Globallashuv sharoitida mafkura poligonlarida inson qalbi va ongini zabt etishga boʻlgan harakatlar tobora kuchayayotgani bor gap. Global miqyosda gʻoyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida namoyon boʻlayotgan missionerlikning kuchayishi dunyo jamoatchiligi ruhiyati va maʼnaviyatiga jiddiy taʼsir oʻtkazadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Barchamizga yaxshi maʼlumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda”, deya taʼkidlagani bejiz emas edi. Zero, bugungi kunda missionerlik zamirida mafkura poligonlaridagi kurashlarga juda katta sarmoya tikilayotganini kuzatish mumkin. Natijada, missionerlik aniq belgilangan siyosiy maqsadlarni amalga oshirishda yovuz va buzgʻunchi gʻoyalarni kuzlayotgani oydinlashadi. Ularning mazkur harakatlari iqtisodiy taraqqiyotdan orqada qolgan davlatlarga “begʻaraz yordam” niqobi ostida ayrim mustaqil davlatlarning ichki ishlariga ochiqdan ochiq aralashuvining yashirin koʻrinishidir.

Demak, u yoki bu dinni bayroq qilib dunyoviy tartibotga qarshi yoʻnaltirilgan radikal harakatlarga qarshi kurash olib borish koʻp qirrali, ziddiyatli fenomen ekanligini inobatga olish zarur. Zero, jahondagi yetakchi davlatlar iqtisodiy yordam berish bahonasida missionerlik harakatlarini yoʻnaltirish orqali oʻzlarining siyosiy shartlarini bajarishga majbur qiladi. Xususan, kuchli davlatlar kuchsiz davlatlarning ichki ishlariga din vositasida bosim oʻtkazishi yozilmagan anʼana. Ayniqsa, jahondagi yetakchi davlatlar dunyo zaxiralarini egallash va nazorat qilishda missionerlikdan mafkuraviy hujum quroli sifatida foydalanadi.

Jahonning muayyan hudud yoki mintaqasida katta maʼnaviy yoʻqotishlar yuz berayotgani, mamlakatlardagi hukumat boshqaruvida oʻzaro qarama-qarshi kuchlarning shakllanishi missionerlik keltirib chiqarayotgan tahlikali vaziyatdir. Mazkur holatlar millatning asriy qadriyatlariga rahna solish, turmush darajasini izdan chiqarish orqali davlat boshqaruvida separatizmni kuchaytiradi va mamlakat suverentetiga jiddiy xavf solada.

Demak, noanʼanaviy dinlar faoliyati dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgani bejiz emas – noanʼanaviy dinlarning ijtimoiy boʻy koʻrsatishi bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bir millatga mansub, bir tilda gaplashuvchi, umumiy tarix va yagona davlatga ega boʻlgan fuqarolarni diniy asosda boʻlib tashlashga qaratilgan harakatlar har qanday jamiyat hamda davlat uchun koʻrinib turgan tahdid. Insoniyatning koʻp asrlik tarixi dindan niqob sifatida foydalanish, undagi gʻoyalarni vayronkorlik ruhida talqin etish insonlar boshiga koʻplab kulfatlar keltirganini koʻrsatadi.

Bugungi kunda noanʼanaviy diniy jamoalar tomonidan qilinayotgan targʻibot va tashviqotlar oqibatida konfessiyalararo nizolar kelib chiqmoqda. Ayniqsa, ayrim diniy tashkilotlar tomonidan oʻz saflarini kengaytirish maqsadida oʻzga din vakillari oʻrtasida missionerlik faoliyatini olib borish diniy adovatlarga sabab boʻlyapti. Afrika va Osiyo mintaqasidagi qator mamlakatlarda missionerlik natijasida tub aholining diniy tarkibidagi muvozanat buzilishini kuzatish mumkin – masalan, turli din vakillari orasida doimiy ravishda kelib chiqayotgan diniy adovatlar.

Oʻtgan asr davomida Sudan Respublikasining asosiy neft zaxiralari joylashgan janubiy hududlari katolik va protestant missionerlari tomonidan faol xristianlashtirilgan edi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ushbu hududda markaziy hukumatga qarshi qurolli chiqishlar oqibatida 1,5 millionga yaqin odam nobud boʻlgan. Musulmonlar koʻpchilikni tashkil etuvchi Afrikadagi eng yirik mamlakat Sudan buyuk madaniyat va taraqqqiyot davrlarini boshidan kechirgan xalq va millatlar oʻrtasida oʻzaro nizo va adovatlar kuchayishi natijasida 2011 yili asosiy qismi xristianlardan iborat janubiy Sudan Respublikasiga boʻlib yuborildi.

Indoneziyaning xristianlashtirilgan shimoliy hududlari – Sumatra, Sulavesi va Molukko hududlarida ham muttasil ravishda musulmonlar va xristian prozelitlari oʻrtasida diniy nizolar, toʻqnashuvlar, qotilliklar, terrorchilik harakatlari roʻy berib turishi koʻpchilikka maʼlum. Dunyodagi “ayrim” siyosiylashgan diniy markazlar faoliyati mustamlakachilik va yangi mustamlakachilik, buyuk davlat shovinizmi, xalqaro munosabatlarda diniy zoʻravonlik asosida mamlakatlarda parokandalikni keltirib chiqarmoqda. Shu tariqa, “iqtisodiy yordam” bahonasida rivojlanayotgan davlatlarning ichki ishlariga arlashiladi. Natijada, hokimiyat uchun kurash, ayrimachilik, chegaraviy va mintaqaviy ziddiyatlar, etnik mojarolar ekstremizm va terrorizmning yana-da kuchayishiga zamin yaratiladi va oʻz navbatida, mamlakatda diniy tuygʻularning kuchaytirishi orqali bir-biriga qarama-qarshi turgan guruhlarni shakllantiradi. Mafkuraning eng keng tarqalgan shakli boʻlgan dindan siyosiy partiyalar ham foydalanadi. Keyingilar esa dinning asl mohiyatini buzib, uni niqob qilib oldi.

Globallashuv davrida dunyodagi ayrim siyosiy kuch markazlari oʻzlarining geostrategik maqsadlarini amalga oshirishda tanlangan mamlakatni oʻziga tobe qilishda “nishon” sifatida missionerlikdan foydalanmoqda. Jahonda geosiyosiy kuchlar muvozanatining oʻzgarishi, ayrim rivojlangan davlatlarning oʻz demokratiyasini “eksport” qilish orqali dunyoga hukmronlik uchun ochiqdan-ochiq daʼvogarligi hech kimga yangilik emas. Shu tariqa, dunyo miqyosida ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishi, bozorning shavqatsiz raqobati, iqtisodiy inqiroz tufayli ommaning diniy psixologiyasi oʻzgarishi roʻy beradi va bu missionerlikka oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga zamin yaratadi.

Muayyan mintaqa va hududda vujudga kelayotgan yangi diniy harakat (YDH)larning missionerlik faoliyati uch bosqichda amalga oshiriladi. Yaʼni, “missionerlik hudud”ini oʻrnatish, uni xorijiy sarmoyalar asosida moliyalashtirish va shu orqali diniy jamoalar sonini koʻpaytirish. Natijada, missionerlikning faol targʻibot va tashviqoti oldin mavjud boʻlmagan yuzlab xristianlik konfessiyalarini vujudga keltiradi. Jahon miqyosidagi global ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz davrida davlatlarning bir tuzumdan ikkinchisiga oʻtish sharoitida missionerlik yana-da avj olmoqda.

Yaqin Sharq mintaqasi, jumladan, arab mamlakatlariga oʻz taʼsirini oʻtkazishga urinayotgan kuchlar oʻrtasidagi geosiyosiy raqobatning kuchayishi ular mustaqilligiga tahdidlarning yangi turlari boʻlib maydonga chiqyapti. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, ayrim arab davlatlarining geosiyosiy va geostrategik ahamiyati ortib borayotgani, ulkan tabiiy-iqtisodiy va boshqa resurs salohiyatiga egaligi bilan ham doim jahon hamjamiyati diqqat markazida turadi. Zero, missionerlik harakatlari natijasida “inson huquqlari”, “vijdon erkinligi”, “demoraktik erkinliklar”ni olgʻa surish uchun koʻrsatilayotgan “koʻmak” aslida mamlakatni parokandalik sari siyosiy boshboshdoqlikka yetaklayotgan koʻrinmas kuch boʻlishi ham mumkin. Erkinlik, demokratiya inson huquqlari kabi jozibali gʻoyalarni niqob qilib olgan bu siyosiy kuchlar shu asosida dunyodagi xohlagan mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashib, gʻarazli maqsadlarga erishmoqchi boʻladi.

Mutaxassislar oʻtkazgan “strategik tadqiqotlar” natijasiga koʻra, missionerlik dunyoda global miqyosda turli konfliktda va qatʼiy geosiyosiy bosimda ekan. Missionerlik taʼsiri ostida har qanday xalq va millatning madaniy ildiziga tahdid solish orqali oʻta radikal millatchilik harakatlarini vujudga keltirish mumkin.  Shu tariqa, ayrim siyosiy kuchlar oʻzining gegemonligini oʻrnatish maqsadida gʻoyaviy-mafkuraviy, geosiyosiy, madaniy jihatdan ustunlikka erishadi.

Xususan, global iqtisodiy inqiroz davrida missionerlik dunyoning nochor davlatlari taraqqiyotiga goʻyoki “iqtisodiy yordam” koʻrsatib qashshoqlik, ochlik, nochorlikni bartaraf etish maqsadida “maqsadli” yordamini tavsiya etgan boʻldi goʻyo. Natijada, xorijdan yoʻnaltirilayotgan “maqsadli” iqtisodiy yordam taʼsirida rivojlanayotgan davlatlar oʻrtasidagi tengsizlik tobora keskin tus olishi bir qator tahlikali vaziyatlarni vujudga keltirdi va noanʼanaviy diniy jamoalar koʻpaydi. Shu tariqa mavjud diniy tashkilotlar oʻrtasidagi tafovutlar oqibatida konfessiyalararo nizolar kuchaydi.

Globallashuv sharoitida sivilizatsion modernizatsiya jarayonlarining oʻzaro ziddiyati insoniyat sivilizatsiyasining inqirozidan dalolat beradi. Maʼlumki, inqirozning asosini global kapital agentlari boʻlmish transmilliy korporatsiyalarning gʻarazli manfaatlari tashkil etadi. Buning oqibati oʻlaroq ayrim sivilizatsiyalar va dinlarning global tarzda missionerlikka qoʻl urishi kuzatilmoqda, ammo ularning siyosati boshqa sivilizatsiyalar vakillari yoki “begona”lar uchun zararli deb baholanishi mumkin. Fikrimiz tasdigʻi sifatida XVI asrda vujudga kelgan mustamlakachi imperiyalar jahon mustamlaka tizimining paydo boʻlishiga zamin yaratganligini keltirish joiz. Natijada, Gʻarbning yirik davlatlari mustamlakalarga nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki madaniy gegemonligini ekspansiya qildi.

XX asr oʻrtalariga kelib dunyoda mustamlaka tuzumlarning inqirozi global missionerlikka boʻlgan ehtiyojni tugatishga zamin yaratdi. Ammo, bugungi kunda Gʻarb madaniyatining oʻz ustunligidan mahrum boʻlganiga koʻnika olmayotgan ayrim radikal guruhlar missionerlikdan voz kechmayotganligiga guvohmiz. Xususan, missionerlik tarafdorlari oʻzga sivilizatsiya resurlarini eskpluatatsiya qilish hisobiga iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarning koʻpgina jihatlarida yorqin muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Shu oʻrinda missionerlik tashkilotlarining strategiyasiga eʼtibor qaratilsa, odatda ular oʻz maqsadlarini rasman oshkor etmaydi. Tashkilot aʼzolari “bizning maqsadimiz – kambagʻallikni umuman yoʻq qilish” shiori ostida “hamma ekkanini oʻradi”, “boʻlib tashla va hukmronlik qil” gʻoyasi bilan faoliyat olib boradi. Aynan, bugungi kunda dunyoda global miqyosda demokratiya oʻrnatilishi, insonlarning huquqlari taʼminlanishi bahonasidagi missionerlik oqibatida Shimoliy Afrikada, Yaqin Sharqda va Sharqiy Yevropa, xususan Ukrainada yuz minglab begunoh insonlarning bevaqt oʻlimi kuzatildi.

Hozirgi kunda dunyo hamjamiyatining tinchligiga rahna solayotgan missionerlik tashkilotlari oʻzlarining asl maqsadlarini din manfaatlari bilan niqoblashga urinadi. Shu bois bunday missionerlik guruhlarining vaʼzlarida Xudo koʻp tilga olinadi. Natijada, xristianlik dini va xususan Gʻarb loyihasi xalqaro axborot tarmogʻida dunyodagi eng ilgʻor, taqlid qilsa arziydigan mafkura sifatida targʻib qilinadi. Aynan, mazkur omillar, missionerlik jabhasidagi hujum keng miqyosda, chinakam global darajada olib borilmoqda. Bu haqda rus tadqiqotchisi A.Panarin bundan 15–20 yil muqaddam missionerlarni “dengiz qaroqchilari” deya atab, ularning faoliyatini obrazli tarzda tasvirlagan edi: “quruqlikdagi bosh istehkom, dunyoning asosiga qarshi Bugun Dengiz qitʼani nafaqat jismonan zabt etishni, u qitʼa ertasini – ming yillar davomida ishlab chiqilgan va qitʼa antropologik qiyofasi uchun javobgar boʻlgan ruhiy-psixologik strukturasini vayron etishni reja qildi. Shu maqsadda qitʼa aholisini avtoxtonlar va beshinchi kolonnaga boʻlish operatsiyasi olib borilmoqda, beshinchi kolonnadan koʻzlangan maqsad esa dengiz kelgindilariga qitʼa qalʼasining darvozalarini ochib berishdir.

Koʻz oldimizda “elita” (madaniy, siyosiy, xoʻjalik yurituvchi) tushunchasining oʻzi misli koʻrilmagan darajada oʻzgartirib yuborilmoqda. Gʻarbcha kun kechirish imtiyozini, bu imtiyoz koʻpchilikka yopiq ekanligiga qaramay, oʻzlashtirayotganlar oʻzlarini elita soʻzi bilan atay boshlamoqda. Elita bugungi kunda dengiz qaroqchilariga sadoqatliligi, ularning kemasiga oʻtib olishga tayyorligi bilan xarakterlanmoqda”, – deya alohida eʼtibor qaratib oʻtgan edi. Missionerlikda bu oʻziga xos “zabt etish” jarayonining eng taʼsirchan jihatlaridan biri sifatida manfaatlar, qadriyatlar koʻrinishida namoyon etiladi. Aynan, globallashuv shiddatining tobora avj olishi dunyo miqyosida geosiyosiy jarayonlarga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Natijada, mazkur holat dunyo qiyofasini tubdan oʻzgartirish orqali muayyan mintaqa va hududda geosiyosiy taʼsir doiralarini qayta taqsimlashga boʻlgan harakatlarni keltirib chiqaradi. Aynan, globallashuv sharotida dunyodagi “ayrim” siyosiy kuchlarning baʼzi doiralar dindan xususan, missionerlikdan oʻzlarining gʻarazli maqsadlariga erishish vositasi sifatida mutaassiblik, fanatizm hattoki, davlat toʻntarishlari kabi qabih yoʻllaridan foydalanayotgani, afsuski, hech kimga sir emas.

Bir necha asr oldin koloniyalashtirish xristianlikning shioriga aylangan boʻlsa, hozirda “jahonga kirib borish” aynan missisonerlik harakatlari oqibatida tobora kuchaymoqda. Axborot-tahliliy tadqiqotlar natijalari ham diniy sohaga bevosita daxldor ushbu global hodisalarning tobora chuqurlashib, qamrovi kengayib borayotganini koʻrsatadi.

Bugungi tahlikali vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning koʻlami kengayib, geosiyosiy raqobatning oshib borayotgani, gʻoyaviy-mafkuraviy ekspansiyaning faollashayotganini koʻramiz. Mana shunday murakkab sharoitda mamlakat xavfsizligi va jamiyat barqarorligiga, uning manfaatlariga, millat kelajagiga rahna soladigan har qanday kuchga qarshi kurashish vazifamiz. Xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga tayanib mafkuraviy tarbiya vositasida ogoh, sezgir va hushyor boʻlish muqaddas burchimizdir.

Mansur MUSAYEV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori