“...Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar.

XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik.” 

Shavkat MIRZIYOYEV. 

Oʻtgan 2023-yil mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichlarini belgilab bergan yorqin voqeliklarga boy boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayoti bilan bogʻliq yangi istiqbolli tashabbuslar oʻrtaga tashlandi.

Bu haqda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo quyidagilarni soʻzlab berdi:

Dunyoga jadidlar qaytmoqda

Maʼnaviyat va maʼrifatni suv va havodek zarurligini Prezidentimiz ilk bora oʻz vazifasiga kirishgan yillardayoq mamlakatning asosiy tayanchi, yuksalish asosi sifatida maydonga olib chiqdi.

Oʻylangan oʻylar-la koʻngil yupanmas,

Koʻngilning istagi oʻy bilan qonmas,

Aytarlar bu tunda yorug‘ sham yonmas,

Chaqmasa gugurtni asl oʻgʻullar…

XX asrda jadid maʼrifatparvarlari millat dardida qalblarda yondirgan shamlar mustabid tuzum tomonidan ayovsiz oʻchirildi. Toʻqsoninchi yillarda jadidlarga bir murojaat qildig-u, keyin ulardan yiroqlashdik. Bu yiroqlashish millatga qanchalar qimmatga tushganini hozir ich-ichdan his qilib turibmiz. Aslida, jadidlardan yiroqlashish milliy oʻzlikdan, yuksak maqsadlardan, milliy maʼrifat asosidagi milliy taraqqiyotdan, milliy birlikdan yiroqlashish ekanligini koʻp ham anglamadik.

“...Bu tunda yorug‘ sham yonmas, chaqmasa gugurtni asl oʻgʻullar...”. Prezident boshchiligida boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashinining kengaytirilgan tarixiy yigʻilishi goʻyoki  ziyo taratib, haqiqatni koʻrsatgandek boʻldi.

Nazarimda, bu yigʻilishda aytilgan har bir soʻz jadidlar orzusi, jadidlar soʻzi, nafasidek yangradi. Hatto koʻz oʻngimda milliy yetakchimiz siymosida jadidlar yana qayta dunyoga kelgandek boʻldi. Chunki bugun mamlakat oʻz oldiga qoʻygan eng yuksak maqsadlar jadidlar yaratmoqchi boʻlgan, bugun bunyod boʻlayotgan yangi uygʻonish davri orzusidir.

Maqsad qancha ulkan boʻlsa, mashaqqati, zahmati ham shunga yarasha boʻladi. Ammo, unga erishish yoʻlidagi shiddat, samaralar ortidan keladigan ruhiy halovat oldida u zahmatlar hechdir.  Chunki barchamiz koʻrib turibmiz, dunyo xaritasida kuchli markazlar oʻzgalarga bosim tazyiq oʻtkazayotgan bir paytda Vatanimiz milliy birlik, inson qadri, ilm olish gʻoyasi bilan istiqbol sari dadil qadam tashlab bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali erkimiz, mustaqilligimizga nisbatan aytilayotgan aljirashlar, maʼnaviy tahdidlar, axborotlar kurashi, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimidagi chuqur transformatsiya jarayonlarining barchasi bizga uygʻoq qalblar, jasoratli ziyolilar kerakligini yana bir bor eslatib turibdi.

Shu kunlarda millionlab yuraklarda milliy birlik olovi yondi. Vatan va xalq kelajagi haqida kim qanday yoʻsinda, qanday oʻrtanish, katta jurʼat va jasorat bilan soʻz aytar ekan, barchasining mohiyatida jadid maʼrifatparvarlari peshvosi Mahmudhoʻja Behbudiyning “Haq olinur, lekin berilmas!” degan qilichdek soʻzlari yarqirab ketdi.

Ha, biz buyuk millat, buyuk el boʻlgan, bobolari qudratli davlatlar barpo etgan, ilmu fazlda yuksak maqomlarga koʻtarilgan millatmiz! Prezidentmiz iftixor bilan aytganidek, “Buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!” Lekin shu merosni asrash, kelajak qoʻliga tutqazish, farzandlarimizni yana asrlar davomida shunday bebaho boylik bilan taʼminlashning yagona sharti – bugun har birimizning qalbimizda jadidlar solgan uchqunni olovga aylantirishdir.

Prezidentimiz kuyunchaklik bilan aytgan quyidagi soʻzlar butun jamiyatga, millionlab qalblarga  uygʻonish ruhini olib kirdi: “Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.

Bugun mendan “yigʻilish qanday oʻtdi?” deb soʻraganlarga bitta javob bermoqdaman: “Bu yigʻilishdan keyin jadidlar qayta tugʻiladi!”

Negaki, bugungi tahlikali dunyoda bizga ijtimoiy axloq, maʼnaviyat, maʼrifat nuri, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik ruhi, har qachongidan ham zarurdir. Har qanday yuksak iqtisodiy va maʼrifatli jamiyat asosida avvalo inson kamoloti, uning fikriy yuksalishi turadi. Uning oʻq ildizida esa axloq va ruh tarbiyasi turgan. Zero, axloqsiz mukammallikka erishib boʻlmaydi.

Yigʻilishda har qanday millatni maʼnaviy birlik asosida yuksak maqsadlar yoʻlida birlashtiradigan yuksak taʼlim-tarbiya, maʼnaviy kamolot, milliy gʻoya masalasiga bejiz alohida ahamiyat qaratilmadi.

Zero, milliy gʻoya har bir millat hayotiga yangicha mazmun baxsh etadigan, xalqning tub manfaatlarini ifodalaydigan, uni ulugʻvor maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar qiladigan eng ezgu, eng qudratli daʼvatlar majmuidir.

Aynan milliy gʻoya – ijtimoiy, maʼnaviy zarurat, u jamiyatga yangicha ruh, shijoat bagʻishlaydi. Inson maqsadsiz yoʻlini yoʻqotadi, buyuk maqsadsiz ulugʻvor ishlar qilolmaydi, deb bejiz aytilmagan. Milliy gʻoya birdamlik, fidoyilik, vatanparvarlik bilan amalga oshadi.

Ana shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari maʼnaviy-maʼrifiy sohada oʻtkir va koʻndalang boʻlib turgan eng muhim masalalarga eʼtibor qaratdi. “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi.”

Koʻrinib turibdiki, bugungi kun nafaqat iqtisodiy, balki tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy sohalarda ham shiddatli raqobatga tayyor boʻlishimizni talab etmoqda. Demak, kechiktirmay bu boradagi tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy yondoshuvlarimiz, dasturlarimiz, tizimlarimiz, burch va masʼuliyatimizni tubdan tanqidiy koʻrib chiqishimiz lozim.

Davlatimiz rahbari bejiz: “Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” deb aytmadilar. Bu bitta, ikkita shu sohaga aloqador tashkilotning emas, butun jamiyatning harakatiga aylanishi kutilmoqda. Bu ishlardan birorta soha, birorta vazirlik va idoraning chetda turishi mumkin emas.

Chunki millat va xalq, Vatan qismatiga daxldor eng yuksak gʻoyalar, millatparvarlik ruhi maʼnaviy zaminda voyaga yetadi. Tariximizdagi Ikki buyuk Uygʻonish zamirida ham avvalo maʼnaviy jasorat yotadi. Jadid bobolarimiz milliy hurriyat yoʻlidagi  kurashda bejiz maʼnaviyat va maʼrifat yoʻlini tanlamadi.

Onam tili, otam uyi, bolam orzusini bermayman! Oʻzligim  – borim, erkim – nafas, maʼrifatsizlik – qafasdir, dedilar.  Ular yangi kuch-jadidlarga aylandi, yonsak shunday  yonaylikki, toki olovi yillar davomida oʻchmasin, dedi. Ular otildi, lekin oʻlmadi, kitobi yoqildi, lekin yonmadi, unutishga majburlashdi, lekin xalq unutmadi. Birgina Choʻlponning otashin soʻzlarini eslaylik:

Ol bayrogʻingni, qalbing uygʻonsin,

Qur yangi davlat, yovlar oʻrtansin!

Yangi Oʻzbekistonda duv-duv gap!

Xalqimizda “Yaxshi soʻz ham omonat, uni oʻzgalarga yetkazish kerak”, degan ibora bor. Prezident raisligida oʻtgan mazkur yigʻilishning ovozasi bugun mamlakatimizning har tarafida: ziyolilar qalbidan tortib  mahallalar, xonadonlargacha yetib bormoqda.

Oʻsha kuni Prezident tomonidan mahallalarda keng koʻlamli islohotlarni balandparvoz gaplar bilan emas, aniq hayotiy misollar bilan sodda, tushunarli, yangi usulda yetkazish lozimligi taʼkidlangan edi. Oʻsha kuni mazkur anjumanda ishtirok etgan “Maʼnaviyat karvoni”ning esh peshqadam vakillari boʻlgan taniqli olimlarimiz, shoir va yozuvchilarimiz, sanʼat va madaniyat namoyandalari xalq ichiga, qalbiga otlandi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida Toshkent shahri boʻylab keng koʻlamda yangi kuch, yangi gʻoyalar bilan aholiga yuqori  kayfiyat, ruhlantiruvchi kuch beradigan “Mahallada duv-duv gap” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari boshlandi.

Taniqli olimlar – Oqil Salimov, Jamila Shermuhammedova, Shavkat Ayupov, Qahramon Allayev, Narzulla Joʻrayev, Sadriddin Turopjonov, Oynisa Musurmonova, Mansur Bemurodov, Qoʻngʻirotboy Sharipov, Dilorom Bobojonova, shoir va yozuvchilar – Sirojiddin Sayyid, Zulfiya Moʻminova, Mahmud Toyir,  madaniyat va sanʼat vakillari – Ozodbek Nazarbekov,  Munojot Yoʻlchiyeva, Yodgor Saʼdiyev, Gavhar Zokirova, Erkin Komilov, Gʻulomjon Yoqubov, Shuhrat Dadajonov, Mirodil Qilichev kabi yuzlab fidoyilarimiz maʼnaviy tadbirlarning qalbiga aylandi. Tadbirlar xalqimiz yuragida jaranglayotgan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida boʻlib, 1 oy mobaynida 5 ta yoʻnalish boʻyicha poytaxtimizdagi 585 ta mahalla toʻliq qamrab olinishi rejalashtirildi.

Shuningdek, teatrlar, muzeylar, saylgohlar, yangi Oʻzbekiston davrida bunyod etilgan diqqatga sazovor joylarga tashriflar; mahallalarda, taʼlim muassasalarida kitob yarmarkalari, kitobxonlik va adabiy kechalar; “Zakovat”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” va “Besh muhim tashabbus” kabi maʼnaviy-maʼrifiy va sport loyihalari oʻtkazilib kelinmoqda. Bunyodkorlik ishlari natijasida yurtimiz qiyofasining oʻzgarib borayotgani, mahallalarning avvalgi va bugungi koʻrinishi haqida maxsus videoroliklar namoyish etilmoqda.

Quvonarlisi, mazkur maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar nafasi Yangi yildan boshlab respublikaning barcha hududlariga yoyilmoqda.  Maʼnaviyat va maʼrifat kengashida yangragan soʻzlar har bir  yurakka kirib bormoqda.

Ha, maʼnaviyat va maʼrifat barcha zamonlarda tengsiz qudrat, baxt-saodat, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik mezoni, ruhiy poklanish va qalbni yuksaltiruvchi neʼmat boʻlib kelgan. Chunki u millatni, xalqni, demakki, insonlarni hamisha uygʻonishga, ezgulikka, taraqqiyotga, bu olamni obod qilishga, goʻzallikka burkashga chorlagan. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:

Bu chaman oʻlmogʻida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

Kimki, mana shu ezgu maqsad yoʻlida insonni bu olamni gulga burkaydigan, yaʼni uni farovon qiladigan bunyodkor, yaratuvchi kuch deb qadrlar ekan, shaksiz oʻsha yerda obodlik boʻladi. Xalq qudratini jamlab umumxalq murodu maqsadiga eltuvchi yoʻlga boshlay oladigan, xalq, millat qudratini toʻgʻri yoʻnaltira oladigan milliy yoʻlboshchi rahnamoligida xalq tengsiz bunyodkor toʻlqinga aylanadi.

Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni, ruhi maʼnaviyatdir” degan soʻzlari mohiyati bugun yanada kengroq mazmun kasb etmoqda. Chunki maʼnaviy asoslarsiz, maʼnaviy negizlarsiz, maʼnaviy qadriyatlarsiz, milliy ruhsiz hech bir davlat oʻzining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi. Agar biz bobolarimiz yaratgan ikkita Renessans asosiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ikkalasida ham iqtisodiy va ruhiy rivojlanishning uygʻunligini koʻramiz. Shunday ekan, har bir sohaga ruhiy-maʼrifiy, ijtimoiy axloqning mustahkam poydevori sifatida maʼnaviyatni olib kirishimiz lozim.

Umuman, nafaqat iqtisodiyot, balki boshqa sohalarni ham maʼnaviyatsiz tasavvur qildish qiyin. Chunki, maʼnaviyat taraqqiyotga kuch va ruh beradi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganlaridek: “Kiyimning yuza qismi qanchalik yaltiroq boʻlmasin, uning ichi nobop, ayniqsa, kir boʻlsa, bu illat, albatta, yuzaga uradi”.

Jamiyat oʻzgarayapti, maktab oʻzgarayapti, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi masʼuliyati ham oʻzgaryapti. Endi bu oʻzgarishlar faollik, tashabbuskorlik, yuksalish bosqichlariga kirishi kutilmoqda.

Mahallalarda oʻtayotgan tadbirlar doirasida ziyolilar ishtirokidagi uchrashuvlarda aholisi tomonidan: “Men pensiya pulimdan nevaramni “Gʻuncha” jurnaliga obuna qilaman”, “Kitoblarim koʻp, uyimda mahallamdagilar uchun kutubxona ochaman”, “Jadid” gazetasi chiqarkan, albatta unga oilamiz uchun obuna boʻlaman”, “Mahallamizni jinoyatsiz, ajrimsiz  maskanga aylantiramiz”, “Har bir xonadonda kutubxona tashkil qilamiz”, “Toʻyxonalarimizni oʻquv markazlariga aylantiramiz”, degan fikrlarni eshitib, yangi maʼnaviy uygʻonish nasimlarini his etyapmiz.

Tilda, fikrda va ishda birlik!

Yangi Oʻzbekistonda maʼnaviy yuksalish sari yangi davr, yangi bosqich boshlandi. Zero, bugun Yangi Oʻzbekistonning, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning mustahkam iqtisodiy, moddiy-texnik, maʼnaviy asoslari yaratilmoqda.

Maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi bu oʻzgarishlar va Prezident tashabbuslaridan soʻng jadidlarning “Tilda, fikrda va ishda birlik” gʻoyasi tilimda qayta-qayta yangrayverdi.  Bu gʻoya yuqorida taʼkidlaganimizdek, milliy birlik, hamjihatlik asosida yanada mustahkamlanadi, amalga aylanadi.

Oʻtgan qisqa davr ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida mamlakatimizda maʼnaviyat va maʼrifat sohasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur qaror doirasida bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 100 dan ziyod vazirlik va idoralar, 14 ta hudud hokimliklari hamda hududlardagi koʻplab tashkilotlar bilan qoʻshma dasturlar ishlab chiqilib, ular faoliyati muvofiqlashtirilmoqda.

2021–2023-yillarda shahar va tumanlarda 195 ta “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani”ni barpo etishning manzilli roʻyxati tasdiqlandi.

Joriy yil yakuniga kelib, 173 ta tuman (shahar)da Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari barpo etildi. Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida rejalashtirilgan maskanlar toʻliq ishga tushirildi.

Markaz huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etilganidan buyon 3 yil davomida 3117 nafar Markaz tizimi, vazirlik, idora va davlat ijro organlarining ushbu sohaga masʼul xodimlari malakasi oshirildi.

Joriy yilda 1 ta xalqaro anjuman, 2 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, 5 ta respublika anjumani, 7 ta respublika ilmiy-maʼrifiy konferensiya hamda 242 ta oʻquv-seminari tashkil etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bagʻishlab “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjuman;

Andijon viloyatida “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Xalqaro tadbirlarda ishtirok etish maqsadida 45 ta davlatdan 52 nafar mutaxassis olim va ekspert yurtimizga tashrif buyurdi.

Maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlardagi faolligi uchun mamlakatimizning 179 nafar fuqarosi “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha yangi elektron platforma ishga tushirildi. Jamiyat huzurida 40 nafar iqtidorli yoshlardan iborat “Yosh targʻibotchilar harakati” tashkil etilib, jamiyat aʼzolari soni 810 nafarga yetkazildi. “Oyina” maʼnaviy-maʼrifiy portali ishga tushirildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Maʼnaviyat festivali”   turkum tadbirlarini oʻtkazish katta anʼanaga aylandi. Prezidentimizning “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu daʼvatlari asosida mamlakatimiz boʻylab ilk marotaba “Maʼnaviyat marafoni” boʻlib oʻtdi. Milliy bayram tusini olgan ushbu marafon butun yurtimiz boʻylab katta aks-sado berdi.

Marafon doirasida 30 ta loyihani oʻz ichiga olgan 23 ming 485 ta tadbir tashkil etilib, 3 million 106 ming 817 nafar aholi, xususan, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, talabalar, oʻquvchilar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.

8 ta hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari)dagi 48 ta chegaraoldi mahallalarda yashovchi yoshlar turli yot gʻoyalar girdobiga tushib qolishining oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda anʼanalarga hurmat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Markaz hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari hamkorligida “Vatan ostonasi” festivali oʻtkazildi. Ushbu festivalda 12 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Mart, aprel, iyun va avgust oylarida “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!”, “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!”, “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiorlari ostida 14 ta hududda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi. Festival doirasida 1834 ta tadbir tashkil etilib, 350 ming nafar aholi ishtirok etdi.

Joriy yilda oʻtkazilgan “Eng namunali tuman va shahar” tanlovida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tavsiyasiga koʻra, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli yoʻlga qoʻygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda oʻz hududida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlagan 14 ta tuman va shahar; “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 23 ta vazirlik va idora ishtirok etdi. Gʻoliblarga Prezident sovgʻasi – “Damas” avtomobili, 40 million soʻm, 25 million soʻm pul mukofotlari, 15 million soʻmlik kitoblar toʻplami, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarning eng muhim strategik yoʻnalishlari mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan 12 turdagi “Yangi Oʻzbekiston” plakatlar toʻplami 11 ming nusxada nashr etilib, 10 ming donasi umumtaʼlim maktablariga jihozlash uchun topshirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida soʻnggi 5 yil ichida amalga oshirilgan tarixiy ulkan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush tarzidagi ijobiy oʻzgarishlarni oʻzida aks ettirgan “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi tayyorlanib, oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida 3000 nusxada chop etildi. Toshkent va Nukus shaharlari hamda Moʻynoq tumanida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yangi Moʻynoq” kitob-albomining taqdimotlari oʻtkazildi.

Albatta, bu kechagi kun, kechagi natijalar. Bizning Yangi yildagi faoliyatimiz yuksak daʼvatalarga munosib boʻlishi lozim.

Maʼnaviyat – munavvarlikdir

Bugun zamon oldimizga qoʻyayotgan talablar oldida maʼnaviyat deb atalmish yangi kuch va harakatning bir boʻlagi, deb bilguvchi vatandoshlarmiizning  qadami shahdam boʻlishi, ular hammadan ildam yurishi zarur va shartdir. Zero, davlatimiz rahbari “Maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, bugun maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak!” deb bejiz aytmadi.

Men ziyoli umrini shamga oʻxshatar edim, u oʻzi yonib erisa ham,   taralgan nuri atrofni nurafshon qiladi, derdim.  Lekin hozir endi ziyolilarimizni tarixdagi buyuk qahramonlarimizga oʻxshatgim keladi.  Zero, ziyolilar, ilm ahli bugun yangi kuch sifatida maʼnaviy jasorat maydoniga chiqishi har doimgidan ham muhim, suv va havodek zarurdir.

Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida “Surxondaryo tajribasi” misolida mamlakatimizda ilk marotaba Maʼnaviyat sektori tashkil etildi. Mazkur sektor yurtimizda ilk bor maʼnaviyat sohasida yangi qon, yangi yurak boʻlib urishi uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Muhimi, bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirish uchun 2024-yildan boshlab har yili 100 milliard soʻmdan mablag‘ ajratiladigan boʻldi.

Kengashda oʻsha kuni yana bir xushxabar aytildi. UNESСO Bosh konferensiyasi sessiyalari qariyb 40 yildan buyon faqat Parijda oʻtkazilar edi. 2025-yilda esa bu konferensiyaning sessiyasini birinchi marta boshqa shaharda, yaʼni, bugun eng nufuzli xalqaro anjumanlar markaziga aylanayotgan Samarqandda oʻtkazish belgilandi. Ushbu nufuzli anjumanga Tashkilotga aʼzo barcha davlatlardan vakillar tashrif buyuradi.

Bu nimani anglatadi? Bu asrlar davomida dunyo tamadduniga oʻz soʻzi, oʻz ilmi, oʻz zehnini chiroq qilgan millat bugun yana oʻz oʻrnini topayotganini, bu millatning buyukligini tan olish, ularga yuksak hurmat, hayrat bilan qarash lozimligini yana bir bor koʻrsatib qoʻymoqda. Voqelikka “Samarqand ruhi” qaytmoqda.

Yana bir xushxabar, Yangi yil arafasida Yangi Oʻzbekiston hayotida  ulkan tarixiy voqea sodir boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maxsus tugmalarni bosib umumiy quvvati 2,4 gigavattlik mamlakatimizning 6 ta hududida “yashil” elektr stansiyalariga oq fotiha berdi. Ulkan qurilmalardan adoqsiz simlar orqali 2 million xonadonga yangi nur oqimi-uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi kirib bordi.

Mazkur tantanali marosimda ishtirok etarkanman, dilimdan shunday oʻylar oʻtdi: “Ajab, agar elektr quvvati boʻlmasa, uylarimizga taft kirmaydi, tunlar xonadonlarimiz munavvar, yoʻllarimiz nurafshon boʻlmaydi. Ish joylarimizda dasgohlarimiz “jonsiz” qurilmaga aylanadi, mehnatda unum boʻlmaydi. Bizni yaqinlar, dunyo bilan bogʻlayotgan telefonlarimiz bir parcha matohga aylanadi. Bu koʻzga koʻrinmas neʼmat mohiyatida “munavvar nur” yashirin. Bugun bu nursiz   taraqqiyot yoʻq, bu nursiz farovonlik boʻlmaydi. Qarang, maʼnaviyat ana shunday koʻzga koʻrinmas munavvar nurga oʻxsharkan. U kirmagan xonadon, qalb zulmat asiriga aylanadi, hech qachon munavvar boʻlolmaydi.

U kirmagan qalb tubanlik, jaholat, fahsh, razolatdan sovuq zimistonga aylanadi. Maʼnaviyat - tuganmas ruhiy quvvatdir, u bilan koʻngil chiroqlari, tafakkur qandillari yonadi. U bor joy odamiylik ziyosi bilan charogʻon boʻladi. Nazdimda 22 dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  “Yangi kuch” deb atalmish tugmani bosib betimsol  munavvarlik manbai boʻlgan “Maʼnaviyat nuri”ni 36 milliondan ortiq fuqarolarimiz qalbiga yoʻnaltirdi. Olloh nasib etsa, kirib kelgan yangi – 2024-yildan boshlab har bir qalb charogʻon boʻlgusidir.

OʻzA muxbiri

Nazokat Usmonova yozib oldi.

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!