Abdulla Oripov 1965-yilda yozgan sheʼrlaridan birini “Ona tilimga” deb nomlagan va unda mana bu bashoratni bitgan edi:

Ming yillarkim, bulbul kalomi

Oʻzgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo shoʻrlik toʻtining holi

Oʻzgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin sheʼrga solaman.

Sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz,

Men ham toʻti boʻlib qolaman.

Millatining dardi yuragini yemirgan, qariyb sakson yillik umri davomida ham olomonning xalqqa aylanganini koʻrolmaganidan armonda oʻtayotgan Erkin Vohidov esa ketar chogʻi choʻng afsusga botdi:

Muslim boʻldik arabdan ortiq,

Oʻris boʻldik rusdan ziyoda.

Birni topsak yorug‘ dunyoda,

Oʻn karrani qilganmiz tortiq.

Ichdik, chekdik shoʻro yurtida

Oʻzdik barcha ogʻalardan ham.

Yuzsizlikda oshmasak boʻldi

Ovrupolik togʻalardan ham.

Kamina bir oʻquv dargohida murabbiy oʻlaroq, ikki ustoz shoir hali hayot ekanida talabalarimga quyidagi mazmundagi gapni uqtirishga harakat qilar edim: “Bir narsani bilib qoʻyinglar: ular-ku hozir – shu tabarruk yoshlarida ham – uncha-muncha “gʻayratli yosh ijodkorlar”dan koʻra koʻproq va xoʻbroq yozishmoqda. Biroq hatto bir satr yozmay sukut qilganlarida ham, faqat tirikliklarining oʻzi xalqimiz, millatimiz uchun gʻoyat muhim hodisadir. Chunki nafaqat shoir-u nosirlar, balki manaman degan amaldorlar ham biror ishni qilish, biror gʻoya, taklif, mulohazani ilgari surishdan oldin “Buni eshitsa, Erkin aka nima derkan, Abdulla aka qanday baholarkan?” deya taraddudga tushadi...”

Darhaqiqat, Oʻrxun-Enasoy toshbitiklarining jafokash muallifidan tortib (“Ey turk budun, tepadan osmon uzilib bosmasa, pastdan yer yorilib yutmasa, kim sening orangni buzadi – nechun oʻzingga xiyonat qilasan?!”) to shoir Shodmonqul Salomgacha (“Chiqib ketdim men mehrning mehvaridan, Judo boʻldim koinotim gavharidan”) xalqimiz tabiatiga oʻrnashib qolgan illatlar, xususan, koʻr-koʻrona taqlidchilik, ortiqcha taassubga berilish, mutaassiblikka mukkadan ketishdek xavfli holatlardan ozurdadirlar.

Poytaxtdadir, Samarqand-u Andijondadir – aksar “yangi oʻzbeklar” qurdirayotgan imoratlarga razm solaylik: italyanchasi, ispanchasi, amerikacha-yu arabchasi bor, lekin oʻzbekchasi – anqoning urugʻi! Katolik cherkovining uchli qubbasiga oʻxshatib tom yopishdan tortib ellik darajali saraton issigʻida odam bolasi chiqib uxlamaydigan “mansarda”lar, bir yilda nari borsa toʻrt marta keladigan “nozik mehmonlar uchun” bezatilgan tillorang zallar-u xitoyning   uzun-qisqa  koʻzalari bilan bulgʻorlar va serblar yasagan turfa chinni   haykallarga toʻla   mehmonxonalar...   Shuncha daxmaza   orasida   farzandlar sokin   shugʻullanishi uchun kichik bir darsxona-yu yuz donagina kitobi bor jajji kutubxonaga joy topilmaydi!

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiganim bir hayotiy voqea taassuroti nafaqat zehnimga, qalbimga ham oʻrnashib qoldi: olmoniyalik ziyoli sayyoh uni Toshkand-u Buxoroga, Samarqand-u Xivoga olib borgan mezbon yigitga ketar chogʻi bir achchiq gapni aytibdi: “Guvohi boʻldimki, sizlarda har besh qadamda bir yemakxona – kafe, restoran, oshxona. Sizlar juda ovqatxoʻr xalq ekansizlar. Ovqatni yaxshi koʻradigan odamning esa joni juda shirin boʻladi. Joni shirin odamlardan tashkil topgan xalq, afsuski, kurashlarga yaramaydi...” Oʻsha yemakxonalarga qoʻyilayotgan, odamlar ong-u shuuriga singdirilib, bolalarimiz zehniga tiqishtirilayotgan nomlarga ham boqaylik: oʻrischa, inglizcha, yaponcha, xitoycha, italyancha, armancha-yu olmonchasi bor, lekin oʻzbekchasi qahat! Bu ilmiliq oshyonlarda oshqozon ovqatga, miya axlatga toʻlaveradi! Oʻsha joylarda uyushtirilayotgan “visol oqshomi”ga (astagʻfurilloh, toʻrt yuz-besh yuz nomahramni hech bir istiholasiz ikki yoshning toʻy bazmiga emas, toʻgʻridan-toʻgʻri “visol oqshomi”ga taklif etadilar!) olib kirilayotgan “yangiliklar” esa bir zamon dunyo madaniyatining yaratuvchilaridan boʻlgan xalq hozirda ayanchli bir darajaga tushib qolganiga dalildir.

Nomigagina “milliy” televideniyening barcha kanallarida namoyish etilayotgan, uyalmay-netmay “mualliflik koʻrsatuvi” degan unvonga daʼvo qiladigan tomoshalarni esa aytmay-da qoʻyaylik: ularning aksari dunyo teleekrani tirqishidan tushib qolgan, oʻgʻirlangan loyihalar. Koshki, toʻgʻridan-toʻgʻri originaldan olingan boʻlsa. Yoʻq, bor-yoʻgʻi shoʻrvasining shoʻrvasi: ruslar Gʻarb-u Sharqdan oʻzlashtiradi, biznikilar ulardan nusxa koʻchiradi.

Mashʼum shoʻro zamonida millatlarning tafakkuridan dunyoqarashigacha, estetik dididan turmush tarzigacha bir qolipga solishga harakat qilindi, biroq oʻshanda ham xalqimiz iloji boricha oʻzligini – ming yillik urf-odatlari, anʼanalari, madaniyati va maʼnaviyatini asrab qolishga uringan edi. Nafaqat viloyatlar, hatto tumanlar miqyosida ham bir-biridan farq qiluvchi bu rango-rang madaniyat dunyoning hamma xalqlarida ham beistisno bor deb aytolmaymiz. Dasturxon tuzash boʻladimi, uy bezashmi, hovli-joy tarhi-yu unda parvarish qilinadigan ziroatlargacha – oʻzbek xalqining asrlararo jamlangan bebaho boyligidir. Bu gapni libos madaniyati borasida ham bemalol aytish mumkin.

Gapni boshdan boshlasak, hatto mutaxassislar ham erkak va ayollar bosh kiyimlari turi-yu xilining sanogʻiga yeta olmasligi tayin. Qoraqalpogʻistonning Kegeylisidan tortib Fargʻonaning Qirgulisigacha, Qashqadaryoning Chiroqchisidan tortib Namanganning Chustigacha boʻlgan joylarda yaratiladigan boshkiyimlarni koʻz oldimizga keltiraylik. Birortasi bir-birini takrorlamaydi; har birining oʻz bichimi, guli va naqshi boʻlgan bu chinakam sanʼat namunalarini dunyoning yana qay yerida uchratamiz? Buvilarimiz, onalarimiz taqqan mis, kumush va tillodan yasalgan taqinchoqlarga ishlangan gullar, nozikdan-nozik bezaklar ne-ne hunarmand zargarlarning oʻtkir zehni, boy taxayyuli-yu mohir qoʻllari mahsuli emasmi?

Chinakam xalq shoiri Muhammad Yusufning “Gohi ipak, gohi yaktak boʻzingdan-a, Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a!” deya faxr tuyushiga asos boʻlgan ustkiyimlarimizning namunalari bir joyga yigʻilsa, koʻz oldimizda qanday manzara paydo boʻlishini bir tasavvur qilaylik. Vodiyning, Toshkentning, Samarqandu Buxoroning, Navoiy va Surxondaryoning, Qashqadaryo va Xorazmning birgina erkaklar toʻni   – chakmon, chopon, guppi, alacha...laridagi rang-baranglik, har faslga, hatto kasb-u korga moslangani, belbogʻlarning-da yuzlab xili farqlanishi – bu xalqning bizga qadar ham “laylak haydab yurmaganidan” (M.M.Doʻst iborasi) dalolat emasmi?!

Ayollar va erkaklar mahsilari qoʻnjiga solingan gullar boshqa biror xalqdagi bezaklarni takrorlamasligi, yogʻoch kavushdan tortib “amirkon mahsi”gacha – har joy va faslga moslab tikilgan oyoqkiyimlarimiz jamlamasining oʻzi qancha-qancha mehnat va ijodiy tafakkurdan dalolat!

Xonatlas, adras, beqasam, shoyi, alak, boʻz, chit va yana boshqa koʻplab milliy matolarning oʻzi necha avlodlarning tinimsiz izlanishi, chin maʼnodagi kashfiyoti, axir! Birgina xonatlasning faqatgina margʻilonlik hunarmandlar yaratgan yuzlab nusxasi borligi xalqimiz libos madaniyati boy ekaniga yorqin dalildir. Qizaloq nabiralarimiz, opa va onajonlarimiz bayram-u hayitlarda, turli tadbirlarda xonatlasdan koʻylak-lozim, boshlariga iroqi yoxud zardoʻzi doʻppilarini kiyib yurishlari qanchalar zavq-shavq, goʻzallik hissi va hayotga muhabbat uygʻotadi.

Biroq shu xil kiyingan opa-singillarimiz, onalarimiz timsoli endi faqat sanʼat va etnografiya muzeylarida jonsiz eksponat boʻlib qolishi, shuncha asrlik ijodiy, ilmiy, estetik mehnat samarasi tarixga aylanishi millat va uning madaniyati uchun ogʻir koʻrgilik, xalq taqdiridagi chinakam tanazzul, fojia emasmi? Biz bugunning egalari ekanmiz, shu buyuk boylik oʻrniga oʻzimizga nimalarni ep koʻrmoqdamiz, kimlarga taqlid qilmoqdamiz?!

Bir guruh zamondoshlarimiz Gʻarbning eng past, maʼrifiy taraqqiyotdan yiroq qatlami kiyim-boshini zamonaviy moda sanab, borib turgan omiligini oshkor qiladi. Ishonmasak, borib-koʻrib guvoh boʻlishimiz mumkinki, mutaraqqiy Gʻarb mamlakatlarida besoʻnaqay shapka, tizzasi yirtiq shim, kindikdan yuqori koʻylak, yalang oyoqqa krassovka kiyadiganlar aholining mingdan birinigina tashkil etadi. Ularning nomi – “ijtimoiy mavqei” ham hamma joyda boʻlgani singaridir – daydilar, uysizlar, tarki dunyo qilganlar. Gʻarbning aksar ayollari bebiliska upa-elik surish, ulama kiprik taqish, tanani koʻz-koʻz qiladigan engil-bosh kiyish, turli aʼzolarini ukol bilan shishirib, koʻchadagilarni oʻziga qaratishni xayoliga ham keltirmaydi. Ular uchun eng muhimi – yoshiga, mavqeiga yarashiqli, harakatlanishiga qulay, fasl va ob-havoga mos, tabiiy matolardan tikilgan libos kiyish. Kezi kelganda bir achchiq haqiqatni ham aytish kerak: “Odamzod feʼl-u xoʻyida paydo boʻlayotgan jamiki uyatsizlik, yalangʻochlik, shahvoniy illatlarning yagona uyasi, tarqatuvchi va targʻibotchisi – Gʻarb” degan biryoqlama qarashdan qutulish vaqti allaqachon kelgan!

Taqlidchilikning keyingi vaqtlarda tobora kuchayib borayotgan boshqa bir koʻrinishini ham sezmaslik mumkin emas. U ham boʻlsa, oʻzbekona kiyimlarimiz oʻrniga Yaqin Sharq, arab yurtlarida rasm boʻlgan liboslarga burkanish holatidir. Biz hozir boshqa mutaxassislar aytgan gapni – bu xalqlarning aynan shunday liboslar kiygani tabiiy-iqlimiy sharoitga bogʻliqligi toʻgʻrisidagi tarixiy haqiqatni takrorlab oʻtirmaylik-da, masalaning yana ham muhimroq boshqa jihatlariga eʼtibor qarataylik. Agar oʻsha xalqlarning madaniy darajasi, dehqonchilik va hunarmandchilik sohasida erishgan natijalari Movarounnahr hamda Xuroson zaminida yuzaga kelgan iqtisodiy, ilmiy, madaniy-estetik darajadan farq qilgan boʻlsa, kimning kimdan oʻrganishi, boring ana, taqlid qilishi toʻgʻriroq boʻladi? Axir, ilgʻorrogʻiga ergashish, foydalirogʻidan oʻrganish afzal emasmi?

Deylik, u yurtlarda ipak qurti boqish, pilla yetishtirib, undan ipak olib, atlas-u adrasdek matolar toʻqish, bu matolardan rango-rang kiyimlar, roʻmollar tikishga imkon topilmagan boʻlsa; u yurtlarda bizdagidek qish sovuq kelib, turfa issiq kiyimlar kashf etishga ehtiyoj tugʻilmagan boʻlsa, bizning ajdodlarimizda nima ayb? Nima uchun biz boshqalarga koʻr-koʻrona taqlid qilarak ming yillar osha kelayotgan mukammal kiyim madaniyatimizdan voz kechishimiz, bu beqiyos amaliy sanʼatimizni muzey mulkiga aylantirishimiz kerak? Axir, birgina xonatlas matosining yaralishi va undan kiyim-bosh tikilishi – ham ipakchilik, ham kimyoviy ishlov, ham toʻqimachilik, ham dizaynerlik ilmi hamda sanoatini talab qilishi kunday ravshan-ku! Biz eslayotgan xalqlarda bu sanoat tizimining shakllanmagani, matolar aksar bir xil – oq yoxud qora, ulardan bichiladigan kiyimlarning esa odmi-sodda boʻlgani, boya taʼkidlanganidek, turli tabiiy va tarixiy rivojlanish omillari bilan izohlanadi.

Taassufki, bizning bu boradagi bilim va qarashlarimiz mahdudligi, dunyoga chiqish imkoniyatini suiisteʼmol qilishimiz milliy madaniyatimiz, unga bogʻliq holda millionlab odamlar tushuncha va tasavvurlarining taraqqiyotga emas, tanazzulga qarab borishiga sabab boʻlmoqda. Kiyim bozorlarimizni bosib ketgan, islomga aloqasi yoʻq Xitoydagi sexlarda tayyorlanayotgan, zamonamizning ayrim duragaylison ayollari tili bilan aytganda “xidjab” deb nomlanadigan kiyimlarga ruju qoʻyish, oʻzidek kiyinmaganlarni yakkalash, hatto haqorat qilishga harakat, milliy madaniyatdan begonalashuv, milliy nigilizm tobora keng yoyilmoqda.

Boya eslaganimiz – sirti ajnabiycha tarhu tarzda qurilgan uylarning ichidagi hayotda ham – dasturxon tuzashdan tortib ota-ona, yaqinlar bilan koʻrishishgacha taqlidga oʻtilmoqda. Bu “yangi” mulozamatlar orasida mehmon qoʻliga suv quyish, taomni yoshi ulugʻlar boshlab berishi, soʻng Ollohga aztahidil shukr ila duo qilish singari azaliy odatlarga oʻrin topilmaydi...

Ilmiy-ijodiy oʻrganish, taʼsirlanishning koʻr-koʻrona taqliddan mutlaqo farqlanishini isbotlash uchun vaqt sarflab oʻtirish shart emas. Agar tamaddunlar tarixiga nazar solsak, insoniyat oʻtmishida kuzatilgan har ikki Renessans – turfa ellarning olam va odamni chuqur anglashga harakat qilgan ilgʻor vakillari oʻrtasidagi ilmiy-ijodiy muloqot, bir-biridan oʻrganib oʻsib-unishi, yaratuvchilikka ilhomlantirgan taʼsir natijasi ekaniga guvoh boʻlamiz. Shunday ekan, xalqimizning ziyoli qatlami – tarixshunoslar, madaniyatshunoslar, etnograflar, sanʼatshunoslar biz bir qisminigina tilga olgan dolzarb muammolarga jiddiy eʼtibor qaratishlari, milliy madaniyatimizni saqlab qolish, uni zamonga mos taraqqiy ettirish borasida saʼy-koʻshish qilishlari talab etiladiki, aks holda, turli sohalardagi taqlid, taassub, mutaassiblik bizni milliy qiyofa va oʻzlikdan benasib qilmogʻi mumkin. Alhazar!

Rahmon QOʻCHQOR

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Taqlidning tuqqani tanazzul” maqolasi