Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi
– Assalamu alaykum! Ota-ona qiz farzandini turmushga uzatganidan keyin undan moliyaviy yordam yoki hadyalar kutishi joizmi va qiz farzandning ota oldidagi burchlari va farzlarini aytib bersangiz, iltimos.
– Vaalaykum assalom! Qizini turmushga uzatgach, agar ota-ona kambagʻal va muhtoj boʻlib qolsa va shu holatda qizning shaxsiy mulki boʻlsa (ota-onaning boshqa oʻgʻil farzandi boʻlmasa yoki oʻgʻil farzandi ham faqir boʻlsa), albatta qiz ota-onasiga moddiy yordam berib, taʼminlashi kerak. Aks holda gunohkor boʻladi. Agar ota-ona muhtoj boʻlmasa, qizidan hech qanday moddiy yordam kutmasligi lozim. Hadya ixtiyoriy narsa, lekin imkoni bor oʻgʻil-qizlar ota-ona va yaqinlariga hadya ulashib turishlari katta savobli ishdir. Moddiy yordamga muhtoj boʻlmagan ota-onani qiz farzandlari ham erining ruxsati bilan, koʻp kuttirmagan holda bir hafta-ikki haftada koʻrgani borib turishi kerak. Albatta, bu erining uyi bilan ota-onasining uyi orasi yaqin boʻlgan kishilarga oid gap. Uzoq boʻlsa, sharoitga qarab, telefon orqali tez-tez hol soʻrab, imkon topishi bilan kelib, ziyorat qilib turishi zarur.
– Choʻkayotgan odam xasga yopishibdi deganlaridek, kasal boʻlib qolgan kishilar ham davo istab har tomon yuguradi. Bunday paytda urinoterapiya, yaʼni peshob bilan davolovchilar ham davolashni vaʼda qiladilar. Shu davolash usulidan biror kishi shifo topishi mumkinmi, oʻzi uning hukmi qanday?
– Halol dorilar topilib tursa va oʻsha najosatda shifo borligi isbotlanmagan boʻlsa, uni isteʼmol qilish joiz emas.
Alloma Haskafiy rahimahulloh mazhabimizda harom bilan davolanish joiz emasligini bayon qilib, “Hoviy” kitobidan naql qiladi: “Baʼzi qavllarga koʻra harom narsada shifo borligi maʼlum boʻlsa va boshqa davo (dori) topilmasa, harom bilan davolanishga ruxsat beriladi” (“Durrul-muxtor” kitobi).
Alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh yuqoridagi soʻzlarni sharhlab, harom moddada shifo borligi aniq boʻlmasa, u bilan davolanish joiz emasligini aytadi. Lekin oʻsha moddada shifo borligi tabib oʻtkazgan koʻp tajribalardan maʼlum boʻlgan boʻlsa, bu gumoni gʻolib kelgan tabibning soʻzi sifatida eʼtiborga olinadi.
Demak, ulamolarning fatvolariga koʻra bemorga boshqa halol dori-darmon topilmaganda, harom moddada shifo borligi bir qancha tajribalarda isbotlangan boʻlsa, davolanish uchun uni isteʼmol qilish joiz boʻladi. Bu ruxsat toki bemor tuzalguncha davom etadi, undan keyin esa bu narsa yana yeyish harom boʻlgan moddaga aylanadi.
Hadisi shariflarda har bir dardning davosi halol narsalarda borligi bayon qilingan. Shunday ekan, tabiblarimiz halol dorilarni kashf qilishga qattiq kirishsalar, harom bilan davolanishga hojat qolmaydi.
– Qibla tarafda uxlab yotgan yoki gaplashib oʻtirgan odamning ortida namoz oʻqisa boʻladimi?
– Qiblaga qarab oʻtirgan yo turgan kishining ortida namoz oʻqisa boʻladi. Paygʻambarimiz Ikrimani qiblaga yuzlantirib qoʻyib ortida namoz oʻqigan.
Ammo namozxonga yuzlanib turgan yoki uni ibodatdan chalgʻitadigan darajada baland ovoz bilan gaplashayotganlar yonida, shuningdek, qibla tarafida uxlab yotgan kishi qarshisida oʻqish makruhdir (“Sharhi Avrod”).
– Baʼzilar baraka keladi deb uyning eshigi tepasiga taqa osib qoʻyadi. Shu ish mumkinmi?
– Yoʻq, mazkur niyatda uy eshigi tepasiga taqa osib qoʻyish aslo joiz emas. Bu ish xurofot ishlardan hisoblanadi.
– Marhumning vafotidan soʻng uning farzandlari qirq kun shom mahaligacha uyda boʻlishlari kerak degan gap bor, shunga aniqlik kiritsangiz.
– Bu gapga asos yoʻq.
– Inson vafot etganidan soʻng uning xonasi chirogʻini yoqib qoʻyishadi. Ayrimlar islomda nur yaxshilik degan maʼnoni bildirgani uchun shunday qilinishini aytishadi.
– Bu ham xalqimiz orasida tarqalgan bidʼat ishlardan. Bundan koʻra Qurʼoni karimdan uch-toʻrt oyat oʻqib, oʻtganlarga bagʻishlash ming marta afzal. Bu kabi botil eʼtiqodlar gunohi azim boʻladi.
– Biz tomonlarda aza boʻlgan xonadonda ayollar mato, sochiq, choy, xullas, shunga oʻxshash narsa ulashadilar. Men ularga bunday narsalarni ulashish mumkin emas desam, quda-qarindoshnikiga borganda bizga berishgan, uni qaytarmasak zimmamizda qarz boʻlib qoladi deyishadi. Bunday holda vafot etgan kishi ham qarzdor boʻladimi? Bundan tashqari, vafot etgan odamga qoʻy soʻyib maʼraka qilish shartmi?
– Siz aytgan tarqatishlar haqida shariatimizda buyruq yoʻq. Vafot etgan kishiga savobi yetishi uchun ehson qilib muhtojlarga ziyofat qilib bersa joiz. Oʻtganlarga savobi yetib boradi. Biroq bu borada ham turli bidʼat va xurofotlardan ehtiyot boʻlish zarur.
– Koʻrinishi va ovozidan huzurlanish uchun qushlarni qafasda saqlash joizmi?
– Baʼzi qushlarning koʻrinishi chiroyli, ovozi yoqimli boʻladi. Goʻzallikni barcha yaxshi koʻradi. Goʻzallik Alloh taoloning neʼmatlaridandir. Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ayting: “Allohning bandalari uchun chiqargan ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?..” (Aʼrof surasining 32-oyati).
“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi)” (Nahl surasining 8-oyati).
Alloh taolo hayvonot, oʻsimliklar va boshqa ziynatlarni bandalari uchun yaratgan. Ulardan zavqlanish, foydalanish mubohdir. Ziynat hisoblangan baliq va qushlarni dinimiz amrlaridan chiqmaslik sharti bilan boqish mumkin. Bu shartlar asosan quyidagilardir:
ularni boqish bilan faxr va kibrga berilib ketmaslik kerak;
ularni parvarish qilish va ularga eʼtibor berish zimmasidagi ibodatlardan chalgʻitib qoʻymasligi kerak;
ular oʻz vaqtida oziqlantirilishi lozim. Zero, mushuk boqib, unga ovqat va suv bermay qiynagan ayolni Alloh taolo azoblagani haqidagi hadis mashhur.
Ikki “Sahih”da vorid boʻlgan hadisda Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insonlarning eng goʻzal xulqlisi edi. Mening emikdosh ukam boʻlib, uni Umayr – “Umarcha” deb chaqirishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning uyga kelsa, “Ey Abu Umayr, nugʻayrni (tumshugʻi qizil, chumchuqsimon qush) nima qildik?” der edi”.
Alloma Abulabbos Qurtubiy aytadi: “Ulamolarning “qushlarni qafasda ushlab turish” joiz degan fatvolaridan ularga azob berish mumkin degan xulosa chiqmaydi, chunki paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayvonlarga azob berishdan qaytargan”. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Qiyomat kuni qushlar oʻzlarini qafasda saqlab, och qoldirib qiynagan kishining boʻyniga osilishadi va “Ey Rabbim, mana bu meni dunyoda azoblagan” deydi”.
– Agar kishi boshqa bir kishidan oʻrtada turib birodari uchun qarz olib bersa, qarz bergan kishi qarzdordan qarzini soʻramasa, qarzdor ham qarzni qaytarish tashvishini qilmasa, har xil bahonalar qilsa, oʻrtada turgan kishi nima qilishi kerak?
– “...qarz bergan kishi qarzdordan qarzini soʻramasa”. Aslida qarz bergan kishi agar qarzni qaytarib olish niyati boʻlsa, albatta qarzdordan uch marta vaqti-vaqti bilan soʻrashi shart. Agar soʻramasdan oʻzidan oʻzi xafa boʻlib yuraveradigan boʻlsa, u nohaq boʻladi. Zotan, inson unutuvchidir, balki qarzdorligini unutib qoʻygandir, unga uch marta eslatish kerak. Agar shunda ham qarzni bermasa keyin boshqa chora koʻriladi. Yaʼni xohlasa kechib yuboradi yoki mahkama orqali undirib olsa ham boʻladi yoxud oʻrtada kafil boʻlgan kishidan undirib olsa ham boʻladi. Keyin kafil boʻlgan kishi haqiqiy qarzdordan undirib olaveradi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024 yil 3-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati