“Verter sindromi” yoki “Verter effekti” deb matbuot va televideniyeda, qaysidir film yoki badiiy asarda yoritilgan oʻz joniga qasd qilish holatidan soʻng ommaviy ravishda suitsid toʻlqini yuzaga kelishiga aytiladi. Mazkur sindromni birinchi marta 1974-1975-yillari Kaliforniya universiteti sotsiologi Devid Fillips XVIII asr oxirida butun Yevropa boʻylab tarqalgan shunday hodisa ustida izlanish olib borishi jarayonida aniqlagan. Bunga Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani turtki bergani bois sindrom nomi ham ayni asar qahramoni ismiga qoʻyilgan.

Devid Fillips va Lindi Karstensen 1973–1979-yillari oʻsmirlar orasida sodir boʻlgan 12 585 ta suitsidning matbuot va telereportajlar bilan bogʻliqligini oʻrganar ekan, oʻz joniga qasd qilish haqidagi har bir yangilik, maqola va telereportajdan keyin bunday mudhish voqealar sezilarli darajada koʻpayganini aniqlaydi. Kuzatuvlar natijasida oʻgʻil bolalardan koʻra qiz bolalar Verter sindromiga koʻproq moyil ekani maʼlum boʻladi.

“Yosh Verterning iztiroblari” asarini keng kitobxonlar ommasi iliq kutib oladi, hatto yoshlar vertercha uslubda kiyina boshlaydi. Ammo kitobga eng koʻp shuhrat  olib kelgan narsa ommaviy suitsid toʻlqinining yuzaga kelishi boʻldi. Asarda sevgisiga erisha olmagan Verter yakunda oʻz joniga qasd qiladi. Roman shaklan epistolyar, ruhan sentimental mezonlarga asoslanib yozilgan.

Asar bosh qahramoni Verter eri bor ayol – Lottaga koʻngil qoʻyadi, sevgisiga oʻzi xohlagandek javob ololmagach, oʻzini otib tashlaydi. Romanni maʼlum bir maʼnoda avtobiografik romanlar qatoriga kiritish mumkin. Sababi, Gyotening oʻzi shu kabi holatning guvohi boʻlgan. Advokatlik amaliyotini oʻtab yurgan Gyote Sharlotta Buff bilan tanishadi, – bu asardagi Lotta edi. Verterning oʻlimi prototipi boʻlib Gyotening yaqin doʻsti boʻlgan Karl Vilgelm Iyeruzalemning eri bor ayolni yoqtirib qolishi va yakunda oʻz joniga qasd qilishi xizmat qiladi.

Asar chop etilgandan soʻng oʻz joniga qasd qilish holatlari koʻpayadi, shu sabab baʼzi davlatlarda nashr taqiqlab qoʻyildi. Asar mutolaasidan keyin muhabbatda omadsizlikka uchragan oʻsmirlar orasida oʻz joniga qasd qilish holatlari keskin koʻpaygan. Bunga sabab nima edi? Sabab shuki, asarda oʻz joniga qasd qilish maʼlum bir maʼnoda oqlanadi. Yaʼni, asarda omadsiz muhabbatning tugamas azoblaridan qutulishning yagona chorasi sifatida oʻz joniga qasd qilish varianti oʻrtaga tashlanadi. Bu esa “oʻtish davri”da boʻlgan, hayotning keskinliklariga moslashishga qiynalayotgan, javobsiz sevgi azobidan xalos boʻla olmayotgan oʻsmirlar uchun eng afzal yoʻl boʻlib koʻrinadi. Ommadan bunday munosabatni kutmagan Gyote “Verter sindromi”ni toʻxtatish uchun asar bosh qahramonining qilgan ishi notoʻgʻri ekanligi haqida soʻzboshi yozishga majbur boʻladi. Asarni yozishdan asosiy maqsad Gyoteni turmush qurgan ayol – Sharlottaga nisbatan baxtsiz muhabbat qiynaydi. Muallif oʻz sentimental xarakteri va dunyoqarashidan kelib chiqib mazkur romanni yozar ekan, bu orqali Sharlottaga boʻlgan tuygʻularidan qutulishni maqsad qiladi. Lekin asar kutilmaganda yuqorida aytib oʻtilganidek salbiy effekt yaratadi va keyinchalik “Verter effekti” deb nomlanuvchi atamaning yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

1980-yilda Germaniyada “Talabaning oʻlimi” seriali namoyishi vaqtida talabalar orasida oʻzini poyezd tagiga tashlash holatlari koʻpayadi. Talabalar suitsidning aynan shu variantini tanlashiga sabab “Talabaning oʻlimi” serialining har bir qismida bir talabaning oʻzini poyezd tagiga tashlash sahnasi boʻlgan va bu namoyish ortidan oʻsmirlar orasida oʻz joniga qasd qilish holati 175% ga koʻpaygan. Avstriyada ayni turdagi koʻngilsizlik koʻpaygandan soʻng, Vena metropoliteni oʻziga xos tajriba qilish fikriga keladi: oʻzini poyezd tagiga tashlab joniga qasd qilish holatlarini matbuotda yoritmaslik yoki bunday holatlarga katta eʼtibor qaratmaslik. Natijada poyezd bilan bogʻliq suitsidlar Avstriyada avvalgi koʻrsatkichdan uch martaga kamayadi. Shundan beri Avstriya matbuotida shunga oʻxshash tragedik voqealarni yoritishga taqiq qoʻyilgan.

Yaqinda Rossiya hududida boʻlib oʻtgan oʻz joniga  qasd qilish holatlarini ham “Verter sindromi” bilan bogʻlash mumkin. 17 yoshli qiz ijtimoiy tarmoqda 17 yoshli qiz jonli efir vaqtida “ЛСП” guruhining “Номера” qoʻshigʻi ostida baland binoning tomidan oʻzini pastga tashladi. Qoʻshiqqa toʻxtaladigan boʻlsak, u 2014-yilda yaratilgan boʻlib, “oʻzida suitsidga chorlaydigan maʼno jamlagan” deya 2018-yilda taqiqqa uchragan edi. Qoʻshiq mazmunida suitsidni targʻib qiladigan qatorlar bor va ayni shu qatorlar yangrayotgan vaqtda qiz oʻz joniga qasd qiladi.  Qizning bu fojeaviy qaroriga sabab sifatida har xil vajlar koʻrsatildi, bizga ayni vaziyatda sababdan koʻra bu holatdan keyingi oqibatlar muhimroq. Rossiyada ushbu “eski ssenariy” yana takrorlandi. Bu safar 19 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqdagi jonli efir vaqtida ayni shu qoʻshiqning ayni oʻsha qatorlari yangrayotgan vaqtida oʻzini baland binoning balkonidan tashladi. Bu ikki suitsid namoyishidan soʻng oʻsmirlarning yolgʻondakam oʻz joniga qasd qilish videolari ijtimoiy tarmoqlarda koʻpaydi. Bunda ijrochi oʻz joniga qasd qilmasa-da, tomoshabinda shunday kayfiyat uygʻotadi. Yaʼni, ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilgan suitsid haqidagi xabar shu koʻrinishda “Verter sindromi”ni keltirib chiqardi.

Yuqoridagi holatlardan soʻng “ЛСП” guruhining menejeri internetda oʻz sahifasidan qoʻshiqni oʻchirib yuborishga qaror qilganini maʼlum qildi. Ammo “oʻrgimchak toʻrining” qaysidir burchaklarida qoʻshiqning saqlanib qolishi turgan gap.

Yuqoridagi tahlillardan koʻrinadiki, ommaviy taʼsirga tushuvchilarning asosiy qismi yoshlar va oʻsmirlar. “Kasallikni davolashdan koʻra oldini olgan afzal” deyilganidek, maʼlum bir resurslarni cheklash orqali kutilgan natijaga erishish qiyin. Ommaviy taʼsirga berilish holatlari kuzatilmasligi uchun har bir oʻsmir va yosh oʻz dunyoqarashini kengaytirishga, vaqtini foydali narsalarga sarflashga harakat qilishi kerak. Hech qaysi sabab insonning oʻzini yashash neʼmatidan mahrum qilishiga arzimaydi.

Mironshoh HASANOV