Jahonda oʻsmirlar madaniyati keyingi yillarda keskin oʻzgardi. Gʻarb mamlakatlari yoshlari orasida ildiz otgan “istaganingdek yasha”, “barchasiga ruxsat bor” tamoyili zamonaviy yoshlar feʼl-atvorida salbiy jihatlarni orttirdi. Zoʻravonlik, aysh-ishrat, giyohvandlik inson ruhiyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Liboslarda kes­kin noanʼanaviylik, isyonkorlik belgilari namoyon boʻldi. Yarimyalangʻochlik, atir-upaga meʼyordan ortiq ruju qoʻyish, kerak-nokerak ozaman deb, oʻzini oʻzi och qoldirish oʻsmirlar orasida urfga aylandi.

Toʻgʻri, oʻsmirlar feʼl-atvori, yeb-ichishi oʻzgaruvchan tabiatga egadir. Kechagina ommabop boʻlgan narsa bugun eskirishi mumkin. Libos tanlash ixtiyoriy boʻlsa-da, bunga taʼsir etuvchi talay omillar bor.

Xoʻsh, bu jarayonga mashhur kishilar qanday taʼsir koʻrsatadi? Mashhur aktyor va xonandalar – “moda olami” yetakchilaridir, koʻplab oʻsmirlar shu “yulduz”lar kiyinishiga taqlid qiladi. Koʻplab mashhur yulduzlarning oʻz moda yoʻnalishlari bor va oʻsmirlar libos tanlashda ularga bilib-bilmay ergashadi.

Endi tengqurlarning kiyinishda bir-biriga taʼsiri masalasiga diqqatni qaratsak. Oʻsmir libos tanlashda tengdoshlari qanday kiyinishiga qarab ham namuna oladi. Oʻsmirlar bir necha ijtimoiy guruhlarga ajralgani sabab, liboslar ularning qaysi guruhga mansubligini koʻrsatib beradi. Yirtiq jinsilar, qimmatbaho koʻylaklar yoki soch turmaklari – ularning barchasida oʻsmirlar modasining roli bor. Oʻsmir muhitga moslashishga intilsa, bu – normal holat, albatta, biroq uning bu borada qiyinchiliklarga duch kelishini ham eʼtiborda tutish darkor. Boz ustiga, ota-onaning gʻashini keltiradigan yurish-turishi uning kattalar talabiga qarshi isyoni natijasi boʻlishi ham mumkin. Odatda, bu holat oʻzgalardan yaqqol ajralib turuvchi libos yoki yuzga niqtalgan pirsing holatida kuzatiladi.

Bundan bir necha yil muqaddam mamlakatimizda “oʻsmirlar modasi” degan tushuncha hatto mavjud emas edi. Barcha sohalarni qamrab olgan “total defitsit” davrida oʻsmirlar “tasodifiy” kiyimlarda yurishga majbur edi. Biroq ota-onalar oʻz farzandlarini imkon qadar poʻrimroq kiyintirishga urinar edi. Oʻsmirlarning oʻzi ham bu jarayonda faol ishtirokchiga aylandi. Ular kattalarning keng paltosini qayta bichtirib toraytirar, oddiy bichimli shimlarning pochasiga “klyosh”larni ulab, jinsilarni togʻoralarda qaynatar yoki gʻisht bilan ishqalab oʻsha davrda modabop boʻlgan fakturalarni hosil qilar edi.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtilgan ilk yillarda ki­yim doʻkonlari yorqin va zamonaviy koʻrinsa-da, sifatsiz va didsiz liboslarga toʻlib ketdi. Ularning birgina afzalligi narxi arzonligi edi.

Birmuncha vaqt oʻtgach, dunyoning ilgʻor zamonaviy modasi respublikamizda isteʼmol madaniyati rivojiga oʻzgacha taʼsir qildi. Ota-onalarda did bilan kiyinish istagi kuchayishi barobarida oʻgʻil-qizlarini oʻzidan-da chiroyli kiyintirishga intilish ham kuchaydi. Bu esa aholi orasida yangicha kiyinish madaniyatini shakllantira boshladi.

Oxirgi yigirma yildagi moda koʻproq tavsiyaviy xarakter kasb etmoqda. Sifatli kiyimlar ishlab chiqarish jiddiy muammolardan biri – libosning vizual va konstruktiv belgilari modaning asosiy tendsiyalariga, inson qad-qomatiga yarashib turishidir. Detallarning tuzilishi va oʻlchami, chok-u bezaklarning joylashuvi va konfiguratsiyasi, libosning matosi modaning vizual belgilariga mutanosib boʻlishi lozim.

Oʻgʻil-qizlar ulgʻaygan sari ularda moda tendensiyalaridan taʼsirlanish tobora yaqqol namoyon boʻladi. Ayniqsa, oʻspirinlar ust-boshida bu taʼsirlanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda nafaqat kattalar modasidagi yoʻnalish va tendensiyalarni, balki yoshlar submadaniyatlariga xos unsurlarni ham hisobga olish zarur.

Yoshlar modasiga koʻproq estetik omillar taʼsir koʻrsatadi. Yoshlar uchun libos, avvalo, estetik talablarga javob berishi, moda yoʻnalishiga mos kelishi muhimdir.

Yana bir oʻziga xoslik yoshlar liboslarining uslubiy yechimlari bilan bogʻliqdir. Moda yoʻnalishiga hamohang holda bir vaqtda bir necha uslub hukmronlik qilishi mumkin. Zamonaviy yoshlar liboslariga turli-tuman, hatto usluban zid eklektik mozaika xosdir.

Yoshlar liboslarini loyihalashda, odatda, be­zaklarga alohida etibor qaratiladi. Bezak mahsulot turiga va libosning uslubiga bogʻliq. Masalan, sport liboslari alohida chiziqlar, kantlar, tugmalar, parchinlar, shuningdek, ramzlar koʻrinishidagi kashta va applekatsiyalarsiz boʻlmaydi.

Yoshlar oʻz liboslarida ifodaviylik, dinamika boʻlishini talab etadi. Bu esa, oʻzgalardan ajralib turish, oʻziga diqqat qaratish istagi bilan bogʻliq. Shuning uchun yoshlar liboslarini turfa ranglar va matolarni uygʻunlashtirish, dekorativ chiziq va bezaklarda ifoda etilgan ritm, simmet­riya hamda assimmetriya vobastaligi talabini qondirish lozim. 

Modaga munosabat yoshlar orasida ham turlichadir. Bu ruhiyat turfaligi bilan izohlanadi. Insonlarda temperament, feʼl-atvor – turlicha. Shunday ekan, ularda idrok etish ham farqli. Shu sabab kishilar kiyinish madaniyatiga koʻra, oʻrtachalar, avangardchilar va konservatorlar guruhiga ajratiladi. Biroq oxirgi guruhga yoshlar kirmaydi. 

Yigit-qizlar libosini loyihalashda modaning bugungi va ertangi holatini inobatga olish lozim. Avangard uslubdagi liboslar yaratish muayyan murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bular mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati, liboslarning obrazli yechimi, yuqori mahorat talablari bilan bogʻliqdir. Odatda, avangard liboslar koʻrgazmalardagi namoyishlar uchun tayyorlanadi. Ommaviy ishlab chiqariluvchi liboslar esa tez oʻzgaruvchan boʻlmaydi.

Yoshlar liboslarini loyihalashda ularning qulayligiga alohida eʼtibor berish lozim. Yoshlar faol hayot kechiruvchi qatlam boʻlgani bois libosga qoʻyiladigan asosiy talablardan biri – uning qulayligidir. Biroq baʼzi yoshlar eng soʻnggi urfda kiyinish va chiroyli koʻrinish uchun noqulaylik­larga ham koʻnikishga rozi. Ular tor yubka, shim va jinsilarni kiyib yuradilar. Mazkur holatda konstruktorning vazifasi – urfdagi siluyet va shakl­ni saqlab qolgan holda uning qulayligini imkon qadar taʼminlashdir. Bunga konstruktiv vositalar, elastik materiallardan foydalanish yoʻli bilan erishish mumkin.

Psixofiziologik omil insonning jismoniy rivojlanishi hamda yosh xususiyatini oʻz ichiga oladi. Oʻsmirlar va kattaroqlar liboslarida konstruktiv-kompozitsion jihatdan muayyan farqlar bor. Oʻsmirlar koʻproq sport uslubidagi liboslarni, erkin siluyetlarni, fuksional, qulay va universal liboslarni afzal koʻradilar. Oʻsmir qizlar koʻpincha yubka va koʻylak kabi ayollar libosidan voz kechib, shim, shortik, jinsi va kombenzon kiyib yuradi. Oʻsmir bolalar esa liboslarida yorqin rang­lar va turli yozuv va ramzlar boʻlishini yoqtiradi.

Yoshlar liboslarini loyihalashga iqtisodiy omil – mahsulot narxi ham taʼsir oʻtkazadi. Mazkur omil ishlab chiqarish imkoniyati va sharoiti bilan bevosita bogʻliqdir.

Xulosa qilib aytganda, oʻsmirlar modasiga taʼsir etuvchi asosiy omillar quyidagilardir:  1) taqlid; 2) tengqurlar taʼsiri; 3) submadaniyatlar taʼsiri; 4)  ommaviy madaniyat; 5) oilada shakl­langan kiyinish madaniyati; 6) reklama va turli brendlar; 7) bozorning holati.

Feruza OTAXONOVA,

Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI

libos dizayni kafedrasi mudiri

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son.