Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning mashhur tarixiy romani — “Ulugʻbek xazinasi” asarining ikkinchi qismi ingliz tiliga tarjima qilinib, AQSHning Amazon savdo platformasida sotuvga chiqarildi. Ushbu yangilik adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan eʼlon qilindi.

Asar Andijon davlat chet tillar instituti doktoranti Abdullo Roʻziyev tomonidan ingliz tiliga tarjima qilindi.

Universitet rahbariyatining qoʻllab-quvvatlashi natijasida loyiha xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Matnni tahrir qilish va uning badiiy sifatini oshirish ishlariga Shimoliy Karolina universiteti bitiruvchisi Matthew Pierro hamda Alon Schneidman kabi amerikalik muharrirlar ham jalb etildi.

Hamkorlik natijasida roman ingliz tiliga tarjima qilinib, Oʻzbekistonda hamda Amazon platformasida rasman nashr etildi. Ayni paytda asarni ushbu platforma orqali dunyoning turli mamlakatlaridagi kitobxonlar xarid qilishi mumkin.

Maʼlumki, “Ulugʻbek xazinasi” – Mirzo Ulugʻbek hayotining soʻnggi davri, uning ilm-fan yoʻlidagi faoliyati, taxt uchun kurashlar va maʼnaviy meros taqdiri haqidagi tarixiy roman. Asarda ilm va jaholat, hokimiyat va adolat oʻrtasidagi ziddiyatlar yoritilgan.

Kelgusi yillarda Odil Yoqubovning yana bir yirik tarixiy asari — “Koʻhna dunyo” romanini ham ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan.