Avvalo shu daraxtni ekkan odamga rahmat aytishim kerak. Mi Jung Jang bilan shu yerda tanishganmiz. U toʻkilgan oʻriklarni terayotgan paytda qizimning oʻrik yegisi kelib, yoʻlni daraxt soyasiga burdik. Kolyaskadagi chaqalogʻimni asta joylashtirib meva terishga shaylanmasimdan koʻzlari qisiqqina, nim tabassumli bir ayol tergan mevalarini biz tomon uzatdi. Kiyinish uslubini hisobga olmaganda bir qarashda oʻzimizning vohalik ayollarga oʻxshab ketadi. Unga “spasibo” dedim bir dona oʻrikni qizimga berib. Oʻzing uchun olmading-ku, degandek qoʻyarda-qoʻymay yana meva berdi. Rus tilida aytgan “rahmat, yetadi, kerak emas” kabi soʻzlarimga javob ololmagach, inglizcha aytdim. Shunda u qiziq qilib “ramaat” yaʼni, “rahmat”, dedi jilmayib.
Oʻzbekchani endi oʻrganayotgan Mi Jung xonim bilan goh inglizcha, goh oʻzbekcha, goh imo-ishoralar bilan “umuminsoniy” tilda gaplashdik. “Yurtingizga kelishimdan avval tanishlarim menga ingliz yoki rus tilini oʻrganishimni maslahat berishdi. Chunki Koreyada boshqa tillarda adabiyotlar yetarli, ammo oʻzbek-koreys tili boʻyicha kitoblar topish juda mushkul, deyarli yoʻq desa ham boʻladi. Toʻgʻri, bu yerda rus, ingliz tilini biladigan insonlar, ayniqsa, yoshlar juda koʻp ekan, ammo men oʻzbekistonliklarga hurmat yuzasidan oʻzbek tilini oʻrganishga kirishdim”, – deydi u.
Uyga qaytib internetdagi maʼlumotlarni qarab bildim-ki, oʻzbek tilini oʻrgatish borasida maʼlumotlar maqtanadigan holda emas. Keyin qoʻlimdan kelgancha oʻzim oʻrgatishga harakat qildim. Shunday qilib kunora suhbatlarimiz davom etdi. Bir kuni uni uyimga taklif qildim. Moʻjazgina kitob javonimizni koʻrgan Mi Jung xonim shunday hayratlandi-ki, unga kitoblar sovgʻa qilmoqchiligimni bilib hayrati battar oshdi. Dastlab oʻzimning kaftdekkina birinchi kitobimni, keyin kattaroq adabiyotlarni, adabiy-badiiy jurnallarni koʻrsatdim. U esa keyingi safar olishini aytib jurnallarni uyimda qoldirdi. “Avval shu kitobni oʻqib, sizga imtihon topshirib, keyin boshqa kitobni oʻqiyman”, deganiga hayron qoldim, rosti. Tayyor kitoblar olamiga tushib qolsang-u, kaftdekkina kitob bilan cheklansang. Ha, ularda odat shunday ekan, ular kitob yigʻishdan koʻra koʻproq oʻqishga qiziqarkan. Oʻsha kundan boshlab men ham yarmida toʻxtab qolgan kitoblarimni oʻqishga kirishdim...
“Asal oyimiz Oʻzbekistonda maroqli oʻtyapti...”
“Qish gʻamini yozda ye” degan xalqimizning dono naqliga amal qilib kompot yopayotsam, telefonimga xonimdan xabar keldi. Koʻrishgani vaqtim yoʻqligiga ishora qilib telegramdan birin-ketin yopilgan kompotlarning suratini joʻnatdim. Oradan bir soatlar oʻtib koreyscha ovqat va oʻrikli murabbo solingan paket eshigim oldida turibdi. “Sizni bezovta qilmay, ovqat siz va bolalaringiz uchun yetarli, menimcha. Bu bizning milliy taomimiz kimbap, sizga yoqadi degan umiddaman”, degan xabar qoldiribdi. Undan darhol ortga qaytishini iltimos qilib men ham sovgʻa berib, qayta bunday ovora boʻlmasligini taʼkidladim. “Siz menga qimmatbaho sovgʻa – kitob berdingiz, evaziga tergan oʻriklarimni qoldiray, desam, koʻnmadingiz. Bugun ularni murabbo qilib keldim. Siz mehribon insonsiz, bolalar bilan oson emas shuncha ish”, – deya qoʻshimcha qildi. Eh, Mi Jung xonim, men-ku shaharda yashayman, hamma sharoit muhayyo, qishloqdagi oʻzbek ayollarining mehnatkashligini koʻrmapsiz, dedim ichimda.
Mi Jung xonimning aytishicha, uning turmush oʻrtogʻi janob Si Chan Park avtomobillarning yangi koʻrinishlarini yaratadigan dizayner ekan. U yurtimizga shartnoma asosida ishga taklif qilinib, hozirda “UzAutoMotors” kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi loyihalar ustida ishlayapti ekan. Mi Jung esa aniq fanlar sohasida oʻqigan boʻlsa ham, ijodni his qiladi, turmush oʻrtogʻini yaxshi tushunadi, qoʻllab-quvvatlaydi.
Yetti yillik muhabbat qissalari shiringina toʻyga ulanib oʻtgan yili 3- dekabrda nikohdan oʻtishibdi. Xonim 50, janob 52 yoshda. Dugonamning aytishicha, Koreyada erta turmush yoshi 30-35, normal turmush tarzi 40 dan yuqori hisoblanar ekan. U menga nikoh marosimlarini zavq bilan koʻrsatayotgan payt kelin-kuyovning onalari milliy libosda ekani eʼtiborimni tortdi. Samimiy, ortiqcha dabdabasiz kiyimlar shunday yarashganki, asti qoʻyaverasiz. Kuyov boʻlmish toʻydan roppa-rosa bir hafta, Mi Jung esa ikki oy oʻtib Oʻzbekistonga kelibdi. “Asal oyimiz Oʻzbekistonda juda maroqli oʻtyapti. Koreya kichik mamlakat, oʻqish, ishlash qiyin, shuning uchun tushkunlik kayfiyati yuqori. Masalan, ilk koʻrishganimizdayoq meni uyingizga taklif qildingiz. Ishonch uchun rahmat, ammo bizda unday emas. Qolaversa, turmush oʻrtogʻingiz bilan ham tanishtirdingiz. Oilangizga yaqin inson sifatida koʻrganingiz uchun tashakkur. Ha, aytgancha, turmush oʻrtogʻingiz chiroyli ekan”, – deydi kulib suhbatlarimizning birida.
“Har kuni Koreyaga borib qaytaman...”
Mi Jung, yurtingizni sogʻinmadingizmi degan savolimga koʻzida bir quvonch, bir ichkin sogʻinch toʻla yosh aylanib: “Ha, ayniqsa, kecha,– dedi. – Bilasizmi nima uchun, chunki Mejiksiti (“Magic city”)dagi asosiy favvorani yoqishgan paytda koreyscha musiqa yangradi. Yana aynan men yoqtiradigan klassik musiqalardan. U paytdagi holatimni tasvirlab berolmayman, lekin bolaligim, onam, singillarim koʻz oldimdan oʻtdi. Shuning uchun u yerga har kuni borishni maqsad qildim, ammo endi yigʻlamaslikka harakat qilaman”.
Biz, odatda, bolalar maydonchasida koʻrishamiz. U kelishi bilan bayram boshlanadi goʻyo. Tanigan-tanimagan bolalarning hammasiga shokolad ulashgani uchun bolalar ham qoʻllarini silkitib “Hello” deb hayqirib, yosh qizchalar Mi Jung xonimni sayyoh deb oʻylab savollar berishadi. Bir kuni undan mashhur zamonaviy musiqiy guruhlar haqida soʻrashganda, xonim, asosan, klassik qoʻshiqlar tinglashi, ammo hozir ular soʻragan guruhlarni internetdan topib berishini aytganda, qizchalar tabassum bilan koreyscha ierogliflarga termulishdi. Mana, bir zumda musiqa ham topilib, hamma birga qoʻshiq kuylashga tushdi. Avval yoqtirmaydigan qoʻshiqchilarini endi maroq bilan tinglayotgan Mi Jungning koʻzlariga boqib Vatan sogʻinchini payqash qiyin emas. “Men ham sizlarning qoʻshiqlaringizni bilaman, “Yor-yor”, “Kelin salom”. Chunki oʻzbekcha toʻyga taklif qilishdi. Andijonga bordik. Kuzda Samarqand, Buxoro va Xivaga borishni rejalashtirdik. Umuman, yurtingiz goʻzal”, – deydi u boshini egib-egib.
Shunday qilib, u kuzda sayohatga chiqishni rejalashtirgan boʻlsa, men mevali daraxt ekishni dilimga tugib qoʻydim.
“Pamkin somsa...”
U sayohatlarga borib keldi. Goh Buxoroning qadim koʻchalaridan, goh Xivaning azim minorlaridan, qoʻshiqlaridan gap ochib lazgining bir ikki muqomlarini ham oʻrganib olib koʻrsatib bersa, goh mazali taomlaridan toʻyib yeganini soʻzlab berardi. Uning soʻzlarini miriqib tinglash chogʻida bora-bora talaffuzidagi kamchiliklar kamayganini sezib quvonaman. Bilishimcha, unga “pamkin” (oshqovoq somsa) yoqqan koʻrinadi, unga tayyorlab berishga vaʼda berib, oʻzbekchada “qovoq somsa”, deyilishiga ishora qildim. U esa tilimizga katta hurmatsizlik qilganlikda oʻzini aybdor sanab boshini egib-egib qayta-qayta uzr soʻraydi. Men unga hammasi joyida ekanligini aytib jilmayaman. Shunday qilib qovoq somsa tugishga kirishib ketamiz. U ham bizga yordamlashdi, anchagina somsalarni paqqos tushirdik. Bizning doʻstligimizga eʼtiqodlarimiz, millatimiz farqli ekanligi ahamiyatli emas edi.
“Shohsanam, oʻrikni sogʻinaman”, deb qoldi gap orasida. “O‘, tuppa-tuzuk shoira boʻlib ketasiz-ov yaqinda, qarang obrazli chiqyapti gaplaringiz”, deyman uni ilhomlantirish uchun.
Uning safari yakuniga yetayotganini sezib, yuragim sel boʻladi. Uni Koreyaga qoʻyib yuborgim kelmadi. Kinodagi mashhur iboraday, uni hamma yaxshi koʻradi, men, bolalarim, qoʻshnilarim...
Qoʻshni ayollar koreys ayollarining yosh koʻrinish sirlarini bilmoqchi boʻlib men nomini eshitib-eshitmagan turli kosmetik boʻyoqlar borasida gapga solishadi. U esa oddiy tarvuz poʻchogʻidan yuz uchun 4-5 xil tabiiy kremlar tayyorlashni oʻrgatadi. “Ibi, tayyor qimmat kosmetiklarni mol-qoʻylarga, musor chelakka tashlar ekanmizda, qaranglar...” deb yoqa ushlashadi mahalladagi ayollar. Xullas, uning millati koreys, yuragi oʻzbekka aylangan edi.
Uyimiz yonidagi suv havzasida sayrga chiqarkanman, oʻsha oʻrikni har koʻrganimda Mi Jung xonimning soʻzlari, samimiy xotiralar yodimga tushaveradi...
Shohsanam NISHONOVA