ancha yaqin boʻlgan, shuning uchun ham ular toshbardor Sizif voqeasini mifologiyaga koʻra bayon qilgan. Muxtasar izoh bersak – ayyor, uddaburon va makkor qahramon maʼbudlar irodasiga qarshi chiqqani, oʻlimga tan bermagani uchun abadiy jazoga mustahiq etilgan.

Inson qismatning mahkumidir – antik davr ijodkorlari mifologik obraz orqali shu ilohiy haqiqatni aks ettirganlar. Yangi asr Sizifi esa oʻzgacha maʼno tashiydi.

Zamonaviy dunyoda u mashhur qahramonga aylandi. Farang adibi Alber Kamyu Sizif siymosida ustidan taqdir hukmronlik qiladigan bandani emas, oʻz davrining yakrang hayotga, samarasiz mehnat va umidsizlikka giriftor etilgan odamlarini koʻrdi. Kamyu talqin qilgan absurd nazariyasini dastavval XIX asrda faylasuflar ilgari surgan edi. Unga koʻra, alaloqibat oʻlimga mahkumligi sababidan insonning bu dunyodagi hayoti maʼnisizlikdan boshqa narsa emas; hayotning bir pulga arzimasligini anglab yetsang, nedir maʼno-mazmun bilan toʻldira olmasang, uni ixtiyoriy tark etish-etmaslik (suitsid) masalasi koʻndalang kelar emish. Kamyu shu xil gʻalat falsafani Sizif obrazi vositasida tushuntirdi.

Uning talqinicha, aksar odamlar turli idora va korxonalarda na jamiyat, na insonga nafi boʻlgan uzluksiz mehnatga, zerikarli kun tartibiga giriftor etilgan, ular qilayotgan ishning toshbardor qahramonga buyurilgan maʼnisiz mehnatdan farqi yoʻq. Muallif “Hayot zerikarli doiradan iborat, u yashashga arziydimi?” degan savolni qoʻyishdan oldin ijtimoiy tuzilma inson hayotini maroqsiz, yakrang, absurd voqelikka aylantirib qoʻygani, yaʼni odamni imi-jimida baxtsizlikka giriftor etganini ikki ogʻiz jumlada ifodalaydi: “Uyqudan turish, tramvay, toʻrt soat zavod yoki kontoradagi ish, tushlik, tramvay, toʻrt soat yana ish, kechki ovqat; dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, hammasi bir maromda davom etadi – har kun osongina yuriladigan yoʻl ana shu”.

Sizifni maʼbudlar jazolagan boʻlsa, zamonaviy odamni byurokratik ijtimoiy tuzilma absurdga mahkum etgan. Kamyu diqqatimizni, inson umrining falsafiy mazmunidan tashqari, absurdga olib keladigan ijtimoiy sabablarga ham qaratdi. U “Sizif haqidagi afsona”da markazga baxt masalasini qoʻydi: diqqinafas hayotga mahkum etilgan odam qanday qilib baxtiyor boʻlmogʻi mumkin?! Esseda aytiladiki, Sizif tosh tepadan yumalab tushgunchalik soniyalarda oʻylash, fikrlash imkoniga ega   –   shu uning saodatidir.

Inson tafakkur-la baxtlidir – Kamyuning Sizifi ana shunday maʼno tashiydi.

Alber Kamyu essesini “Frans Kafka ijodida umid va absurd” degan ilova bilan yakunlagani bejiz emas. Olmon adibi Frans Kafka gʻalati bir uslubda zamonaviy byurokratik tuzilmalar millionlab oddiy odamlar qismatini fojiaga, sizifcha absurdga aylantirayotganini fosh qildi. Gʻalatiligi nimada, dersiz. Masalan, “Qalʼa” romanida oʻzimizning kundalik hayot manzaralariga duch kelgandek boʻlasiz. Lekin u odamlarning qilayotgan ishi maʼnisiz, samarasizdek tuyuladi, yoʻg‘-ey deysiz: ham oʻxshaydi, ham oʻxshamaydi! Bosh qahramon – oʻttiz yoshli janob K. uzoq yillar oldin qishloqqa tanobchi etib tayinlangan. Oqsoqol tanobchiga ehtiyoj yoʻqligini “tepa”ga maʼlum qilgan, uning arzi yillar oʻtib qanoatlantirilgan. Janob K. esa hech nimadan bexabar oʻz vazifasini bajargani qishloqqa keladi. Oqsoqolning xotini “tepa”ning yillar oldingi qarorini qidirib uyi va omborxonada saqlanayotgan tog‘-tog‘ qogʻozlarni agʻdar-toʻntar qiladi, ammo arzanda hujjat topilmaydi. Alqissa, qahramonning butun umri ishga tayinlanganini isbotlash va qishloqda yashash uchun ruxsat olishga qurbon boʻladi, lekin na unisi, na bunisi amalga oshadi. Bu qanday jamiyatki, isbot qilishga oʻzi yoʻl qoʻymaydigan haqiqatni isbot qilishingizni talab etadi, umringizni shu yoʻlda xazon qiladi?.. Bu absurd boʻlmay nima?

Yana oʻsha tanish-notanish manzaralar: pochtachi Varnava xatni Qalʼadagi kattalarga yetkazish oʻrniga koʻchalarda uloqib yuraveradi, bu qasabada goʻyoki odamlarga berilgan topshiriqni bajarmaslik topshirilgandek. Masʼul idoraga qoʻngʻiroq qilinsa, masxaralagandek, goʻshakdan musiqa ovozi eshitiladi. Tanobchilikka tayinlangan K. maktab qorovuliga aylanadi. Yuqori martabali arbob boʻlmish Klammning esa nomi bor-u, oʻzini hech kim koʻrmagan. Klammning kotibi Erlanger K.ni tunda mehmonxona boʻlmasida qabul qiladi. Turnaqator navbatda turgan odamlar Erlanger uyqusidan voz kechib qabul uyushtirganidan xursand. Davlat xizmatidagilarning koʻpchiligi arzgoʻylarni xuddi shunday – hali bufetda, hali qoʻnoqxonada yoki ovqat ustida, hatto toʻshakda qabul qiladi. Xaloyiq esa ularning oliyjanobligiga, odamlar manfaati uchun oʻz halovatidan voz kechganiga ishonadi, ana shunday absurd ichida yashab, umrlari ado boʻladi.

* * *

Ijtimoiy tuzilma insonni halok qilishi, tepadagilarning ham, pastdagilarning ham hayotini absurdga aylantirishi ulugʻvor Tolstoyni ham chuqur iztirobga solgan. U Kafka va Kamyudan oldinroq odamzodning oʻzi oʻylab topgan ijtimoiy tuzilma oʻziga qanchalar qarshi ekani, gʻayriinsoniy ekani, uni absurd fojiasi qaʼriga tashlashini idrok etgan edi. Lekin uzoq-uzoq oʻylagan, asarlarida javob izlagan Tolstoy ham shuncha yuksak tafakkuri bilan bu paradoks oldida oʻzini ojiz sezadi.

“Tirilish” romani qahramoni Nexlyudov Katyusha Maslovaga koʻmak bermoq uchun davlat xizmatidagi bir qancha tanishlariga murojaat etadi. Surgunga olib ketilayotgan mahkumlarga shafqatsiz munosabatning guvohi boʻladi. Va gʻalati bir qonuniyatni sezib qoladi: uyiga borsangiz tuppa-tuzuk, odamgarchiligi bor boʻlgan bu kishilar ishxonada butunlay boshqa odamga aylanar ekan. Nega bunday? Qahramon shunday chalkash oʻylar ichida qoladi: “...mana shu odamlarning hammasi – gubernatorlar, nazoratchilar, daha mirshablari “Shunday hollar borki, bu vaqtda inson bilan insoniy muomalada boʻlish shart emas” degan qoida bor deb oʻylaydilar... shu odamlarning hammasi: aksariyat yuvosh, mehribon boʻlgan bu odamlar xizmatda boʻlgani uchun ham shunday serjahl boʻlib ketgan... Shu odamlarning hammasi faqat xizmat qilib turganlari uchungina rahm-shafqat degan oddiy hisdan mahrum. Ular xizmatda boʻlganlari uchun ham, mana bu tosh yotqizilgan yer yomgʻirni singdirmagani kabi insonparvarlik hissini singdira olmaydilar... shu gubernatorlar – nazoratchilar, mirshablar, balki kerakdir, lekin asosiy insoniy xislatlardan, bir-biriga muhabbat va rahm-shafqat hissidan mahrum boʻlgan odamlarni koʻrish dahshatli... Hamma gap shundaki, bu odamlarning hammasi qonundan tashqari narsalarni qonuniy deb biladi va Xudoning oʻzi insonlar koʻngliga solgan abadiy, oʻzgarmas, zaruriy qonunlarni esa qonun deb tan olmaydi... Agarda “Zamonamiz kishilari, xristianlar, muruvvatli, oddiy koʻngilchan odamlar eng dahshatli yovuzlik qilganda oʻzlarini gunohkor deb his etmasliklari uchun nima qilish kerak?” degan psixologik masala berilsa, uning javobi faqat bitta boʻlishi mumkin: hozir ahvol qanday boʻlsa, shundayligicha qolishi kerak, shu odamlar gubernator, nazoratchi, ofitser, politsiyachi boʻlishi, yaʼni birinchidan, odamlarga ogʻa-inilik munosabatida boʻlmay, ularni oddiy buyum deb bilishga monelik qilmaydigan, davlat xizmati deb ataladigan ish borligiga ishonishlari kerak, ikkinchidan esa, shu odamlar ana shu davlat xizmatiga shunday bogʻlanib qolgan boʻlishlari kerakki, odamlarga nisbatan qilgan ishlarining oqibatiga hech kim javobgar boʻlmasin” (L.Tolstoy. Tirilish. Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova tarjimasi. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1980. 400 – 402-betlar). Bu sahifalarni oʻqib, yana oʻsha savollar girdobiga tushasiz: bu xildagi tuzilma qayerdan paydo boʻlgan? Uning boshi qayerda, oxiri bormi? Odam tafakkuri bir kun kelib inson hayotini absurdga aylantirmaydigan ijtimoiy tuzilma yarata oladimi?

* * *

Nihoyat, qiziq nuqtaga – bizning zamondoshimiz boʻlgan yangi Sizif haqidagi hikoyaga yetib keldik. Tarixiy vaqt sathida u Kamyu Sizifidan keyingi Sizif desak boʻladi. Bu haqda soʻzlashdan oldin farang adibidan yana bir iqtibos keltirsam: “Hammasi hayratangiz zerikishdan boshlanadi. “Boshlanadi” – mana, eng muhimi nima bu yerda. Zerikish – moshinavoriy hayotning oqibatidir, ayni vaqtda uning oʻzi idrokni harakatga keltiradi. Zerikish idrokni uygʻotadi va keyingi bosqichni belgilaydi: yo ongsiz ravishda odatdagi maromga qaytish, yoki oxirigacha uygʻonish. Uygʻonishdan keyin esa ertami-kechmi natija paydo boʻladi: yo xudkushlik, yoinki hayot maromini oʻzgartirish”. Biz-chi, biz bu bosqichlarning qaysi biridamiz? Nazarimda, yangi Sizif haqidagi hikoya bu savolga javob uchun bitilgandek.

Xullas, “Facebook” tarmogʻida shved adibi Teodor Kallifatidesning “Vatandoshlar” maydonidagi Sizif” degan hikoyasini oʻqib qoldim. Shved tilidan Yusuf Rasul tarjima qilgan bu hikoya oʻzbekchada ham chop etilgan (“Maydondagi Sizif”.  // “Sharq yulduzi”, 2023-yil, sentyabr). Hikoyani oʻqidim-u xayolimni yana oʻsha mifologik qahramon egalladi. Teodor Kallifatidesning bu obrazga murojaat qilgani sira tasodif emas. Adib qadim asotir-u afsonalar oʻlkasida tugʻilgan, millati yunon. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Shvesiyaga koʻchib borgan. 25 yoshida muhojirlik tufayli shved tilini oʻrganadi va shu tilda asarlar yozib shuhrat qozonadi.

Kamyu fikricha, “Men nimaga bunday yashashim kerak?” degan savol absurdni anglab yetgandan keyin paydo boʻladi. Kallifatidesning Sizifi, yaʼni Ilya Abramoʻgʻli ham nursiz hayotining maʼlum lahzasida shu savolga roʻpara keladi.

Ilya avval Turkiya, soʻng Rossiyada aviatsiya muhandisligi boʻyicha tahsil koʻrgan. Biroq oʻqigan mamlakatlaridan ish topolmay Shvetsiyaga yoʻl oladi. Ishga joylashadi. Sal oʻtib boʻlim boshligʻi lavozimiga koʻtariladi. Uylanadi, farzandli boʻladi. Ilya nihoyatda baxtiyor edi, ammo ittifoqo falokat sodir boʻladi: kenja oʻgʻlini mashina urib halok qiladi. Bari orqaga ketadi: ishsiz qoladi, hovlisini sotib koʻpqavatli uyga koʻchib oʻtadi, xotini qattiq tushkunlikka tushadi. Hayotini qayta yoʻlga qoʻyish uchun amallab gul sotuvchiga ishga yollanadi. Keyin esa oʻzi gul doʻkoni ochadi. “Uning hayoti yana izga tushib ketdi” deb yozadi muallif. Oʻsha “iz”, taassufki, Ilyaning Sizif toshi edi. Yakrang, zerikarli hayot boshlanadi.

Kallifatides salafiga (Kamyuga) ochiq ishora qiladi: “Ilya oʻzi gul sotib oladigan Ortshadagi doʻkonga vaqtida bormoq uchun har kuni sahargi toʻrtda uygʻonardi. Keyin u chodirini ochishi, oʻtirgʻichlar va peshtaxtalarni tiklashi, gullar va oʻsimliklar toʻla savatchalarni koʻrinarli joyga terib chiqishi kerak. Soat toʻqqizdan xaridor kela boshlaydi. Kech soat oltigacha Ilya shu yerda boʻladi. Keyin yana chodirini yigʻishi, savatchalar, gullar va oʻsimliklarni “Folksvagen”iga qayta joylashi lozim. Sakkiz yarimda kechki ovqatini yeydi. Toʻqqizda kechki yangiliklarni koʻradi. Oʻndan oʻn besh daqiqa oʻtganda esa uyquga ketadi. Haftasiga yetti kun shunday. Yil boʻyi. Tanaffussiz”. Bu Kamyu chizgan boyagi manzarani esga soladi: “Uyqudan turish, tramvay, toʻrt soat zavod yoki kontoradagi ish...”

Xoʻsh, hayot shunday davom etaveradimi? Yoʻq. Kamyu talqiniga koʻra, fikrlaydigan odam fursat yetib fojiani fahmlab qoladi: “Bugunning ishchisi butun hayoti davomida bitta ishda, kecha qilganlarini takrorlash bilan mashgʻul boʻladi va aslida bu qismat ham absurdga begona emas. Biroq u ongli ravishda, qilayotgan ishining bemaʼni va foydasiz ekanini tushunib qolgan lahzadagina tragediya yuzaga chiqadi”.

Kallifatidesning qahramoni Ilya “Sizif” degan laqab orttirib olgan edi. Aslida, u Sizifning kimligini bilmasdi. Unga “egizagi”ning kimligi tushuntiriladi. Ilya anglab yetadiki, “Bu adoqsiz mashaqqat uning hayotiga juda oʻxshash edi. Har kuni shu ahvol: u chodirini yoyadi va yana qayta yigʻadi”. Ne tongki, gul sotuvchi ham mifologik qahramonning poyonsiz azob-uqubatiga giriftor boʻlgan.

Zamonamiz Sizifi ellik uch yoshida qari cholga aylanib qoladi. “Sochlari toʻkilgan, beli bukik, qadam tashlashi ogʻir. Kasal boʻlmasa ham vujudi qaqshab ogʻriydi, yuragi simillaydi”. Shifokor har gal sinchkov tekshiradi, lekin undan biror xastalik alomatini topa olmaydi.

Kamyu aytgan kun ham keladi: Ilya hayotidagi doʻzaxni sezib qoladi. Absurd aylanasini duch kelgan nuqtasidan uzib chiqib ketmoqchi boʻlib, isyon koʻtaradi: bir kuni kutilmaganda qoʻl siltab ishini tashlab ketadi. Ming tur oʻy-xayollar bilan tevarak-atrofni aylanib yuradi, yuraveradi... Tanish-bilishlar hayron. “Bugun tugʻilgan kuningmi?” deb soʻrashadi hayrat bilan. “Bugun Sizif dam oladi”, deydi Ilya. Uni hatto esi ogʻganga ham chiqaradilar. Biroq...

...biroq zamonaviy Sizifning gʻaribona isyoni shu bilan tugaydi: “U oʻz doʻkonini, ishchilari bilan boʻladigan mayda janjallarni, mijozlarini sogʻina boshlagan edi”. Doʻkoniga qaytib keladi, “ichkariga kirgach, juda yoqimli yengil nafas” oladi: “Seni ham, Sizifingni ham jin ursin!.. Barcha afsonalaringni jin ursin!”

Vo darig‘! Zamonaviy Sizifga yakrang hayot yoqib qolgan ekan!

Boya aytganimizdek, Kamyuning Sizifi uchun tosh tepadan dumalab tushadigan fursat ichida fikrlamoq baxt edi. Kallifatidesning Sizifi uchun esa tinimsiz tosh dumalatishning oʻzi baxt. Shved adibining formulasi bunday: odamzod absurdni angladi, uni tark etmoqchi boʻldi, lekin birdan shu hayot tarzi maʼqul ekanini sezib qoldi va qaytdi.

“Odam absurdni anglagandan soʻng tragediya yuzaga chiqadi”, degan edi Kamyu. Fojia koʻlamini anglagandan keyin ham unga koʻnmoqni nima deb baholasa boʻladi?! “Maydondagi Sizif”da bu mantiqsizlikning mantigʻi koʻrsatilgan: tuppa-tuzuk diplom bilan ish topolmaslik, iqtisodiy muammolar, shaxsiy hayotdagi fojialar... Rozi boʻlmay koʻring-chi! Bu – uyining tang-torligi sabab oilasi bilan sigʻmayotganidan shikoyat qilgan shoʻrlikka oʻsha uyda echki boqishni maslahat bergan oqsoqol haqidagi sharqona rivoyatni esga soladi. Odam bolasi odamday yashamaslikka, bir parcha qattiq-qurum nonga rozi boʻlishi uchun avval ming balo-yu musibatga duchor etiladi... Bu ishlarning “falsafa”si shu.

Antik adabiyotda ham, Kamyuda ham Sizif ulugʻvor edi. Biri ilohiy taqdirga musallam, ikkinchisi oʻsha mahkumlik ichidan baxt axtarib topgan. Yangi davr Sizifi esa oʻz doʻzaxini sevib qoldi. Toʻgʻrirogʻi, uni shunga mahkum etdilar. “Kimlar?” deyishingiz mumkin. Bu joyda Dostoyevsiy taʼbiri bilan javob bersa boʻladi: hamma narsa uchun hamma javobgar.

Kamyuning Sizifi oʻldi.

Darvoqe, Kallifatides oʻz qahramoniga Kamyu tahlil qilgan “Aka-uka Karamazovlar” romani qahramonlaridan birining nomini tanlagani ham tasodif boʻlmasa kerak.

* * *

Biz, yuksak tamaddun daʼvosidagi XXI asr odamlari, Kallifatidesning Sizifimiz. Kamyuning formulasiga solsak, biz oxirigacha uygʻonmay odatdagi maromga qaytdik. Ha-da, XIX asr ikkinchi yarmida proletariat ish soatini qisqartirish talabida namoyish-u qoʻzgʻolonlar qilgan edi. Endi esa biz 24/7 rejimida ishlashga ishtiyoqmandmiz: yarim tunda ham taksi hozir-u nozir, doʻkonlar ochiq, kimdir velosipedda mahsulot yetkazayotir...

Ilyaning boshqalardek oʻz vataniga borgisi keladi, biroq Kristina va bolalari qiynalishini oʻylab bu fikridan qaytadi, deb yozadi Kallifatides. XXI asr odami ham erta-yu kech “gul doʻkonida oʻtirish”ga mahkum. Zamonaviy Sizifning absurdi oʻziga xos: “hammasiga, yoʻq-yoʻq, hammasidan ortigʻiga ulgurish”. Shu vasvasa chulgʻagan har birimizni. Nainki moddiy, maʼnaviy ochkoʻzlikka ham duchor boʻlganmiz. Bir odam boshqasining jismoniy-maʼnaviy imkoniyatlari yetmaydigan yukni yelkasiga olmoqchi (yoki unga yuklanadi) boʻlayotgan zamonda yashayapmiz. Ay birodar, har bir odamga taqdir va tarix yuklagan vazifa bor – oʻshani bajarsangiz yetarli, deydigan mardum yoʻq.

Tarixning bu olatasir bosqichida ayrimlar vakolatidan foydalanib xaloyiqni absurd aylanasi ichiga solgancha, koʻngliga kelgan nomaʼqulchilikni qiladi: istasa, raiyat mulkini oʻgʻirlaydi, har tur yoʻl bilan nafsini huzurlantiradi... Bundayroqlarning hayoti esa jon saqlash balosiga qurbon. Bugungi odamning oʻz shaxsiy makon-maydonida yolgʻiz qolishga, oilasi va farzandlari bilan koʻcha-xiyobonlarda poyi piyoda kezishga, mutolaaga, tungi yomgʻirning shivirini tinglashga vaqti yoʻq – ishiga vaqtida bormoq uchun har kuni sahar toʻrtda uygʻonishi, soat oltigacha gul doʻkonida boʻlishi kerak!

“Fikrlaringiz bahstalab, biz boshqacha yashaymiz, oʻzgacha qarashlarni haqiqat deb bilamiz”, deyishingiz mumkin. Chini bilan bu gaplar kitobga mukkasidan ketgan mendek bir adabiyot muhibining xayollaridan oqib chiqqandir balki... Lekin Kamyu ham toshbardor qahramonda oʻzini koʻrgan emasmidi? “Sizifni baxtli deb hisoblash lozim” degan jumla “Sizif – Kamyuning oʻzidir” demoqqa asos bermaydimi? Chunki tafakkur, avvalo, Kamyuning oʻzi uchun baxt mezoni edi. Sizif uchun baxt hukmini chiqarishga esa – hatto shunchalik taftish-u tahlillar bilan-da – Kamyu ham haqli emas. Chunki baxt – nihoyatda subʼektiv, mahram tuygʻu. Goho oʻzgalar nazarida oʻta notavon boʻlib koʻringan birov oʻta baxtiyor; birovning esa koʻnglini dunyo bilan-da toʻldirib boʻlmas. “Kimdir choh ichra ham davronin surgay, / Kimdir choʻqqida ham oʻtga kelgay duch” (Abdulla Oripov) deganlari shu boʻlsa ne ajab...

* * *

Sizif paradigmasi bu bilan tugamaydi. Atoqli yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammadning ham shunday qahramoni bor: donishmand Sizif. U toshni yumalata-yumalata parcha-parcha qiladi. Pirovardida esa yerga dumalab tushmoqqa hukm qilingan toshni choʻqqiga olib chiqishga erishadi. Bu orada nafsini ham jilovlashga muvaffaq boʻladi, toshning yengillasha borishi Sizifning nafs yukidan xalos boʻlishiga muvoziy kechadi: “...xarsangtosh yumalayvergani, dumalayvergani oqibatida u yemirila-yemirila,   parchalana-parchalana vazni yengillashgani sayin... Sizif endi oʻzining inson va kattakon shahar aʼyonlaridan ekanligini koʻpda pesh qilmas (allazamonlarda egallagan martabasi unut ham boʻlayozgan), xarsangga doʻq-poʻpisa yogʻdirmas, tiliga, oyoq-qoʻliga erk bermas, telbaligi tutib, osmonni titrataman, togʻni sindiraman, dengizni chayqataman deb biyobonni boshiga koʻtarmas… Sizif... oʻzida hovliqmaslik, shoshma-shosharlik qilmaslik koʻnikmasi shakllana boshlaganini sezgan edi”.

Donishmand Sizif absurd toshini yengdi!

Lekin... bu hozircha orzu, xolos. Balki bir kun roʻyobga chiqar, balki chiqmas. Axir, insoniyat paydo boʻlganidan beri qancha nek umid-istaklar amalga oshdi-yu, qancha-qanchasi orzuligicha qolib ketmadi deysiz!

Yer yuzida insoniyat hayoti tugagunga qadar yana boshqa siziflar maydonga chiqadi. Tabiiyki, ularning hayotga, absurdga va toshga munosabati boshqacha boʻladi. Oʻsha boshqachaliklar albatta adabiyotda inʼikos topadi. Ammo, oʻylaymanki, oʻzbek adibining qahramoni baribir Sizif paradigmasining oxirgi nuqtasi boʻlib qolaveradi. Chunki u bizning inson sifatidagi eng yuksak, qoʻl yetmas orzumizni tamsil etadi.

Yaxshiyamki, odamda orzu huquqi bor.

Yaxshiyamki, uni bizdan hech kim tortib ololmaydi.

Nodira AFOQOVA

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.

“Orzu huquqi” maqolasi