Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohibi Iosif Brodskiy 1988-yil, 18-dekabrda Michigan universiteti bitiruvchilari qarshisida nutq soʻzlaydi. Sovet ittifoqida yashashga mahkum rus shoirining Amerikaga borib qolishining oʻzi alohida bir hikoya. Ammo amerikaliklar allaqachon uning sheʼriy toʻplamlaridan boxabar edi, ammo uni dunyoga va inglizzabonlarga tanitgan narsa – uning esselari. Darvoqe, Brodskiy ham oʻzini “rus shoiri, inglizzabon esseist va albatta, Amerika fuqarosi” deb ataydi. Quyidagi nutqida u Michigan universiteti bitiruvchilariga oq yoʻl tilab, oʻzining ayrim tavsiyalarini beradi. Dunyoviy, axloqiy va insoniy jihatdan muhim ahamiyat kasb etgan ushbu mulohazalarni biroz qisqartirilgan holda oʻzbek tilida havola etamiz.

Hayot – qoidalari koʻp, ammo hakamsiz oʻyin. Unda oʻynashni biror yoʻriqnoma, masalan, Muqaddas Kitobdan emas, balki uni kuzatish orqali oʻrganamiz. Shu sabab koʻpchilik gʻirrom oʻynashi, kamchilik gʻalaba qozonishi va aksar kishilar magʻlub boʻlishi ajablanarli emas.

Biroq men bu yerga aynan qaysidir eʼtiqod yoki falsafaning ijobiy jihatlarini sanash uchun kelmadim, bundan tashqari zamonaviy taʼlim tizimi hamda uning ehtimoliy qurbonlari sanalmish siz yoshlarni ham nishonga olishdan tiyilaman. Avvalo, men sizni qurbon deb hisoblamayman. Bundan tashqari, siz ayrim sohalarda mendan yoki tengqurlarim ichidagi istalgan bir kishidan koʻra benihoya bilimliroqsiz. Men sizni uzoq safar oldida turgan yosh, oʻychan, oʻzbilarmon jonlar guruhi sifatida koʻraman. Bu yoʻl naqadar uzoqligidan tanamda titroq turadi va oʻzimni savolga tutaman: xoʻsh, sizlarga qanday yordamim tegishi mumkin? Hayot haqida sizga qoʻl kelishi mumkin boʻlgan yoki siz uchun biror ahamiyat kasb etgan nimadir bilamanmi, agar bilsam, bu maʼlumotni sizga yetkazish imkoni bormi?

Shu sabab hozir beradigan maslahatlarimni, agar shunday atash mumkin boʻlsa, Sinay togʻi sifatida emas, shunchaki bir nechta aysberg choʻqqilari sifatida qabul qiling. Men Muso, siz esa Eski Ahd yahudiylari emassiz; sariq yondaftarga qoralangan bu tartibsiz qaydlar – olam qonuniyatlari yozilgan zarvaraq emas. Istasangiz, ularni rad eting; lozim topsangiz, ularga ishonmang; juda boʻlmasa, unuting: ular sizga hech qanday majburiyat yuklamaydi. Agar ulardan biri sizga hozir yo kelajakda asqatsa, boshim osmonga yetadi. Aksi boʻlsa, gʻazabim sizni quvib yetmaydi.

1. Hozir ham, kelajakda ham tilingiz aniqligiga eʼtibor qaratganingiz maʼqul, deb oʻylayman

Soʻz boyligingizni oshirishga, bankdagi hisobingizga qanday munosabatda boʻlsangiz, shunday munosabatda boʻlishga harakat qiling. Unga koʻproq eʼtibor qaratib, kirimni koʻpaytirishga urining. Maqsad bu yerda sizning yotoqda yoki kasbiy faoliyatingizda soʻzamol boʻlishingizga koʻmaklashish emas, garchi bu borada ham yordam berishi haqiqat, yoki sizni dunyoviy aql egalariga aylantirish ham emas. Maqsad oʻy-fikrlaringizni iloji boricha toʻlaroq va aniqroq anglatishga imkon yaratish; bir soʻz bilan aytsak, maqsad – sizning muvozanatingiz. Zero, aytilmagan, toʻkib-sochilmagan sezimlar sizni muqarrar ravishda nevrozga duchor qilishi ehtimoli bor.

Har kuni odam koʻnglida minglab oʻzgarishlar yuz beradi, ammo ularni ifoda etish usuli koʻpincha bir xilligicha qolaveradi. Kechinmalar uni anglatish qobiliyatidan oʻzib ketadi. Bu ruhiyatingizga ogʻir taʼsir qiladi. Nomini topilmagan, gapirilmagan hislar, kichik tafovutlar, fikrlar, inʼikoslar taqribiy gap qurilishlaridan qoniqmaydi va odam ichida toʻplanib, psixologik portlash yoki buzilishga olib kelishi mumkin.

Bundan qochish uchun kitob qurtiga aylanish shart emas. Lugʻat sotib olib, uni har kuni oʻqib turish kifoya, baʼzida sheʼrlar ham ortiqcha emas. Ammo lugʻat birinchi darajali ahamiyatga ega. Atrofimizda lugʻat koʻp; ayrimlari uchun zarrabin kerak. Ular, hatto eng qimmatlari (zarrabin qoʻshib beriladiganlari) ham bir marta psixiatr qabulida boʻlishdan koʻra ancha arzonga tushadi. Shunda ham, juda psixiatrga qatnagingiz kelsa, unda soʻzxoʻrlik alomatlari bilan tashrif buyuring.

2. Hozir ham, keyin ham ota-onangizga mehrli boʻlishga intiling

Bu “Ota-onangni hurmat qil” degan oʻgitga juda oʻxshasa, na chora. Men faqat shuni aytmoqchiman: ularga qarshi bosh koʻtarmaslikka urining, chunki katta ehtimol bilan, ular sizdan avvalroq vafot etadi, shunday ekan, oʻzingizni hech boʻlmasa aybdorlik hissidan saqlab qolasiz.

Agar isyon qilishni istasangiz, koʻngliga olmaydigan boshqa birovni toping. Ota-onaday yaqinlaringizni nishonga olmang (shuningdek, aka-uka, opa-singil yoki turmush oʻrtogʻingizni ham); masofa shu qadar yaqinki, moʻljalga urmaslikning iloji yoʻq. Ota-onaga qarshi isyon haddan ortiq burjualarga xos tutim, chunki bu isyonchiga yuksak darajada farogʻat beradi, ayni vaziyatda komil ishonch ortidan kelgan qalb qoniqishini. Siz bu yoʻlga qanchalik kech qadam qoʻysangiz, shunchalik kech burjuaga aylanasiz; yaʼni badgumon, hadikchi, aqliy salohiyatidan qoniqmagan odam sifatida qancha uzoq qolsangiz, shuncha foydangizga. Boshqa tomondan, “bir tiyin ham olmayman” qabilidagi isyonning oʻziga yarasha foydasi bor, chunki ota-onangiz, katta ehtimol bilan, oʻzining bor mol-mulkini sizga meros qoldiradi va omadi chopgan isyonchi oxir-oqibat u boylikka butunicha ega chiqadi; boshqacha aytganda, isyon – pul jamgʻarishning samarali usuli. Biroq foizi zararga ishlaydi; va aytgan boʻlardimki, kasodga uchratadi.

3. Siyosatchilarga koʻp ham ishonmang

Koʻpincha oʻz ishiga noʻnoq va adolatsiz boʻlganlari uchungina emas, balki ular bajarayotgan ish qamrovi ularning ichida eng yaxshilari – qaysidir siyosiy partiya, doktrina, tizim yoki qaysidir loyiha – uchun ham haddan tashqari kattalik qilgani sabab. Ular ijtimoiy yovuzlikni nari borsa biroz yumshatishi mumkin, lekin butunlay bartaraf qilolmaydi. Bu islohotlar qanchalik sezilarli boʻlmasin, axloqiy nuqtayi nazardan, baribir ahamiyatsizday koʻrinaveradi, chunki, bir dona boʻlsa ham, bu oʻzgarishdan foyda koʻrmaydigan odam doim topiladi.

Dunyoning doim kami bor; oltin davr hech qachon kelmagan va kelmaydi ham. Dunyo faqat bir jihatdan oʻzgaradi: gavjumlashadi, yaʼni hajman kengaymagan holda odam soni koʻpayadi. Oʻz pirogini siz bilan baham koʻrishga vaʼda bergan odam qanchalik insofli boʻlmasin, pirog kattalashib qolmaydi; ulushingiz albatta ozayadi.

Shuni anglash yoki, aniqrogʻi, anglamsizlik ortidan siz oʻz uyingizdagi pishir-kuydirga ishonishingiz, yaʼni dunyoni mustaqil boshqarishingiz lozim, hech boʻlmasa, siz uchun ochiq boʻlgan va qoʻl uzatsangiz, yetadigan qismini.

4. Ajralib turmaslikka, kamtar boʻlishga harakat qiling

Quyosh ostidagi bu zamin uzra yuksakka tirmashish, albatta, pastdagilar hisobiga sodir boʻladi. Kimningdir oyogʻini bosib olishga majburligingiz uning yelkasiga chiqib olishingiz kerakligini anglatmaydi.

Qolaversa, siz u nuqtadan odamlar dengizini va oʻzingiz kabi koʻzga koʻringan, biroq juda qaltis joyga oʻrnashib olgan kishilarni, yaʼni boy va mashhur deb ataluvchilarni koʻrasiz xolos.

Umuman, boshqalardan koʻra toʻkisroq yashash odamning ichiga xijillik soladi, ayniqsa, oʻsha boshqalar soni milliardlarga yetsa. Ustiga-ustak, boy va mashhurlar ham bugun ulkan toʻda hosil qilgani uchun tepa ham juda torayib ketgan. Shunday ekan, siz agar boylik va shon-shuhratga intilayotgan boʻlsangiz, omad tilayman, ammo unga butun borligʻingiz bilan berilib ketmang.

Oʻzga kishi egalik qilayotgan narsaga tashnalik shaxsiy qiyofangizni yoʻqotishni anglatadi; boshqa tomondan esa u ommaviy ishlab chiqarishni ragʻbatlantiradi. Bir marta yashashingizni hisobga olsak, eng koʻzga koʻringan kelishelardan, shu jumladan, sovgʻabop kitoblardan qochishni tavsiya qilgan boʻlardim. Yodingizda boʻlsin, oʻzingizni boshqalardan ayricha his qilish ham sizdagi oʻziga xoslikka putur yetkazadi, haqiqat hissini shu vaqtgacha erishilgan qamrovgacha toraytirib yuborishini-ku aytmasa ham boʻladi. Oʻzida cheksiz salohiyatni jam qilganlar orasida siqilishib yurish, ularning tashqi koʻrinishi va daromadini hisobga olgan holda, har qanday klubga aʼzo boʻlishdan koʻra yaxshiroq.

Koʻproq oʻshalarga oʻxshashga harakat qiling, ulardan farqlanib turuvchilarga emas; kulrang kiyimga odatlaning. Mimikriya individuallikdan voz kechish emas, balki uni himoya qilish. Sizga pastroq ovozda gapirishni ham maslahat bergan boʻlardim-u, juda oshirib yubordi deb oʻylashingizdan hadiksirayapman.

5. Oʻzingizdan jabrdiyda yasashdan qoching

Koʻrsatkich barmogʻingizga ehtiyot boʻling, chunki u birovni qoralashga tashna. Birovga barmoq oʻqtalish – jabrdiydalik alomati; koʻrsatkich va oʻrta barmoq birgalikda gʻalabani anglatsa, bu magʻlubiyatni anglatadi.

Ahvolingiz qanchalik rasvo boʻlmasin, bunda tashqi kuchlarni ayblamaslikka tirishing: tarix, davlat, boshqarma, irq, ota-ona, oy fazasi, bolalik, tuvakka vaqtida oʻtqazishmagani. Xullas, bu roʻyxat uzun va zerikarli; uning uzun va zerikarli ekanining oʻziyoq undan foydalanmaslik ustida bosh qotirib oʻtirish siz uchun haqoratligini koʻrsatadi. Siz aybni boshqa nimagadir yuklagan paytingizda nimanidir shaxsan oʻzgartirishga boʻlgan ishtiyoqni yoʻqqa chiqarasiz; hatto aytish mumkinki, qoralashga tashna barmoq jazavada goh uni, goh buni koʻrsatishi ham undagi qatʼiyat yetarli darajada emasligidan dalolat.

Jabrdiydalik maqomi ham odamga lazzat beradi. U rahm-shafqat uygʻotadi, eʼtiborni tortadi, shu sabab butun mamlakat va qitʼalar jabrlanuvchi ongi sifatida talqin etiluvchi ruhoniy chegirma zulmatida rohat tuyadi. Shaxsiy advokatlardan tortib xalqaro qarzlargacha yoyilgan butun boshli jabrdiydalik madaniyati mavjud. Bu tizim oʻz maqsadini eʼlon qilganiga qaramay, faoliyatining asl natijasi – ehtiyojlarni atay kamaytirib, arzimas yutuqni ham ulkan muvaffaqiyat sifatida ovoza qilinishidir.

6. Qadam qoʻymoqchi boʻlayotganingiz dunyoning nomi qora

U geografik nuqtayi nazardan maʼqul, biroq tarixiy jihatdan haminqadar; koʻzni quvontiradi, ammo ijtimoiy ahvoli achinarli. Bu yer qulay joy emasligini tez orada anglaysiz, uni tark etguningizgacha ham ahvol oʻzgarishiga shubham bor.

Lekin bu ixtiyorimizdagi yagona dunyo: boshqasi yoʻq, agar boʻlganida ham bundan yaxshiroq ekaniga birov kafolat bermaydi. Bunda, tashqarida siz changalzoru choʻlga, sirpanchiq doʻngligu botqoq va hokazolardan oʻtasiz – tom maʼnoda va eng yomoni, koʻchma maʼnoda ham. Lekin Robert Frost aytganiday, “Eng yaxshi yoʻl doimo oradan oʻtadi”. Boshqa bir sheʼrida u yana bir gap aytgandi: “Jamiyatda yashash – kechirish degani”. Men shu oradan oʻtish haqidagi baʼzi mulohazalarim bilan nutqimni yakunlamoqchiman.

Sizni hayotda baxtsiz qilishga urinayotgan odamlarga eʼtibor bermaslikka harakat qiling. Bunaqalar koʻp – rasmiy lavozimlarda ham, oʻzidan kimdir yasaganlar orasida ham. Ulardan qocholmasangiz, toqat qiling, ammo qutulganingizdan soʻng darhol ularni unuting. Eng muhimi, boshingizga kulfat solgan adolatsiz kishilar haqida boshqalarga hikoya qilishdan tiyiling; sizni tinglayotganlar qanchalik rahmdil koʻrinsa ham bu ishni qilmang. Bu kabi hikoyalar raqiblaringizga qoʻl keladi: ular suhbatsevar ekaningiz va boshqalar bilan oʻz tajribangizni baham koʻrayotganingizdan manfaatdor boʻlsa, ajabmas.

Hech kim adolatsizlikka (hatto adolatga ham) munosib emas. Birga bir munosabat harakatni oqlamaydi: faqat aks-sado muhim. Bu har qanday zolimning asosiy tamoyili, u xoh davlat tomonidan moliyalashtirilsin, xoh mustaqil ish yuritsin. Shu sabab aks-sadoni quving yoki bostiring, hodisa qanchalik yoqimsiz yoki eʼtiborga molik boʻlishidan qatʼiy nazar, u sodir boʻlishiga ketgan vaqtdan koʻra koʻproq vaqtingizni olib qoʻyishiga yoʻl qoʻymang.

Dushmanlaringiz qilayotgan ishlar qanchalik ahamiyatli yo muhim ekani siz ularga qanday munosabat bildirishingizga bogʻliq. Shuning uchun ularga ahamiyat bermay darhol oʻtib keting. Ularga fikran yoki til bilan bandi boʻlib qolmang; ularni kechirganingiz yoki unutganingiz bilan faxrlanmang. Xullas, eng avvalo, yoddan chiqaring. Siz shu yoʻl bilan miya hujayralaringizni befoyda zoʻriqishdan saqlab qolasiz; bu bilan hatto oʻsha ahmoqlarni ham ularning oʻzidan xalos qilishingiz mumkin, chunki unutilish ehtimoli kechirilish ehtimolidan koʻra ancha kichik.

Shu joyda toʻxtaganim maʼqul. Loʻli xotin emasman, kelajagingizdan fol ocholmayman, biroq koʻp narsa sizning foydangizga ishlayotgani yaqqol koʻrinib turibdi. Birinchidan, tugʻilganingizning oʻzi yarim gʻalaba. Qolaversa, siz demokratiyada – dahshatli tush va utopiya orasidagi chala bitgan uyda yashayapsiz; u yoʻlingizga boshqa tuzumlardan koʻra kamroq toʻsiq qoʻyadi.

Nihoyat, Michigan universitetida taʼlim oldingiz. U oʻn olti yil avval dunyodagi eng dangasa, bu ham yetmaganday, ingliz tilini umuman bilmaydigan odamga, kamina qulingizga oʻta muhim imkoniyatni taqdim qilgan. Hech boʻlmasa shu narsa, nazarimda, uni mamlakatdagi eng yaxshi oliygoh deb atashga asos boʻla oladi. Men bu yerda sakkiz yil dars berdim; tilni shu yerda oʻrgandim va shu tilda hozir sizga murojaat qilyapman; sobiq hamkasblarim ichida ayrimlari hali ham ishlayapti, boshqalari nafaqada, uchinchilari esa siz yashayotgan Ann Arbor tuprogʻida mangu uyquga ketgan. Shubhasiz, bu joy qalbimda iliq hissiyotlar uygʻotadi, oʻn yildan soʻng sizda ham shunday boʻladi. Men kelajagingizni shu bosqichgacha bashorat qila olaman; bilaman, siz ungacha yoʻqolib ketmaysiz yoki, aniqrogʻi, sizni muvaffaqiyat kutadi. Oʻn yildan soʻng bu shaharni eslaganingizda qalbingizda iliq toʻlqinlar paydo boʻlishi, omadingiz chopgani yoki chopmaganidan qatʼiy nazar, siz inson sifatida ulgʻayganingizdan dalolat beradi. Eng avvalo, sizga aynan shunaqa muvaffaqiyatni tilayman. Qolganlari keyingi darajali, yana omadga ham bogʻliq.

Rafiq SAYDULLO tayyorladi

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda oʻqing!