Yarim asr avval ustoz Gʻaybulla Salomov yozgan bir ilmiy maqola ichida “Triotezis va... trio-antitezis” degan kichik sarlavha bor edi. Domla unda bir professorning uch gʻoya-tezisini inkor qilib, uch antitezis taqdim etgandi. Oradan shuncha vaqt oʻtgach, kamina ham shu chiroyli nomdan foydalanib, bu zamonda gʻoyat urf boʻlgan uch aqida yuzasidan mulohazalarimni bayon etmoqchiman.
Bu gʻoyalar bir mahal millatning ulug‘ rahnamolari tomonidan olgʻa surilgan va oʻz vaqtida dolzarb edi, ammo hozir sharoit boshqa. Ilm-fan ham, ijtimoiy qarashlar ham bitta fikrni mahkam tutib olib, oʻshani alqab, boshqa har qanday nuqtayi nazardan “muhofaza” qilganda emas, aksincha, milliy manfaat yoʻlida aytilgan turli mulohazalarga yoʻl berganida koʻproq ravnaq topadi.
Oʻzgacha nuqtayi nazarlarga jamiyatda doim ehtiyoj bor.
Yana, uzrxohlik bilan aytib oʻtaylikki, bu uch munosabat muayyan bir muammo tevaragida boʻlmay, bir-biridan ozmi-koʻp olisroq sohalarga oid.
Bizga nechta til kerak?
Hamma oʻrganib qolgan, shior maqomidagi gʻoyalardan biri – maktabda bola koʻp tilni oʻrganishi kerakligi haqidadir. Hamma joyda Mahmudxoʻja Behbudiyning “Bizga ikki emas, toʻrt til lozim” degani, Isʼhoqxon Ibratning “Lugʻati sitta alsina” (“Olti tilli lugʻat”) tuzgani yoki Beshinchi Karlga nisbat beriladigan “Nechta til bilsang, shuncha odamsan” aforizmi keltiriladi. Bolalar koʻp tilni, ayniqsa, xorijiy tillarni bilishi shart deb uqtiriladi. Bu – birinchi tezis.
Shunga koʻra, maktabda uchta – oʻzbek, rus va yana bir xorijiy til (asosan – inglizcha) oʻqitilyapti. Rus maktablarida – rus, oʻzbek va ingliz tili. Qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirgʻiz va turkman tilli maktablarimizda esa toʻrtta til – oʻsha elning oʻz ona tili, oʻzbek (davlat) tili, xorijiy til va rus tili taqdim etiladi. Xoʻsh, Qoraqalpogʻistondagi qozoqcha maktablarda-chi? Ona tili boʻlgan qozoqcha, Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat tili hisoblangan qoraqalpoq, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili – oʻzbek tili, ana undan keyin rus, ingliz tillari... naqd beshta til boʻladimi?
Antitezisga oʻtsak.
Bola, boshi aylanib ketmay, shuncha tilni erkin egallab olaveradimi? Yoʻq, albatta. Mutlaqo! Xosho va kallo!
Rossiyadagi rus maktablarida ikkita: rus va yana bir xorijiy til oʻqitiladi. Albatta, bularning har biri uchun dars soatlari koʻproq, demak, til oʻrganish osonroq kechadi. Bir necha tilni baravar oʻrganish – toʻrtta-beshta quyonni quvish kabi mushkul.
Gʻalati dilemma: biz isteʼdodli, qobiliyati zoʻr oʻquvchilarni, “boʻladigan bola boshidan” deya ajratib, ixtisoslikka yoʻnaltirib, chuqur taʼlim bermoqchimiz. Va ayni choqda daqqiyunusdan qolgan yoppachilik kasali ham avjida. Isbot deysizmi? Yodingizda boʻlsa, uch-toʻrt yil avval barcha maktab oʻquvchilari musiqa chalishni oʻrganishi shart, hamma taʼlim dargohlari cholgʻular bilan taʼminlanadi, deb qaror chiqqan edi. Biroq... har bir bola musiqaga uquvli boʻlib tugʻilmaydi-ku? Nega hamma musiqa chalishi kerak?.. Oqibat, bu tashabbus ora yoʻlda qoldi.
Bir necha tilda soʻzlashish ham musiqiy qobiliyat kabi xislat – hammaga nasib etavermaydi. Bamisoli shogird bir vaqtning oʻzida ham etik tikish, ham novvoylik, ham bogʻbonlik, ham asalarichilikni emas, shuning bittasini oʻrganganidek. Oʻzga tillarni qoʻyaturing, hatto oʻz ona tilini ham barcha bola birday yaxshi bilmaydi. Shu holda bir necha tilni tiqishtirish uning bor uquvini ham yoʻqqa chiqarmaydimi?
Aksar poliglotlar bir tilni yaxshi bilib olganidan keyin boshqasini oʻrganishga oʻtar ekan. Birvarakayiga bir necha tilni “shimirish” samarali metod emas. Hindistonda hindchadan tashqari ingliz tili oʻqitiladi, ammo ingliz tili – ikkinchi ona tilimiz, deya uchinchi lison oʻrgatilmaydi. Nega endi biz ham ruschani, ham inglizchani yuklaymiz bolaning boshiga? Bu pedagogika qoidalariga ham zid-ku!
Koʻp til bilgan yaxshi. Lekin hamma – har bir odam bir necha xorijiy tilni bilishi shart emas, lozim ham emas. Eng yomoni, chet tilini zoʻr oʻrganish majburlansa, bola oʻz ona tilini unutishi mumkin. Yaʼni oʻzganiki deb oʻziniki qurbon etiladi.
Har bir odam – bir millat vakili. Milliylik uning mohiyati, unikal identifikatsiyasi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda ana shu noyoblikni saqlashga eʼtibor qaratiladi. Chunki har bir kishi oʻz ona tilining stixiyasi ichida yashaydi, oʻsha tilda soʻzlaydi va fikrlaydi. Til bilan tafakkur bir narsa – kishi ona tilini qancha yaxshi bilsa, uning tafakkur dunyosi shuncha keng, teran boʻladi. Ammo bizda buning aksi: ilgari rus tili ikkinchi sinfdan, xorijiy til esa beshinchi sinfdan oʻqitib kelingan. Endi esa, buyam kam koʻrinibdi shekilli, oʻzbek, ingliz va rus tili birvarakayiga birinchi sinfdan oʻqitilyapti. Chunki qaysiyam bir donishmand, toʻrt-yetti yoshida bola bir necha tilni egallashga qobil-u moyil boʻladi, deya “marhamat” qilganmish.
Ingliz tili vatanida chet tillar qanday oʻqitilishini bilasizmi? Angliyada xorijiy til faqat 7-sinfga kelibgina qoʻshiladi, ammo uni oʻrganish ixtiyoriy. Uchinchi til oʻqitishga esa umuman yoʻl qoʻyilmaydi. AQShda xorijiy til oʻrgatish maktab dasturiga kiritilmagan.
Eng boy va ilgʻor davlatlarning xalqi – eng koʻp til biluvchi xalq emas. Aksincha. Fransiyada faqat 57 foiz maktablardagina xorijiy til oʻqitiladi, xitoyliklar chet tilini bilishda dunyoda 68-, yaponlar 80-oʻrinda, italyanlar esa ulardan ham orqada. Bas, maʼlum boʻladiki, milliy taraqqiyotning sharti – bir necha tilni bilishda emas ekan. Gapning poʻskallasi, ilgʻor yurtlarning hech biri yoshlar chet tilni koʻp oʻrgangani sababli taraqqiy etgan emas.
Xoʻsh, bizdagi til taʼlimining natijalari qanday?
Bolalarda oʻz ona tili – oʻzbek tilini bilish darajasi tushib ketyapti. Chunki birinchi sinfga qatnaydigan, maktabdan soʻng uyini topib kelishi ham qiyin boʻlgan jujuq bir emas, uchta tilni oʻrganishga majbur. Aslida, u hali ona tilida bir amallab gapiradi, u yogʻini soʻrasangiz. Bunaqa “aqliy shturm”ning nafidan koʻra ziyoni koʻproq boʻlmasmikan? Yana, rus va ingliz tili darslari uchun bu soatlar asosan oʻzbek tili hisobidan olib beriladi. Yaʼni bolaning ona tilini bilish darajasi oʻsmay qoladi. Biz til bilish deganda test savollariga javob berib, ball toʻplashni emas, biron voqeani chiroyli bayon etib qogʻozga tushira olish, madaniyatli odam boʻlib gapirish kabi birlamchi talablarni koʻzda tutyapmiz.
Olimlarning aniqlashicha, koʻp tilni biladigan poliglot odamlar ikki toifa boʻlarkan: birinchisi – bir necha tilda yengil mavzularda shaldiratib gapira oladi, afsuski, ular oʻsha tilni chuqur bilmaydi; ikkinchi toifa esa oʻzga tillardagi badiiy va ilmiy asarlarni koʻp oʻqiydi, teran tushunadi. Ammo bu keyingi guruhga mansub aksar kishilar oʻsha chet tillarda yaxshi gapira olmas ekan.
Bizning maqsad – qaysi sohada boʻlmasin, malakali mutaxassis yetishtirish
boʻlishi kerak emasmi? Ishni yaxshi bilgan ustaga, u duduq, hatto soqov boʻlsa ham, mijoz yopirilib keladi. Oʻnta til bilsangiz-u, topshirilgan ishni eplay olmasangiz, firma sizdan voz kechadi. Demak, maorifning vazifasi poliglot tayyorlash emas, balki bilimli yoshlarni yetishtirish boʻlmogʻi kerak. Yoshlari koʻp til bilgani sababli oʻta rivojlangan mamlakatlar boʻlsa, uni ayting. Shaxsiy sohada ham, biron poliglot – azbaroyi koʻp til bilgani vajidan ilm-fanda yo boshqa sohada olamshumul yutuqqa erishganini bilmayman. Buyuk olimlar, asosiy ishidan tashqari, ehtiyoj sezib boshqa tillarni oʻrganishi bu – boshqa gap.
Yana maktabga qaytsak. Unda nechta til oʻqitilsa ham, bu fanga ajratilgan dars soatlarining asosiy qismi ona tili taʼlimiga berilishi durust. Oʻz tilini yaxshi bilmay, uni dildan his qilmay oʻsgan bola millatiga kuyunish, vatani yutuqlariga suyunish hissini qayoqdan olsin?
Kamina istiqlolning dastlabki yillarida endi oʻzbekchilikka keng yoʻl ochiladi, ona tilimiz ravnaq topadi, taraqqiyotning milliy yoʻliga tushamiz, deb umidlangan edim. Unday boʻlib chiqmadi: globallashuv oʻpqoniga boshimiz bilan shoʻngʻib kirib ketdik. Va ajabki, oʻz ixtiyorimiz bilan shunga intilyapmiz, goʻyoki oʻzbekchilikni tezroq tark etib, undan uzoqlashmoqchimiz. Bolalar koʻp til oʻrgansin, deyish ana shu yoʻldagi eng “beozor”, ammo eng xavfli chaqiriq, aslida.
Kamina Mahmudxoʻja Behbudiyning “Biz turkistoniylarga turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozim”, deb bundan bir asr va bir muchal avval aytgan soʻzlarini inkor etish niyatim yoʻq. Ammo u davrda boshqa tillarni oʻrganish asnosida oʻzbek tilini boy berish xavfi yoʻq edi. Bugun esa bunday xavf – aniq mavjud.
Maʼrifatparvar otalarimizning soʻzlari magʻzini chaqish uchun salkam bir asr kerak boʻldi. Ular, dunyodan bexabar yuravermaylik, kamida toʻrtta tilni bilaylik, deb bong urgan. Ammo ular bugungi holatni koʻrganida, bolalar ona tilimizdan uzoqlashyapti, bu ketishda uning oʻzbekligi ketadi, bola avvalo oʻzbek tilini yaxshi bilib olsin, boshqa tillarni majbur oʻrgatish ularni ona tilidan uzoqlashtiryapti, deb tashvishlangan boʻlar edi, menimcha.
Zotan, maqsad – oʻzbek elini bilimli, maʼrifatli xalqqa aylantirmoq. Ilgariyam bir navi edi, ammo taajjubki, mustaqillikka erishib, milliylikka yoʻl ochilganidan soʻng tugʻilganlarning tilini hakka choʻqib ketganini koʻrib aytamizki, bizga ham jahonning eng taraqqiy etgan ellari kabi avvalo bitta til kerak ekan, toʻrtta yo sakkizta emas. Bir tilda rivojlanaylik. Ana shunda til bilan tafakkur uygʻunlashadi, millat sifatida hamfikr boʻlamiz. Tilimiz dilimizni anglatadi.
Albatta, ijtimoiy taraqqiyot tufayli jamiyatning ayrim vakillari ul-bul chet tilini oʻrganadi. Buning ustiga, besh-olti tilda pista chaqqanday oson soʻzlasha oladigan tugʻma poliglotlar ham boʻladi. Ammo hammani bir necha til oʻrganishga majburlash behuda ish. Bilimning kami – kam boʻlganiday, ortigʻi ham ziyon. Kishi nimani majburan oʻrgansa – bezadi.
Masalaning yana bir tomoni bor. Bu zamonda oʻzbek tili emas, boshqa til kerak, degan koʻp ota-onalar farzandini rus maktabiga beryapti. Bilmadim, butun dunyoda shunaqami, yo faqat bizdami – ruscha oʻqigan aksar bolalarning faqat taʼlimi emas, tarbiyasi ham oʻrischa boʻlayotir: oʻzini doim “prav” deb biladi, ota-onaga tik gapiradi, “qoloq fikrlamasligi”dan faxrlanadi, ruhan sobiq ogʻalar tarafida. Millatiga begona “uzbek”...
Men bunaqa oʻzbeklardan biron bir genial odam chiqqanini koʻrmadim. Ular Beshinchi Karl aytgan ikki yo uchta odamga aylanib ham qolmaydi, balki boshqa xalqqa qoʻshiladi-ketadi. Oʻzbek tilini sal-pal tushungani bilan, bir umr ruscha oʻylab, shuni tarjima qilib gapirib, qiynalib yashaydi. Bunday nonni teskari tishlaydiganlar, bulbul ochib chiqargan kakku bolasidek, boshqa yurtlarga ketadi-boradi. Ota-ona endi uni qayta oʻzbek qilib tarbiyalashga ojiz. Baʼzi “ilgʻor fikrli”lari esa bolasining bunaqa ekaniga xursand ham.
Boshqa millat vakiliga aylangan odam din-iymonini “yangilab”, murtadga aylanishi ham hech gap emas. Bolalarni “sehrli diyor”larga yuborib, oʻzi ham ketish ilinjida “yashil patta”ga koʻz tikkanlar shuni ham boʻyinga olib ish koʻrishi zarur. Men ularning nevara-chevaralari oʻzbek boʻlib, musulmon boʻlib qoladimi-yoʻqmi, shuni aytyapman.
Toʻgʻri, rus maktabida oʻqigan boʻlsa-da, oʻzbekchilik muhitidan ayrilmagan, koʻngil koʻzi ochiq odamlar ham yoʻq emas, lekin bu boʻlak oqlovga kamlik qiladi.
Oʻttiz besh yil muqaddam biz erkin davlatmiz, ozod xalqmiz, deb eʼlon qildik. Ammo erk bir kunda erishiladigan maqom emas ekan. To hanuz mustaqillashyapmiz. Til sohasida qachon mutlaq erkka erishishimizni aytaymi? Biz rus tilini ham ingliz, olmon yo arab lisoni kabi chet tili deb qabul qilgan kun! Yaʼni bola maktabda yo rus tilini, yo fransuz, ingliz, olmon... tillaridan birini oʻrgansin. Bir maktabda rus tili, yana birida ingliz, narigisida fransuz yo arab tili xorijiy til sifatida. Ana shunda bola rus yo ingliz, arab yo farang tilida qoyillatib soʻzlaydigan boʻladi.
Inglizchani bilmaydigan ingliz olimi, yapon tilidan bexabar yapon siyosatchisi, gurji tilini tark etgan gurji qassobi boʻlishi mumkin emas.
Biz goho oʻzbek tilini hanuzgacha oʻrganmagan oʻzga millat vakillarini yozgʻiramiz. Ammo... oʻzbekcha yozish uyoqda tursin, hatto soʻzlasha olmaydigan oʻzbek shifokorlari, oʻzbek injenerlari, oʻzbek diplomatlari bor-ku! Ana oʻshalar boʻlishi kerak emasmi nafrat nishoni? Va bugun ular bir hovuchgina emas-da!
Ulug‘ dohiylar oʻz kurashida xalq ommasiga tayanadi, ularga bu yoʻlda oʻn minglab, yuz minglab ziyolilar koʻmakka keladi. Ularning bari ona tilining fidoyisi, xalqdan ayrilmay, xalq bilan birga boʻladi. Biroq ajabki, hozirgi koʻp oʻzbek ziyolilari bolalarini el-yurtga begona qilib tarbiyalayotir, farzandini boshqa tildagi maktabga qoʻyadiganlar – aksari “millatning guli” atalmish oydinlar!
Yaqinda bir doʻstimiz joʻrasining darvozasini taqillatib borgan ekan, bir oʻspirin (oʻsha kishining nevarasi) eshik ochib “Вам кого?” deb soʻrabdi...
Oʻzbek davlatining poydevorida oʻzbek tili turadi. Shu til bor – Oʻzbekiston
bor. Biroq bugun koʻplar, bolam chet tilini oʻrganib olsa, noni butun boʻladi, degan gapni eʼtiqod darajasiga koʻtargan. Ammo bu qorin bandalarining gapi. Chingiz Aytmatovning Sobitjon otli mangqurti uchun bu hayotda ikki ideal bor – yumshoq stulda oʻtirish va ogʻizga yogʻliroq taom tushib turishi, boshqa hammasi quruq gap. Ona tili, oʻz millati yoʻq...
Ularga boqib, unsiz hayqiraman: oʻzbek bolasi avvalo ona tilini bilsin! Oʻzbek tilida soʻzlashsin! Dunyoni oʻzbekona idrok qilsin!..
Vatanparvarlik va Diderix Hyosling
Yetmish-sakson, hatto yuz yilcha avval sovetlardan qochib xorijga ketgan jabrdiyda vatandoshlarimiz bor. Amerika, Germaniya, Turkiya, Saud Arabistoni va boshqa oʻlkalarda istiqomat qilishadi. Ular haqida eshitsak, mijjasida yosh bilan yashayotgan, dilini yurt sogʻinchi oʻrtayotgan kishilar koʻz oldimizga keladi, qani endi iloji boʻlsa, oʻz vatanida yashasalar, vatangadolik emas, vatandorlik nasib etsa, deya tilak bildiramiz. Kimdir Oʻzbekistonga kelib, qaytar chogʻi ikki hovuch tuproqni tabarruk deya olib ketganini eshitsak, oʻpkamiz toʻladi.
Tohir Malikning “Shaytanat” asarida xorijdagi oʻzbeklar hayoti tasvirlangan lavhada bir kishi “Otam menga vatan sogʻinchini meros qoldirdi”, deydi. Ha, vatan shundoq tabarruk. Vatansevar odam unda yashab turib ham yurtini sogʻinadi, badxoh kimsalardan qizgʻanadi. Yurtning xoki – koʻzga toʻtiyo. Qirgʻiz adibi Sulton Rayevning “Tuproq” hikoyasida Yaponiyada uzoq yashagan Murod onasi vafot etganini eshitib, uning qabri uzra sochib qoʻyish niyatida oʻzi sevgan Fudziyama bagʻridan bir siqim tuproq olib, avaylabgina qogʻoz xaltaga solib, aeroportga keladi. Biroq uni chegaradan oʻtkazmaydilar: “Yapon tuprogʻi – muqaddas boyligimiz, uning bir chimdimini ham chetga chiqarmaymiz...”
Biz vatanparvar koʻrinmoqni qoyillatamiz. Koʻp anjumanlarda bir guruh yigit bayroq silkishga masʼul boʻladi; ona yurt haqida qoʻshiq aytilsa, katta-yu kichik oʻrnidan turib, pastda imlab turgan “rejissyor” yoʻrigʻida raqsga tushadi. Shiorlarni yoshlar yod biladi, joʻrovoz boʻlib aytadi...
Vatan cheksiz ardoqqa loyiq. Kimki vatansevar emas ekan, shoir Muhammad Yusuf aytganiday, unga odamning rahmi keladi. Buni ikkinchi tezis deb bilaylik.
Bunga nisbatan qandaydir eʼtiroz – antitezis boʻlishi mumkinmi?
Xudoyi taolo bizga istiqlol neʼmatini berdi. Xom sut emgan bandamiz-da, ana endi olisdagi oʻzbeklar qaytib keladi, dillarida toshib turgan mehr bilan Oʻzbekiston ravnaqiga hissa qoʻshadi, deb oʻyladik. Chunki yuragida vatani bor odam uni tashlab keta olmaydi, illo ularning bobolari shunga majbur boʻlgan.
Ammo... yillar oʻtdi. Men xorijdagi biron oʻzbek ota-bobosining kindik qoni toʻkilgan tuproqqa koʻchib kelganini eshitmadim. Ulardagi yurt sogʻinchi – goʻzal ertak, xulyo boʻlib tuyula boshladi. Uzoqda turib, havoyi boʻsa yuborgandek. Rost, Afgʻonistondan, yana boshqa joylardan kelib, “ish ochgan” oʻzbek tadbirkorlar boʻldi, biroq tashriflari omonat ekan, foyda koʻrish qiyinlashsa, “Oʻz uyim – oʻlan toʻshagim” degandek, qaytaqolishadi.
Ular-ku, buncha zamon oʻtib begonalashib qolgandir desak, mustaqillikning ilk yillarida har neki topganimizni ayamay, bilimdon, uquvli yoshlarimizni bir dunyo ezgu tilaklar bilan “Umid” jamgʻarmasi orqali Gʻarbning ilgʻor davlatlariga yubordik. Oʻqisin, yurt koriga yarasin, deb niyat qildik. Bir guruhi oʻqib bitirdi, Oʻzbekistonga qaytib keldi, biroq ayrimlari oʻsha yurtlarda qolib ketdi. Balki munosib ish yoki tuzukroq maosh topib berilmay qolgan hollar ham boʻlgandir. Ammo... ular endigina oyoqqa turib kelayotgan Vatanning kuniga yaramadilar-ku!
Biz qanday vatanparvarmiz?
Yo vatanparvarlik deganlari qoʻshiq qilib aytiladigan chiroyli soʻzlar, koʻtarinki bir pafos-u, moddiy manfaat oʻrtaga tushganda bir chetga surib qoʻyiladigan tuygʻumi?
Ilgari “ozod sovet yurtim” deb madh etilardi, ammo istiqlol tufayli alohida mamlakat boʻlganimizdan soʻng Vatan madhi mustaqillikni tarannum etish bilan qoʻshilib ketdi. Shu vatanparvarlik deb bilinadi.
Hech bir mamlakat boʻlinib-parchalanishni istamaydi. Chunki unda shu davlatning oʻzi yoʻqqa chiqadi. Yoshlar ongiga vatanning har bir qarich yeri muqaddas, degan gʻoya chuqur singdiriladi; uni qoʻriqlash uchun, kerak boʻlsa, jon berish kerakligi uqtiriladi. Biroq maʼlumki, asalning ham ozi shirin. Vatanparvarlik, mehr-muhabbat, hatto ezgulik kabi fazilatlar ham meʼyorida boʻlsa yaxshi. Haddan ziyod yaxshi koʻrish ilohiylashtirishga olib keladi. Sodiqfuqarochilik – soxta vatanparvarlik ana shundan kelib chiqadi.
Olmon yozuvchisi Haynrix Manning “Sodiqfuqaro” romanida Diderix Hyosling degan obraz bor. U Germaniyani sevishini hammaga eʼlon qilib yuradi. Bu olchoq nuqul millatning birligi va jipsligini, armiyaning qudratli boʻlishini targʻib etadi, ammo oʻzi harbiy xizmatdan qochadi. “Vatanparvar”ligi patologik darajaga yetib borib, pirovardida fashistga aylanadi. “Sodiqfuqaro” romani fashizm qanday kelib chiqqanini koʻrsatish uchun yozilgan. Biz mana shunaqa koʻpik vatanparvarlardan ehtiyot boʻlishimiz, xoʻjakoʻrsin yurtsevarlikka ragʻbat bermasligimiz kerak.
Istiqlol madhi – bosh mavzu. Madaniyat, adabiyot, sanʼat, siyosat, tarix fani
oldiga vatanni ulugʻlash, yoshlar ongiga vatanparvarlikni singdirish bosh vazifa qilib qoʻyilgan. “Vatan, Vata-a-a-n!” degan qoʻshiqlar sadosi hamma yoqni tutib ketdi. Buyam kam ekan, “Vatan tuygʻusi” degan darslik yozib, tuygʻuni... oʻquv predmeti (fan) darajasiga koʻtardik.
Ota-onasini sevadigan odam buni ularning yuziga aytmaydi, bir domla targʻib qilganidek, qoʻlini oʻpib mehr izhor qilmaydi. Bunaqada “izzat-hurmat” xoʻjakoʻrsinga boʻlib qoladi. Chunki asl sevgi dil toʻrida turadi, tilga chiqqani zahot unga zalahat yetadi.
Vatanni sevish ham bayroq qilib koʻtarilmaydi, haryoqqa silkib, namoyish qilinmaydi.
Sergey Yeseninning “Anna Snegina” dostonida Labutya degan bir “botir” bor. Doim oʻzining qahramonliklaridan lof urib yuradi. Ammo qishloqqa yov hujum qilib, qirgʻin-toʻpolon boʻlganda esa... somon gʻaramiga yashirinib jon saqlaydi...
Ayting-ayting, bolalarimiz soxta vatanparvar boʻlib oʻsmasin!
Buni diniy tomondan ham asoslash uchun baʼzilar Paygʻambarimiz Muhammad
(s.a.v.) “Vatanni sevmoq – iymondandir”, degan deb uqtiradi. Bu naql hozir mashhur hadis maqomida. Aslida, u biron sahih toʻplamda yoʻq. Unda nega buncha ommalashtirildi? Boyagi chuchmal niyatga xizmat qilgani uchunmi?..
Qarangki, mustaqillikdan ortiq darajada faxrlanish, vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirish odamlarni ommaga aylantirarkan, maqtab-maqtab turib haqqingizni yulib ketsalar ham magʻrur va masrur turaverar ekansiz, aldanayotganingizni bilib turib ham, tan olgingiz kelmas ekan. Gohida esa vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish kimlarningdir foydasiga, kimlarningdir esa ziyoniga xizmat qilar ekan.
Oʻttiz yildan oshdi – Markaziy Osiyo davlatlari oʻzini dunyoning eng qadimgi madaniy maskani, oʻz titul elini dunyoda dastlab paydo boʻlgan (oliy nav!) xalq qilib koʻrsatishga, shuni isbotlashga ruju qoʻydi. “Milliy ulugʻlik”ni roʻyobga chiqarish uchun aksar hollarda qoʻshni el-xalqlarning tarixini buzib koʻrsatish, oʻsha xalqdan chiqqan taniqli odamlar – buyuk olimlar, amir-umarolarni oʻziniki qilib talqin etish avj oldi. Goʻyo qadimiylik, oʻtmishda barcha ulug‘ siymolar shu hududdan chiqqani yuksak sharaf keltiradigandek. Agar bu daʼvo asosli boʻlsa, yunonlar eng mukarram xalq sanalishi kerak emasmi, axir, madaniyatning, ilm-fan, sanʼatning bulogʻi oʻsha yerda-ku? Lekin bugun olam eli yunonlarning emas, ishi yurishgan yapon va koreyslarning tilini oʻrganib yotibdi. “Koʻhna xalq tili” boʻlgani bois emas, iqtisodiy qudratli boʻlgani uchun. Demak, oʻtmishni vasf etib, oʻzini ovutib, gerdayib yuradigan zamonlar oʻtib ketibdi.
Aslida, hech bir “qadimiy” xalq Odam ota zamonida toʻralgan emas, “yangi” biron-bir el ham keyinroq yaralmagan. Nihoyati, biron davrda bir el boshqasiga qoʻshilgan, nomi yangilangan va hokazo. Bashariyatning million yillik tarixi oldida esa bu farqni... yoʻq desa boʻladi.
Maktablar foyesida oʻzbek jadidlarining rasmi, ishlari bayon etilgan lavhalar osilgan. Ammo biz ularga koʻpincha ogʻizda ergashyapmiz. Bu yoʻldagi birinchi qadam – ulugʻlik vasvasasidan voz kechish, oʻzimizni oʻzimiz maqtashga barham berish boʻladi. Jadid otalarimiz, biz beqiyosmiz, bobolarimiz buyuk boʻlgan, deb koʻkrakka urmagan, balki aksincha, dunyoning ilgʻor xalqlaridan ortda qolib ketyapmiz, uygʻonaylik, deb tashvish chekkan.
Yaqinda “Feysbuk”da qaysiyam bir xonanda Eyfel minorasi tagiga borib “Lazgi” aytayotganini koʻrdim. Ashula joʻshqin, choʻgirma kiygan bir yigit va tillaqosh taqqan bir qiz raqsni qiyib ijro etishyapti. Ammo birov qarayotgani yoʻq, hamma oʻz ishi bilan beparvo oʻtib ketyapti. Achinarli, odamning orini keltiradigan manzara. Bular Parijga oʻzi bormagandir, safar uchun biror bir madaniyat muassasasi aqcha ajratib, yoʻllanma bergandir?
Shu ishlar... kerakmi? Ular kimga, nima naf beradi?
Buning tagida “Oʻzbekistonni dunyoga tanitamiz!” degan gʻalati bir shior yotadi. Yodingizda boʻlsa, chorak asr avval shu gʻoya kun tartibiga qoʻyilgan edi. Tanilishning yoʻli koʻp. Biz eng oson yoʻlni tutdik: “Hech bir narsa mamlakatni sport va sanʼat kabi dunyoga mashhur qilolmaydi”, dedik.
Xoʻsh, tez tanilishga qanday ehtiyoj bor? Darrov tanib olsalar, nima moʻjiza yuz beradi? Keyinroq eʼtirof etilish juda yomonmi? Masalan, Yamayka degan mitti orol-davlat bor, Namangan viloyaticha keladi. Bilganim – Useyn Bolt degan chopagʻon fuqarosi bor, yugurish boʻyicha jahon rekordchisi. Yurtini dunyoga tanitgan. Ammo... shu bilan Yamaykaning oʻqi oʻzdimi yo raqiblari toʻzdimi?!
Keng maʼnoda, sport va sanʼat – odamlarni muammolardan chalgʻitish, alahsitish vositasi. Ularda erishilgan yutuqlar reyting koʻrsatkichlarini vaqtincha koʻtaradi, ammo tunda otilgan mushak kabi bir chaqnab, tez soʻnadi.
Vatan – hammaga aziz, hammaga tabarruk. Vatanini sevmagan kishi unga begona, yettiyotdan battar. Ammo onasini sevishini dabdaba bilan eʼlon qilgan kishi – munofiq boʻlganidek, ona yurtga muhabbatni koʻzkoʻz etmoq ham noravo.
Taʼlim va tarbiya – qondosh, egizak
Ijtimoiy tarmoqda Oliy Majlisning qaysi bir fraksiyasi aʼzolari boʻlgan deputatlar oʻzaro “debat” qilayotganini koʻrib qoldim.
Yosh deputat yigit minbardagi ayolga “Siz maktab muallimi faqat taʼlim bersin, tarbiyaga aralashmasin, deyapsizmi, agar shunday boʻlsa, men bunga roziman, chunki oʻqituvchining vazifasi taʼlim berish, tarbiya esa maktab ishi emas”, dedi. Chamasi, yigʻilishda shu fikr “oʻtishi” kerak ekanmi, bunga eʼtiroz qiladigan kishi topilmadi.
Sel yopirilib, hammayoqni vayron qilsa, unga qarshi birov belkurak olib chiqib, birov buldozer minib deganday, hamma kurashishi kerak. Mirob-irrigatorlarning oʻzi daf qilsin, deb oʻltira berish hamiyatli odamlarga yarashmaydi. Aks holda, kech boʻladi. Qolaversa, imorat qurilishida yuz berayotgan qingʻayish uning ichida ishlayotgan kishilarning oʻziga emas, chetdagi odamga yaxshiroq koʻrinishi ham bor gap. Shuning uchun garchi bu sohadan uzoqroq bir odam boʻlsam-da, oʻzbek maorifining hozirgi holini koʻrib, qani, qayoqqacha borar ekan, deb kuzatib jim oʻltirishga sabrim chidamay, baʼzi muammolarni aytgim keldi. Buning nonini yeyayotgan birodarlarimiz chetdagi, qandaydir ilinji yoki daʼvosi yoʻq kishilarning mulohazalarini ham eshitib koʻrsalar, ziyon qilmas.
Gap aylanib yana oʻsha mavzuga qaytdik. Til masalasida oʻziga xos paritetlarga amal qilish lozim. Yaʼni qoʻshni mamlakatlardagi oʻzbek maktablarida oʻzbek tili va adabiyoti uchun ajratilgan dars soati bizdagi qozoq, tojik yo qirgʻiz maktablarida ona tili va milliy adabiyot uchun ajratilgan miqdordan kam boʻlmasin. Hozir esa tafovut juda katta. Ayrim qoʻshnilarimizda hatto oʻzbek maktab oʻquvchisining daftari ustidagi yozuvlar ham oʻsha mamlakatning rasmiy tilida toʻldirilishi shart qilib qoʻyilyapti. Holbuki, ularning konstitutsiyalarida ham, til qonunlarida ham shu davlatda yashovchi boshqa millat-u elatlarning tilini, madaniyatini saqlab qolish va rivojlantirish uchun sharoit yaratish kafolatlangan.
Oʻz elidan, ona tilidan voz kechgan odamni Chingiz Aytmatov mangqurt deb atagan. Ajab, hech kim oʻz ixtiyori bilan shoʻrpeshona mangqurt boʻlishni istamaydi. Uni shu koʻyga soladilar. Odam bolasini mangqurt qiladigan palid elni ulug‘ yozuvchi juanjuanlar deb nomlaydi.
Zamonaviy juanjuanlar oʻzi tarbiya berayotgan bolalarning boshiga teri qoplab oʻtirmaydi. Uning oʻrniga, dunyoda barcha ixtiro va ilmiy kashfiyotlar bizga tegishli, biz eng mard va oliyjanob elmiz, ajdodlarimiz hech qachon hech kimdan yengilmagan, eng boy va ifodali til ham – bizning til, sening xalqing esa XIX asr oʻrtalarigacha, sizlarni madaniyatli qilish uchun bostirib kelgunimizga qadar savodsiz, johil edi, deb uqtiradi-qoʻyadi. Oʻz onasiga kamon tortib oʻq uzadigan joʻlomonlarni yetishtiradi.
Zamonaviy juanjuanlar ota-bobolari yurtida yashayotgan bolalar bilim olayotgan maktablarni yopib, ungacha esa oʻsha tildagi dars soatlarini hech ayamay qisqartirib, bolalarning milliy oʻziga xosligini yoʻqqa chiqarib, yangi-yangi mangqurtlarni tarbiyalashga urinayotir...
Nazarimda, bugungi oʻzbek pedagogikasi oʻzining asosiy, magistral yoʻlini
belgilab ololmayapti. Shu sababli, oʻtgan oʻttiz-qirq yil ichida maktab oʻquvchilari (muallimlar ham!) turli metodlar sinovi uchun “tajriba quyoni” boʻlishdi. Hech kim, hoy, nima qilyapsizlar, demadi. “Test tizimi” deysizmi, “reyting” deysizmi, “yangicha pedagogik texnologiya” deysizmi, hammasini koʻrdik. Oʻrta maktab hali oʻn yillik taʼlimga oʻtadi, hali oʻn bir yillikka. Toʻliqsiz oʻrta maktab ham shunga qarab, goh sakkiz yillik qilib belgilanadi, goh toʻqqiz yillik. Maktab – chala bilim beradi deb topilib, gimnaziya, kollejlar bodrab ketdi. Vodarig‘, oʻn-oʻn besh yil oʻtmay, ular ham barham topdi.
Biroq “avvalgi holatga qaytish”ning inersiya kuchi shu yerga kelganda sob boʻldi – hanuz oliy taʼlim sohasida boyagi tajriba amalda: uni bakalavriat, magistatura deb ataydilar. Goʻyo bakalavriat – toʻliqsiz maktab, magistratura – 11-sinf kabi boʻlib qoldi.
Bu va biz birma-bir sanay olmagan yana bir talay ishkallik-muammolar aslida nimadan kelib chiqyapti? Menimcha, taqliddan. Biz hozir kim nimani chet elniki desa, koʻzimizga etalon boʻlib koʻrinadigan holga tushdik.
Chet eldagilarni-ku alday olmaymiz, shunday ekan, demak, oʻzimizni oʻzimiz aldashga urinar ekanmiz-da, degan badbin xayolga beriladi kishi. Talay yillar avval “Taraqqiyotning oʻzbek modeli” deb olamga jar soldik. Hademay ilgʻor bir davlatga aylanib ketamiz, hamma bizdan oʻrganadi, hozir ham olam bizga mahliyo, deb chirandik. Qani oʻsha “taraqqiyot lokomotivi”? Bu “model” haqida kitoblar bitgan
allomalar, qanisiz?! Axir, bu model... yoʻq narsa ekan-ku!
Oʻzbek maktabining, oʻzbek pedagogikasining bugungi ahvolini koʻrsatadigan yana bir oyna – koʻplar bolasini ruscha maktabga berayotgani. Koʻp tilli maktablarning oʻzbek sinflarida oʻttiz-oʻttiz besh bola oʻqisa, rus tilli sinflarda oʻquvchi soni qirqdan oshadi. Aksar ota-onalar “yoʻlini qilib” boʻlsa ham farzandini ruscha oʻqitish payida. Negaki, oʻzbek maktablari zamondan ortda qoldi. Bunga esa, menimcha, oʻzbek maktablarida ilgari sinalgan maʼqul tartibotlardan voz kechilib, turli mavhum eksperimentlar oʻtkazilayotgani sabab boʻlyapti. Ayrimlarini sanab koʻrsatay:
1. 1993-yilda lotin yozuviga oʻtishga doir qonun chiqdi. Deyarli tayyorgarliksiz, 1995-yildan maktablar lotin yozuvida oʻqita boshladi. Bolalarga lotin yozuvli darslikdan boshqa hech nima yoʻq edi va bu “kitobsizlik” oʻttiz yilcha choʻzildi. Oqibat, bolalarning saviyasi, saviyasigina emas, hatto savodi ham pastlab ketdi.
2. Buyam kam koʻrindi shekilli, aynan oʻsha yillar “ball sistemasi” degan yangilik joriy etildi. U bilim berishning yangi usuli emas, baho qoʻyishning murakkab turi ekan. Muallim sinfga kalkulyator koʻtarib kirar, bolalar qancha ball toʻplaganini hisob-kitob qilib boʻlgunicha dars ham tugar edi. Vaqt bilim berishga emas, ball hisoblashga ketardi. Koʻp tajribali muallimlar ishidan qoʻl yuvib, qoʻltigʻiga artganini eshitganmiz.
3. Bolaga qoʻyilgan baho oʻqituvchining saviyasini belgilash, maoshini tayinlashga mezon qilib olingan. Oʻqituvchi “ikki” yo “uch” qoʻysa, yaxshi saboq bermagan, deb oylik ustamalardan mahrum boʻladi. Maoshi kamayib ketmasligi uchun muallim bechora “uch”ga loyiq oʻquvchiga “besh”, “ikki”chi bolaga “toʻrt” baho qoʻyishga majbur. Ota-onalar esa, bolam zoʻr oʻqiyapti deb xursand. Buning kasriga bilimdon bolalarning ishtiyoqi ham soʻnadi. Biron qoloq oʻquvchi keyingi yilga qolmaydi. Butun sinf “aʼlochi”lardan iborat!
4. Maktabning bilim berish darajasi shu yil uni bitirgan nechta oʻquvchi oliy oʻquv yurtiga kirganiga qarab aniqlanadi. Bir qaraganda, toʻgʻridek. Ammo... abituriyent xuddi shu maktabda oʻqigani uchun emas, repetitorga qatnagani bois talaba boʻlayotgani maʼlum-ku!
Eng chatogʻi, koʻplar maktabni oliy oʻquv yurtiga kirish yoʻlida bir pillapoya, oraliq bosqich deb biladigan boʻlib qoldi. Maktablar ham shu nuqtayi nazarga moslashdi. Holbuki, oʻrta maktab – har qanday yuksak ilm-bilimning poydevori, ustuni. Qolaversa, 70-80 foiz bola institutga kirmaydi, maktabda olgan bilimi bilan yashab oʻtadi. Shunday ekan, eng yuksak talab avvalo oʻrta maktab oldiga qoʻyilishi kerak.
5. Oliy oʻquv yurtiga uch-toʻrtta fandan test topshirib kirilgani bois, oʻquvchi yuqori sinflarda “kerakli” fanlardan boshqasini pisand qilmay, biryoqlama, chala bilim olishga oʻtyapti. Maktabga borib, darsga qatnash oʻrniga repetitorning uyida boʻladi. Repetitor ham faqat oʻz fanidan saboq beradi, albatta. Demak, hozirgi maktab bitiruvchilarining aksarini oʻrta maʼlumotli deb boʻlmaydi. Hatto oʻzi tanlagan oliy oʻquv yurtiga kirib, uni bitirganlarning bilimida ham biryoqlamalik baribir seziladi.
6. Sir emas – maktablarimizda odobsizlik, badqiliqlik avjida. Oʻqituvchilar bundan bezillab turadi. Axloqsiz bolaga tarsaki tortish u yoqda tursin, hatto qattiqroq koyigan muallim ham jazolanadigan boʻlib qoldi. Matbuot, ijtimoiy tarmoqlar esa bolaga tanbeh bergan, toqat qilib boʻlmagan holda goho unga bir shapaloq tushirgan muallim bechora keyin “qanaqa jazolangani”ni hammaga eʼlon qilib, uni obroʻsizlantirishdan charchamaydi. Chunki oʻz anʼanalarimizni tark etib, taʼlim-tarbiyada amerikanizmni bayroq qilib koʻtardik; ularda esa bolaga, sen notoʻgʻri aytyapsan, deyishdan avval kechirim soʻrash lozim...
Sharq va Gʻarb tarbiya usuli toʻqnashgan joyda ustunlik ikkinchisiga berilgani bois oʻzbek maktablarida bu sohada boshboshdoqlik avjiga chiqdi. Chunki Gʻarb olamida oʻqituvchi – bor-yoʻgʻi bir xizmat bajaruvchi, Sharqda esa otadan ulug‘, tabarruk bir zot... Shuning kasriga maktabning, oʻqituvchining mavqei tushib ketdi. Bir qism ota-onalar, hatto oʻquvchilar ham, muallimni mensimaydi.
7. Maorif, taʼlim konservativ soha boʻlishi lozim. Ajabki, bizda konservatizm qoloqlik deb oʻqitiladi. Konservatizm, yaʼni muhofazakorlik – eng yaxshi anʼanalarni yoʻqotmay, avlodlarga yetkazishdir. Maorif sohasi esa har yili yo har besh yillikda yangilanavermay, barqarorligini saqlab qolishi shart. Paydarpay “yangilik” kiritila bersa, taʼlimda uzilish yuz beradi. Bizdagilar esa yil osha qandaydir “eksperiment” oʻtkazmasa, zerikib qoladigandek.
Toʻgʻri, yangi gʻoyalarsiz ijtimoiy hayot toʻxtab qoladi. Ammo hali sinab koʻrilmagan, natijasi nomaʼlum har qanday yangilikni butun mamlakat boʻylab emas, ikki-uch maktabda, boring ana, bir tumanda sinab koʻrib, zoʻr natija bersagina ommalashtirgan maʼqul. Yoʻqsa, bu tashabbuslar xuddi reyting tizimiga oʻxshab, oʻngʻarilmas ziyon keltirishi turgan gap.
Ehtimol, bu sohadagi illatlarning barchasini sanab koʻrsata olmagandirman.
Ehtimol, bugungi taʼlimning yutuqli tomonlariga eʼtibor qilmagandirman. Omadi gap shuki, har bir ota-ona farzandim yaxshi oʻqib bilim olsin deydi, shu sabab bolasini taʼlim sifati durustroq, “eksperiment”lari kamroq boʻlgan rus maktablarga topshiryapti.
Eng alam qiladigan joyi – hali yapon, hali koreys, hali fin taʼlim tizimlariga xos usullarni qoʻllab koʻryapmiz, hatto bir bola maktabni bitirgunicha uning boshida sinab ham koʻryapmiz. Baayni, kishi tanasida bir xil emas, turli guruhga mansub qonni “omuxta” qilish bemorni halokatga eltgani kabi, bunaqa “tajriba”lar bilim oshirishga koʻmaklashmaydi, balki bor bilimni ham parokanda qilib yuboradi. Nima, oʻzbek taʼlim tizimi yoʻqmi, necha oʻnlab Oʻzbekiston xalq oʻqituvchilari, poytaxt va viloyatlardagi pedagogika institutlari, qolaversa, butun boshli vazirlik qariyb yuz yildan beri oʻzbek pedagogikasining milliy tizimini ishlab chiqmaganmikan? Oʻtgan asr boshida Hamza va Behbudiy, Avloniy va Qoriniyoziylar tamal toshini qoʻygan oʻzbek pedagogikasi bugun eskirdi, deb kapitulyatsiyaga imzo chekib oʻzga, mentaliteti, axloqi va tarbiyasi butunlay boshqacha boʻlgan millatlarning taʼlim usularini tatbiq etishdan murod nima? Oʻzbek bolasi maktabda oʻqib bilim olishi uchun taʼlim uslubi oʻzbek ruhiga mos va muvofiq boʻlishi kerak emasmi? Har xil mamlakatlarning turfa oʻqitish usullarini nega hech yotsiramay, sira ham ikkilanmay qabul qilaveramiz? Taʼlim milliy asosga qoʻyilmagunicha millat maʼrifati oʻsmaydi-ku!
***
Bu eʼtirozlar nigilizmga berilishdan – qoralash-u qarshi fikr aytish istagidan emas, kelajagimiz borasidagi xavotirdan paydo boʻlgan. Ehtimol, mulohazalar boʻrttiribroq aytilgandir, balki maqbul yechim shu ikki holatning oʻrtaroq bir yeridadir.
Maqola debochasida “bu uch munosabat muayyan bir muammo tevaragida boʻlmay,
bir-biridan ozmi-koʻp olisroq sohalarga oid”, deb aytgan edik. Ammo, eʼtibor qilgandirsiz: keng maʼnoda olsak, uchala antitezis ham yoshlarga bilim berishga, tarbiyalashga oid boʻlib chiqdi, yaʼni mamlakatimizning kelajagiga bevosita daxldor. Bu borada dilimizdagini ochiq aytmasak, yaxshi koʻrinishga urinib, “maʼqulmoʻmin odam” degan imijni shakllantirish gʻamini yeyaversak, oʻzimizga ham, xalqimiz-u Vatanimizga ham xiyonat qilgan boʻlamiz.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Tufakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Bulbul ochgan kakku bolasi” maqolasi