Xalq orasida turli mish-mishlar, shov-shuvlarga sabab boʻlgan, Mirkomilboy nomi bilan mashhur Mirkomilboy Mirmoʻminboyev haqiqatda boy edi. U “Rus-Osiyo” banki muassislaridan biri va yangi zamon oʻzbek sanoatchi boylarining yorqin vakili boʻlgan. Baʼzi manbalarga koʻra, Mirkomilboyning katta bobosi Miryunusboy Buxoroning mangʻit amirlari xonadonidan boʻlib, Doniyolbiyning amakisi boʻlgan. Taxt uchun kurashmi yo boshqa fitnalar boismi Miryunusboy Buxoroni tark etib, oilasi bilan Andijonga koʻchib kelgan. Katta yer sotib olib ziroatchilik bilan shugʻullangan. Keyingi avlodlar ham asosan dehqonchilik va savdo bilan mashgʻul boʻlib, oʻzlarini hamisha siyosatdan uzoq tutishgan. Bunga asosli va ogʻriqli sabablar bor edi, albatta...
Mazkur sulola vakili boʻlgan Mirkomil 1860-yil andijonlik yirik yer egalaridan Mirmoʻminboy hoji Mirnodirboy hoji oʻgʻli xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Mirmoʻminboy hoji 1899-yil vafot etgan vaqtda Mirkomilboy allaqachon Turkistonning mashhur, davlatmand boylaridan biri sifatida tanilgan edi. Mirmoʻminboy hoji vafoti oldidan Andijon shahri, Oloyliq qismining qozisi, merosxoʻrlari va qoʻni-qoʻshnilaridan bir necha kishini chaqirib, Makka va Madinada ikkita gʻaribxona qurilishi uchun 30 ming soʻm ajratganini vasiyat qiladi. Darhaqiqat, Mirkomilboy XX asr boshlarida Turkistonning eng yirik boylaridan biri boʻlgan. Uning kapitali 5 ta zavod, Andijonda 2 ta, Qoʻqonda 1 ta saroy-rasta, Andijon bozorida 300 ta doʻkon, koʻplab uylar, hammomlar minglab tanob yer, bog‘ va uzumzorlar, jami 10 mln soʻmdan ortiqqa baholangan. Boshqa maʼlumotlarga qaraganda, uning kapitali 1914-yili 17 mln soʻmga yaqin boʻlgan. Mirkomil Mirmoʻminboyev “Aka-uka Shlosberg”, “Knop”, “Aka-uka Steppun”, Moskva hisob banki, Rus-Xitoy banki, Rus-Osiyo banki va boshqa savdo-sotiq firmalari, banklari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. U Berlin, London, Parij va Istanbul shaharlarida boʻlib, Turkiston mahalliy sanoatchilar bilan Yevropa mamlakatlari oʻrtasida savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻydi.
1901-yili Mirkomilboy Andijon uyezdi boshligʻiga oʻz hisobidan qurmoqchi boʻlgan yangi madrasa hamda eski madrasani qaytadan tiklash loyihalarini topshirib, shu ishlarni boshlashga ruxsat berilishini soʻraydi. Mirkomilboyning xayrli taklifidan tashvishga tushgan uyezd maʼmurlari uni quyidagi vajlar bilan rad etadi:
“...Oxirgi paytlarda baʼzi bir shaharlardagi (Andijon, Qoʻqon va Oʻratepada) musulmonlarning ayrim machit va madrasalariga oʻquvchilarning misli koʻrilmagan darajadagi katta oqimi kela boshladi. Bu davlat manfaatlariga zid holdir. Masalan, shunday madrasalarning birida mullavachchalar soni 160 kishidan birdaniga 600 kishigacha koʻpaygan. Andijon shahrida shundoq ham musulmon maktablari keragidan ortiqroqdir...”. Shu bois madrasa qurilmay qoldi, biroq 1902-yil Andijonda sodir boʻlgan dahshatli zilzilalardan soʻng Mirkomilboy shaharni qayta tiklash ishida ulkan sahovat koʻrsatadi.
Mirkomilboy 1913-yilning boshlarida ham Andijon uyezdi boshligʻi Brjeziskiy bilan boʻlgan uchrashuvda Andijon shahrida xayriya sifatida baʼzi inshootlar qurmoqchiligini maʼlum qiladi. U arizasida “Oʻz ona shahrim Andijonning Gultepa maydoniga madaniy koʻrinish berish, ham aholi foydalana olsin deb, men Mirkomil Mirmoʻminboyev oʻz hisobimdan turli millat vakillari – erkak va ayollarga moʻljallangan, qirq oʻrinli namunali shifoxona qurmoqchiman. Unda quyidagi boʻlimlar boʻladi: a) jarrohlik; b) tugʻruqxona; v) ich kasalliklari; g) seksion kameralar va oʻliklar saqlash uchun yertoʻla; d) dezinfeksion kamera hamda shifoxona boshliqlari, xodimlari va turli xizmatchilar uchun maxsus bino; ye) shifoxona binosini markaziy isitish boʻlimi hamda suvlarni biologik tozalash xizmati. 30 oʻquvchiga moʻljallangan, internati boʻlgan, madrasa oʻquvchilarini rus tiliga oʻrgatish boʻlimiga hamda zal va yordamchi binolarga ega rus-tuzem maktabi. 100 ta oʻquvchiga moʻljallangan madrasa va xonaqohi boʻlgan namunali maktabxona. Yevropacha nusxadagi, yertoʻla va qorovulxona, uchta hojatxonasi boʻlgan uchta doʻkonlar tizimi. Mana shu doʻkonlardan keladigan foyda yuqorida koʻrsatilgan muassasalarni taʼminlash va taʼmirlash ishlari uchun ishlatiladi. Mahalliy xalq va yevropaliklar uchun alohida boʻlimlarga ega hammom. Shu binolar atrofida yoʻlkalar ochib, xiyobonlar barpo etish, maydon markazida manzarali bog‘ barpo etish. Koʻrsatilgan inshootlarni barini men, Mirkomil Mirmoʻminboyev, nazoratimda tuzilgan va tegishli hokimiyat tomonidan tasdiqlangan loyiha va smeta asosida uch yil davomida qurib bitkazishni oʻz zimmamga olaman… Shu bilan birga yuqorida koʻrsatilgan barcha binolar, inshoot va jihozlarni qurish uchun oʻz shaxsiy mablagʻimdan 500 ming soʻm ajrataman” deb yozadi.
1913-yil 18-sentyabrda Brjeziskiyga topshirilgan ariza ancha vaqt javobsiz qoldirildi. Faqat shu yil 10-dekabrga kelib, Andijon uyezd xoʻjalik boshqarmasi majlisida andijonlik 2-gildiya savdogari, M.Mirmoʻminboyevning uyezd boshligʻi nomiga yozgan arizasi koʻrib chiqildi. Aftidan, jiddiy tayyorgarlikdan soʻng shahar deputati Ordines: “M.Moʻminboyevdek mablagʻidan 500 ming soʻm iona ajratuvchi kishi uchun faqatgina Gultepa maydoni va uning atrofidagi yerlarni bu inshootlar qurilishi uchun talab qilib, shaharni bir qadar murakkab majburiyatlar bilan bogʻlamagan taqdirda u qilayotgan iona mening koʻz oʻngimda olihimmat sovgʻa boʻlardi…” deydi. Tibbiy xizmat vakili boʻlgan Kurovskiy esa Andijon shahri aholisi uchun mavjud 30 kasalga moʻljallangan shifoxonaning oʻzi yetarli, deb hisoblaydi. Natijada tutruqsiz bahonalar bilan bu ariza ham rad etildi.
Mirkomilboyning yana bir orzusi Andijon shahrida tramvay yurgizish edi. Bu esa mustamlakachi maʼmurlarni yanada tashvishga solardi. Oʻzlarini Turkiston egalari hisoblagan mustamlakachi maʼmurlar mahalliy boyning el orasidagi obroʻsining ortib borishiga qarshi yanada jiddiy choralar koʻrishga kirishadi. Masalaga Turkiston oʻlka maxfiy politsiya boʻlimi aralashib, unda “1914-yil 29-aprel… sanasi bilan “Mir Kalish” (Mirkomil Mirmoʻminboyev) juda aqlli, ayyor, uddaburon kishi, eʼtiqodi boʻyicha panislomchi va ruslarga qarshi juda yomon munosabatda, Andijon shahri tijoratchilar partiyasi boshligʻi” degan axborot paydo boʻldi.
1915-yil noyabr oyiga kelib, Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarida “Mirkomilboy qamalganmish” degan gap tarqatiladi. Kimlardir Mirkomilboy Turkiyaga borib, Anvar posho bilan uchrashganmish, Rossiya bilan urush holatida boʻlgan Turkiya armiyasi uchun katta miqdorda pul bergan emish, mana shundan xabar topgan Rossiya hukumati uni qamoqqa olgan emish desa, boshqalar Mirkomilboy tijoratdagi nohalol ishlari uchun qamalganmish, der edilar. Tarqalgan gap-soʻzlardan hech qancha oʻtmay Mirkomilboy rostdan ham soʻroqqa tortiladi. Uning turk sultoniga bitgan murojaati ham “kashf etiladi”. Murojaatda “Salom, Hazrati oliylari Sulton Rashidxonga, zoti oliylari general Anvar poshoga, merosxoʻr Izzatdin Afandiga, general Sendersga jabr-zulm koʻrayotgan rus fuqarolaridan (?) va Andijonda istiqomat qiluvchi Mirkomilboy Mirmoʻminboyevdan duoi salom. Siz zoti oliylari bilan uchrashishga muyassar boʻlganimda imkoniyat boʻlsa, bizning shaharlarimizni bir aylanib ketsangiz, deb taklif kiritgan edim, afsus meni qaytib ketishim bilan urush boshlanib qoldi. Biz Xudodan xotirjamlik va qudrat tilab yashayapmiz. Biz tarafga yorib kirishning iloji bormi? Ruslar bizni juda xoʻrlayaptilar. Meni bir oʻzim 100 ming soʻmga yaqin pul toʻladim. Ulardan qutulib boʻlmayapti. Siz yuborgan xat va suratlarni oldim. Shaxsan oʻzim ruslardan qoʻrqmayman, lekin boshqa musulmonlar ruslardan juda qoʻrqishadi. Sizga Afgʻoniston orqali 200 ming soʻm yubordim. Pulni olgandan soʻng mening iltimosimni Sulton hazrati oliylariga yetkazsangiz. Pochta xat olmayotganligi uchun ushbu xatni Abdul Hakimdan berib yuboryapman. Roʻznomalarda bosmasligingizni soʻrayman. Oʻz imzoimni qoʻyib: Mirkomil Mirmoʻminboyev”.