Eski “Aqoid” kitoblarimizda yozilgʻondurkim, zamona oxir boʻlib, qiyomat yaqinlashmoqda. “Yaʼjuj-maʼjuj” degan bir jamoa maxluq paydo boʻlib xalqning tinchligʻini buzib, dunyoni xarob etishga tirishadirlar.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, har yerda “barkamol osoyish” boʻladir. “Yaʼjuj-maʼjuj” jamoasining qanday maxluq ekanligi toʻgʻrisida “ulamoi islom” orasida ixtilof koʻbdur. “Mahrib ush-shariat” degan moʻtabar bir kitobda oʻqigʻonimizgʻa qaragʻonda, shul “yaʼjuj-maʼjuj” toifasi haqida yozilgʻon baʼzi sifatlar yuzdan shona – ostdan fona uraturgʻon “mustamlakachi” oʻrtoqlarimizning shaʼnigʻa toʻgʻri keladur.

Yana oʻshal kitobda: “Nasriddin Tantanoni”dan rivoyat etadurlarkim, zamona oxir boʻlgʻonda Turkistonda, ayniqsa, Samarqandda “jadid” tanasidan eshon va avliyolar chiqib, xalqqa turlik karomatlar koʻrsatadurlar va shuning bilan kunda bir necha murid ovlaylar. Oxirda, “jadid” ismi xalq orasida koʻtarilib, uning oʻrnida “taraqqiyparvar”, “maorifparvar” ham “yoshlar” ismlari bilan “buqalamun” fikrlik zotlar paydo boʻladi.

Bu zotlarning bir boʻlagi turli chatoq yoʻllar bilan oqcha toʻplab, bor-yoʻgʻini toʻyga sarf qiladurlar. Maorif uchun hech miri bermaydur. Bir qismi “Nashri maorif” uchun jaholatga qarshi “muttahid frunt” ochib, qoʻshinsiz urush boshlaydurlar. Yangi tantanalik quruq qarorlar bilan mashgʻul boʻladurlar.

“Majmuiyi safho” degan kitobda yozgʻoniga koʻra, oxir zamonda Turkistonda “mahkamai sharʼiya”lar ochilib, bu mahkamaning ishlarini bir vaqt kofirlik otini koʻtargan jadid sinfi boshqaradir. Oʻlib ketgan vaqflar qaytadan tirguziladur. Vaqf oqchasi maktab va maorif yoʻlida sarf qilinadur. Bu voqeadan koʻp vaqt oʻtmay, qorinparvar mullalar bilan taraqqiyparvar jadidlar orasida vaqf ustida katta janjal chiqib, natijada barcha vaqflar “nahang” komiga ketadur.

“Yoshlar”ning kecha-kunduz xizmatlari oshamoq, “tutash”largʻa yondashmoq va oxiri yoʻldan adashmoq boʻladir. Xotin-qizlarning yuz pardalari ochiladur, sharm-hayolari qochadur. Iffatliklari siyrak qoladur.

Buxoro oʻlkasida amir Olimxon hazratlari “shahid” etiladur. Uning har bir tomchi qonidan yuz “juvonboz” paydo boʻladur. Ming dohiy dunyogʻa keladur. Kechalarni bazmsiz oʻtkazgan uylargʻa jarima solinadur. Pora olmagʻon amaldorlar yurtdan badargʻa qilinadur. Oxiri, faqir xalqning hammasi jonidan toʻyib, bosmachiliqqa yozilib, dalagʻa qochib ketadur. Mana, sizga oxiri zamon alomatlaridan bir necha timsol. Bu soʻzlarning barchasi yuqoridagi moʻtabar kitoblardan naql etildi. Har kim shak keltirsa – kofir boʻlgʻay.

“Qahat ul-uqalo” degan bir kitobda Samarqand mahkamai sharʼiyasi xususida boshqa xil maʼlumot berilgan. Bunda yozilgʻonigʻa koʻra, Samarqand mahkamai sharʼiyasi xalqning namoz oʻqishi toʻgʻrisida ayrucha ahamiyat beradur. Chunonchi, har kim oʻzining mahallasidagi masjidga jamoat namozigʻa sahvan chiqmay qolsa, uni birinchi qatla olti, ikkinchi qatla sakkiz oy qamoqqa hukm etadur. Uchinchi dafʼadan uni shahardan chiqarib haydaydur. Toki, ul benamozning kasofatidan bir shahar xarob boʻlmagʻay. “Maqobir ul-agʻniyo” degan kitobda Abu Nizom al-Magʻribiy al-Masturiy yozadikim: qiyomat yaqinlashgʻonda, boylardan xayriyat, kambagʻallardan kuch, dehqonlardan barakot koʻtariladur. Jadidlar namozdan, qadimlar maorifdan, hukumatlar adolatdan qochadurlar. Maorif idoralarida oqcha, maktablarda oʻquvchi, muallimlarda taʼlim qochadur. Oxir zamon olimlari amalsiz, boylari hamiyatsiz, shoirlari sheʼriyatsiz, muharrirlari savodsiz, gazetalari obunasiz, matbaalari hurufsiz, murattiblari tartibsiz, idoralari doirasiz, tabiblari dorusiz, hakimlari hikmatsiz, eshonlari ishonchsiz, muridlari ixlossiz boʻladurlar.

Bulardan boshqa: bu zamonning har bir jonlik va jonsiz narsalariga tog‘ kabi ogʻir soliqlar solinadurkim, natijada doʻkonlar yopila-yopila sonlari ozayadur. Hayvonlar soʻyila-soʻyila etlari yeyiladur. Kambagʻallar ezila-ezila dunyogʻa vido’ aytadurlar. Soliqlar qancha koʻpaysa, bozor baholari oʻshancha tushib, oxiri qogʻoz-oqcha bilan oltun, ogʻa-inidek bir-biriga qovushadur. Zolim “Nikolay” zamonida boʻlgʻon arzonchilik parisi qaytadan dunyoga kelib, xalqqa muhibona salom beradur. Bu rohat va saodat davri koʻb davom etmay, ketidan “dajjoli lain” dunyogʻa chiqib koʻb oʻzgarishlar yasaydur. Shuning bilan odam bolasi murod va maqsadiga yetadur-da, soʻngra birdan qiyomat qoyim boʻladur. Shuni ham yozib oʻtaykim, kiyomatdan bir kun ilgari Turkistonda imlo masalasi “hal” etilib, Qurʼon yangi imlo bilan yoziladur. Soliq ishlari shuncha taraqkiy etadurkim: kambagʻal ishchi-dehqonlar hovuzlarida vaqqillayturgʻon qurbaqalarga ham soliq toʻlashga majbur boʻladurlar. Faqat daraxtlarga qoʻnib uchaturgʻon qushlar uchun soliq toʻlashdan maof etiladilar.

Bu soʻzlarga shak keltirgan kishi kofir boʻlmasa ham, lekin “Gepoluv” tomonidan turlik sinflar ichida yoshirun suratda qurilgʻon sonsiz oq tuzoqlarga bir kun oyogʻi aylanib, “borsa kelmas” shahargʻa yuboriladur.

Hoji MUIN

“Zarafshon” gazetasi, 1923 yil 11 fevral.