Oʻzbekiston aholisi notoʻgʻri ovqatlanish boʻyicha jahonda yuqori oʻrinlarda turar ekan. Mazkur tadqiqot natijalariga eʼtiroz bildira olmaymiz, albatta. Keyingi yillarda yurtdoshlarimiz yurak-qontomir, qandli diabet xastaligiga koʻp chalinmoqda. Kundalik hayotda atrofdagilarimiz misolida koʻrib-bilib yuribmiz.
Dunyoda har yili 11 milliondan ziyod inson aynan notoʻgʻri taomlanish oqibatida vafot etadi. Bu esa kashandalik qurbonlaridan birmuncha koʻp degani. Taomnomada meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlar kamayib borishi organizmning makro va mikro elementlarga toʻyinmasligiga sabab boʻlmoqda. Xoʻsh, ovqatlanish borasida aynan qanday xatoliklarga yoʻl qoʻyyapmiz?
Shahnoza JUMANOVA,
dietolog:
– Koʻpgina xastaliklar sababi – ortiqcha vazn ekani hech kimga sir emas. Semirish qanday paydo boʻladi? Notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlilik, stress oqibatida. Bugungi inson faoliyatida jismoniy mehnat ulushi kamayib, aqliy mehnat hissasi koʻpayib bormoqda. Sarflanmagan kaloriya esa organizmda yog‘ toʻplanishiga olib keladi. Shuning uchun kuniga yarim soat badantarbiya yoki sportga vaqt ajratish ayni muddao boʻladi.
Ovqat qanchalik yogʻli yoki shirin boʻlsa, odam oʻzini shuncha qulay his qiladi. Har qanday tushunarsiz vaziyatda chaynash uchun biror narsa izlashga moyillik kuchayadi. Tadqiqotlarga koʻra, ayollar koʻpincha stressni yengish, erkaklar esa zerikishdan qutulish uchun taomlanishga mukkasidan ketadilar. Xullas, ortiqcha ovqatlanishga moyillikni tana emas, miya keltirib chiqaradi. Agar bu borada meʼyorni bilmasangiz, taomlanish kundaligini tuting. Oʻzingizga xos toʻgʻri ovqatlanish tartibini tanlashingiz kerak.
Rahmatulloh Doniyor,
jurnalist:
– Turkiyaga kelib amin boʻldimki, qardoshlarimiz yogʻli ovqatlardan koʻp yeyishmaydi, xamirli taomlarni xush koʻrishmaydi, hazm ogʻir mahsulotlardan uzoq turishadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, oshqozon-ichak, jigar xastaliklari nisbatan siyrak uchraydi. Asosiysi, qorin qoʻygan erkaklar va semirib ketgan ayollarga kamdan kam duch kelasiz.
Bizda aksariyat erkaklar choyxonaga qatnaydi, gap oʻynaydi. Toʻylar, amru maʼruflar, ehsonlarning sanogʻi koʻp. Deyarli hamma yigʻinda osh tortiladi: “Umringdan bir kuning qolsa, osh ye”, “Oʻldirsa ham, osh oʻldirsin”. Shu toʻkin dasturxonlar uchun qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflanadi. Buning ustiga, qancha asabbuzarlik, qancha isrof…
Uzoq yillar Samarqand davlat universitetida turk tilidan dars bergan, oʻzbek xalqining hayoti, madaniyati va turmush tarzini yaqindan oʻrgangan yozuvchi Sharof Yilmaz “Registon” telekanaliga bergan intervyusida shunday degan edi:
“Men oʻzbeklarni juda yaxshi koʻraman, qalbimning toʻrida bu xalq uchun alohida joy bor. Lekin bir odatini hech oʻzimga singdira olmadim: mehmondoʻstlikni hadidan oshirib yuborishadi, ovqatlanadigan vaqt boʻlmasa ham, qorin och boʻlmasa ham, qoʻsha-qoʻsha taom olib kelaverishadi, dasturxon atrofida soatlab oʻtirishadi. Bu juda yomon! Asosiy gʻami yeb-ichishdan iborat boʻlgan, qimmatli vaqtini taomlanish marosimlarida oʻtkazadigan millatdan buyuk avlodlar yetishib chiqishi qiyin”.
Orifjon KOMILOV,
pediatr:
– Bolani toʻgʻri ovqatlantirishni hali tugʻilmasidanoq, yaʼni homilador ayolning taomlanish rasionini korreksiyalashdan boshlash zarur. Boshqorongʻilik, toksikoz va boshqa bahonalar bilan turli aromatizatorlar, konservantlar va konserogenlar mavjud ovqatlarni, gazli va energetik ichimliklarni isteʼmol qilishga ruju qoʻyiladi. Gazli va energetik ichimliklar homilador ayol qoni tarkibidagi kalsiy va fosfor elementlarining peshob orqali chiqib ketishiga, bu esa tugʻilajak bolaning suyak va asab tizimi yetarlicha shakllanmasligiga sabab boʻladi.
Garchi onaning koʻkrak suti yetarli boʻlsa-da, bolaga uchinchi-toʻrtinchi oydan meva sharbatlari, banan va yogurtga oʻxshash qoʻshimcha ovqatlar bera boshlashadi. Bu ham mutlaqo notoʻgʻri. Goʻdak hayotining dastlabki olti oyi davomida imkon qadar koʻkrak suti bilan oziqlangani maʼqul.
Emizikli ayolni qatʼiy parhezda tutish yaramaydi. Emishki, onaning yegan ovqati bolaning ichini surar emish. Ming afsuski, ayrim tibbiyot xodimlari ham shu kabi notoʻgʻri tavsiyalar berishmoqda. Achchiq va shoʻr, hayvon yogʻi meʼyoridan ortiq qoʻshilgan ovqatlar yeyilmasa kifoya. Gazli va energetik ichimliklar ham tavsiya etilmaydi.
Keyingi paytda 1–5 yoshdagi bolalarning kunlik rasionida aromatizator va konservantlar boʻlgan notabiiy mahsulotlar keskin koʻpayib ketdi. Dudlangan va yarim dudlangan goʻsht, kolbasa, sosiska kabi yeguliklarni, shoʻr qoq non – kiriyeshkilarni berish, gazli ichimliklarni nihoyatda koʻp ichirish, rangli muzqaymoq va shirinliklarni yedirish bolalarda oshqozon-ichak, buyrak, asab va yurak-qontomir kasalliklari, kamqonlik, avitaminoz hamda immunotanqislik keskin koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.
Farzandlariga rang-barang qogʻozlarda, yaltiroq oʻramlarda qadoqlangan sunʼiy, kimyoviy ovqat mahsulotlarini yedirayotgan, gazli ichimliklarni ichirayotgan ota-onalarga qarata aytar edimki, bolangizga zahar bermang!
Fozil FARHOD,
yozuvchi:
– Kecha suzish havzasida Sardor degan yigit bilan gurunglashib qoldim. Aeroportda ishlar ekan. Yurtimizga kelayotgan 90 yashar yapon sayyohlari haqida gapirdi. Keksa boʻlishiga qaramasdan chaqqon harakatlanar, safarda yoʻldoshsiz yurar ekan. Soʻng umra yo hajga ketayotgan 60 yashar oʻzbeklar bilan solishtirdi: koʻpchiligi semiz, sumkasini zoʻrgʻa koʻtaradi, yonidagi bolalari yordamiga muhtoj.
Mana, qarang, ikki millat – ikki manzara. Endi oʻzingiz oʻylang, kim toʻgʻri yashayapti? Qaysi millat uzoq umr koʻryapti? Shunaqa gap bor: yaponlardan kimdir 100 yoshda oʻlib qolsa, hammasi yosh ketdi, deb yigʻlasharkan. Bizning esa 100 dan birimiz 100 yoshga yetamiz yo yoʻq.
Yanvar oyi boshida men ham 111 kilo edim. Shu paytgacha hech qachon toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaganman. Bu haqda oʻylamaganman ham. Qon bosimim doimiy 140/100 boʻlib qolganini bilgach, bu ortiqcha vazn sababli ekanini ich-ichimdan his qildim va taomlanishni tartibga soldim. Suv ichish, koʻkat, meva va sabzavotlar yeyishni koʻpaytirdim, nonni kamaytirdim. Kuniga 10 000 qadam yurish va uch-toʻrt kunda bir marta 1000–1500 metr suzishni odatga aylantirdim.
Natijada 4 oy davomida 111 kilodan 95 kiloga tushdim. Qon bosimim ham 120/80 boʻldi-qoldi. Yashashga, ijodga ishtiyoqim oshdi. Ruhiyatim koʻtarildi. Sogʻlom turmush tarzining taʼmini totdim. Hayotning bu tomoni judayam yorqin ekan. Endi bir umr shunday yashamoqchiman. Nasib etsa, yaponlarday 100 yoshdan oshmoqchiman.
Siz-chi, aziz yurtdosh? Toʻgʻri ovqatlanish tartibiga rioya qilasizmi? Fikrlaringizni izohda yozib qoldiring.
Nodirabegim Ibrohimova
Oyina.uz