Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid Ahmadaliyev javob berdi.
– Plastik kartamga nomaʼlum odamdan pul tushdi. Bank xodimiga bogʻlandim, pulning egasini topib berolmadi. Ana shu pulni kimga yo qayerga topshirsam toʻgʻri qilgan boʻlaman?
– Bismillahir rohmanir rohim. Mazkur pulni egasi izlab kelmaydi degan gumon gʻolib boʻlguncha kutiladi. Egasi chiqib qolsa beriladi, chiqmasa, egasining nomidan sadaqa qilib yuboriladi.
Hozir kiberjinoyatchilar birovlardan oʻgʻirlagan pullarini begona odamlarning plastik kartasiga tushirib, keyin telefon orqali bogʻlanib, oʻsha mablagʻni boshqa kartaga oʻtkazishni iltimos qilmoqda. Koʻp hollarda bu pulga qoʻshib karta egasining ham puli yechib olinayapti. Shunday holatlarga duch kelinsa, mutasaddi idoralarga murojaat qilish kerak boʻladi.
* * *
– Toʻy qilishga imkoniyatim yoʻq. Qiz bilan kelishib toʻy qilmasdan turmush qursak boʻladimi?
– Uylanish uchun albatta toʻy qilish vojib emas, balki sunnatdir. Paygʻambarimiz alayhissalom sahobiylarga toʻy qilishni tavsiya qilgan. U zot ham toʻy qilgan, baʼzi toʻylarida dasturxonda hatto goʻsht boʻlmagan.
Aslida nikoh durust boʻlishi uchun yetarli guvohlar huzurida kelin va kuyov roziligini ochiq-oydin aytishlari va buni guvohlar hamda oʻzlari eshitishlari kifoya.
Toʻydan maqsad nikohni eʼlon qilib qoʻyishdir. Sunnat ado topishi uchun tanishlarga, qoʻni-qoʻshnilarga oz boʻlsa-da, shirinliklar tarqatish ham kifoya. Ammo kuyov ham, kelin ham ota-onasiga, yaqinlariga bildirmay, yashirincha nikohlanishi maqbul emas. Koʻp hollarda bunday nikohlar uzoqqa bormaydi.
* * *
– Dallol uy sotmoqchi boʻlgan shaxsga mijoz topib berdi. Uy sotildi, oradan koʻp oʻtmay savdo buzildi. Mazkur holatda dallol ish haqini talab qila oladimi? Agar olgan boʻlsa, qaytarib berishi kerakmi?
– Dallol bu holatda xizmat haqini olishga haqli, olgan boʻlsa qaytarib berishga majbur emas. Chunki ikki tomon uyni oldi-sotdi qilishlari bilan uning xizmati yakuniga yetgan. Ulamolar bu masalaga tikuvchini misol qilib keltirganlar. Masalan, tikuvchi kiyim tikib bergandan soʻng mijoz uni yirtib yuborsa ham tikuvchi xizmati uchun haqini oladi.
Demak, uy yoki boshqa narsaning oldi-sotdisidan keyin oʻrtadagi kelishuv bekor boʻlgan taqdirda ham dallol qilgan ishi uchun haq olishi joiz.
Agar dallol sotuvchidan xizmat haqi undirish maqsadida birov bilan til biriktirib, soxta xaridor olib borsa va shu orqali manfaat koʻrmoqchi boʻlsa, bu – ogʻir gunoh. Bu ish firibgarlik va odamlarning molini botil yoʻl bilan yeyish hisoblanadi. Bu yoʻl bilan topilgan daromad harom.
* * *
– Xalqimizda “Onasini koʻrib qizini ol” degan maqol bor. Bu ibora shariatga qanchalik toʻgʻri keladi, ona axloqsiz boʻlsa, qizi ham shunaqa boʻlavermaydi-ku?
– Bu ibora oyat, hadis, diniy hukm yoki shariat qoidasi emas, balki xalqning xulosasidir. Ona farzand uchun eng yaqin tarbiyachi va namuna boʻlgani sababli aksar hollarda qizlar onasidan koʻp narsani oʻrganadi. Lekin buni hamma holatga tatbiq qilish toʻgʻri emas. Chunki islom dinida har bir inson qilgan amali uchun oʻzi javob beradi. Ayrim hollarda yaxshi ota-onadan noqobil farzandlar tugʻilishi yoki, aksincha, yomon kishilarning farzandi solih inson boʻlib yetishishi mumkin. Masalan, Nuh alayhissalomning farzandi kofir boʻlgan boʻlsa, Ali roziyallohu anhuning otasi Abu Tolib musulmon boʻlmagan. Bu shuni koʻrsatadiki, insonning axloqi faqat ota-onaga bogʻliq emas.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadi: “Ayol toʻrt narsa uchun nikohlanadi: moli uchun, nasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, baraka topkur” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu hadisdan ayon boʻladiki, nikohda eng asosiy mezon qizning oʻzi qanday inson ekanidir, faqat onasiga yoki oilasiga qarab hukm chiqarish toʻgʻri emas. Ammo begona qizning iymon-eʼtiqodi, taqvo va dindorlik darajasini aniqlash oson ish emas. Qizning holatini bilmagan kishi uning oilasidagilar, xususan, onasiga qarab taxminiy xulosa qilishi mumkin. Xalqimizdagi mazkur maqol shu maʼnodan kelib chiqib aytilgan.
* * *
– Xotinim burnini teshtirib, unga tilla yoki kumush taqmoqchi. Uning shunday qilishi joizmi?
– Dinimizda ayollarga meʼyoridan oshmagan holda tilla va kumushdan yasalgan taqinchoqlar taqishiga ruxsat berilgan. Bizning yurtlarda taqinchoqlarni quloq, barmoq, bilak va boʻyinga taqish urf boʻlgan. Ulamolar burunga taqinchoq taqish faqat bu ish urfga kirgan yurt ayollari uchun joiz deyishgan. Shu sababdan oʻsha yurtlarda yashovchi ayollarga burunni teshtirish xuddi quloq teshtirish kabi joiz. Bizning yurtlarda odat tusiga kirmagani bois ayollar bunday ishlardan tiyilishi tavsiya etiladi.
* * *
– Tillafurush zargarga tillani muzorabaga beradi. Zargar undan taqinchoq yasab sotadi. Kelgan pulga yana tilla sotib olib, shunday ish qiladi. Ishni tugatib, foydani taqsimlashda tillafurush bergan tillasini hamda tegishli foydani oladi. Shunday qilish joizmi?
– Bismillahir rohmanir rohim. Muzorabaning toʻgʻri amalga oshishi uchun bir qancha shartlar talab etiladi. Shulardan biri unga kiritilayotgan sarmoya pul shaklida boʻlishidir. Bugun kundalik oldi-berdida tillani pul sifatida ishlatish urf boʻlmagan. Savdo-sotiqda hech kim tilla bilan narx belgilamaydi, tillaga savdo ham qilinmaydi. Shu sababli tillani sarmoya sifatida kiritish joiz emas.
Agar sarmoyador ishyurituvchiga “Shu tillani soting va pulini sarmoya sifatida ishlating. Ish tugagach, sarmoyani va foydani shu hisobda olaman” desa, bu holatda tilla vakillik yoʻli bilan naqdlashtirilgan va sarmoya naqd pul koʻrinishida boʻlgani tufayli joiz hisoblanadi.
Agar kimdir savoldagi kabi nojoiz shaklda kelishuv tuzib ish yuritayotgan boʻlsa, uni toʻxtatib, toʻgʻrilashi kerak. Ungacha koʻrilgan foyda va zarar sarmoyadorning oʻziga boʻlib, mehnat qiluvchi tomonga ajri misl, yaʼni bajargan ishiga yarasha bozor narxidagi haq beriladi.
* * *
– Otam otalik qilmagan, moddiy va maʼnaviy taʼminlamagan, hozir kam koʻrishib turamiz. Shunday boʻlsa ham uning roziligini olishim kerakmi? Notoʻgʻri savol bergan boʻlsam uzr.
– Shariatimizda otaning ham, farzandning ham oʻz huquq va majburiyatlari bor. Ammo otaning masʼuliyatsiz yo zolim boʻlishi farzand zimmasidan unga yaxshilik qilish, hurmat koʻrsatish va silai rahm qilish majburiyatini soqit qilmaydi. Qolaversa, hadislarda Allohning roziligi otaning roziligiga bogʻliq ekani aytilgan.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Robbning roziligi otaning roziligida va Robbning gʻazabi otaning gʻazabidadir” dedi” (Imom Termiziy rivoyati).
Shu sababli otangizning oʻtmishdagi xatolari va hozirgi beparvoligiga qaramay bu dunyoda uning roziligini olishga harakat qilishingiz, uchrashganda ochiq yuz va hurmat bilan kutib olib, hol soʻrashingiz va undan aloqani butunlay uzib yubormasligingiz lozim. Vallohu aʼlam.
* * *
– Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Ota jannatning oʻrta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil” degan ekan. Shuni izohlab bersangiz. Oʻrta eshik deganda nima tushuniladi?
– Ha, haqiqatan shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining oʻrtasidir. Xohlasang, oʻsha eshikni muhofaza qil yoki zoe qil” deganini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisning mazmunini tushuntirib berishgan. “Oʻrta” deb tarjima qilingan soʻz hadisda avsat deb kelgan. Avsat soʻzining bir emas, bir necha maʼnosi bor. Oʻrta degan maʼnodan tashqari eng yaxshi, eng toʻgʻri, moʻtadil degan maʼnolarda ham keladi.
Alloma Qozi Bayzoviy rahimahulloh aytadi: “Yaʼni (jannat) eshiklarining eng yaxshisi va eng oliysidir. Buning maʼnosi shuki: jannatga kirishga va uning oliy darajalariga erishishga vosita boʻladigan eng goʻzal narsa ota-onaga itoat qilish hamda ularning huquq va koʻngillarini rioya qilishdir”.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshigi bor va ularning ichida kirish uchun eng goʻzali oʻrtadagisidir. Oʻsha oʻrta eshikdan kirishga sabab boʻladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”.
* * *
– Tovuq uyda soʻyilganda qaynoq suv quyib pati yulinadi. Shunday tozalangan tovuq goʻshtini yeyish mumkinmi?
– Boshqa hayvonlardan farqli oʻlaroq tovuq soʻyilgandan keyin ustidan qaynoq suv quyish yoki suvga solib qoʻyish holati mavjud. Patini oson yulish uchun ustidan qaynoq suv quyish tovuq goʻshtini isteʼmolga yaroqsiz qilmaydi. Mazkur holatda qaynoq suv sababli tovuq ichidagi najosatlar goʻshtning ichigacha sizib oʻtib, uni najosat qilib qoʻyishi mumkin. Odatda bunday holat tovuqni qaynoq suvga uzoq muddat solib qoʻyishda kuzatiladi.
Qaynoq suv quyib pati yulingach, tovuq ichini tozalab, najosat va yeb boʻlmaydigan aʼzolarni olib tashlash, goʻshtni yaxshilab yuvish lozim.
Agar patini yulishda tovuq qaynoq suvga solib qoʻyilgan boʻlsa, bu holatda ikki jihatga ahamiyat berish zarur:
1. Suv oʻta issiq boʻlmasligi kerak. Agar suv oʻta issiq boʻlsa, tovuq ichidagi najosatlar goʻshtga singib ketishi mumkin.
2. Tovuq qaynoq suvda ichidagi najosat tarqaydigan darajada koʻp qolmasa, yaʼni najosat goʻshtning ichigacha sizib kiradigan vaqtgacha turmasa goʻsht harom boʻlmaydi.
Zamonaviy halol standartlarni ishlab chiqishda olimlar suvning turli haroratlarda tovuq goʻshtiga koʻrsatadigan taʼsirini oʻrganib chiqishgan. Bu tadqiqotlarning xulosasi shuki, goʻsht toʻqimalari va teriga 70 darajadan yuqori haroratning oʻziyoq qaynash darajasidagi taʼsirni beradi, yaʼni teri va toʻqimalarni pishirib, najosatning ichkariga soʻrilishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun bir qator olimlar mazkur jarayonda suvning harorati 60–64 darajadan oshmasligi kerakligini taʼkidlagan. Jumladan, Pokistonning PS:3733 standartida suvning harorati 60 daraja selsiygacha, tovuqning suvda turish muddati esa 50-60 soniyagacha deb belgilangan. Hindistondagi “Jamiat Ulama-i-Hind Halal Trust” tashkilotining standartida esa suvning harorati 64 darajadan oshmasligi, tovuqning suvda qolish muddati 100 soniyadan koʻp boʻlmasligi kerak deyilgan. Malayziya halol standartiga (JAKIM) koʻra bu harorat 55 daraja (±1 daraja) boʻlishi va jonliq suvda koʻpi bilan 120 soniya ushlab turilishi lozim. Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.