Adabiy tanqidning kundan kunga koʻmilib borayotgan tor soʻqmogʻidan oʻtib olsam, u yogʻi kenglik. Shundaymikin?
Oʻzimdan toʻrt-besh yosh katta, toʻrt-besh yosh kichik ijodkorlar-u havaskorlarning yozganlarini oʻqib, shunday hissiyot tuyaman. Hech koʻnglim toʻlmaydi, nega ular umrida kitob oʻqimagandek yozishadi. Nega yozganlarida, jahon adabiyoti durdonalari-ku mayli, Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, hatto Oʻtkir Hoshimovni oʻqigani sezilmaydi.
Adabiy tanqidchimi, shoirmi, nosirmi – oʻzini oʻz avlodi safida kuchliroq sezadi, oʻzini koʻproq namoyon eta oladi, tarbiyalanadi, maslakdoshlari bilan adabiyotni yangilaydi. Oxirgi adabiy avlod sifatida tan olinadigan 70-yillar avlodi shunday edi, ular hozir ham shunday. Biz, yaʼni mendan toʻrt-besh yosh katta-yu, toʻrt-besh yosh kichik ijodkorlar avlod sifatida shakllanmadik, bunga yaqin ham bormadik va tabiiy tarzda toʻda-toʻda havaskorlar boʻlib qolib ketdik. Roman yozishni esa yengil bir shamollashdek koʻplar yuqtirib ham oldi. Shaxsan oʻzim ular ichidan fikrimga fikri bilan, gʻayrat-shijoatimga gʻayrat-shijoati bilan javob beradiganlarni izlayman. Axir katta aql egalari boʻlsa-da, toʻqsonga yaqinlashayotgan Ibrohim Gʻafurov bilan, yetmish beshni qoralayotgan Erkin Aʼzam, Xurshid Doʻstmuhammad yoki oltmishga kirayotgan Jabbor Eshonqul bilan tengdosh emasman. Oʻz avlodim va avlodimning fikr olamida yashashni istayman. Buning uchun fikrda keeeeeeeeenglik kerak, juda-juda kerak.
Shu kunlarda Sherzod Komil Xalilning “Oʻlim labirinti”ni oʻqib chiqdim (Hikoyalar. “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2024-yil. 2000 adad). Va oʻzim istayotgan kengliklarga umid uygʻondi. Hozir esa daryo va oʻrmon turkumidagi hikoyalar haqida yozmoqchiman.
Oldindan aytib qoʻya qolay. Bu hikoyalarning hammasi bir manzil bilan bogʻliq, qahramonlar taqdiri bir makonda uyurmadek aylanadi. Muallif oʻzini xuddi oʻz Yoknapatopasini yaratgan Folkner yoki oʻz Makondosini yaratgan Markes kabi sezadi, ularga ochiqdan ochiq ergashadi. Hisor oʻrmonzorlari, Oqsuvdaryo boʻylari, Kitob-u Shahrisabzda kechgan taqdirlar bir-biri bilan pechak guldek tutashib ketadi.
Garchi taqlidan boʻlsa-da, yaratilgan makon – fikr kengliklariga bogʻlanadi, vaqt oqimida sehrlanib qolgandek boʻlasiz. Muallifning tang-u torlikni unutib, shakllangan goʻzal, boʻliq ifoda tilida yozishi, sokin goʻshalarning sokin manzarasi va bu sokinlik ortida suron solib gurlayotgan hayot oʻquvchini maftun qilib qoʻyadi.
Bu manzil-makonlar goʻzal tabiati, sokin koʻllari, oʻrmonzorlari bilan sizda sakinat uygʻotsa, baʼzida ular shu qadar balo-yu ofatning tagida qoladiki, ulkan ilon mayitlarni yamlamay yutadi, dumli yulduz kasofati bilan butun qishloq quturish kasaliga yoʻliqadi. Yozuvchi modernizm, sehrli-realizm tasvir va ifoda vositalaridan foydalanadi. Qahramonlari – oʻrmonchi, ovchi, miltiq koʻtarib yuradi. Va qattiq feʼl-atvori bilan oʻz tabiatini koʻz-koʻzlab turadi. Bu sahifalarda ajinalar, ajinadan yomon odamlar, folbinlar, qon sirqirab turgan taqdirlar kezib yuradi.
Endi ayrim mulohazali oʻrinlarni aytib oʻtmasam hech boʻlmaydi. Yozuvchi hayratsirab, tegirmonxona, koʻlga qarab ketadigan yoʻlak kabi ifodalarni qoʻllaydi. Bu yasalgan soʻzlar-u ifodalar gʻalizlik tugʻdiradi. Yaxshi muallifga yaxshi bir muharrir zarur. Matnda takrorlar, uslubiy xatolar bor. Xatolar oʻquvchining oyogʻidan chalaversa, bu sahifalardan bosh olib chiqib ketishga majbur boʻladi. Misollar keltiraman. “Tuman ajinasi” nomli hikoyada bir sahifaning oʻzida ikki oʻrinda “bir nimalar demoqchi boʻldi-yu” jumlasi qoʻllangan. Yoki “U oʻqlarni miltiqqa bir paytlar bobosi oʻrgatganidek qilib oʻqlamoqchi ham boʻldi”, “Bola chiroq yorugʻida cholni, haqiqatan ham, miltiqni oʻqlab, tokchaga qoʻyib qoʻyayotganiga eʼtibor qaratdi” kabi. Yoxud boshqa hikoyalardagi “Axiyri, oqqushlarni tirik tutishga koʻzim yetmasligiga aqlim yetgandi”, “Qamoqda shuncha yil oʻtirib chiqdim, lekin u yerdan tirik chiqdim”, “Oʻrmon sariq rangga boʻyab qoʻyilgandek daraxtlar sap-sariq” kabi. Bunday uslubiy xatolar baʼzi hikoyalarda 5-6 oʻrinda uchraydi va oshdan chiqqan toshdek bezor qilib yuboradi.
Baʼzi hikoyalarda muallif ifoda va tasvirda sehrli-realizmning taʼsiriga, tashqi ifoda vositalariga berilib, insoniy asosiga hech narsa qoʻymasdan oʻtib ketadi. Nazarimda, “Talvasa” oʻshanday hikoya boʻlib qolgan. Umuman, yaratilayotgan uslubga xalaqit berayotgan bir necha jihatlar bor. Biri, yuqorida aytganimiz, alohida tasvir va alohida ifodaga berilib ketib, insoniy asosdan uzoqlashish. Ikkinchisi, uslublarni birlashtirishda baʼzi tajribalarning muvaffaqiyatsiz chiqishi. Masalan, “Qaytish” hikoyasida oʻnlab hikoyalarni, yuzlab taqdirlarni bir nuqtada jamlash tamoyili – hech bir hikoyasini bir-biriga bogʻlab boʻlmaydigan, bunday maqsad ham qoʻyilmagan “Ming bir kecha” syujet yoʻsini bilan qorishib ketgan. Uchinchidan, roviyning nutqi baʼzida juda tarvaqaylab ketadi. “Nayrang” hikoyasida oshpaz “...pullarni sarflab boʻlgach, Rembrandtning “Oqpadar oʻgʻilning qaytishi” kartinasidagi yigitga oʻxshab, uyga shumshayib qaytdim”, deydi. “Men u kartinani maktabdagi tarix darsligida koʻrganman”, deya tagʻin ishontirishga urinadi. Matn, qahramonning ruhiy, maʼnaviy holati hamda nutq maromi bu jumlalarni koʻtarmaydi, sunʼiy va yarashiqsiz tuyiladi. Yoki “Naʼmatak” hikoyasida ovchi kirakashga birdan yoriladi va tinimsiz vaysaydi. Osongina yoriladigan dard boʻlsa, dard ham emas ekan-da, deb oʻylab qolasiz. Ovchiga ichidagi necha yillik toshdek botib yotgan ogʻriqlarni ayttirishdan oldin, uni biroz “qizitib olish” kerakmidi.
Shunga qaramasdan, kitobni qiziqish va havas bilan oʻqib chiqdim. Muallif menga yozuvchilikning chinakam qora mehnati bilan oʻsayotgan, uslub yaratayotgandek tuyildi. Bular 10–12 yil oldingi qoralamalar ekanligini hisobga olsak, hozir muallif nasrda kamolotning qaysi nuqtasiga yetdi ekan, taqlidlar ijodkorlikka aylandimikan, tajribalar oʻzini oqladimikan, degan savollar tugʻildi.
Shunday qilib, kitobdagi yakuniy “Oʻlim labirinti” hikoyasini oʻqir ekansiz, barcha voqealar va ularning qahramonlari muallif yaratgan labirint ichida aylanayotganini toʻla tushunib yetasiz. “Ulkan ilon qishlogʻimizdan chiqqan yili folbin xotinning azal suviga qarab ochgan foliga qaraganda, u hammamizdan ham uzoq umr koʻradigan kimsa emish; uning peshonasiga taqdirning oʻzi mangulik muhrini bosgan emish; ehtimol, u oʻlmasligi ham mumkin emish” jumlalarini oʻqiganda bu oʻzimizning Markes ekanligiga amin boʻlasiz. Roviy bekorga “Toʻgʻri, ichimizdan Sherzod Komil Xalil degan yozuvchi ham chiqqan”, deya bekorga pisanda qilmaydi. Qadim yogʻoch kulbaning mogʻor bosgan ogʻir eshigini kuch bilan ochib qahramonlar bilan birga ichkariga kirar ekansiz, oʻrgimchak toʻri qoplagan, zax va ufunat toʻlgan kulbada sizni Folkner kutib oladi. Faqat endi dangasalik va kibr sehrini ishga solib, Sherzod Komil Xalil degan yozuvchini oʻrmondagi qadim yongʻoqqa bogʻlab, oʻrmon chumolilar ixtiyoriga qoldirib ketmasa boʻldi.
Shahnozaxon NAZAROVA,
filologiya fanlari doktori, dotsent
Muallifning “U shaharga choponining yengida qishlogʻining choʻlogʻi-yu, beva xayollari bilan kelgan – Jontemirga maktub” maqolasini bu yerda oʻqing.