Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda. Bugungi globallashuv davrida har bir halq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.
«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir», — deyiladi “Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 oktyabr kuni «Davlat tili haqida"gi (1989-yil 21-oktabr) qonunning 30 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisidagi qaror”da. Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan oʻtgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi. Hozirgi kunda oʻzbek tili hayotimizning barcha jabhalarida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qoʻllanilmoqda, halqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Koʻp vaqt oʻtmay, 2019-yil 21-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan – 21-oktabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni”, deb eʼlon qilindi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida "Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti" tashkil etildi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtardi.
Ammo sizlarni eʼtiboringizni hozirgi blogerlarimizning tilga boʻlgan munosabati, stilistik va imlo xatolariga toʻla maqolalariga qaratmoqchiman. Bu masalada Najot Nurning «Men jurnalist emasman, degan bahona oʻrinsiz, chunki siz ommaga axborot berayapsizmi, demak adabiy oʻzbek tilida muomala qilishingiz va yozishingiz shart» degan fikriga mutlaq qoʻshilaman. Shu oʻrinda, beixtiyor taniqli adibimiz A.Qahhorning quyidagi hikmatli soʻzlari yodimga tushdi: Nima uchun koʻcha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?
Eng achinarlisi shuki, ijtimoiy tarmoqlarda, oʻzimizning oʻzbek millatimizga mansub, baʼzi nodon manqurtlar (Doniyor Yakubov, Jasur Mirzayev – yana bu odam Samarqand viloyati, Toyloq tumani madaniyat boʻlimining xodimi ekan) oʻzbek tilini haqoratlashgacha bordilar (“isqirt oʻzbek tilini yoʻqotish kerak”, polniy rus tiliga oʻtish kerak” va.h.k.lar). Bundaylarga nisbatan buyuk hazrat Alisher Navoiyning quyidagi hikmatli soʻzlarini aytging keladi:
“Tilga kuchi yeta olgan – donishmand
Soʻzga erk bergan – pastkash ahmoq”.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti va Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari hamkorligida Toshkent shahri tumanlaridagi “tashqi reklama va peshlavhalar” monitoringi oʻtkazilib, ularning “Davlat tili haqida”gi hamda “reklama toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga muvofiqligi muntazam oʻrganilib boriladi. Oʻrganish quyidagi 4 yoʻnalish boʻyicha olib boriladi:
1. Koʻchalardagi umumiy reklama va peshtaxtalar
2. Bozorlardagi reklama va peshtaxtalar
3. Oʻquv muassasalari, markazlari va kitob doʻkonlaridagi reklama va peshlavhalar
4. Davlat tasarrufidagi tashkilot va korxonalardagi peshlavhalar.
Oʻrganish natijalari kishini taajjubga soladigan darajada, chunki u oʻzini Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda emas, xuddi bir chet elda yurgandek his qiladi. Hamma yerda aralash-quralash chet tildagi reklama va peshlavhalarni uchratasiz:
Masalan, Toshkent shahar Yunusobod tumani Amir Temur shoh koʻchasining oʻng tomonida xorij tilida aks ettirilgan reklamalar joylashtirilgan, oʻzbek tilida qaydnoma yoʻq. Amir Temur shoh koʻchasidagi reklama va peshlavhalarni koʻrgan toshkentlik: “Ona shahrim, jonim Toshkentimmi yoki I Love Toshkentmi?!”- deb xitob qilgisi keladi.


Yunusobod tumani Oloy dehqon bozorining ichki tomoni
Mana sizga shaxar markazidagi eng mashhur va gavjum bozorimizdagi oʻzbek tiliga boʻlgan munosabat!
Xoʻsh, bu-ku bozorlar ekan, bolalarimizga ilmu-maʼrifat tarqatayotgan bilim maskanlari – Shayxontoxur tumanidagi oʻquv muassasalari, markazlari va kitob doʻkonlaridagi reklama va peshlavhalar ahvoli bilan tanishaylik:

Sebzor koʻchasi, kitob doʻkoni
Shu oʻrinda, Alixontoʻra Sogʻuniyning «Turkiston qaygʻusi» kitobidagi quyidagi satrlariga diqqatimizni qarataylik:
"Qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar".
Endi eʼtiboringizni Toshkent shahar Yunusobod tumani Amir Temur shoh koʻchasining chap tomon qismida joylashgan Oʻzbekiston radiotelekompaniyasining quyidagi peshlavhasiga qaratmoqchiman:

Oʻzingiz koʻrib turganingizdek, oʻzbek tiliga boʻlgan munosabat shu darajadaki, Oʻzbekiston fahri boʻlgan televideniye minorasining peshlavhasi ham xorijiy tilda nomlangan!
Shunga oʻxshash manzaralarnini shahrimizning boshqa tumanlarida ham uchratasiz. Xullas, yuqoridagi monitoring tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, bu xorij tilidagi reklama va peshlavhalar maʼnaviyatimizga oʻtkazishi mumkin boʻlgan ijobiy va salbiy taʼsirlarini Hindistonning mashhur davlat arbobi Mahatma Gandining quyidagi soʻzlari orqali yaxshi ifodalash mumkin: "Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib oʻtira olmayman, chunki uyimga toza havo kirib turishi kerak. Shu bilan birga, ochilgan eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul boʻlib, uyimni agʻdar-toʻntar qilib tashlashi, oʻzimni esa yiqitib yuborishini ham istamayman".
Demak, til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning avaylab saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat va anʼanalarini saqlaydi. Shu oʻrinda, umuminsoniy va milliy qadriyatlarning oʻzaro uygʻunlashuvini taʼminlash bilan birga, axborotlar mazmunida milliy ongni mustahkamlash hamda targʻib etish muhimligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi soʻzlarini taʼkidlash lozim: “Biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan oʻtgan, yuksak maʼnaviyat xazinasi boʻlgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz”, yoki "Yangi Oʻzbekiston strategiyasi" kitoblaridagi quyidagi iqtiboslarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman:
"Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, XX asr boshida olti tilli - oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan alloma Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: "Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir".
Shunday ekan, tahdid sifatida namoyon boʻlayotgan yuqoridagi axborot oqimlarining salbiy mohiyatini anglash, jamiyat aʼzolari ongida gʻoyaviy immunitetni rivojlantirish, insonlar tafakkurini umummanfaat sari yoʻnaltirish va mustahkamlash masalalari bugungi davrning jamiyat aʼzolari oldiga qoʻygan asosiy talablaridan hisoblanadi.
Muxtasar qilib aytganda, bizga taʼsir oʻtkazayotgan yoki taʼsir oʻtkazmoqchi boʻlayotgan yuqoridagi reklama va peshtaxtalar gʻoyalarining qay birini qabul qilish va qay birini rad etish lozimligini aniqlash uchun mutasaddi tashkilotlar xodimlarining (shu jumladan, Atamalar komissiyasini) jiddiy munosabati va sharhi lozim boʻladi.
Fozil Sultonov,
Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi