“Bobolar izidan…” ilmiy-ijodiy ekspeditsiyasi yoʻl xaritasiga koʻra biz Xakasiya Til, adabiyot va tarix ilmiy tekshirish institutining olimlari bilan uchrashishib, tajriba almashishimiz, shuningdek, Enasoy bitiklarini ziyorat qilish, soʻng xakaslar tarixi, etnologiyasi, tili, adabiyoti va folklorini oʻrganishimiz nazarda tutilgan edi. Shu maqsadda 2024-yilning 14-iyul kuni Oltoyda oʻtgan “El oʻyinlari” etnofestivalidan chiqib, uch kishi – men, Farrux Jabborov va Bekzod Abdrimov aeroportdan toʻgʻri Xakasiyaga yoʻl oldik. Bizga oltoylik folklorshunos Alevtina Nayeva hamkorlik qildi.
Abagʻan shahriga yetib kelganimizda bizni haqiqiy xakas oʻgʻloni Ayjariq Sayin Kuchen kutib oldi. Shu kuni va ertasi ham biz Ayjariqning mehmoni boʻldik va tabiiyki, xakaslarning tarixi va madaniyati haqida eng koʻp maʼlumotlarni ham undan oldik. Eng qizigʻi, Ayjariq oʻzini va nafaqat oʻzini, balki butun xakaslarni turkiy xalqlar vakili sanamas ekan…
Aftidan, Sibirning chekka qismiga joylashib qolgan va oʻrmonlar orasida umr oʻtkazishga moslashgan bu el oʻzligidan ancha ayrilgan. Qolaversa, qadim zamonlardan buyon Sibirning boshqa ellari bilan qorishuv, somodiylar, xristianlar taʼsiri ularni turkiylikdan ancha uzoqlashtirgan boʻlishi mumkin.
Suhbatlarimizda Ayjariqni oʻzligiga qaytarishga urindik. Avval ikki tildagi soʻzlarni solishtirdik. Soʻng maqollarni qiyosan tahlil qildik. Tobora mezbonimiz turkiy ekaniga ishona boshladi…
Aslida ham xakaslar – turkiy el. Ular asosan Rossiyaning Xakasiya Respublikasida, shuningdek, Janubiy Sibir yerlarining boshqa hududlarida istiqomat qilishadi. Nufusi 100 000 atrofida, ammo rasmiy maʼlumotlarda 75 000 koʻrsatilgan[1].
Xakaslarning kelib chiqishi koʻproq Enasoy qirgʻizlari bilan bogʻliq[2]. Har qalay bu borada juda koʻplab turkolog olimlar ittifoq qilishgan. Ammo, bugungi qirgʻizlardan ular anchagina farq qiladi. Toʻgʻri, xakaslar orasida qirgʻizlarga aynan oʻxshash chehralar koʻp uchraydi, ammo sibir tatarlariga oʻxshash tiniq koʻzli, yevropeoidlari ham bor. Ayjariqning aytishicha, xakaslarning ona tomondan Xorazm bilan bogʻliqligi bor ekan. Bu qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmaymiz, ammo Xorazmliklar bilan tatarlarning koʻz tuzilishida oʻxshashliklar borligi sir emas.
Xakaslar etnik jihatdan uch guruhga boʻlinadi:
Qizil (хызыл)lar. Qizillar tarkibida toʻrt urug‘ bor: buqa(pugʻa), igʻi, ulug‘ argʻin va kichik argʻin.
Sagʻaylar. Sagʻaylar tarkibida olti urug‘ bor: Aba(ayiq), Beltir, boʻrut(boʻri), irkit, ichege va qobiy.
Qachinlar. Qachinlar juda koʻplab urugʻlarga boʻlinadi. Ular orasida qashqa(хасха), qirgʻiz(хыргыс), shoqqi(соххы), iyir(ызыр), tiin, aara, jarin urugʻlari koʻproq.
Qoyballar. Qoyballar tubalar va modarlardan tarkib topgan.
Xakaslar qadimda barcha turk ellari qatori tangrichilik diniga eʼtiqod qilishgan. Odamlar dunyoni uch qavat: osmon, yer usti va yer osti dunyosidan iborat deb bilishgan. Maʼlumki, Tangrichilik dini koʻp jihatlariga koʻra genoteistik din sanaladi va unga eʼtiqod qiluvchilar osmonda yagona xudo Tangri, pastda Umay yoki Ulkan, yer ostida esa Yerlik hukmron ekaniga ishonishgan. Shu bilan birga xakaslarda Aq Xudoyga ham eʼtiqod shakllangan boʻlib, bu panteizm elementlarini oʻzida aks ettirgan. Odamlar suv egasi, uy egasi, tog‘ egasi, oʻrmon egasi kabi ruhlarga sigʻinishgan. XVI asrga kelib tibet buddizmi Moʻgʻuliston va Tuva orqali Janubiy Sibirga kirib keladi va tangrichilik dini bilan simbioz hosil qiladi[3]. Keyinchalik bu eʼtiqod taʼsirida xakaslarning milliy dini – burxanizm shaklangan. Xakaslarga nasroniylik dini majburan singdirilayotgan bir davrda burxanizm milliy birlik ramziga aylangan. Ayjariq Kuchinning aytishicha, oʻzlarini kuchli deb bilganlar ruslarga va pravoslav eʼtiqodini qabul qilishga qatʼiy qarshi turishgan va shu sabab kuchin nomini olishgan.
XIV asrda bu hudud Xubilayxon tuzgan Yuan imperiyasiga oʻtgan. Biroq, Xubilayxon ham bu yerda toʻliq hukmronligini oʻrnata olmagan. Bu qaysidir jihatdan, hududning strategik ahamiyatga ega boʻlmagani bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin. Boshqa bir variantga koʻra, Enasoy atrofida tangrichilik dini bilan sakral joylarning koʻpligi sabab moʻgʻullar bu yerlarni chetlab oʻtgan. XIV asrning oxirlariga kelib moʻgʻullarning hokimiyati kuchsizlana boshlagach, aniqrogʻi, 1399-yilda Enasoy qirgʻizlari bu yerda Xongaroy davlatini tuzishgan va u toʻrt ulusga boʻlingan: Altir, Oltinsar, Ichchar (Ichki) va Toʻba. Bu uluslar beklar tomonidan boshqarilgan[4].