Inson har doim kelajakni anglashga, vaqtning yuragini tinglashga intilgan. Ajdodlarimiz esa buning yoʻlini osmon-u zaminni, fasllar almashinuvini va hayotning takrorlanib turuvchi qonuniyatlarini sinchiklab kuzatish orqali topgan. Muchal tizimi ana shu tafakkurning mahsuli sifatida shakllanib, xalq hayotiga chuqur singib ketgan.
Turkiy taqvim – 12 hayvonli muchal tizimi paydo boʻlishiga turli-tuman sabablar keltiriladi. Bizningcha, eng muhim omil Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti boʻlgan. Keskin kontinental iqlim, toʻrt faslning almashib turishi, dehqonchilik va chorvachilik bilan bogʻliq turmush tarzi uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirgan.
“Devonu lugʻotit-turk”da yozilishicha, turkiylar muchal yillarining har birida nedir hikmat bor deb oʻylagan. Masalan, sigir yilida urush koʻpayarmish, chunki hoʻkizlar bir-biri bilan tez-tez shoxlashadi. Bu yilda yomgʻir-qor koʻp yogʻadi. Qish uzun keladi. Tovuq yilida ovqat moʻl boʻladi. Chunki tovuqning yemishi dondir, tovuq donni topish uchun yer titadi. Timsoh (nahang) yili kirganida koʻp yomgʻir yogʻadi. Chunki timsoh suvda yashaydi. (“Devon”da muchal tizimining toʻrtinchi yili baliq emas, timsoh deb atalgan.)
Keyinchalik, ayniqsa, hozirgi kunda muchalning mana shu bashoratchilik bilan bogʻliq xususiyati koʻpchilikka yoqib qoldi. Bugunning odami muchal deganda odatda yillik bashoratlarni tushunadi. Bu esa azaldan din namoyandalarining eʼtiroziga sabab boʻlgan va muchalning xurofot deya izohlanib, taqiqlanishiga ham olib kelgan. Aslida 12 hayvonli turk taqvimining fol koʻrish bilan hech qanday aloqasi yoʻq. Mazkur irimlar aslo bashoratgoʻylik emas, balki xalqning asriy tajribalarini oʻzida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuri mahsulidir.
Inson tabiatning bir boʻlagi, tabiatdagi oʻzgarishlar bizga taʼsir etmay qolmaydi. Shunday ekan, “falon yil unday keladi, piston yil bunday keladi” kabi gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi boʻlmish hayvonning muhim xislati bilan bogʻliq ekani esa muchalni nomlashda yetti ming oʻlchab, bir kesilganidan darak.
Muchal hisobi boshqa madaniyatlarga oʻtishi bilan baʼzi oʻzgarishlarga uchragan. Muayyan madaniyatning oʻziga xos ijtimoiy-tarixiy va tabiiy-geografik sharoitidan kelib chiqib, yillarning xislatlari ham bir-biridan farqlanadi. Masalan, Oltoy qozoqlari sigir yili moʻtadil kelishiga, qorachoylar esa yomon yil boʻlishiga ishonadi.
Oʻzbek xalq maqollari orasida shunday namunalar uchraydiki, ajdodlarimizning 12 hayvonli taqvim asosida yillarni oldindan taxmin qilish, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi va turmush sharoitini rejalashtirish tajribasidan darak beradi. Masalan, “Bars yili – boylik. Quyon yili – qahatchilik” maqolini olaylik. Muchalning uchinchi yili yoʻlbars nomi deb atalib, bu hayvon kuch, serharakatlik ramzi deb qaraladi. Xalq kuzatuviga koʻra bu davrda hosil moʻl boʻlgan, savdo-sotiq yurishgan. Qadimda odamlar shunga qarab katta rejalar tuzgan, mol koʻpaytirgan, zaxira qilgan. Undan keyin keladigan quyon yilida esa koʻpincha qahatchilik kuzatilgan. Quyon yili yut boʻlar, degan maqol ham bejiz aytilmagan. Ushbu darrandaning beqarorlik va ehtiyotkorlik ramzi ekaniga eʼtibor qiling. Koʻpincha qattiq sovuq boʻlgan, hosil kam chiqqan. Buni bilgan xalq oldindan don va ozuqa jamgʻargan, isrofdan saqlangan. Yoʻlbars yilining barakotidan imkon qadar asrab qoʻygan.
“Sigir yili – toʻqlik, Qoʻy yili – yoʻqlik”. Sigir yili barqarorlik va toʻqlik bilan bogʻlanadi. Qoʻy yili esa yem-xashak tanqisligi bilan eslanadi. Shunga qarab chorvadorlar qaysi yilda molni koʻpaytirish yoki kamaytirishni avvaldan belgilagan.
Qish qattiq kelsa – it yili, degan maqolni eshitgansiz. Muchal tizimi ob-havo bilan ham zich bogʻlanganini aytdik. Ajdodlarimiz it yilining yoz faslida kelgusi qahraton ehtimolini hisobga olib, yem-xashak, yoqilgʻi va oziq-ovqatni koʻproq gʻamlab qoʻygan. Endi “It yili eksang, Toʻngʻiz yili oʻrasan”, degan maqolga toʻxtalsak. Bu aytim koʻp yillik dehqonchilik tajribasiga asoslanadi. Garchi it yilining qishi qattiq kelsa, qor-yogʻin koʻp boʻlsa-da, bu kelgusi yil uchun baraka sanaladi. Shu bois toʻqsonbosti ekinlardan koʻproq ekish maslahat berilyapti.
Ushbu maqollar orqali muchal tizimining dehqonchilikni rejalashtirish, chorvachilikni boshqarish, qishga tayyorgarlik koʻrish, xalqona prognoz qilish vositasi sifatida amaliy ahamiyati koʻrinyapti. Yaʼni muchal ota-bobolarimiz uchun faqatgina taqvim emas, balki hayot strategiyasi vazifasini bajargan.
Oldimizda ot yili turibdi. Bu boradagi qadimiy qarashlar ham koʻpchilikni qiziqtirsa kerak. Ot yili 12 hayvonli davriy tizimdagi yettinchi yil boʻlib, bahorgi tengkunlik – Navroʻzdan boshlanadi (2026-yil 21–22-mart). Mazkur muchal turkiy va boshqa sharq xalqlari tomonidan harakat, safarlar va tezkorlik ramzi sifatida qabul qilingan. Ot yilida yer unumdorligi va hosilning koʻpligi bilan bogʻliq hodisalar kuzatilgan. Inson faoliyatida safarlar va harakatlar uchun qulay yil hisoblangan. Jasorat, tezlik, qatʼiyat va katta ishlarni faol boshlash yili sifatida koʻriladi. Ot yili odatda yangilanish, oʻzgarish va yangi imkoniyatlar yili boʻlib keladi.
Xoʻsh, oʻtmishda ot yilida qanday muhim hodisalar kuzatilgan? Mazkur muchal davri tarixiy burilishlar, harbiy harakatlar intensivligi, global oʻzgarishlar, iqtisodiy va siyosiy burilishlar, madaniy inqiloblar bilan kechadi, bu esa “yil egasi”ning harakat, kurash, oʻzgarish, yangilanish energiyasiga mos tushadi. Misol uchun 1990–1991-yillardagi ot muchalida Sovet Ittifoqi parchalanishi yuz berganini eslash kifoya.
Albatta, har bir ot yili uchun yagona sabab-natija munosabati yoʻq. Ot yili faollik, harakat, oʻzgarish bilan timsol qilinsa ham, real tarixiy voqealar koʻplab boshqa sabablarga ham bogʻliq boʻlishi tabiiy. Shaxsiy hayot yoki ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faqat muchal bilan izohlab boʻlmaydi, biroq bu qarashlar xalq tafakkurida hayot ritmini anglash va unga moslashish vositasi boʻlib xizmat qilgan.
Muchal qarashlari bugungi kun uchun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. U bizni bashoratga emas, masʼuliyatga, tasodifga emas, rejalilikka chorlaydi. Tabiat bilan hisoblashib yashash, imkoniyatni oʻz vaqtida koʻra bilish, qiyinchilikni oldindan sezib, unga tayyor turish – muchal falsafaning bosh gʻoyasidir bu! Shunday ekan, turkey taqvimni kechagi kun yodgorligi sifatida emas, balki vaqt bilan hamnafas yashashni eslatuvchi maʼnaviy meros sifatida anglash lozim.
Bugun biz yangi davr ostonasida turibmiz. Oldimizda ot yili – harakat va yangilanish ramzi boʻlgan bosqich ochilmoqda. Bu yil xalq xotirasida doimo joʻshqinlik, tashabbus va katta qadamlar bilan uygʻunlashib kelgan. Ot yili – eski qoliplardan chiqib, yangi marralarni koʻzlashga pallasidir! Vaqt bizdan sustkashlikni emas, dadillikni, kutishni emas, harakatni talab qilmoqda!
Farrux JABBORBEK