Deyarli 50 million kishi soʻzlashadigan oʻzbek tili boshqa turkiy tillardan oʻziga xos bir necha jihatlari bilan ajralib turadi. Koʻpchilik qardosh ellar – uygʻurlar-u tatarlar, qozoqlar-u qirgʻizlar, turkiyaliklar-u ozarboyjonlar, aksar turkiy el-uluslar oʻzbek tilidan oʻziga yaqin soʻzlarni topadi. Uygʻurlar qarluq lahjasida soʻzlashuvchi oʻzbeklarning tilini oʻz tilidan deyarli ajrata olmasa, qozoq, qoraqalpoq, qirgʻiz, tatar kabi qipchoq lahja soʻzlashuvchilari oʻzbek qipchoqchasida ishlatiladigan soʻz birliklari va yasalishiga qarab, “bu til bizga bunchalik yaqin boʻlmasa” deb oʻtmishni titkilay boshlaydi. Xorazm oʻzbeklarining oʻgʻuz lahjasini tinglab koʻrgan turkman, ozarboyjon va turkiyalik qardoshlar esa “oʻzbeklar yaqinimizdagi qipchoq turklaridan koʻra bizga yaqin soʻzlashar ekan-a” deb ajablanadilar. Shuningdek, soʻzlashuvdagi yaqinlikni uzoq manzildagi Onadoʻli va Ozarboyjon turklarida, Volgaboʻyidagi qozon tatari va boshqirdlar, Kavkaz va Qora dengiz boʻyidagi qumiq, qorachoy-bolqorlar, qirim-tatarlari, gagauzlar, bundan bir yarim ming yilcha ilgari ota-bobolarimizdan ayro tushgan oltoylik va sibirlik turkiylar tilidan ham topa olamiz. Bunday oʻziga xoslikni oʻzbek tilining qarluq tarmogʻidan boʻlmish Toshkent shevasi oʻrnagidayoq koʻrsa boʻladi.

Bilamizki, oʻzbek tilining oʻnlab shevalari orasida “ada” soʻzi “ota” anglamida toshkentliklar tomonidan qoʻllaniladi. Bu soʻzni qoʻshnilarimiz yo yaqinroq yashaydigan qardoshlarimizda emas, xakaslarda toshkentliklar kabi “ada” (ota), “ada chir-suu” – “ota yer-suv, ota yurt” koʻrinishida uchratib, “Buning ildizi nimada ekan-a?” deb izlandim [qar. Хакасско-русский словарь 1953: 17].  Qizigʻi shundaki, oʻzbek tili va uning tarmoqlaridagi qarindosh-urugʻchilikni ifodalovchi “dada” (ota) soʻzi ham koʻzga tashlanadi. Bugungi kunda hudud tanlamay qolgan “dada” birgina toshkentliklarda “dåda” (doda) koʻrinishida “bobo” (otaning otasi) maʼnosida qoʻllaniladi [OʻXSHL 1971: 339]. XI yuzyillikda qogʻozga tushirilgan ilk turkiy soʻzlik – “Devonu lugʻatit turk”da qarindosh-urugʻchilik bilan bogʻliq soʻz va atamalarni keltirar ekan, Mahmud Koshgʻariy “dädä – dada, ota (oʻgʻuzcha)” deb ochiqlama berganiga koʻzimiz tushadi [Koshgʻariy 1963, III: 238]. Bu soʻz qoʻshnilarimizda deyarli uchramaydi, Onadoʻli turklarida “dada (dede)” koʻrinishida uchraydi va toshkentliklar kabi “bobo” (otaning otasi) anglamini beradi. Shu oʻrinda, Mahmud Koshgʻariy oʻgʻuzcha deb ochiqlagan mazkur soʻz qipchoq va oʻgʻuzlarga qaraganda oʻzbeklarda koʻproq qoʻllanilishi eski turk tili tarmoqlaridan biri boʻlmish oʻgʻuzchaning birgina Xorazmda emas, Toshkentda ham, boshqa viloyatlarimizda ham ancha keng saqlanib qolganini koʻrsatadi.

Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida boʻlsin, undan keyingi bir nechta yozma turkiy manbalarda boʻlsin, oʻtgan zamon birinchi shaxs koʻplik qoʻshimchasi – “-dimiz, -dimiz, -dӱmӱz, -dumuz” bugungi kun turkiy tillari orasida koʻproq Toshkent shevasida shu koʻrinishda (-dimiz) yoki shunga yaqin koʻrinishda (“-divuz”, “-duvuz”) saqlanib qolgan. “Bordik”, “keldik” anglamidagi eski turkcha “bardimiz”, “keldimiz” soʻzlari Toshkentchada “bårdimiz, bårdivuz”, “keldimiz, keldivuz” koʻrinishlarida qoʻllaniladi [Koshgʻariy 1960, I: 314; Abdurahmonov, Rustamov 1982: 72; Reshetov, Shoabdurahmonov 1978: 34-35]. Masalan, Tunyuquq bitiktoshida turk ellari turmushi haqida quyidagicha yozilgan: “Keyik yeyu, tabishqan yeyu oʻlurur ertimiz, boʻdun boʻgʻzi toʻq erti – kiyik yeya, tovushqon yeya, oʻtirar edik, boʻdun (xalq) tomogʻi toʻq edi” [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 72].

Eski turkcha “-dag‘” koʻrinishidagi oʻxshatish qoʻshimchasi oʻzbek adabiy tili va tarmoqlarida “-day” boʻlsa, Toshkent shevasida “-dåg‘, -dåq” tarzida qoʻllanilishiga guvohmiz, uning yaqin oʻxshashini eng koʻp uygʻurlarda koʻramiz. Masalan, “undog‘ – unday”, “bundog‘ – bunday”, “shundog‘ – shunday”. Mahmud Koshgʻariy “ ush mundag‘ qil – xuddi shunday qil” deb keltirgan yozuv toshkentliklar muloqotida ishlatiladigan bu qoʻshimchaning negizi ancha qadimiyligini koʻrsatadi [qar. Koshgʻariy 1950, I: 72]. Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida “teg” (täg, täk) tarzida uchraydigan oʻxshatish olmoshi boshqa turkiy tillarga qaraganda koʻproq oʻzbek tilida yaxshi saqlangan boʻlib, “-deg”, “-day”, “kabi” koʻrinishlari bor. Bu qoʻshimcha qipchoqcha soʻzlashuvchi turkiylarda “dey”, “day”, oʻgʻuzlarda esa “gibi” (Onadoʻli t.), “kimi” (Ozarboyjon t.), “yali” (yanglig‘) (turkman) koʻrinishlarida qoʻllaniladi. Demak, bundan bir yarim ming yilcha oldin “teg” (täg) oʻxshatish olmoshi (yordamchisi) [Abdurahmmonov, Rustamov 1982: 50] oradan besh yuz yilcha oʻtgach, “-dag‘” boʻlgan boʻlsa-da, turkiy tillarning ayrimlarida biroz oʻzgarishga uchrab, “-day”, “-dey”ga aylangan, oʻgʻuz turklarida esa anchayin unutilgan. Oʻzbek tilida har ikkala bosqichni: ham Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlari bosqichi, ham “Devonu lugʻatit turk” yozilgan kezlardagi bosqichning izlari yaxshi saqlanganini koʻramiz.

Eski turkchada yaqin qarindoshlarni erkalatish uchun qoʻshib aytiladigan “-qы” qoʻshimchasi turkiy tillarda deyarli saqlanmagan boʻlsa-da, Toshkent shevasida uning ayrim izlarini uchratamiz. Mahmud Koshgʻariy “ qi – yaqinlik, qarindoshlik maʼnosidagi ismlar oxiriga qoʻshilib, sevgi va xayrixohlik maʼnosini anglatuvchi qoʻshimcha. ataqi – otaginam,  anaqi – onaginam kabi” deb yozgan [Koshgʻariy 1963, III: 230]. Oʻzbek qarluq lahjasining Toshkent va Fargʻona tarmoqlarida “åpåqi” (opoqi) soʻzlari uchrab, “opa”, “bobo” maʼnolarida keladi [OʻXSHL 1971: 333; Hoshimov G‘., Komilova 2021: 29]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Toshkent shevasida qarindosh-urugʻlarni hurmat, erkalash anglamida “-gi” qoʻshimchasi ham uchrab, bizningcha, bu eski turkcha “-qi” qoʻshimchasining yumshatilgan koʻrinishidir: “adamgilar”, “onamgilar”, “opamgilar”, “okamgilar”. “-lar” koʻplik qoʻshimchasi oʻzbek tilida, ayniqsa, Toshkent, Fargʻona, Qarshi kabi qarluq tarmogʻida hurmat maʼnosida qoʻllaniladi. Koʻproq Toshkent shevasiga tegishli mazkur holat Turkiyada ham soʻzlashuv tilida uchrab, “annemgil” (onam), “babamgil” (otam) koʻrinishida hurmat koʻrsatish anglamlarida keladi [Merhan, Adamović 2014: 71-73].

Mazkur tadqiqotimiz ham eski turkchaga, ham bugungi qardosh tillariga xos ayrim nodir soʻzlar oʻzbek tilida va shevalarida, ayniqsa, toshkentliklar soʻzlashuvida ancha yaxshi saqlanib qolganini koʻrsatdi. Toshkent shevasi turkiy tillarning ulkan tarmogʻi – oʻgʻuzchadan ham oʻzida namunalar saqlab kelayotgani-da eʼtiborli. Shu bilan birga, bu sheva oʻrta asrlarda deyarli butun turkiylar uchun yozma adabiy til vazifasini bajargan “xoqoniya turkchasi”ning izdoshlaridan biri ekani anglashilmoqda. Ayniqsa, turkiy tillar orasida Toshkent shevasining oʻziga xos oʻrni borligining bosh koʻrsatkichlaridan biri – bu Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida qoʻllanilgan oʻtgan zamon birinchi shaxs koʻplik qoʻshimchasining qanday boʻlsa shundayligicha saqlanganidir.

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor