Falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovga ochiq xat

Hurmatli Viktor aka! Koʻp yillar boʻldi, Sizni “Tafakkur” jurnalida, gazetalarda bosilgan maqolalaringiz orqali taniganman. Avvaliga “falsafa fanlari doktori” degan ilmiy unvon picha choʻchitgan esa-da, maqolalaringizda bayon etilgan mulohazalarning hayotiyligi, samimiyligi va ayniqsa, ulardagi oʻquvchini suhbatga chorlov ruhi kaminani Viktor Alimasovning doimiy oʻquvchisiga, muxlisiga aylantirdi. Maqolalaringizni izlaydigan boʻldim, qoʻlga qalam tutib oʻqishga odatlandim. Dastlab “Falsafa yoxud fikrlash lazzati”, keyinroq “Inson...” kitoblaringizni oʻqib, Sizni oʻzim uchun yanada kengroq kashf etdim. Koʻngilda yigʻilgan savollar bilan Sizga murojaat qilishni moʻljalladim ham, biroq goho jurʼat yetmadi, goho boshqa vajlar yoʻl qoʻymadi. Oradan necha yillar oʻtdi. Xayriyatki, maqolalaringizda bayon etilgan fikr-mulohazalar eskirmaydi, yaʼni boqiy mavzular, cheksiz muammolar, davomli xulosalar, tahlil-tadqiq... istalgan vaqtda qoʻlga olib, avra-astarigacha mushohada chigʻirigʻidan oʻtkazish mumkin. Yaxshiyamki, inson tafakkurining qat-qatida mavjud boʻlgan falsafa zamon va makon qonuniyatlariga koʻpda boʻysunavermaydi, uning bepoyon kengliklarida har qanday fikrlovchi inson uchun joy topiladi.

Xullas, Viktor aka, mavridi keldi chogʻi, keling, bir gurunglashaylik, fikrlashaylik, bundan “Tafakkur” mushtariylari ham bebahra qolishmas, bordi-yu muloqotimizga qoʻshilishni istovchilar boʻlsa, bosh ustiga! Zero, fikrli inson borki, unga falsafa qozonida qaynashdan boʻlak qismat yoʻq, ayni choqda fikr-mulohazali inson borki, uning botinida falsafa tinim bilmay qaynaydi.

Sharq va Gʻarb: oʻzaro murosa topilganmi, yoxud?..

Inson kamoloti mavzusi ustida bosh qotirmagan faylasuf boʻlmasa kerak dunyoda. Siz-u biz kabi Sharq olami bandalari “komillik”, “kamolot” deganda koʻproq ruhiy-eʼtiqodiy maʼvolarni nazarda tutamiz. Siz “Koʻhna andoza” degan maqolangizda komillik maqomini sharqona va gʻarbona nuqtayi nazarlardan qiyosiy tahlil qilishga uringansiz. Sharq uchun ruhiyat muammolari atrofida izlanishga moyillik ustuvor boʻlsa, Gʻarb uchun dunyoviy muammolar bilan mashgʻul boʻlish afzal koʻrilganini taʼkidlaysiz. Ammo-lekin taraqqiyot ildizlarini ham botiniy, ham zohiriy dunyodan izlashga urinishni insoniyatning buyuk kashfiyoti deb hisoblaysiz. Hisoblaysiz-u, yana tarafkashlikka oʻtasiz. “Sharq yetuk insonni ruhdan, maʼnaviyatdan, odamning Xudoga, cheksizlikka talpinishidan qidiradi. Budda taʼlimotiga koʻra, toʻgʻri qarash, toʻgʻri fikrlash, toʻgʻri soʻzlash, toʻgʻri yashash, toʻgʻri rohatlanish yetuklik omillaridir”, deb yozasiz. Bu taʼrifni rad etish qiyin, lekin siz eʼtimod qoʻygan Budda nazarda tutgan “toʻgʻri” tushunchasi ham gʻoyatda nisbiy ekanini unutmasligimiz kerak emasmi?! Magʻrib-u Mashriqni, mintaqah-yu millatni qoʻyaturaylik, ikki qoʻshni viloyatda, ikki qoʻshni qishloqda, hatto bir oilada unib-oʻsgan qondosh-u jondosh aka-uka yoki opa-singil nazarida “toʻgʻri”lik mezonlari gʻoyatda turfa, gʻoyatda rang-barang, hatto zid emasmi?..

Siz Sharqqa til tekkizib qoʻyishdan ehtiyotlanasiz va “Tashqi dunyo esa cheksiz va befoyda tashvishlardan iborat. U gulxanga oʻxshaydi, odam bu gulxanga yaqinlashgan sayin kuyib boraveradi. Shuning uchun inson foniy dunyoda boylik orttirish, taxt, mansab uchun kurashish, huzur-halovatlarga berilishdan xoli boʻlishi zarur”, deb yozasiz. Yaʼni Gʻarb yomon, Gʻarbning beti qursin, demoqchisiz-da? Tub mohiyat eʼtiboridan kelib chiqilsa, bunday falsafani inkor etolmaymiz, ammo bunday aqida tarafdorini topishga qiynalib qolmaymizmi? Ochigʻini aytaylik-da, Viktor aka, hozirgi maʼmurchilik-toʻqchilikdan mast-u masrur yashab, davr-u davron surib yurgan siz-u bizga zamondosh (magʻriblikmi, mashriqlikmi – farqi yoʻq!) odamlar orasida “qarang-a, mana shu-unday ulug‘ taʼlimot bor ekan, bor asʼasa-yu vasvasani yigʻishtiraylik, kamtar-kamsuqum yashash tarziga oʻtaylik” deydigan mardi maydon topilarmikan?!

Ushbu maqola oʻrin olgan kitob chop etilganidan buyon oʻttiz yil oʻtdi. Qarashlar, mezonlar oʻzgargan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas, chunonchi, maqolaning yana bir oʻrnida ikki qutb qadriyatini xolislik nuqtayi nazaridan baholashga urinasiz. Yaʼni Gʻarb falsafasidagi ratsionalizm va moddiyunchilik tashqi olamga maftun boʻlishga undab, “oxir-oqibat... insonga ikkinchi darajali narsa deb qarashga olib keldi”; XVII yuzyillikda esa “asosan jamiyatni, davlatni boshqarishni, siyosiy institutlarni, ishlab chiqarish usullarini doimo yangilash, hatto ularni inqilobiy yoʻllar bilan oʻzgartirish taʼlimotiga aylana bordi. Odamzodning moddiy hayot taʼsiriga berilishi ushbu taʼlimotni XIX–XX asrlarda yetakchi gʻoyaviy kuchga aylantirdi” deysiz.

Shu oʻrinda bir nafas rostlab olaylik, Viktor aka, xalqona tilda aytganda, doʻppimizni kursiga qoʻndirib qoʻyib, “tashqi olamga maftun boʻlish”, “insonga ikkinchi darajali narsa deb qarash” va pirovard oqibatda “moddiy hayot taʼsiriga berilish taʼlimotining yetakchi gʻoyaviy kuchga aylanish” hodisasi haqida bosh qotirib koʻrsak. Siz uchta jumlada tushuntirishga uringan gʻarbona hayot qadriyati mohiyatini soddaroq taʼriflaydigan boʻlsak, “Bosh va birlamchi gʻoya – taraqqiyot: hayotiy maʼmurlik, farovonlik va qulaylik, tamom-vassalom!” deyishimiz mumkin. Yaʼni, hayotda nimaiki boʻlmasin, hatto insonning oʻzi tugul, qadr-qimmatini qoʻshib hisoblaganda ham, bari-barchasi mazkur gʻoya oldida hech narsa! Ikkinchi, uchinchi... oʻninchi darajali narsa!

Shu oʻrinda koʻndalang savol tugʻilmoqda: Sharq tanlagan yoʻl toʻgʻrimi yoki Gʻarb tanlaganimi? Qay biri maʼqul?

Nazarimda, bu borada Siz-u biz bosh qotirib oʻtirishimizga hojat yoʻq. Zero, Sharq hayot, – yaʼni turmush tarzini yoʻlga qoʻyish borasida deyarli barcha sohada (ijtimoiy-siyosiy tuzum barpo etish, jamiyatshunoslik, davlatchilik, armiya, shaxs tarbiyasi, ilm-fan, texnologiya, sanʼat va hokazo) Gʻarb tutumlarini yo toʻlasicha, yoki qisman oʻzlashtirish yoʻliga oʻtgan va oʻtib bormoqda. Shunday esa-da, Siz quyidagi soʻzlaringiz bilan oltin muvozanatni saqlashga harakat qilasiz: “Agar Gʻarb Sharqqa tashqi moddiy dunyoni oʻzgartirish borasida erishgan yutuqlarini tarqatayotgan boʻlsa, Sharq unga oʻzining boy maʼnaviy-madaniy va diniy-falsafiy boyliklari bilan taʼsir koʻrsatadigan boʻlib qoldi”.

Ushbu xulosada Siz ikki qutb oʻrtasidagi oʻzaro “oldi-berdi” munosabatlari ifodasi oʻlaroq tenglik alomati qoʻyayotgandeksiz, mening fikri ojizimcha esa, gʻarbona tutumlarning Sharqda ommalashuvi – sharqona tutumlarning Gʻarbda ommalashuviga qaraganda ancha-muncha salmoqli. Eʼtibor bering, men bu borada “toʻgʻri” yoki “notoʻgʻri” tushunchalari tegrasidagi mulohazalarimni toʻlasicha oshkor etmoqchi emasman, faqat bir masalada – sharqona oila institutining parokanda boʻlishi evaziga keladigan gʻarbona aql bovar qilmas yutuqlardan voz kechish tarafdori ekanligimni baralla aytishdan tortinmayman. Chunki oila qadriyati boy berilsa, insoniyatni boshqa hech qanday kuch-qudrat (hozirgidan ellik-yuz karra taraqqiy etgan taqdirda ham) asrab qololmaydi!

Afsuski, dunyoning bu kabi mutlaqo shaxsiy-xususiy xulosalarga qarab qolgan joyi yoʻq. Global dunyo poʻlat qanotlari yordamida taraqqiyot osmonida shiddat bilan uchib bormoqda. Sogʻlom aqlni dovdiratib qoʻyadigan darajadagi bu parvozni chetdan turib kuzatar ekansiz, tabiiy va mantiqiy savollar yogʻiladi: bu osmoniy parvozlarimizdan koʻzda tutilgan orzu-niyatlarimiz nima oʻzi? Makon-manzillarimiz, marralarimiz qayerda? Nimalarning evaziga, nimalarning hisobiga taraqqiyotga mahliyo boʻlib qolmoqdamiz? Biror kimsa pirovard oqibatni koʻz oldiga keltira olyaptimi?!

Kashf etilgan ilohiy qudrat

Viktor aka! Bir oʻrinda bashariyat madaniyat va taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻyganiga endigina 6 ming yil boʻlganini taʼkidlar ekansiz, “Demak, inson mukammal dunyo yaratishga kirishganiga koʻp boʻlmadi, demak, izlanishlar hali oldinda...” deb yozasiz. 6 ming yillik taraqqiyot yoʻlidagi izlanishlar samarasini “hali oldinda” deyapsiz-u, men mazkur maqolangiz chop etilganidan buyon oradan oʻtgan 30 yil ichida samara desa arzigulik biror natija toparmikanmiz, degan oʻyda Sizdan madad kutmoqdaman.

Kulmayapsizmi, Viktor aka? Siz donishmand insonsiz, oʻzingiz eʼtirof etgandek, onangiz Buryatistondan, otangiz Oʻzbekistondan. Ismingizdagina emas, taqdir taqozosi tufayli vujudingizda mana shunday “global” miqyosdagi qonlar qoʻshiluvi fikrlash tarzingizda, bayon uslubingizda yaqqol sezilishi va ayni shu bois ham shaxsingizga boʻlgan hurmatim baland ekanini izhor etib qoʻysam toʻgʻri qabul qilasiz deb ishonaman. Mazkur munosabatim haqqi-hurmati, kaminani toqatsizlikda, shoshmashosharlikda ayblamaysiz deb oʻylayman. Axir, gap butun kurrayi arz sathida yashayotgan milliardlab odamzod haqida bormoqda-ya! Milliardlab insonlarning fikrlash tarzi, fikrlash tarzining turish-turmushda aks topishi xususida bormoqda-ya! Jugʻrofiya ilmida qoʻllanadigan gondvana hodisasiga mengzash mumkin boʻlgan bashariyat ruhiyatidagi sifatiy yangilanishlar nazarda tutilmoqda-ya! Ana shu kurrayi arzning bir parchasi Oʻzbekiston, ana shu bashariyatning bir hovuchi oʻzbekistonlik – shu yurt, shu yurtdoshlar nazarda tutilmoqda-ya!

Aql bovar qilmas savolga Sizdan aql bovar qilgulik javob talab qilish biroz noqulaylik tugʻdirishi tabiiy. Shunga qaramay, loaqal istisno tariqasida, loaqal shartli-faraziy maqomda qandaydir taxminlarni oʻrtoqlashish mumkindir axir?!

Fikrsevar inson qavmi borki, komillik pogʻonalaridan yuksalishni koʻzlaydi, izlaydi-izlanadi, halovatdan voz kechadi. Siz falsafada tor koʻchalar, aylanma koʻchalar, jinkoʻchalar, berk koʻchalar koʻpligini yozgansiz. Bu mulohazani komillik yoʻliga ham tatbiq etish mumkin. Zero, komillik yoʻli ham keng, ravon va kaftdek tep-tekis shohkoʻchadan emas, yolgʻizoyoq yoʻl – soʻqmoqdan tashkil topadi. Suvi mavj urib oqayotgan anhor yoki daryo emas – jildirab oldinga intilayotgan jilgʻa, xolos. Bu soʻqmoq, bu jilgʻadan gurra-gurra yoxud gala-gala komillik maqomidagi odamlar yetishib chiqmaydi. Komillikning choʻng marrasi ham aniq-tayin emaski, falonchi-pismadonchilar marraga yetdi, falon davlat, pismadon jamiyat yoppasiga takomillashdi, deya doʻppini osmonga otsangiz! Qolaversa, biror-yarim shaxsning komilligi jamiyatning takomilida aks topsa, bunday takomillashuv ommalashgan taqdirdagina shaxsiy komillik ijtimoiy yetuklik maqomida olqishlansa, eʼtirof etilsa yarashadi.

Inson tevarak-atrofni, borliqni oʻrgana-oʻrgana baxyama-baxya, qadam-baqadam komillikka intilar ekan, biryoʻla u mukammal dunyo yaratish vazifasini ham ado eta boradi. Tabiiy, mantiqiy missiya bu! Ushbu haqiqatni anglashning oʻzida qanchadan-qancha hikmat, goʻzallik jam emasmi, Viktor aka?! Ayni shunday mulohaza-yu oʻylar silsilasida tugʻilmadimikan “Falsafa – fikrlash lazzati” degan iborangiz?!

“...Odamzodning buyuk kashfiyotlaridan biri, – deb oʻqiymiz boshqa bir oʻrinda, – bu mukammal dunyo oʻzining ruhi, tafakkuri va mehnati bilan yaratilishini anglab yetganligidir”.

Aziz jurnalxon! Eʼtibor beraylik, Siz-u bizga zamondosh, vatandosh, millatdosh donishmand bir inson Parvardigorimiz oʻz bandalariga loyiq va ravo koʻrgan mislsiz marhamatni alohida taʼkidlamoqda, yaʼni bu yorug‘ dunyoni odamzod oʻz ruhi, tafakkuri va mehnati bilan yaratadi, nurlantiradi, roʻshnolikka olib chiqadi degan boqiy haqiqatni yodimizga solmoqda. Sizni – Insonni, insoniy tafakkurni, shaxsni ulugʻlamoqda. Toʻgʻri, nigohlar, aqllar, idroklar qamrab olishga ojiz boʻlgan bu zamin-u samoda Qodiri mutlaqning ixtiyoridan xorijda qolajak narsaning oʻzi yoʻq, shu bilan bir vaqtda U, yaʼni Parvardigori olam odamni odamning ishtiroki bilangina qutqarguvchidir deyilmoqda!

Inson tafakkuri, aql-idroki, maʼnaviy qudratiga boʻlgan ilohiy ishonch timsoli bu!

Har bir inson, xususan, voyaga yetayotgan har bir yoshning tafakkur tarzi, hayotiy maqsad-maslagi, ruhiyatini mazmunga toʻldiruvchi, keng omma ongiga singdirilgan taqdirda qamrovi olamjahon real kuchga, sehrli va moʻjizalarga boy daʼvatga aylanishga qodir hikmat, inson tiynatidagi bitmas-tuganmas quvvatning yengilmas va bukilmas irodaga – saodatbaxsh voqelikka aylanishini taʼmin etuvchi uzun va adoqsiz hayotbaxsh yoʻldir, taʼlimotdir bu!

Viktor aka! Dasturiy ahamiyatga ega boʻlgan bunday qarashlaringiz, nazarimda, baxt mavzusidagi mulohaza-yu qaydlaringizda davom etgandek. Chamalab koʻrsam, ellik-oltmish yildan buyon har bir avlod vakillarining baxt haqidagi (goh yozma, goh ogʻzaki) bahs-u munozaralariga guvoh boʻlib kelaman. Baxtiyor yashamoq orzusi ayb emas, bu haqdagi oʻylari bilan oʻrtoqlashish ham mutlaqo ixtiyoriy xohish-istak; shunisi ham muqarrarki, baxt haqidagi tasavvurlarda davr xususiyatlari sezilib turar ekan. Yaʼni: shaxs, baxt va davr! Kasb tanlash, kelajak orzularini chamalash, jamiyatda muayyan maqsad-mavqega erishish niyatlari ham shaxsiy baxt-iqbol manzaralari vazifasini oʻtaydi. Siz esa, Viktor aka, baxt tushunchasi mezonini favqulodda yuksaklarga koʻtarib yuborgansiz. Chunonchi, “Baxtga boʻlgan munosabat oʻzgarmoqda” degan soʻzlaringiz qattiq oʻylantirib qoʻyadi odamni. Oddiy yoki joʻn taʼrif, xulosa emas bu. Baxt tushunchasining yillar mobaynidagi tadriji oxir-oqibat odamni, insoniy qadriyatlardan tortib makrodunyoga qadar oʻzgartirib yuborishi ham hech gap emas.

“Kishi hamisha baxtli yashash imkoniga ega”.

“Odam baxtiyor tugʻilmaydi, balki baxtli yashash imkoni bilan tugʻiladi”.

“Baxtdan ham yuksakroq narsa bor, u ­– burch. Kishi burchini baxt deb bilmagunicha, baxt topolmaydi”.

Baxtga doir bu kabi mushohadalaringizni yana keltirish mumkin, lekin baxt tushunchasining oʻzi oʻzgarayotgan ekan, burchning holi nima kechadi? Burch baxtning botinida boʻlmaydimi?! Qolaversa, Siz kuyunib uqtirishga urinayotgan hikmatlarni anglab yetish uchun, deylik, yosh doʻstlarimizga qancha uquv, qancha bilim, qanchadan-qancha toqat kerak boʻladi?!

“Baxtli yashash imkoni” degan jumlangiz zamiridagi ulkan haqiqatni qancha odam biladi, anglab yetadi, yashash tarziga aylantira oladi?!

Bu kabi achchiq haqiqatlarni taxminan boʻlsa-da, chamalab koʻrishga jurʼatimiz yetadimi?..

Shu singari savollar qurshovida picha hovurdan tushish chorasini izlab turgan edim, “Kamolot zahmatlari” sarlavhali maqolangiz boshlanishidagi quyidagi jumlalar ostiga chiziq tortib qoʻygan ekanman, takror oʻqidim: “Komillikka yetish uchun bir umr kam. Ikki umr kerak, balki uch umr”.

Yurak oʻrtanadi, Viktor aka. Ustoz Gʻaybulla as-Salomning bunday hayratangiz soʻzlarni eshitganda, “Obbo, xolam!” deb naʼra tortib yuborish odati bor edi...

Taassufki, ikkinchi, uchinchi umr kafolatini beradigan kuch yoʻq, iroda yoʻq bu yorug‘ ochunda, lekin, qarang, bexosdan aytilgan uch ogʻiz jumla favqulodda boshqa bir ulkan muammoni koʻndalang qoʻymoqda oldimizga.

“Komillik taqvimi” yaratilsa...

Komillikka yetmoq uchun bir umrlik hayot yoʻli kamlik qiladi demoqchisiz-da, Viktor aka? Qaysidir manbadan olingan quyidagi rivoyatni kitobga kiritibsiz: “Odam Ato va Momo Havoning farzandlari toʻqqiz yuz va undan ham ziyod umr koʻrganlar, ammo qabohat va fosiqlik avj olgani sari odamning umri qisqarib-qisqarib oltmish-yetmish yoshga tushib qolgan”.

Shundaymikan?.. Bu ketishda yaqin-orada odamning umri xomishak, yaʼni chivinning umriga teng boʻlib qolmasmikan, ishqilib?! Harqalay, inson umrining uzun-qisqaligi tabiatimizdagi qabohat va fosiqlikka “qarab qolmagan” boʻlsa kerak, bu – alohida mavzu-muammo, albatta! Men esa... ayni vaqtda hayot boʻlgan zamondoshlarimiz komillik pogʻonalaridan ilgarilamogʻi uchun umr yoʻlini qay tarzda rejalashtirgani maʼqulligini oʻylaganim oʻylagan. Siz komillikka yetmoqlik uchun hatto uch umr kifoya qilarmikan degan tashvishlarga borib turgan bir pallada kamina oʻrta hisobda 80 yil hayot kechiradigan odam, hamonki biz istayotgan maqomlarga koʻtarilish istagi bor ekan, shuning rejasini, hisob-kitobini olmogʻi nahotki mumkin emas degan masalani koʻndalang qoʻymoqchiman. Axir, kundalik, haftalik, oylik va yil rejasini tuzib olish odatimiz bor-ku, nima uchun gʻanimat umrimizning oltin onlarini rejalashtirib qoʻymasligimiz kerak?! Qoʻllanma, tavsiya, maslahat tariqasida loaqal...

Maʼnaviyat targʻibotiga qaratilgan saʼy-harakatlarimiz chandon tasannoga loyiq. Mutolaa madaniyatini ommalashtirish borasidagi istaklarimizning ulugʻligini-ku asti qoʻyaverasiz. Bularning bari ong-tafakkurimiz, salohiyatimiz imoratining poydevori vazifasini oʻtashi muqarrar. Yana savol tugʻiladi: orzumizdagi muhtasham imorat qaddini koʻtarish ishlarini kim oʻrgatadi, qay tariqa oʻrgatadi? Tarhi-chizmasi bormi bu imoratning?

“Odamga yurish, gapirish va yashashdan oldin umrni behuda oʻtkazmaslikni oʻrgatish darkor”.

“Odam zoti aslida qarzdor boʻlib tugʻilgan. Umrning oʻzi qarzga berilgan”.

“Tayyor andozalar bilan fikrlashga oʻrgangan biz uchun...”

“Shu paytgacha vaqtning qadriga yetganni ham, baxtning qadriga yetganni ham uchratmadim”.

“Adab istagan taxt topmas, taxt topgan adab istamas”.

“Adashmagan odamdan adashgan odamning hayoti hikmatli”.

“Adashgan topgan hikmat – adashmaganga saboq”.

“Adashmaslikka intilishning oʻzi adashishdir”.

Kitob-u maqolalaringizdan koʻplab terib olish mumkin boʻlgan bu singari hayotiy hikmatlarni ommalashtirish xususida qaygʻurishni zimmasiga olgan, keng ommaning maʼnaviy mulkiga aylantirish bilan shugʻullanuvchi muassasa yoki tashkilotga ehtiyoj sezilayotgandek. Indallosini aytganda, oʻrtacha umrni 80 yosh deb qabul qilsak, ushbu yillar mobaynida komillik yoʻlining eng maqbul, eng samarali – hosilga kiradigan yoʻlini aniqlaylik, tavsiyalar ishlab chiqaylik, amaliyotga tatbiq etaylik, nahotki, ulug‘ orzu-niyatlarimiz, urinib-surinishlarimiz ijobatini shu umrimizda koʻrmasak?!

Qaydasan, moʻjizakor nekbinlik?!

Maqsadni joʻnlashtirib yuborgandek tuyulayotgandirman, biroq bundan qatʼi nazar, madaniy-maʼrifiy turmushimizni tashkil etishda ayni shu borada kemtiklik mavjud, desam, Siz ham fikrimga qoʻshilarsiz, Viktor aka? Bu kemtiklikni bartaraf etish masʼuliyati birinchi navbatda faylasuflar zimmasiga tushadi, faylasuflarimizni maʼnaviyat-maʼrifat jabhasidagi mutaxassislarimiz bilan jiddiy hamkorlikka undaydi. Toki mazkur hamkorlik natijasida navqiron yigit-qizlarimizga moʻljallangan “Umrning komillik taqvimi” yaratilsin. Har 5, 10... 20... 80 yilda va undan keyin davom ettirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab berilsin, zamonning shiddat bilan oʻzgaruvchanligi, turmush tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar globallashuvi qonuniyatlari alohida eʼtiborda tutilsin taqvimda.

XXI asrning bosh xususiyati har qanday yangilikning zudlik bilan eskirishida aks etmoqda. Qiziq, yangilik hali koʻpchilik tomonidan anglab-idrok etib ulgurmay eskirib qolmoqda, oʻrnini navbatdagi yangilikka boʻshatib bermoqda. Zamon oʻzgarishlarining kosmik tezligi odamlarni ajablantirmay qoʻymoqda. Bu oʻzgarish, bu shiddat odamlarni oʻta shafqatsizlik bilan imtihondan oʻtkazyapti, imtihon ham gapmi, chigʻiriqqa-jodiga solmoqda. Biz esa, nazarimda, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, milliy-mahalliy, moddiy, axloqiy va hokazo imkoniyat-u mezonlarimizni pesh qilishdan, vaj oʻrnida boshimizga koʻtarishdan nariga oʻtmayapmiz. Taraqqiyot qonuniyati esa shafqatsiz: u mutlaqo kutmaydi, toʻxtamaydi, sekinlashmaydi ham!

Siz aytmasangiz, kim aytadi?!

Biz milliy qadriyatlar etagini mahkam tutgan xalqmiz, bir oyogʻimiz bilan dunyo kezib yursak yuramiz-u, ikkinchi oyogʻimiz milliylik, milliy oʻziga xoslik, milliy maʼnaviyat maydoni-muhitidan uzilmasligini istaymiz. Naqadar sharafli! Sharafli, lekin... qanchalar qiyin, murakkab, mushkul bu tarzda hayot kechirish!

Oʻrni kelganda, sharqona va gʻarbona qadriyatlar, tushunchalar qorishuvi taʼsirida shakllanayotgan yangicha kishilarimiz koʻpayayotganidan quvonib qoʻyamiz, ammo bunday shakllanish juda katta ruhiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, axloqiy va hokazo zoʻriqishlar evaziga yuz berayotganidan koʻz yumsak toʻgʻri boʻlmaydi. Oʻng qoʻldagi eshkak olgʻa borish, chap qoʻldagi eshkak esa ortga qaytish uchun harakatlanayotgan qayiqdagi odamning ahvolini eslatmayaptimi bunday holat, Viktor aka?!

“Kishilar ongida oʻzi uchun yashash asosiy maqsadga aylanmoqda” degan jumla keladi kitobingizda. Boshqa bir qahramoningiz tilidan quyidagi yanayam batafsilroq eʼtirof uchraydi: “Ha, oʻzbeklar oila, qarindosh-urug‘, mahalla boʻlib yashashga oʻrgangan. Ular nima qilmasin, nimaga intilmasin, oilasini, farzandlarini koʻzlaydi. Xalqimizdagi bu xislatning menga xush yoqmaydigan tomoni ham bor. Masalan, zarur paytda u qorani qora deb aytolmaydi, oilamga, farzandlarimga keyin biror kor-hol boʻlib qolmasin, mahalla, el-yurt koʻziga keyin qanday qarayman, degan oʻylarga boradi. Nachora, biz asrlar davomida ana shunday qarashlarga oʻrgangan xalqmiz”.

Yana: “Biz oʻzbeklar oila, farzand, qavm-u qarindosh, mahalla uchun yashaydigan millatmiz. “Oʻzing uchun yasha” degan narsa bizdan uzoq. Shu bois bir-birimizning na fikrimizda farq bor, na zikrimizda. Axir, kishi eng avvalo oʻzi uchun yashashi kerak emasmi? Axir, odam betakror iqtidorini, hayotiy rejalarini roʻyobga chiqarish uchun dunyoga kelmaganmi?”

Abdulla Qodiriy bobomizda uchraydigan “Siz oshnalikka qurbon boʻlgan xalqlarsiz” degan achchiq taʼna-tanbehni yodga soladi bu gaplar. Qolaversa, diniy eʼtiqodimizda “silai rahm” tushunchasi bor. Vaziyatning nozikligi, hatto qaltisligini qarang! Gʻarbona individualizm, xudbinlik odatlarini qoralashdan charchamaymiz, vaholanki, chuqurroq oʻylab koʻrilsa, Gʻarb taraqqiyoti ayni shu individualizm va xudbinlikdan unib chiqqan. Bu kabi illatlarni qoralabgina qoʻyish bilan ish bitmaydi, murod hosil boʻlmaydi, ularning tub-tubiga chuqurroq kirib borish, sabab-oqibatlarini miridan sirigacha mulohaza tarozisiga solish zaruratga aylanmoqda. Misol tariqasida aytsak, bizda yaqin-yiroqdagilar, yordamga mushtoqlar holidan xabar olish, ularga himmat qoʻlini uzatish alohida qadrlansa-olqishlansa, Gʻarb oʻlkalarida bunday vazifalar qonun yoʻli bilan davlat zimmasiga yuklanadi (ixtiyoriy koʻmaklar bundan mustasno). Yaʼni amma, xola, togʻa, amaki, oshna-ogʻayni, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy, hatto oila aʼzolari degandek institutlar insonparvarlik aksiyalaridan ozod etilgan.

Siz, Viktor aka, dadillik bilan aytilgan bu gaplar oʻzingizga yoqqanini qayd etasiz-u, matbuotda yoki kitobda keng omma uchun chop etilayotgan yoʻl-yoʻriqlarda ehtiyotkor boʻlmogʻimiz darkorligini ham unutmaysiz. Chunonchi, oʻzbek oiladan, mahalladan, jamiyatdan tashqarida yashamasligini maʼqullaysiz va bu bilan, nazarimda... muammo yechimini topishdan oʻzingizni olib qochgandek koʻrinasiz. Toʻgʻri, holat nihoyatda murakkab, shunday boʻlgani uchun ham uni ochiq-oydin tahlil-tadqiq qilmogʻimiz darkor, toki “musofir qadriyatlar” changalzori bilan yuzma-yuz keladigan farzandlarimiz ogʻirini yengillashtiraylik.

Xayriyat, “Falsafa yoxud...” kitobingiz chop etilgan davrlar ortda qoldi, yurtimizda har qanday nozik va qaltis masala-muammoni oʻrtaga qoʻyib, uning yechimlari haqida fikr-mulohazalarni ochiqchasiga oʻrtoqlashish muhiti shakllanmoqda. Jumladan, soʻz borayotgan mavzu xususida ham Siz kabi ahli donishlar qarashlarini ochiq-oydin, emin-erkin aytmasa, kim aytadi?! Kim yechim topadi? Kim tavsiyalar beradi?!

Viktor aka, hayotingizni, sermazmun faoliyatingizni “fikrlash lazzati” koʻchalarida oʻtkazishga bagʻishlagan donishmand olimsiz. Havas va hurmatga loyiq ustoz maqomiga egasiz. Binobarin, oʻquvchilaringiz va muxlislaringizni oʻzingiz kashf etgan shu koʻchaga boshlab borishga, har qanday oʻy-mulohazalaringizni doʻstona oʻrtoqlashishga, qizgʻin muhokamalarga bosh boʻlishga maʼnaviy haq-huquqingiz katta.

Uygʻunlik, murattablik, muvozanat...

“Kamolot zahmatlari” maqolasida garmoniya va disgarmoniya hodisasiga doir mulohazalaringiz jiddiy oʻyga toldiradi oʻquvchini. Bu ikki tushunchani amaliyotimizda kamdan-kam qoʻllanadigan “murattab” va “nomurattab” soʻzlari bilan ifodalagansiz. Kamolot – uygʻunlikda, yaʼni murattablikda degan gʻoyani ilgari surasiz.

Darhaqiqat, hayotning eng birlamchi hikmati harakat boʻlsa, undan keyingi hikmati – mazkur harakatning murattablik qonuniyatiga uygʻunligi ila belgilanadi. Shu maʼnoda kamolotga olib boradigan birdan-bir toʻgʻri yoʻl – uygʻunlik, murattablik, garmoniya, simmetriya, meʼyor, muvozanat... oqillik, zukkolik kabi maʼnodosh soʻzlarda ifodalanadi. Murattablik yakka shaxs hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etsa, u jamiyat va davlat hayotida ham shunchalar zarur. Nomurattablikning oxiri shaxs uchun nechogʻli ayanchli tugasa, jamiyat va davlatning tanazzuliga doya boʻlishi ham aniq.

Soʻz borayotgan ikki tushuncha orasida oʻzaro raqobat ham mavjud, albatta. “Bu ixtiloflarni odam murattab etishga intilib keladi, biroq hali uddasidan chiqqan emas. Chunki yovvoyi tabiat hali nomurattab tarafda”. Toʻgʻri, inson mudom uygʻunlik istagida yashaydi, shu orzu-niyatda izlanadi, mehnat qiladi, biroq... Bu maqsadiga yetmaganligining “gunohi”ni tabiat gardaniga ortmoq toʻgʻrimikan? Holbuki, eng katta murattablik qonuniyatini madaniylashgan hayotda emas, yoʻq, ayni yovvoyi tabiatda uchratish, kuzatish mumkin. Madaniy hayotdagi nomurattabliklarning asl sababi esa yovvoyi tabiatdagi uygʻunlik, muvozanat talablarini tushunib yetmaslik yoki tushunishni istamaslik, unga nopisandlikdan boshqa narsa emas. Xulosa qilib aytganda, murattablik va nomurattablik oʻrtasidagi munosabat ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, kecha va kunduz, oq va qora kabi oʻzaro ziddiyatli tushunchalar qatoridagi oʻzgarmas va boqiy haqiqat – dialektik birlik-yaxlitlikdir.

Oʻzbek stratagemasi ham bor

Viktor aka! Siz yozgan maqolalarni befarq-beeʼtibor oʻqish mumkin emas. Tarixiy shaxslar, atoqli ijodkorlar, allomalar, shuningdek, xotin-qizlar, erkak va ayollar munosabatlari, qolaversa, dunyoni anglash sirlariga bagʻishlangan maqola, esselar yaxlit bir kitob holiga keltirilsa, donishmand bir insonning ilmiy, irfoniy xazinasi salmoqli yaxlit manbaga aylanadi. Mazkur xazina ayniqsa yoshlarimizga gʻoyatda zarur va qimmatli manba boʻladi deb ishonaman.

“Stratagema” degan maqolangizda oʻqigan edim: “Qadimgi Xitoyda stratagemalarga oid toʻrt mingdan ziyod traktat bitilgan”. Fikrlash va yengish ilmi sifatida tarqalgan bu mavzudagi risolalar xitoy xalqi tafakkurining naqadar bitmas-tuganmas va mustahkam kuch-quvvat manbayi, poydevori mavjudligidan dalolat beradi. Oʻzbekona tafakkur ham Siz yozgan stratagemalardan kam emas. U qadim-qadimdan bor! Oʻzbek stratagemasi borligi-mavjudligi bilan, yoʻqni bor qila olish qudrati bilan ham boqiy va yengilmasdir!

Viktor aka! Sizga aytar soʻzlarimdan bir shingilini yoʻlladim, xolos. Falsafa qozonida qaynashga shay turgan mavzular, masalalar, muammolar xirmon-xirmon boʻlib uyulib yotibdi. Maktubimni millatdoshimiz Sayyora Gʻulomning “Parishon yoxud Amerika kundaliklari” degan kitobidan olingan quyidagi lavha bilan yakunlasam: “Nyu-York. Manhetten. Nyu-York baynalmilal talabalar kolleji. Bismilloh deb ichkariga qadam bosdim. Qoʻsh qavatli bino balandligicha keladigan ikki taraflama eskalatorga duch keldim. Biri pastga, biri tepaga qarab aylanardi. Oʻychan tikilib qoldim. “Pastga tushsammi yo tepaga?.. Shundogʻam pastda turibsan-ku, albatta tepaga. Oʻylanib oʻtirma, qoʻrqma, koʻtaril, koʻtaril!” dedim oʻzimga oʻzim. Eskalatordan yuqoriga chiqdim hamki, Abu Ali ibn Sinoning bir devor qilib chizilgan rasmiga koʻzim tushdi. Gʻururlanib ketdim. Ilm, tafakkur zabt etolmaydigan choʻqqining oʻzi yoʻq. Parishon xayolim meni samolar uzra ona yurtim sari olib ketdi...”

Kamoli hurmat bilan Xurshid DOʻSTMUHAMMAD.

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Qaydasan, moʻjizakor nekbinlik?..” maqolasi