Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 16 522 nafar Oʻzbekiston fuqarosi oʻqish maqsadida xorijga safar qilgan. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ushbu koʻrsatkich 2025-yilning mos davri bilan solishtirilganda 8,1 ming nafarga yoki 33 foizga kamaygan.
Tahlillarga koʻra, fuqarolarning taʼlim olish uchun tanlayotgan mamlakatlari geografiyasida ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatilgan. Xususan, 2025-yilning dastlabki toʻqqiz oyida oʻzbekistonliklar oʻqish maqsadida eng koʻp Tojikistonga safar qilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 5 534 nafarni tashkil etgan edi.
2026-yilning mos davrida esa ushbu reytingda Rossiya Federatsiyasi birinchi oʻringa chiqib oldi va u yerga 3 847 nafar fuqaro yoʻl olgan.
Keyingi oʻrinlarni mos ravishda Qirgʻiziston 2 809 nafar, Koreya Respublikasi 2 118 nafar va Turkiya 1 818 nafar koʻrsatkich bilan egallab turibdi. Shuningdek, talabalar oqimining salmoqli qismi Xitoyga 1 248 nafar hamda Qozogʻistonga 1 112 nafar holatida toʻgʻri kelgan.
Tashriflar soni boʻyicha yuqori oʻntalikni Buyuk Britaniya 784 nafar, Germaniya 374 nafar va AQSH 231 nafar koʻrsatkich bilan yakunlagan. Mazkur davrda dunyoning boshqa davlatlariga taʼlim olish maqsadida yoʻl olgan oʻzbekistonliklar soni esa 1 277 nafarni tashkil etdi.