Nega “otarchi” deymiz? Bu soʻzni etimologik jihatdan qanday tahlil qilish mumkin? Uning oxirida ham mashhur “-chi” – ot yasovchi qoʻshimchasi turibdi. “-chi” ishtirokida yasalgan “ishchi”, “qoʻshiqchi” kabi soʻzlarni tushunish oson, chunki “ish”, “qoʻshiq”ning lugʻaviy maʼnosi hammaga ayon. Lekin “otar+chi”ning oʻzagi – “otar” nima?

Tilimizda ot soʻz turkumiga mansub “otar” soʻzi bor: yaylovda boqiladigan qoʻylarning katta suruvi, podasiga nisbatan aytiladi bu soʻz, aslida, “oʻt-” (“oʻtlamoq”) oʻzagidan. Qoʻylar otarini boquvchi choʻponga nisbatan ham baʼzan – “otarchi choʻpon” deyish mumkin. Ammo bu “otar”ning qoʻshiqchi-otarchiga aloqasi bormi?

Yana bir “otar” – feʼl soʻz turkumiga mansub, sifatdosh, yaʼni “otmoq” maʼnosiga ega. Ammo uni ham “otarchi” bilan mantiqan bogʻlash qiyin.

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “otarchi” – soʻzlashuv tiliga mansub soʻz sifatida qayd etilib: “toʻy va bazmlarda bebiliska pul topishga oʻrgangan muzikachi, ashulachi, raqqosa”, – deb izohlangan (OʻTIL. I t.: M. 1981. 548-bet). “Bebiliska pul topish” iborasi ham soʻzlashuv tiliga mansub boʻlib: “osonlik bilan, zahmat chekmay pul topish”, degani. “Otarchi” biroz salbiy buyoqqa ega. Buni izohli lugʻatda keltirilgan ushbu ikki qator sheʼrda ham koʻrish mumkin:

               “Ey, otarchi mashshoqlar, qishloqqa chiqib turing,

                Vijdonni jigʻildonga, pulni hamyonga uring”.

Albatta, “otarchi” qadimiy soʻz emas, mumtoz adabiyotda uchramaydi, shunday boʻlsa-da, uning tomirlarini qadimiy oʻzak-soʻzlardan ham izlab koʻrish, bizningcha, foydadan xoli emas.

Qadimgi turkiyda “öt-” (“oʻt-”) feʼli – “sayramoq, kuylamoq, un chiqarmoq” kabi maʼnolarni ham bildirgan. Bu feʼl “öt-”, “ot-”, baʼzan “үt” shakllarida transkripsiya qilinadi. “Devonu lugʻotit-turk”da keltirilgan bir sheʼrda shunday misra bor:

“Tatlїg‘ OTAR sunduvach”, –

Maʼnosi: “Sanduvoch (bulbul) totli SAYRAYDI (KUYLAYDI)” (DLT.T. ”Fan”.I t. 1960. 481-bet). Yaʼni, ushbu misradagi “otar” soʻzi “sayrar, kuylar” kabi maʼnolarda boʻlib, bir qarashda bizga “otarchi”ni eslatadi. “Devon”da boshqa oʻrinda bu feʼl boʻlishsizlik shaklida ham kelgan: “Jalңus qaz ÖTMÄS” – “yolgʻiz gʻoz SAYRAMAS” (DLT. III-t.,T. 1963. 394-bet).

“Qutadgʻu bilig”da ham bu soʻzga bir necha bor duch kelamiz va har gal u – “sayramoq, un chiqarmoq” maʼnolarida qushlarga nisbatan ishlatiladi: “Unin UTTI kaklik kulәr qatqura” – “Kaklik yoqimli ovoz bilan SAYRADI, qah-qahlab kulmoqda”; “Qara chumgʻuq UTTI suta tumshuqi” – “Qora zog‘ tumshugʻini koʻpirtirib QAGʻILLADI”; “Chechaklikdә sanvach UTӘR miң unun” – “Gulzorda bulbul (sanduvoch) ming ovoz bilan SAYRAMOQDA” (QB.T. ”Fan”. 1971. 74-bet. Nasriy tabdil muallifi Q.Karimov).

“Devonu lugʻotit-turk”da “oʻtoʻrdi” feʼli ham keltirilib – “chaldi” deb izohlanadi: “oʻtoʻrdi – chaldi. “Ol sїbuzgʻu oʻtoʻrdi” – u sibizgʻa chaldi (oʻtoʻroʻr, oʻtoʻrmäk)” (DLT. I t. 186-b).

Albatta, “Devon” va “Qutadgʻu bilig”dagi “kuylar, sayrar” maʼnosidagi mazkur “otar” yoki “chalmoq” maʼnosidagi “oʻtoʻr-” – “otarchi” soʻzi oʻzagi boʻlishga eng munosib nomzodday tuyuladi, lekin oradagi masofa yaqin oʻtmishda paydo boʻlgan “otarchi”ni qadim soʻzga borib taqalishini shubha ostiga qoʻyadi. “Sayramoq” maʼnosidagi “öt-” feʼli Navoiy asarlarida uchramaydi. Biroq bu soʻz, ehtimol, shevalar, soʻzlashuv tili orqali bizgacha yetib kelib, undan “otarchi” ismi paydo boʻlgandir. 

Yuqorida ham qayd etilganidek, “otarchi” har doim salbiy maʼnoda ishlatilgan va “otarchi” deganda haqiqiy sanʼatkorning ziddi, soxtakor, asosiy maqsadi yengil-yelpi pul topish boʻlgan shaxs tushunilgan. Otarning ortidan yurgan choʻponlar ham baʼzan qoʻshiq kuylashgan, lekin bu bilan ular qoʻshiqchi boʻlib qolishmagan, ehtimol, shuning taʼsirida “otarchi” ismi paydo boʻlgandir. Shuningdek, “otarchi” –“otmoq” feʼlining koʻchma “aroq ichmoq” maʼnosidan kelib chiqqan boʻlishi ham mumkin.

Siz nima deb oʻylaysiz?

Abduvohid HAYIT