(Jangda bir koʻzidan ayrilgan isteʼfodagi polkovnik Qudrat Xudayberganovdan hayotiy hikoya)

Bolalik chogʻimda...

Ismi-sharifim Qudrat Xudayberganov. 1973-yil 9-iyun kuni Xorazm viloyatining Gurlan tumanida, oddiy ishchi oilasida tugʻilganman. Ota-onam mehnatkash kishilar: dadam oddiy haydovchi, onam esa fabrika ishchisi. Oiladagi doimiy mehnat, intizom va masʼuliyat keyinchalik mening hayot yoʻlimni belgilagan boʻlsa, ajab emas.

1980-yilda tumanimizdagi A.S.Makarenko nomli 2-sonli maktabning birinchi sinfiga chiqdim. Esimda, o‘sha yillari harbiy xizmatga boʻlgan havas va hurmat juda kuchli edi. 5-6-sinfga oʻtganimda hozirgi “Temurbeklar maktabi”ga oʻxshash dastlabki harbiylashtirilgan maktablar ochila boshlagandi. Maktabimizdan ham bir necha oʻquvchi shu taʼlim dargohiga qabul qilinib, maxsus harbiy formada bizga tez-tez koʻrinish berardi. Ulardagi magʻrur qiyofa, oʻzini tutish madaniyati harbiylikka boʻlgan qiziqishimni battar oshirgan.

Avvallari armiyaga kuzatish, xizmatdan qaytganlarni kutib olish toʻyga ulanardi. “Soldat toʻyi”ni katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. Amakilarim, qoʻshnilarimning harbiydan formada kelishini katta hayajon bilan qabul qilganman. Ularning furajkasi, libosi ichimni yondirardi. Ularni yashirincha va oshkora kiyib, oʻzimni jangchiday tasavvur qilgan kunlarim koʻp boʻlgan. Bu oddiy qiziqish emas, yuragimda kattalashib borayotgan hayot yoʻlim edi.

1988-yilda Urganch shahridagi harbiy litseyga kirishim orzularim sari tashlangan ilk katta qadam boʻldi. U yerga tez koʻnikdim, chunki intizom, talabchanlik va javobgarlik muhiti menga begona emasdi.

Vaqt oʻtib, 1991-yilda Kiyev oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtiga qabul qilindim. Biroq oradan koʻp oʻtmay, SSSR parchalanib, tarqab ketdi. Shundan soʻng Oʻzbekistonga qaytib, hozirgi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida (oʻsha paytdagi Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti) tahsilni davom ettirib, uni 1995-yilda muvaffaqiyatli yakunladim. Qoʻmondonlik taktik qoʻshin razvedkasi yoʻnalishida oʻqiganim uchun menda kuchli iroda, tahlil qobiliyati yaxshigina shakllandi.