Oʻz kuchim, bilimim va maqsadlarimga ishonishni oʻrgandim – Vengriya, Germaniya va Turkiyada tahsil olayotgan irodali oʻzbek qizlari

Toshkent viloyati, Bekobod shahridagi ziyolilar oilasida besh qizning uchinchisi boʻlib dunyoga kelgan Shohista Turdaliyeva tibbiyot kollejidagi taʼlimidan keyin Toshkent davlat agrar universitetida bakalavr darajasini qoʻlga kiritgan. U koʻp mehnati va urinishlari ortidan 2023-yil Vengriya hukumati moliyalashtiradigan “Stipendium Hungaricum” granti sovrindoriga aylangan. Hozirda Vengriyada Qishloq xoʻjaligi va hayot fanlari universitetining magistratura bosqichida tahsil olish bilan birga, mamlakatdagi eng taniqli restoranlardan birida faoliyat yuritadi.

 

Shohista chet eldagi talabalik hayoti, taʼlim va tajribasi haqida aytib berdi.

 

 

Barchasiga ulgurish uchun baʼzan kuniga 3-4 soat uxlayman

 

Vengriyadagi talabalik davrim butun hayotimni oʻzgartirdi. Bu yerda oʻzligimni angladim – asl Shohista kim, u nimani xohlaydi, hayotda haqiqiy maqsadi nima, shularni tushunib yetdim. Bolaligimdan turli qiyinchiliklarni boshdan kechirganman, bakalavrda oʻqish bilan bir vaqtda ishlar edim.

 

Odamlar koʻpincha oʻgʻil bolalar mustaqil boʻlib ketadi, qizlar esa bunday qila olmaydi deb oʻylashadi. Lekin bu notoʻgʻri tasavvur. Agar qizlar ham mehnat qilib, qatʼiyat bilan harakat qilsa, oʻzini bemalol eplay oladi. Men doim muvozanat saqlashga, oʻqish va ishga teng vaqt ajratishga intilaman. Ishlash men uchun muhim, chunki bu yerga kelganimdan keyin mustaqil boʻlishim, hatto uyga pul yuborishim kerakligini bilardim. Buning uchun baʼzida kuniga atigi 3-4 soat uxlayman, lekin imkon topganimda dam olish uchun oʻzimga vaqt ajratishga harakat qilaman – bu sogʻliq uchun juda muhim.

 

Tejamkorlik mustaqil hayotimning bir qismi

 

Vengriyada talabalarning haftasiga 30 soatgacha ishlashiga ruxsat berilgan. Men aniq soat asosida ishlamayman, baʼzida 20 soat, baʼzan esa 28-30 soatgacha ishlashimga toʻgʻri keladi. Ish haqi va stipendiyam asosiy xarajatlarimni bemalol qoplaydi: daromadim ijara, transport, ovqatlanishga, hatto oilamga yuborish va sayohat qilish uchun ham yetadi. Lekin bu istagancha sarflay olishimni anglatmaydi. Daromadimni toʻgʻri taqsimlashga harakat qilaman: koʻchada ovqatlanmay uyda oʻzim tayyorlashga, mahsulotlarni ulgurji narxlarda olishga va keraksiz kiyimlarga pul sarflamaslikka harakat qilaman.

 

Yaxshiyam onam palov qilishni oʻrgatgan ekan

 

Vengriyaga ilk bor kelganimda, oʻzimga bir maqsad qoʻygan edim: avval oʻqishga moslashaman, keyin ish izlayman. Ammo hayot rejalardan tezroq harakat qilishni talab qildi. Uzoq izlanishlar, rad javoblari, qisqa muddatli ishlardan soʻng oʻzimga bir yoʻl tanladim: Budapeshtdagi barcha turk restoranlarini roʻyxatga olib, bittalab ish soʻrab chiqaman. Shunday yurib-yurib, hozir ishlayotgan, shahardagi eng nufuzli turk restoranlaridan biriga duch keldim. Toʻgʻrisini aytsam, avvaliga ichkariga kirishga ham choʻchidim. Juda hashamatli, obroʻli joy edi. Lekin oʻzimni qoʻlga oldim, restoran haqida internet orqali maʼlumot toʻpladim va ishga kirish uchun xat yozib e-mail orqali yubordim. Oradan ikki soat oʻtmay menga qoʻngʻiroq boʻldi: suhbatga taklif qilishdi. Shu tariqa, men bu turk restoranida tozalovchi sifatida ish boshladim. Ishim ertalab, restoran ochilishidan oldin boʻlardi – yolgʻiz ishlayman, darslarimga xalal bermasdi. Vaqt oʻtgan sayin, oshpazlar bilan til topisha boshladim. Har kuni ishdan keyin oshpazlar bilan muloqotda boʻlib, ishlash jarayonlarini qiziqib kuzatardim. Chunki bolaligimdan ovqat pishirishga mehrim bor edi.

 

 

Bir kun restoran menejeri “Biror taom tayyorlab koʻrishni xohlaysanmi?”, deb soʻradi. Hayron boʻldim, kutmagandim. Ularga birinchi boʻlib oʻzbek palovini pishirib berdim. U barcha ishchilarga, hatto oshpazlarga ham birdek maʼqul boʻldi. Keyin manti tayyorladim, bir necha shirinliklar ham pishirdim. Har safar ular mamnun boʻlishdi. Men tayyorlagan taomlarim orqali turk oshpazlarining koʻngliga yoʻl topdim. Menda hech qanday rasmiy tajriba yoʻq edi, lekin ular menda qobiliyat koʻrishdi. Vaqt oʻtib, restoran oshpazlaridan biri boshqa ishga oʻtdi. Shunda bosh menejerim menga taklif bildirdi: “Sen bizga oshpaz boʻlib ishlasang-chi?”. Aynan shirinliklar va meva dekoratsiyasi boʻyicha oshpazlik lavozimi edi bu. Men bunga ishonolmadim. Axir men bu joyga oddiy tozalovchi boʻlib kirgan edim. Nufuzli restoran oshxonasida, professional oshpazlar qatorida ishlashni orzu ham qilmaganman. Bu roʻyodek tuyulsa-da, ayni haqiqat edi. Tajribali oshpazlardan saboq oldim, doim oʻrganishga ochiq boʻldim va hozir restoranda aynan shu lavozimda ishlab kelmoqdaman.

 

Albatta, hayotda “qoʻlimdan kelmaydi”, degan vaziyatlarim ham boʻlgan. Bu holat, ochigʻi, tez-tez uchrab turadi. Hozir chet elda oʻqishni istayotgan yoki tayyorlanayotgan qizlarga bir gap aytaman: hech qachon sinab koʻrishdan qoʻrqmang. Ish yoki oʻqishga hech kim mukammal boʻlib kirmaydi. Tajriba yoʻq deyish – qoʻrquvga berilish degani. Ishga, oʻqishga kirish orqali siz oʻrganasiz. Sizga koʻrsatma va yordam beradigan odamlar har doim uchraydi. Keyinchalik esa siz ham boshqalarga oʻrgata oladigan boʻlasiz.

 

 

 

Samarqand viloyatining Narpay tumanida tugʻilgan Madina Rahimova 20 yoshida Au Pair dasturi orqali Germaniyaga kelgan. Mazkur dastur shartnomasi yakunlangach, Frankfurt shahrida Ausbildung dasturi asosida stomatologiya yoʻnalishida  taʼlim ola boshlagan.

 

Au Pair dasturi – bir yil davomida nemis oilasida yashab, oila farzandlariga qarash va uy ishlarida yordam berish davomida mamlakatning til va madaniyatini bevosita oʻrganish imkonini beradi. Oila har oy 280 yevro miqdorida choʻntak puli toʻlaydi, yoʻl xarajatlari qoplab, til kurslariga qatnash imkoniyatini beradi. Kuniga olti soatdan ishlab, dam olish kunlari Germaniyaning turli shaharlarini sayohat qilish mumkin. Aytilganda barchasi juda oson eshitiladi, juda zoʻr imkoniyatdek tuyuladi, aslida-chi?

 

Samolyotga chiqmay turib parvozim qulagandek edi

 

Germaniyaga ilk bor ketish arafasida edim. Viza allaqachon chiqqan, yuragim quvonchdan toʻlib-toshgan, chamadonlarim yigʻilgan, chiptam qoʻlimda. Endi orzularim sari birinchi qadamni qoʻyishim kerak edi. Meni kutayotgan oila 3 nafar farzandi bor stomatologlar oilasi edi. Oila bilan har bir mayda detallargacha muhokama qilingan: bolalarning sevimli oʻyinlari, uy tartibi, til darajasi… Men bu xonadonga faqat Au Pair sifatida emas, balki yaqin inson boʻlish niyatida borayotgan edim. Ammo bir kuni telefonimga xabar keldi. “Kechirasiz, biz boshqa qizni tanladik. Sizga omad tilaymiz!” Hamma narsa bir zumda barbod boʻlgandek edi. “Nega?” – deb oʻzimdan soʻradim. Qanday ogʻriq boʻlganini faqat orzu bilan yashagan odam tushunadi. Hali samolyotga chiqmagan boʻlsam ham, parvozim qulagandek edi. Oʻshanda tushundim: bu yoʻl orzularingni sinovdan oʻtkazadi. “Bu yoʻlni tanlaganingga achinmayapsanmi, Madina?” – deb ichki ovozim soʻradi. Yoʻq, achinmadim. Bu voqea menga birinchi saboqni berdi: hech narsa kafolatlangan emas, eng ishonchli koʻringan narsa ham yoʻqolishi mumkin. Men yana oila qidira boshladim. Bir muddat oʻtgach, Nürnbergdan yangi oila chiqdi.

 

 

Pokémonni bilmaydigan, kulgili va zerikarli qiz edim

 

Nürnberg. Yangi oila, yangi shahar, yangi imkoniyatlar… Ichimda esa shubha: “Bu safar boshqacha boʻlarmikin?” Bu oilaning ikki nafar oʻgʻil farzandi bor boʻlib, ularning butun olami Pokémon oʻyinidan iborat edi. U vaqtlari mening nemis tili darajam hali A2, bolalarning tez, aralash va bolalarcha gaplarini tushunish men uchun deyarli imkonsiz edi. Ular har kuni yangi Pokémonlar haqidagi oʻyinlarga shoʻngʻib, men bilan oʻynashni istashmasdi. Men yigʻlab yubormaslikka urinardim. Koʻzlarim yoshlansa ham, labim jilmayib turardi. Ularning nazdida men Pokémonni bilmaydigan, kulgili va zerikarli qiz edim. Oxiri bu oila bilan xayrlashishga qaror qildim. Chamadonimni yigʻdim va yana yangi oila qidira boshladim. Men yaxshi odamlar borligini, faqat ular bilan yoʻllarim hali kesishmaganini bilardim.

 

Nemis tilini oʻrganish uchun vaqtim ham, kuchim ham qolmadi

 

Har safar chamadonimni yigʻganimda, ichimda ikki xil tuygʻu uygʻonardi: biri umid boʻlsa, biri xavotir. Koʻnglimda esa bitta oʻy: “Balki shu safar omadim kelar…”

 

Yangi oila turk millatiga mansub edi. Otasi nemis tilida, onasi ingliz, bolalari esa faqat turk tilida gaplashardi. Men boʻlsam bu tillarning hech birini mukammal bilmasdim. Dastlabki kunlarda oʻzimni xuddi eshik ortida turgandek his qildim. Ichkarida hayot qaynayapti, lekin men undan chetda edim. Ular kulsa men gap nima haqida ketayotganini ham tushunmasdim. Har kuni til bilimlarimni oshirishga harakat qildim. Uch oy ichida turk tilim B2 darajaga yetdi. Bu oila sababli men yangi bir tilni oʻzlashtirishga erishdim,  ammo Germaniyaga qanday maqsad bilan kelganimni batamom unutdim. Bolalar har kuni kechki 22:30 gacha uygʻoq boʻlishardi. Men tun yarmigacha uylarni tozalab, uyquning yetarli boʻlmagani tufayli tanamda doimiy charchoq his qilardim.

 

Ular menga 500 yevro atrofida oylik toʻlagan. Undan 70 yevro til kursi uchun, 50 yevro jamoat transportidan foydalanish uchun chiptaga sarflanardi, qolgan summa esa Germaniyada yashash uchun kamlik qilardi. Oilada menga yuklatilgan vazifalar koʻpligi sabab nemis tilini oʻrganishga deyarli vaqt qolmasdi. Shu kabi sabablar bilan bu oiladan ham ketishga qaror qildim.

 

Turk oilasi bilan kelishuv qilingandik, afsuski ular menga kerakli hujjatlarni tayyorlab bermadi, berilgan vaʼdalar esa vaʼdaligicha qolib ketdi. 

 

Dunyoda sening millating, tiling, diningdan qatʼiy nazar yordam qoʻlini choʻzishga tayyor insonlar bor

 

Germaniyaga men katta orzular bilan kelgandim. Ammo juda koʻp sinovli kunlar boʻldi. Men hali ota-onasini issiq bagʻridan chetga chiqmagan, qiyinchilik koʻrmagan, mehrli nigohlar ichida ulgʻaygan qiz edim. Endi esa qayerga borishni ham bilmayman, atrofim toʻla begona odamlar, boshim oʻylardan yorilib ketay derdi. Onamga telefon qilib, baqirib yigʻlagim kelardi, hoziroq aeroportga borib, Oʻzbekistonga qaytib ketishni istardim. Qalbim huvullab qolgandi.

 

Nürnberg sari yoʻl oldim. Poyezddan chamadonlarimni tushirayotib oyogʻim toyib ketdi va qattiq yiqildim. Ogʻriqdan nafasim qisildi, joyimdan tura olmasdim. Butun tanam zirqirab ogʻriyotgani emas, miyamda faqat sugʻurtam yoʻqligi aylanardi. Oyogʻim singan boʻlsa nima qilaman, rentgen qilish kamida 500 yevro, menda atigi 100 yevro bor. Butun kuchimni toʻplab oʻrnimdan turishga harakat qildim. Bu 20 yoshli Madinaning hayotidagi eng ogʻir kunlaridan biri edi. Yaxshiyamki, Nürnbergda turadigan bir dugonam bor edi. Atigi uch marta uchrashgan dugonam menga 15 kun davomida gʻamxoʻrlik qildi. Asta yurishni boshladim. “Uyga qaytsammi?” degan oʻylar bosimi ham biroz kamaydi. Dugonam ishda boʻlgan vaqtlari uning pokistonlik qoʻshnisi holimdan xabar olib turardi.

 

Dunyoda yaxshi insonlar bor, millati, tili, dini, eʼtiqodi va qarashlari mutlaqo boshqa boʻlsa ham, ular yordam qoʻlini choʻzishga tayyor. Ular sababli yana oʻzimga keldim. Bu orada yaxshi bir oila chiqdi. Nemis tilini ham yetarli darajada oʻzlashtirdim.

 

Hozir Frankfurt shahrida stomatologiya sohasida Ausbildung qilyapman. Bu dastur menga oyiga 1000 yevro stipendiya beradi, haftasiga mini-job orqali qoʻshimcha 500 yevro ishlab topish imkonim bor. Endi butun eʼtiborimni oʻqishga va kelajakdagi kasbimga qaratyapman. Barchasi yaxshi tomonga oʻzgardi. Orzularim sari yana qatʼiyat bilan boryapman va bilamanki, endi hech qanday yiqilish meni toʻxtata olmaydi.

 

 

Toshkentda tugʻilgan Vazira Ixtiyorova 2020-yilda International House-Tashkent akademik litseyini tamomlagan. 35 dan ortiq universitetdan qabul xatlarini olib, AQSh, Turkiya, Vengriya va Singapurdagi toʻliq grant dasturlari asosida taʼlim olishga taklif etilgan. 2021-yilda u nufuzli “Türkiye Bursları ISDB” grantini qoʻlga kiritib, Marmara universitetida kompyuter muhandisligi boʻyicha oʻqishni boshlagan. Keyinchalik Fenerbahçe universitetida Fintech yoʻnalishiga oʻqishini koʻchirib, 2024-yil muvaffaqiyatli tamomlagan.

 

Ilmga, kitobga mehr bilan qarashni ota-onam oʻrgatgan

 

Ota-onam har doim ilmga, kitobga mehr bilan qarashni, orzularim ortidan qatʼiyat bilan borishni oʻrgatgan. Ingliz, koreys va turk tillarini oʻrganishni maktab paytlarim boshladim va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritdim. Bilardimki, chet elda tahsil olish uchun avvalo xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirish kerak.

 

Avvaliga Oʻzbekistondagi Webster universitetiga bakalavr bosqichiga oʻqishga kirdim va bu yerda bir yil davomida tahsil oldim. Ammo qalbimda bir olov hanuz yonib turardi: “Men chetda oʻqishim kerak!”. Saʼy-harakatlarim natijasida 35 dan ortiq xalqaro nufuzli universitetlarga oʻqishga qabul qilindim. Ular orasida Turkiya Burslari, Stipendium Hungaricum va Singapur granti ham bor edi. Turkiya, Vengriya va Singapurda oʻrtacha yashash harakatlari, taʼlim imkoniyatlari, madaniyati, barcha-barchasini yaxshilab oʻrganib chiqdim. Odatda grantlar ayrim xarajatlarnigina qoplaydi, yaʼni oʻzingiz qoʻshimcha ishlamasangiz yoki sizga moliyaviy koʻmak beruvchi insonlar boʻlmasa unda chetda qiyin holatlarga tushib qolish ham hech gap emas. “Faqat oʻgʻil bolalar oʻzini eplaydi-yu, qizlar buni uddasidan chiqmaydimi?” – degan oʻylar miyamda aylanardi.  Otamning maslahati va yoʻl koʻrsatishlari bilan Turkiyani tanladim. Madaniyatimiz, tilimiz oʻxshash, dinimiz esa bir. Qarorimdan 8 kun oʻtib men Turkiyaga uchib keldim.

 

Barchasi oson boʻladi deb oʻylagandim

 

Grant yutish endi hech qanday qiyinchilik boʻlmasligini anglatmaydi. Meni aeroportda hech kim kutib olmadi, yotoqxona ham berilmadi. Buni faqat Turkiyaga kelgach bildim. Grant beruvchi tashkilot xodimlari: “biz faqat pul beramiz”, – deganida hayron boʻldim. Ilk marta chet davlatga borishim, tanishlarim yoʻq, nima qilishni bilmay qolganman. Oʻsha payti endi ota-onasi doim muammolarini hal qilib beradigan qiz emas, balki mustaqil hayotga qadam qoʻyganimni anglaganman. Ota-onamga aytsam, ular vahimaga tushishi mumkin, eng yomoni baribir shu bugun yetib kelolmaydi. Shularni oʻylab, ularga hech nima demaganman. Grant ajratadigan pulni olishga ham biroz vaqt kerak boʻlarkan, yaxshiyamki oz boʻlsa-da onlayn ishlarimdan yigʻib qoʻygan pulim bor ekan. Internet orqali mehmonxona topib joylashdim, keyinroq kvartira topdim. Albatta, bu jarayonlar oson boʻlmagan, menda “kurashish” yoʻli bor edi, “qaytib ketish” ni hech qachon variant sifatida koʻrmaganman.

 

 

2021-yil Turkiyaning Istanbul shahridagi Marmara universitetida, Kompyuter muhandisligi yoʻnalishida oʻqishni boshladim, ammo keyin yoʻnalishimni oʻzgartirishga qaror qildim. Fenerbahçe Universitetida Fintech yoʻnalishida taʼlimni davom ettirib, 2024-yil tamomladim. Turkiyaga tahsil olish uchun kelishim pandemiya davriga toʻgʻri kelgan. Ish topish har doimgidan bir necha barobar qiyinlashgan, ish oʻrinlari qisqargan, xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritadigan ish joylari esa yopilgan edi.

 

Upwork platformasi orqali $20,000 dan koʻproq ishlab topdim

 

Ayni shu vaqtda dugonamdan Upwork platformasi haqida eshitib, roʻyxatdan oʻtdim. Bu platforma onlayn ishlash imkoniyati yaratadi va unda dunyoning istalgan burchagidan turib, minglab chaqirim uzoqlikdagi kompaniyalarda ishlash mumkin. Dastlab, soatiga $7 dan ishlashni boshlaganman. Buyuk Britaniya, Amerika va Turkiyaning turli mahalliy va xalqaro kompaniyalarida faoliyat yuritdim. Turli qiyinchiliklar ham, albatta, boʻldi. Muhimi, oʻz ustimda tinimsiz ishladim, boshqalar birinchi omadsizlikdan keyin ishni tashlab ketsa, rad javoblari meni oʻz ustimda koʻproq ishlashga undardi. Talabalik yillarim $20,000 dan ortiq pul ishlab topdim. Bu orqali men oʻzimning barcha xarajatlarimni qoplashga erishibgina qolmay, shaxsiy rivojlandim ham.

 

Turkiya prezidenti bilan uchrashuv

 

Turkiyada talabalarga boʻlgan munosabat, qoʻllab-quvvatlash tizimi har bir insonni hayratga soladi deb oʻylayman. "Öğrenci" – yaʼni oʻquvchi maqomi juda qadrli. Transportda chegirmalar, koʻplab bepul seminarlar, xalqaro talaba tashkilotlari, vaqf va xayriya jamgʻarmalari har doim talabalar uchun turli yordamlar koʻrsatadi va xalqaro talabalar uchun koʻplab imkoniyatlar berishadi. Ayniqsa, Ramazon oyida har kuni biror joyda iftorlik dasturxonlari yoziladi. Tasavvur qiling: oʻz davlatim prezidentini hali koʻrmagan boʻlsam-da, shunday tadbirlardan birida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan, tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan va boshqa siyosatchilar bilan uchrashish imkoniga ega boʻldim.

 

Oʻzimga ishonishni oʻrgandim

 

Rad javoblaridan keyin, oʻzimga boʻlgan ishonchni yoʻqotib bu ishni davom ettirmaganimda Turkiyada oʻqiy olmagan boʻlishim, boshqa jismoniy xizmat koʻrsatish sohasida ishlagan boʻlishim mumkin edi. Yoki Turkiya aeroportidan chiqishim bilan meni kutib olgan katta hayot sinovlaridan ortga qaytganimda hozirgi erishgan yutuqlarimni birortasiga ham erishmagan boʻlardim. Men oʻz oyoqlarimda turishni, oʻz kuchim, oʻz bilimim va oʻz maqsadlarimga ishonishni oʻrgandim. Eng muhimi, qaysidir maʼnoda atrofimdagi dugonalarim, qoʻni-qoʻshnilar va qarindoshlar orasida qizlarga bir namuna boʻla oldim deb oʻylayman. Men sababli ularning bir qanchasi chetda taʼlim olyapti, boshqalari esa Upwork orqali uydan chiqmay xalqaro kompaniyalarida ishlashmoqda. Bularni oʻylasam qiyinchiliklarni yengib oʻtganimdan sevinaman. Bir inson hayotining yaxshi tomonga oʻzgarishiga sababchi boʻlish hissi qalbimni doim minnatdorlik bilan toʻldiradi.

 

Mashhura Rahmonova,

Oyina.uz