Avvallari yangi mehmon dunyoga kelca, qand-qurs sochilar, xushxabar egasiga bir kiyimlik mato yoki toʻn hadya etilardi. Zamona zayli bilan odatlarimiz ham oʻzgarib boryapti. Ayni kunda baʼzi joylarda chaqaloqning otasiga qaynota-qaynona suyunchi tarzida dollar qistirayotgani quloqqa chalinib qolayotir. Kimdir eldan qolmay deb, kimdir chin dildan, kimdir ming azobda beradi bu pulni...
Nodira Doʻstxoʻjayeva:
– Suyunchi yaxshi odat. Odat boshqa, lekin odat bahonasida taʼma qilish butunlay boshqa. Afsuski, bugungi kunda koʻpincha moddiy munosabatlar birinchi oʻringa chiqmoqda. Bu hatto milliy seriallarimizda ham aks etyapti. Erkaklarga xos boʻlgan “Uyat oʻlimdan qattiq”, degan tamoyil unutilib bormoqda. Avvallari, mobodo yigitning yoʻlkirasi qolmasa, yayov yurgan. Tushlikka puli boʻlmasa, orlanib, doʻstlari bilan oshxonaga bormagan.
Shunday oilalarni koʻryapmizki, kuyov qaynonasining uyiga borishi, yaxshi sovgʻani shaxsan oʻzi olishi kerak, deb hisoblashadi. Mening ham qizim-oʻgʻlim bor. Quda-andali boʻlganmiz. Kelinimning koʻzi yorisa, telefon orqali aytaman. Onaga “Ikki jon sog‘-salomat”, degan xabar kerak, xolos. Islomda taʼmagirlik, zamonaviy qonunchilikda korrupsiya qoralanadi. Afsus, bunday taʼmagir kuyovlarga hech bir qonun yoʻq.
Omina Sheraliyeva:
– Yaqinda qizimning koʻzi yoridi, men ham eldan qolmay kuyovimga 50 dollar berdim. Keyingisi oʻgʻil boʻlsa, 100 dollar beraman, deb quda xolaga qistirib oʻtdim. Minnat emas, lekin kuyovim yaxshi joyda ishlaydi, pulga zor joyi yoʻq. Lekin men ikki oʻgʻlimni kontraktda oʻqitaman, bir soʻmning ham oʻrni bor.
Bizning vodiyda qizingni uzatib ham qutulmaysan, shirin tashvishlarning yuki kelinning ota-onasiga tushadi. Oʻgʻillarimga kelin olsam, bu odatni xonadonimda joriy qilmayman. Qaytanga, suyunchi deb qudamga bir koʻylaklik mato, roʻmol, shirinlik olib xushxabarni oʻzim yetkazaman.
Boy qoʻshnim kuyoviga 100 dollar beribdi, men ham shunday qilishim kerak, deb dalada ketmon chopadigan ayollarni bilaman. Oʻziga toʻq xotinlar oʻylab topgan va yil sayin suyunchi qiymati tobora oshib borayotgan bu yaramas odatni yigʻishtirishimiz kerak.
Malika Ziyodullayeva:
– Navoiy viloyatida bunday odat yoʻq. Ammo turmush oʻrtogʻim bilan bir doʻstinikiga mehmonga borgandik. Xush xabar kelib qoldi, mezbonning ukasi farzandli boʻlibdi.
U akasiga telefon qilib: “Qaynotamning oldiga ketyapman, sizga necha pul bergandi?” deb soʻradi. “Myen suyunchilab borganimda falon choyxonani “yopgandi”, koʻrmanaga falon pul bergandi. Syeniyam xafa qilmas”, dedi aka oʻlgur.
Shu oila bilan boshqa bordi-keldi qilgim kelmay qolgandi. Farzandli boʻlgach, qaynotasidan pul undirish gʻalati emasmi? Har bir yigit shunaqa qilishim toʻgʻrimi, deb oʻziga oʻzi savol berishi kerak.
Tozagul Jumanova:
– Samarqandda chaqaloq tugʻilganda kuyovning qaynonasi nabirali boʻlganidan xursand boʻlib, qoʻli yengil doyalarga minnatdorlik ramzi sifatida suyunchi beradi. Kuyovga pul qistirish bizda yoʻq. Samarqandning yigitlari qaynona-qaynotasidan suyunchi olishni or biladi. Qiz oʻstirgan onalarning, qizlarning qadri baland. Inson qadr-qiymati boylik bilan emas, aksincha, mehr-muhabbat, oʻzaro hurmat bilan oʻlchansa, oilada fayzu baraka boʻladi.
Bahriddin Asror:
– Hozir bilmadim-u, bizning vaqtlarda unaqa odat yoʻq edi. Ayolimga oʻsha vaqtda uzuk vaʼda qilganman va keyinroq oberdim. Qaynonanikiga borsak ham, qogʻoz paketda chiroyli bozor qilib borardik. Qiz tomondan suyunchi soʻrash uyat sanalardi.
Feruza Saidxoʻjayeva:
– Bir tanishim “Uyda non olishgayam pul qolmadi, 100 dollarni taxt qilib qoʻydik, qizimning erta-indin koʻzi yoriydi, kuyov suyunchiga kelib qolsa beramiz”, deydi. Oldin qizingiz eson-omon qutulib olsin, keyin sarpo qilib borarsiz, hyech yoʻqsa 50 dollarni maydalab, roʻzgʻoringizga ishlating, dedim...
Muzayana Mumurova:
– Toshkentda bor shunaqa odat. Suyunchini olgani kuyovning oʻzi boradi, bosh-oyoq sarpo, yana pul... Baʼzi koʻzi ochlar onang kam berdi, deb kelinga poʻpisa ham qilarkan. Bir marta qoʻshnimning kuyovi keldi uchinchi farzandiga suyunchilab. “Oʻgʻlim, tabriklayman”, desa, qaynonasiga qarab “Quruqqinami?” deya kattagina pul undirmaguncha qoʻymadi. Dugonamning eri ham suyunchini kam deb janjal qilgan. Afsuski, shunaqa erkaklar ham bor ekan.
Mahbuba Hasanova:
– Ham qizingni ber, ham qulluq qil. Farzand kuyov tarafning davomchisi, shunday boʻlgandan keyin, aksincha, qizning onasiga suyunchi berilishi kerak. Kuyovga dollar qistirishni ahmoqona odat deb bilaman.
Odinaxon Mahkamova:
– “Hamkorbank”da oʻtirsam, bir ayol shoshilib keldi-da, soʻmni tezroq dollarga almashtirish kerakligi va tugʻuruqxonadagi qiziga ovqat pishirib borishi zarurligi uchun navbatsiz oʻtkazib yuborishlarini soʻradi. Shunda dollarni kuyoviga suyunchi qilishi, keyin quda tomonga sarpolar olishga hali ulgurmagani, qizi muddatidan oldin tuqqanini aytdi bechora ona.
Muyassar Ibragimova:
– Fargʻonada qiz tugʻilsa 50 dollar, oʻgʻil tugʻilsa 100 dollar suyunchi ataladi. Myening kuyovim pul berishmasin deb tayinlagan, lekin turmush oʻrtogʻim sekin choʻntagiga qanchadir solib qoʻygan. Bu odatni qizimga yaxshi gapirishsin, deb qudasiga, kuyoviga oʻzini koʻrsatmoqchi boʻlgan qaynonalar oʻylab topgan.
Dinimiz nima deydi?
“Zikr ahlidan soʻrang” turkumida birinchi farzand tugʻilsa, oʻgʻil bolaga 100, qiz bolaga 50 dollar berish odati paydo boʻlibdi, shunga qanday qaraysiz, degan mazmundagi savolga quyidagi javob qaytarilgan: “Kim yomon sunnatni yoʻlga qoʻysa, gunohi oʻshanga boʻladi. Bu odatni chiqarganni qancha inson laʼnatlayotgani hech kimga sir emas. Birorta laʼnat Allohning huzurida mustajob boʻlsa, bu odatni chiqargan va uni rivojiga hissa qoʻshganlarning holiga voy. Hayotimiz mobaynida boyvachchalik qilib, oxirida xor boʻlganlarning koʻpini koʻrdik. Vallohu aʼlam!”
Nodira IBROHIMOVA
oyina.uz