Kirish. XX asr boshlari matbuoti sahifalari koʻzdan kechirilsa, eng koʻp bahs va munozaraga sabab boʻlganlardan biri milliy til masalasi ekanligini kuzatish mimkin. Milliy tilga nisbatan har qanday ijobiy fikr qoʻllab-quvvatlangan, salbiy qarashlar esa qoralangan, millatga, millatning or-nomusiga tahdid deb bilingan. Masalan, jаdidlar karvonboshisi boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy xalqimiz, tilimizni kamsitib, “sart” deb atayotganlarga qarshi oʻzi chop ettirgan “Oyna” jurnalining beshta sonida “Sart” soʻzi majhuldur” deb nomlangan maqolasini eʼlon qilgan. Sart soʻzining turkistonliklarga mutlaqo aloqasi yoʻqligini aniq dalillar bilan isbotlab bergan [Беҳбудий. 2021. 34–44]. Qomusiy bilim sohibi Abdurauf Fitrat millatning buyuk tarixi, boy adabiyoti, betakror sanʼati, oʻz kashfiyotlari bilan dunyoni lol qoldirgan donishmandlari bilan qanday gʻururlangan boʻlsa, takrorlanmas qudratga ega muqaddas tili bilan ham iftixor etgan. Dalillar va tahlillarga boy qator maqolalarida, kitoblarida oʻzbek tilining tarixda tutgan oʻrni, qadimiyligi, qudrati, boshqa qardosh tillar oʻrtasidagi oʻrni, ularning shakllanishidagi, rivojlanishidagi hissasini butun koʻlami bilan ochib berishga harakat qilgan. U 1921-yilda boʻlib oʻtgan Til-imlo konferensiyasida adabiyotimiz, tilimizning mavqei, boshqa adabiyotlar, tillar orasidagi oʻrni haqida mamnuniyat bilan shunday degan edi: “Sharq adabiyotining hashamatli, rangli bir tarixi bor. Bu dabdabali tarixning oldidan oʻtkanda bu kungi ovroʻpo adabiyoti ham shapkasini olib salom berib oʻtadir. Shunga oʻzini majbur koʻradir.

Sharq tarixi, adabiyoti – butun dunyo adabiyoti orasida singirsiz, misli yoʻq bir bogʻchadir.

Bu goʻzal bogʻchadagi gullarni saralab koʻrmakchi boʻlsak, birinchi sirada, birinchi qatorda arab ham eron gullarini, ikkinchi sirada esa, urdu ham turk chechalarini koʻramiz. Sharq tarix adabiyotida birinchilik arab-eron adabiyotiga, ikkinchilik esa urdu ham turk adabiyotiga berilgandir.

Sharq tarix adabiyotida ikkinchi oʻrin tutqon turk adabiyotining eng muhimi, eng koʻpi, eng qimmatlisi chigʻatoy shevasidagi adabiyotdir...

Unda yuksak, oliy, sanʼatkor adabiyot bor! Chigʻatoy tarix adabiyotida Boyqaro, Naboiy, Lutfiy, Umarxon, Fazliy kabi sanʼat dunyosida moʻjiza koʻrsatub, toʻponlar qilgʻon qahramonlargʻa koʻb uchraymiz.

Soʻzning qisqasi: chigʻatoy adabiyoti turli shevali turk adabiyoti orasida eng yuksak, eng muhim oʻrunni tutqondir.

Boshqa shevadagi turk adabiyoti bunga ushoqliklari, buning shogirdliklari bilan maqtanib turalar...

Chigʻatoy adabiyoti – turk adabiyoti orasida yuksak, yuqori, oliy boʻlgʻondan keyin, chigʻatoy tilining ham turk tillari orasida yuksak, yuqori, oliy boʻlgʻonligʻin qabul etmak mutlaqo lozimdir... Chigʻatoy sarfi bilan tatar ham usmonli sarflarini siralab qaragʻonda chigʻatoychaning sarfda, yaʼni ishtiqoqda boyligʻini ko‘ramiz...

Bunlardan boshqa turk tili, turk adabiyoti toʻgʻrisinda yozilgʻon asarlarning har birini oʻqugʻonda “chigʻatoy tili, chigʻatoy adabiyoti – turk tillari va turk adabiyotining onasi, bobosidir” degan soʻzlarga uchramoq mumkindir.

Adabiyotimizning turk adabiyotlari orasida eng yuqori bir oʻrunda turgʻonidan tilimizning-da turk tillari orasida yuqori bir mavqe tutgʻonini chiqargʻon kabi, bundan ikkinchi bir masala tugʻadir: adabiyotimiz arab, fors adabiyotiga qaragʻanda ikkinchi sirada ekan, tilimizda arab, fors tillarigʻa qaragʻanda ikkinchi sirada qolur(mi)?

Bunga javob beramiz: “yoʻq!” Tilimizdagi soʻz boyligʻi, ishtiqoq kengligi, qoida tugalligi, sarf-nahv ingichkalari boshqa sharq tillaridan qolishmas. Bu togʻrilarda fors tilini butunlay keyinga qoldiradir” [Til va imlo. 1922. 35-36].

Buyuk ajdodlarimiz jadidlar oʻz tili, tarixi, madaniyati, xalqi va muqaddas Turkistonining ulugʻligini juda yaxshi bilishgani uchun ham mustamlakachilar ularga qarshi kurashdi, ularni qatl qildi, asarlarini taqiqladi, ular muqaddas deb bilgan barcha qarashlarni tubdan oʻzgartirishga harakat qildi.

Shu bois turkiy tillar Rossiya istilosidan keyin dastlab chor maʼmurlarining, keyin bolshevistik tuzumning turli tazyiqlariga uchradi. Mazkur tillarning tovush tizimi, alifbosi, imlosi, soʻz boyligi, gap qurilishi va boshqa sohalarini oʻzgartirishga tizimli ravishda harakat qilindi. Tadqiqotlarda bu tillarning bir-biri bilan bogʻlab turuvchi umumiy xususiyatlariga eʼtibor berilmagani holda, bir-biridan ajratib turadigan tomonlari boʻrttirib koʻrsatildi.

Biz ushbu masalalarning ildizini imkon qadar ochish maqsadida oʻzbek tili tovush tizimidagi bir hodisaning adabiy tildan chiqarilishi, bu jarayonda ilgari surilgan fikrlarni imkon qadar tahlil qilmoqchimiz. Oʻzbek tilshunosligining turli davrlarida “qalinlik va ingichkalik ohangi”, “tovushlar uygʻunligi”, “ohangdoshlik”, “ohang qonuni”, “singarmonizm” singari soʻz va soʻz birikmalari bilan nomlanib kelingan bu tovush hodisasi tilshunoslikda, asosan, singarmonizm termini bilan nomlanmoqda. Mazkur hodisa barcha turkiy tillarda mavjud boʻlib, bu tillar qarindoshligining tovush tizimidagi asosiy belgilaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Singarmonizm termini haqida

Singarmonizm bir soʻz doirasida tovushlarning о‘zаrо bir-biriga moslashib, uygʻunlashib kelishidir. Bunga muvofiq oʻzak va negizlardagi tovushlarga qoʻshimchalardagi tovushlar moslashib keladi. Agar oʻzakdagi (negizdagi) unlilar til orqa (qattiq) boʻlsa, qoʻshimchadagi unlilar ham til orqa (qattiq) aksincha, oʻzakdagi (negizdagi) unlilar yumshoq (til oldi) boʻlsa, qoʻshimchadagi unlilar ham yumshoq (til oldi) boʻladi. Shunga koʻra, singarmonizm mavjud boʻlgan tillarda qoʻshimchalar ham ikki yoki undan ortiq variantda boʻladi. Singarmonizm asosidagi soʻzda “а” bilan “о”, “i” bilan “ы” tovushlari deyarli qorishib kelmaydi. Bir soʻzda faqat til oldi (yumshoq) unli tovushlari (i, e, а, u) yoki faqat til orqa (qattiq) unli tovushlari (о, ы, u, а, о) keladi.

Baʼzi adabiyotlarda singarmonizm unli tovushlarning bir-biriga moslashib kelishi tarzda qayd qilinadi. Aslida bu hodisani undosh tovushlarning qoʻllanishida, oʻzakdagi til orqa (qattiq), til oldi (yumshoq) unlilar bilan undosh tovushlarning moslashib kelishida ham kuzatiladi. Masalan k, g, h unshoshlari bilan ingichka (yumshoq), q, g‘, х, y undoshlari bilan qattiq unlilar yonma-yon keladi.

Oʻzbek adabiy tilidagi singarmonizm hodisasi haqidagi turli qarashlar

Til tarixiga bagʻishlangan koʻpchilik tadqiqotlarda, darslik va qoʻllanmalarda turkiy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tilida ham singarmonizm hodisasi ХХ asr boshlarigacha boʻlganligi qayd qilinadi. Keyingi davr haqida soʻz borganda esa oʻzbek tilining oʻsishi, rivojlanishi, tabiiy taraqqiyoti natijasida singarmonizm hodisasi yoʻqoldi, degan fikr bildiriladi. Ilmiy, oʻquv adabiyotlarida esa “Singarmonizm qonuni hozirgi oʻzbek tilida buzilgan, ammo boshqa turkiy tillarda, ayrim oʻzbek shevalarida saqlangan” [E.Qilichev. 1999], “Hozirgi zamon oʻzbek adaboy tili asosan singarmonizmsiz til hisoblanadi va singarmonizmli boshqa turkiy tillardan farq qiladi” [Hozirgi oʻzbek adaboy tili. 1966] singari fikrlar keltiriladi.

Mazkur hodisa, uning tilimizdagi oʻrni va roli haqidagi munozaralar hozirgacha davom etib kelmoqda. Baʼzi olimlar singarmonizmni chuqur oʻrganaylik, imkon qadar undan foydalanaylik, degan qarashni ilgari sursa, boshqalar uni keskin rad qiladi. Masalan, oʻzbek tili tarixining zukko bilimdonlaridan filologiya fanlari doktorlari Xudoyberdi Doniyorov, Qozoqboy Mahmudov singari olimlar singarmonizmni joriy qilish tarafdori boʻlib bir necha marta maqolalar eʼlon qildilar.

Х.Doniyorov singarmonizm hodisasi, uning oʻzbek tili tarixidagi oʻrni, oʻzbek adabiy tilining singarmonistik ukladli tildan singarmonizmsiz tilga qanday qilib aylanib qolgani kabi masalalar oʻzbek tilshinosligida yetarli darajada oʻrganilmaganligini alohida urgʻulaydi: “Singarmonizm hodisasi oʻzbek tilshunosligida hali yetarlicha oʻrganilgan emas, biroq u oʻzining izchil va ilmiy asosda oʻrganilishini talab qiladi. Chunki singarmonizm hodisasini oʻrganish, avvalo, singarmonizmning oʻzbek tili tarixidagi rolini, oʻzbek adabiy tilining qanday qilib singarmonistik ukladli tildan singarmonizmsiz tilga aylanib qolganiligini aniqlash, shuningdek, oʻzbek adabiy tilining hozirgi holatini, uning kelajagini, orfoepik normalarini, alfavit, orfografiya qoidalarini toʻgʻri belgilash uchun muhim ahamiyatga ega” [Shoabdurahmonov. 1980. 72].

Q.Mahmudov bu borada shunday fikrlarni bildirgan: “Turkistonda yashagan turkiy xalqlarning anʼanaviy tili yaqinligini, ildizi birligini, oʻzbek tilining bir guruh shevalarida singarmonizm mavjud ekanligini, mumtoz oʻzbek adabiy tili ham singarmonizm qonuniga asoslanganligini inobatga olish zarur” [Mahmudov. 1995]. “Hozirgi oʻzbek adabiy tili mumtoz adabiy tilimizning fonetik qonunlariga rioya qilsa, qardosh turkiy tillarga yanada yaqinlashgan boʻlamiz” [Mahmudov. 1996].

Oʻzbek tilidagi singarmonizm tilning tabiiy oʻsishi, rivojlanishi natijasida yoʻqoldi, uni qayta tiklashga ehtiyoj yoʻq, degan qatʼiy fikrdagi olimlar ham bor. Masalan, S.Otamirzayeva bir maqolasida “oʻzbek adabiy tilida singarmonizmni tiklashning iloji ham, unga ehtiyoj ham yoʻq. Til oʻz mexanizmidan yaroqsiz sifatida chiqargan vositani qabul qilmaydi” [Otamirzayeva. 1996], deb yozasa, boshqa bir ishida ham shunga yaqin fikrni taʼkidlab oʻtadi: “oʻzbek adabiy tilida singarmonizmni tiklashning nazariy tomondan ham, amaliy tomondan ham iloji yoʻq, unga ehtiyoj ham yoʻq” [Otamirzayeva.  1998].

E.Umarovning qator ishlarida esa singarmonizm oʻzbek adabiy tiliga sunʼiy ravishda kiritilganligi, rus olimlari tomonidan joriy etilganligi, oʻzbek tilidagi unli tovushlar miqdori, ularni tavsiflashdagi notoʻgʻri talqinlar haqidagi fikrlar bayon qilindi [Umarov. 1991; Umarov. 1994; Umarov. 1997; Umarov. 2000; Umarov. 2003; Umarov. 2009]. Olim “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalida eʼlon qilgan “Kim haq...?” nomli maqolasida shunday yozadi: “Biz koʻp yillar davomida оtа-bobolarimiz yozib qoldirgan merosga bepisand qaradik. Ular qoldirgan ilmiy maqola, risolalarni oʻqimadik. Eng achinarlisi shuki, 20–30-yillarda yashagan tilshunos olimlarimiz asarlariga ham eʼtibor bermadik. Natijada, oʻzbek tili rus tili va yevropo tilshunosligi taʼsirida rivojlandi. Аnа shunday taʼsir natijasida rus va yevropo tillaridagi qoidalar toʻgʻri kelsa ham, toʻgʻri kelmasa ham oʻzbek tiliga yopishtirildi. Аnа shunday qoidalardan biri - singarmonizmdir” [Umarov. 1997].

E.Umarov singarmonizm haqidagi fikrlarini yanada chuqurlashtirib, bu hodisa turkiy xalqlarning qadimiy yozuv yodgorliklaridan biri “Devonu lugʻatit turk” asari tilida ham mavjud emas, degan qarashni ilgari surdi [Umarov. 1989]. Bu mantiqan singarmonizm hodisasi, umuman, turkiy tillar tarixida mavjud boʻlmagan, degan tushunchani anglatadi. Shuni alohida qayd etish lozimki, hozirgacha bunday qarash oʻzining ilmiy isbotini topmagan, ilmiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgani yoʻq [Xudoyberdiyev. 1999].

E.Umarovning oʻzbek adabiy tilidagi singarmonizm, unli tovushlar miqdori va ularning qoʻllanishi haqidagi fikrlari mutaxassislar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmadi. Aksincha, olim qarashlarining toʻgʻri emasligi bir necha bor lisoniy dalillar asosida ilmiy jihatdan isbotlab berildi [Nurmonov. 1997; Yusuf. 2008; Safarov. 2005; Xudoyberdiyev. 1999].

Endi uzoq yillar davomida oʻzbek dialektologiyasi masalalari bilan shugʻullanib qator tadqiqotlar yaratgan, hatto oʻzbek tilidagi singarmonizmning yoʻqolib borishini asoslashga harakat qilgan akademik Sh.Shoabdurahmonovning 1998-yilda eʼlon qilgan “Oʻzbek tilida singarmonizm” nomli maqolasidagi fikrlariga eʼtibor beraylik. Olim maqolada qadimgi turk, oltoy, tuva, хаkаs, toʻfalar, ozarbayjon, turkman, tatar, boshqird, qozoq, qirgʻiz, uygʻur, yoqut va oʻzbek tillaridagi bir qancha soʻzlarni keltirib, ularda singarmonizm saqlangani, oʻz ifodasini topganligini koʻrsatadi. Turkiy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tilida ham singarmonizm hodisasi amal qilishini taʼkidlaydi va shunday yozadi: “oʻzbek tili uch komponentli til boʻlib, uning paydo boʻlishi va shakllanishida shu uch komponent (qarluq, oʻgʻuz va qipchoq lahjalari) barobar ishtirok etgan. Oʻzbek tilining qarluq lahjasining о-lovchi shahar shevalarida va bu shevalar tayanch boʻlgan oʻzbek adabiy tilida singarmonizm hodisasi chegaralangan; ammo oʻgʻuz va qipchoq lahjalarida, shuningdek, qarluq lahjasining а-lovchi shevalarida singarmonizm qonuniga amal qilinadi” [Shoabdurahmonov. 1998. 23].

Oʻzbek tilshunosligi uchun munosib xizmatlari singgan olimlarning oʻzbek adabiy tilidagi singarmonizm haqida bildirgan bu turli fikrlari, tilimiz tarixida muhim rol oʻynagan tovush hodisasining hozirgacha qizgʻin munozaraga sabab boʻlib kelayotganligini, olimlarimiz singarmonizm haqida qanday fikrni asoslashga harakat qilganliklaridan qatʼiy nazar, mazkur masalaga befarq boʻlmaganliklarini koʻrsatadi.

Biz ushbu maqolada singarmonizmni qayta tiklash, uni keskin rad qilish yoki oʻzbek tilida qanchalik amal qilgani yoki qilmaganligi toʻgʻrisida fikr yuritmoqchi emasmiz. Yuqorida Х.Doniyorov singarmonizm hodisasi oʻzbek tilshunosligida hali etarlicha darajada oʻrganilmaganligiga eʼtibor qaratib, “oʻzbek adabiy tilining qanday qilib singarmonistik ukladli tildan singarmonizmsiz tilga aylanib qolganiligini aniqlash” ham muhim ahamiyatga ega ekanligiga eʼtibor qaratganliklarini keltirgan edik. Toʻgʻri, bu masalaga, 20-30-yillarda Y.Polivanov, K.Yudaxin kabi olimlar oʻz ishlarida bir necha marta toʻxtalib oʻtganlar. Ularning ishlarida singarmonizmning yoʻqolish jarayonlari, bosqichlari haqida turli dalillar ham keltirilgan. Sovet davri, hatto mustaqillikdan keyin ham, mahalliy olimlar tomonidan Y.Polivanov qarashlariga oʻxshash yoki juda yaqin fikrlar bildirilganini kuzatish mumkin. Lekin bu olimlar tomonidan bildirilgan fikrlarning asosiy qismi tarixiy va ilmiy asosga ega boʻlmasdan, qanday qilib boʻlsa ham oʻzbek tilidan singarmonizmni chiqarish, singarmonizmning tabiiy ravishda chiqarilganligi asoslash uchun oʻylab topilgan dalillar edi.

Shu maʼnoda, Х.Doniyorov singarmonizm bilan bogʻliq jarayonlarni chuqur oʻrganishga daʼvat qilgani tabiiy edi. Biz yigirmanchi asrning 20- va 30-yillarida singarmonizm bilan bogʻliq bildirilgan turli fikrlar, qizgʻin bahslar, ularning asoslari xususidagi ayrim dalillarni eʼtiboringizga havola qilmoqchimiz.

1921-yil Toshkentda boʻlgan til va imlo qurultoyida, 1922-yilgi maorif va madaniyat xodimlari qurultoyida hamda 1923-yilda Buxoroda boʻlib oʻtgan Oʻrta Osiyo oʻzbeklarining imlo anjumanlarida arab alifbosi va imlosini isloh qilish muammolarini koʻrib chiqish jarayonida oʻzbek tilidagi singarmonizm hodisasiga ham munosabat bildirilgan. Oʻzbek tilida singarmonizm mavjudligi anjumanlarda qabul qilingan qarorlarda alohida qayd etilgan [Til va imlo. 1922.; Oʻzbek maorif. 1922.; Oʻrta Osiyo oʻzbeklari. 1923.]. Ushbu anjumanlarda, oʻsha davr vaqtli matbuotida oʻzbek adabiy tilida yoki oʻzbek tilida singarmonizm hodisasi mavjud emas, degan fikr bildirilmagan.

Arab alifbosidan lotin yozuviga oʻtish davrida esa oʻzbek tili meʼyorlarini belgilashda singarmonizm hodisasi turlicha nuqtai nazardan qizgʻin muhokama etildi. Bu paytdagi fikrlarni jamlab, ularni maʼlum maʼnoda uch guruhga ajratish mumkin:

1. Oʻzbek adabiy tili singarmonizmga yuz foiz amal qilsin.

2. Oʻzbek adabiy tili singarmonizm hodisasi boʻlmagan eroniylashgan shevalar asosida tuzilsin.

3. Oʻzbek adabiy tili singarmonizmga amal qilib, ayrim soʻzlar singarmonizmga boʻysundirilmasin.

Oʻzbek adabiy tili singarmonizmga yuz foiz amal qilsin, degan fikr asosan milliy va mahalliy olimlar, ziyolilar tomonidan bildirilgan. Otajon Hoshim “Boku plenumi natijasi” nomli maqolasida: “Singarmoʻnizm butun turk tili lahjalariga xosdir. U turk tili asosidir. Singarmoʻnizm turk tilining temir qonunidir... Oʻzbek, umuman, turk tiliga kirib qolgʻon fors, arab va boshqa chet soʻzlarni butun turk lahjalari uchun umumboʻlgʻon singarmoʻnizm qonuniga boʻyinsundirish kerak... Oʻzbek tilini va lotin alifbosini singarmoʻnizmni saqlagʻon oʻzbek shevalariga asos qilish kerak” [Otajon. 1927. (7-8). 55-56], deydi. Olim boshqa bir ishida shunday yozadi: “Lotinchagʻa oʻtish, yangi alifbei tuzish vaqtida oldimizda turgʻon asos masala – oʻzbek yangi alifbesini qaysi bir shevaga asos qilish edi. Oʻzbek shevalari koʻb boʻlgʻonidan ulardan birini tollab olish kerak edi. Qaysi birini? Albatta, singarmunizm saqlagʻon shevalarni. Singarmunizm butun turk tili uchun xosdir. Singarmunizm shundan iboratdirkim, har bir soʻz yo qalin, yo ingichka boʻladi... Mana bunday qonunni saqlagʻon oʻzbek shevalari koʻb. Bunday shevalarda koʻb shaharlar, butun qishloq ommasi soʻzlaydi. Shuning uchun ham oʻzbek yangi alifbei shunday koʻpchilikni tashkil qilgʻon va singarmunizmni saqlagʻon shevalarga asos qilindi. Singarmunizm natijasi boʻlib choʻzgʻilar masalasi chiqdi. Bu toʻgʻrida ikki fikr boʻlishi mumkin: 6 yoki 9 choʻzgʻi. 6 choʻzgʻi tomonlari forslashgʻon shevalarga suyanmakchi boʻladilar. Lekin bunga suyanish boʻlmaydi. Chunki toshkent shevasida ham (6 choʻzgʻi tomonlari Toshkentni forslashgʻon hisob qiladilar) yaxshilab tekshirilsa, 9 choʻzgʻi borligʻi bilinadi. Singramunizm saqlangʻon shevalarda 9 choʻzgʻi ochiq ishlatiladi. Singarmunizmni qabul qilgʻach 9 choʻzgʻini ham qabul qilish kerak. Yangi oʻzbek alifbei mana shu ikki asos prinsipka asos qilingʻondir: singarmunizm va 9 choʻzgʻi” [Hoshim. 1927. (11). 18-19].

“Qizil Oʻzbekiston” gazetasi 1929-yil may oyida, Samarqandda boʻlib oʻtadigan qurultoy munosabati bilan “Til, аtаmа va imlo bahslari” rukni ostida turkum maqolalar eʼlon qiladi. U maqolalarda asosiy eʼtibor oʻzbek adabiy tili uchun asos boʻladigan shevalar, chetdan olinadigan soʻzlar, atamalar va ularning imlosi, alifbodagi harflar soni, xususan unli tovushlarning miqdori, ularni alifboda ifodalanishi, imlo, singarmonizm kabi muhim masalalar muhokama etiladi. Ushbu ruknni Elbek “Til-imlomiz ustida” nomli maqolasi bilan boshlab bergan. Unda “Singarmoʻnizm – koʻb kishilarni choʻchitgan, baʼzi bir kimsalarning kulgi va soʻkish toʻrvalarining yorilishigʻa sabab boʻlgʻon, bu soʻz chinda imlomizning butunligʻin saqlash uchun yelim va tilimizning koʻrkini oshirish uchun bezakdir. Bu qalinlik va ingichkalik ohangi bizning tilimizning jonidir, yiqilmas qoʻrgʻonidir... Yo yuz foiz singarmoʻnizmga koʻchish, yo butunlay buning teskarisini qabul etish. Boshqa hech bir yoʻlning boʻlishi mumkin emas” deb yozilgan [Elbek. 1929-yil 28-yanvar].

Ashurali Zohiriy ham “sof oʻzbek tilida singarmoʻnizm borligʻini hech kim inkor qila olmaydi. Hol shundoq boʻlgʻondan keyin, choʻzgining (ogʻir yengilligi bilan) toʻqquzta qilinishi, shu singarmoʻnizmga asoslangʻon. Yaʼni: singarmoʻnizm bilan choʻzgining toʻqquztaligʻi bir-biriga qattiq bogʻlangʻon” [Zohiriy. 1929-yil 31-mart], degan fikrni bildirgan.

Oʻz maqolasini Singarmoʻnizmchi taxallusi bilan eʼlon qilgan muallif esa: “bu kungi toʻsiqlargʻa qarab singarmoʻnizmdan ham qoʻl tortmaymiz. Singarmoʻnizm – oʻzbek adabiy tilining yiqilmas temir qoʻrgʻoni, jonidir. Singarmoʻnizmga qarshi boʻlgʻonlar oʻzbek adabiy tilini yiqmas istaganlar yoxud bu tilning kelgusidagi oʻynayaturgʻon roʻlini tushunmaguchilardir” [Singarmoʻnizmchi. 1928], deb taʼkidlagan.

Shu davrda singarmonizm haqidagi munozaralarda qatnashganlarning aksariyati, Fitrat, Gʻozi Yunus, Botu, Shokir Sulaymon va boshqa mahalliy ziyolilarning maqolalarida ham oʻzbek tili shevalarining koʻpchiligida singarmonizm hodisasi va 9 ta unli tovush borligi, shu sababli uni oʻzbek adabiy tili uchun asos qilib olish zarurligi, haqida fikr bildirilgan. 

Oʻzbek adabiy tili singarmonizm hodisasi boʻlmagan eroniylashgan shevalar asosida tuzilsin, degan fikrni dastlab Y.Polivanov koʻtarib chiqqan. U 1922-yilda toshkent shevasida 6 unli tovush boʻlib, oʻzbek adabiy tili uchun shu shevani asos qilib olish kerakligini eʼlon qilgan [Поливанов. 1922]. Lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek yozuvi loyihasida ham unli tovushlarni ifodalash uchun 6 belgini koʻrsatgan [Поливанов. 1924, (6)].

1928-yilga kelib lotin alifbosini va lotin alifbosi asosidagi imlo qoidalarini singarmonizm asosida tuzilishi, alifboda 9 unli tovushni aks ettirish aniq boʻlib qoldi, uzoq vaqt davom etgan qizgʻin munozaralardan keyin mahalliy ziyolilarning aksariyati bu fikrni qoʻllab-quvvatladi, ilmiy, amaliy jihatdan isbotlab ham berishdi. Y.Polivanov ham oʻz fikridan qaytmadi. Qanday yoʻl bilan boʻlmasin, oʻzbek adabiy tili uchun singarmonizmsiz eroniylashgan shevalarni va alifboda unli tovushlarni ifodalash uchun 6 belgini asos qilib olish zarur, degan qarashni davom ettiraverdi: “Я говорю здесь звуковом составе литературного языка и имею на это основания: я утверждаю что литературный или стандартный диалектом узбекского языка является несингармонистический диалект, представленный в частности Ташкентским, Самаркандским и Ферганскими городскими говорами”. Singarmonizm boʻlmagan sheva vakillari ham oʻzbek tili tovush tizimida bu hodisa bor, deb turganliklaridan хаfа boʻlib, ular orasiga fitna solmoqchi ham boʻldi. Va bu masalaga 5, 10 yoki 20 yildan keyin albatta qaytilishini qatʼiy ishonch bilan bildirdi [Поливанов. 1928].

Y.Polivanov singarmonizm turkiy tillarning asosiy xususiyatlaridan biri, turkiy tillar tovush tizimining oʻq ildizi ekanligini juda yaxshi biladi hamda bu hodisa faqat boshqa tillarning kuchli taʼsiri ostida yoʻqolishini oʻz ishlarida qayta-qayta taʼkidlaydi. Olim “Oʻzbek adabiy tili va oʻzbek dialektologiyasi” nomli asarida Samarqand, Buxoro va boshqa oʻzbek shevalari tojik tili taʼsiri natijasida singarmonizmni yoʻqotdi desa [Поливанов. 1933. 18], boshqa bir asarida eronlashgan dialektga savdo-sotiq bilan shugʻullanuvchi Toshkentga oʻxshagan markaziy shahar shevalari kiradi, deydi-da, tojik tilining taʼsirida turkiy soʻzlar oʻz sofligini yoʻqotdi, bu shevalar turkiy oʻziga xoslik boʻlgan singarmonizmdan mahrum boʻldi [Поливанов. 1926. 7.], degan qarashni bayon qiladi.

Y.Polivanovning aksariyat ishlarida toshkent shevasi eronlashgan, deb talqin qilinadi va bu fikrini dalillash uchun toshkentlik oʻzbeklarning kelib chiqishi tojiklarga borib taqalishini bildiradi. Maʼlumki, ilmda bu kabi hal qiluvchi muhim ahamiyatga ega qarashlar tarixiy, ilmiy manbalardagi aniq va ishonchli dalillar bilan tasdiqlanadi. Y.Polivanov esa bu fikrini biror tarixiy manba bilan asoslamaydi, biror asardan dalil keltirmaydi. U yozadi: “... предки данного узбекского говора говорили несколько столетий тому назад по-ирански, относятся отнюдь не ко всему узбекскому языку, а только к таким иранизованным его говорам, как г. Ташкенте, относительно которого можно по этому с бесспорностью утверждать, что здесь жило некогда сплошное иранское (таджикское, т. е восточно-персидское) население, которое потом перешло на турецкий (узбекский) язык, язык победителей” [Поливанов. 1926. 19].

Olim Toshkent soʻzining kelib chiqishi haqida alohida maqola yozib, bu soʻz etimologiyasini “taj(i)-kent” shaklida talqin qildi. [Поливанов. 1927. 395–400].

Umuman, toshkent shevasini eronlashgan deyish toʻgʻrimikin? Agar toshkent shevasi ham Y.Polivanov ilgari surayotganidek eronlashgan boʻlsa, nega u holda oʻzbek adabiy tili uchun faqat eronlashgan (Toshkent, Samarqand, Buxoro) shahar shevalari asos qilib olinishi kerak? Shu davrda oʻzbek adabiy tilidagi singarmonizm haqida boʻlayotgan bahslarda nima uchun mahalliy olimlar fikri bir tarafda-yu, Y.Polivanov qarashlari bir tarafda? Y.Polivanovning maqsadi nima boʻlgan? Bu kabi savollarga ham Y.Polivanovning oʻz asarlarida bildirilgan fikrlardan javob topish mumkin boʻladi.

Yigirmanchi asrning 20-yillarda Ahmad Boytursunov qozoq tili alifbosi va imlo qoidalarini isloh qildi. U qozoq tili yozuvida  ﭺ   “chim” (ch) oʻrnida  ﺵ   “shin” (sh),   ﺵ   “shin” (sh) oʻrnida   ﺱ   “sin” (s),   ﺝ   “jim” (j) oʻrnida   ﺯ   “ze” (z) qoʻllashni tavsiya etdi. Oʻzining qozoq tilidagi “Oʻquv qoʻllanma” (1912), “Alifbo” (1924), “Yangi alifbo” (1926-1928) kabi oʻquv adabiyotlarini isloh qilgan alifbo va imlo asosida chop ettirdi. Bu qozoq tili imlosini bir qadar yengillatdi, qozoq alifbosida milliy til tovush xususiyatlarini aks ettirdi. Qozoq maktablarida savod chiqarish hamda оnа tili kurslarini oʻrganish birmuncha osonlashdi. Shu sababli oʻsha davr qozoq ziyolilari ham, maorif xodimlari ham А.Boytursunov islohini yaxshi qabul qilishdi.

Lekin masalaning boshqa bir nozik tomoni ham bor edi. Tarixdan maʼlumki, arab alifbosida bitilgan bir turkiy matnni oʻzbek oʻzbekcha, turkman turkmancha, tatar tartarcha, turk turkcha, qozoq qozoqcha qilib qiynalmasdan bemalol oʻqishi, tushunishi mumkin edi. А.Boytursunov islohi esa qozoq tilida bitilgan matnni boshqa turkiy xalq vakili oʻqishida va mazmunni anglashida qiyinchilik tugʻdirardi. Y.Polivanov А.Boytursunov tuzgan imlo qoidalari va qozoq alifbosiga kiritgan islohini, xususan, yuqoridagiga oʻxshash qardosh tillarni bir-biridan ajratish uchun xizmat qiladigan oʻrinlarini juda katta ijobiy hodisa sifatida baholadi. Va oʻsha maqolasida yagona turkiy adabiy tilni yaratish fikridan voz kechib, oʻz milliy yozuvini yaratish haqida oʻylash kerakligini tavsiya qildi: “от мысли об едином тюркским литературном языке приходится отказаться. Потому строго говоря и для каракиргизов приходится думать о своей собственной графике” [Поливанов. 1924. № 7. 40].

Aslida bunday qarashlarning ildizi birmuncha oldinroqqa borib taqaladi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida turkiy xalqlar orasida bir-biriga yaqinlashish harakati anchagina jonlandi. Bu, ayniqsa, til masalalarining qoʻyilishida yaqqolroq koʻrina boshladi. Ismoil Gaprinskiy “Tarjimon” gazetasida yagona turkiy tilni yaratish, uning amaliy ahamiyati haqidagi maqolalar chop etildi. Buni tub mohiyatini anglab, qoʻllab-quvvatlovchilar ham, amaliy jihatdan imkonsizligini bildirganlar ham boʻldi. Bu jarayon chorizm maʼmurlari tomonidan о‘tа sergaklik va sinchkovlik bilan kuzatib borilgan. Turkiy xalqlarning yaqinlashishiga qaratilgan har qanday harakatga toʻsqinlik qilish choralari koʻrib borilgan. Hatto bu kabi masalalar Rossiya davlat dumasida ham bir necha marotaba muhokama qilingan, mahalliy ziyolilar oʻz noroziliklarini bildirishgan [Мусульманские депутаты. 1998. 178-179]. Turkiy xalqlarning parchalanish tarafdorlaridan biri boʻlgan Ilminskiy 1876-yilda har bir turk qavmining oʻz tiliga va alifbosiga ega boʻlishiga erishish lozim, shunda ularni bir-biridan ajratish oson kechadi, deb turkiy xalqlarga rus alifbosini joriy qilish taklifini koʻtarib chiqqan edi. Y.Polivanovning oʻzbek adabiy tili uchun singarmonizmsiz shevalarni asos qilib olish zarur, degan qarashlarida ham Ilminskiyning аnа oʻsha fikrlariga yaqinlik borligini payqash mumkin.

Oʻsha davrda Y.Polivanov fikrlarini qoʻllab-quvvatlovchilar, uni himoya qiluvchilar ham boʻlgan. Masalan, K.K.Yudaxin “Maorif va oʻqituvchi” jurnalidagi “Vodil qishlogʻi lahjasi haqida bir necha soʻz” nomli maqolasida mahalliy mutaxassislarning Y.Polivanov qarashlariga bildirayotgan munosabatlarini “tushunib boʻlmaydigan munosabat” deb baholaydi: “Mashhur oʻzbek tilchilaridan baʼzilari profisoʻr Polivanifgʻa allaqanday tushunib boʻlmaydigʻan munosabat tutadilar. Bunga misol qilib G‘.Olimning “Oʻzbek tilining tovishlari” (“Maorif va oʻqitgʻuvchi”, 1927, № 12) maqolasi “Singarmoʻnizmiy”ning “Yana til-imlo masalasi ustida” (“Qizil Oʻzbekiston”, 1928, 15.11.) maqolasidagʻi chiqishlarni olish mumkin” [Yudaxin. 1928. 48].

K.K.Yudaxin 1920-yillarning oxiridayoq Y.Polivanov qarashlarini toʻla qoʻllab-quvvatlab chiqdi. U oʻzbek xalqi yashab turgan hudud eroniylarniki boʻlganligi, turklar bu hududni bosib olganlaridan keyin eroniylarning madaniyatini qabul qilib, ularga oʻz tillarini berganliklari haqida shunday yozadi: “Из истории мы знаем, что территория занимаемая ныне узбеками, прежде была населена иранцами. Известно также и то, что турки – завоеватели, смешиваясь в завоеванных местах с иранцами и воспринимая их культуру, часто давали им свой язык. Но как турецкая культура сдавала свои позиции не сразу, оставляя след на местной иранской, так и иранский язык, уступая свое место турецкому, в свою очередь, влиял на него” [Юдахин. 1929. 62-63].

Olim Alisher Navoiy, Amiriy, Lutfiy kabi shoirlarning hamda “Shayboniynoma” asaridan olingan misollarni tahlil qilib, ular singarmonizmsiz sheva vakillari boʻlganliklari, ularning tillarida 6 unli tovush boʻlgani haqida xulosa berib, goʻyo Y.Polivanov ilgari surayotgan fikrlar toʻgʻriligini isbotlagandek boʻldi: “Изложенный факты приводят меня к тому предположению, что важнейшие поэты были представителями говоров несингармонистических, в которых насчитывалось только шесть гласных”  [Юдахин. 1929. 67].

Turklarning yashash hududlari, shaharlarga aloqasi bilan bogʻliq ilmiy asoslanmagan bunday fikrlar hozirgacha davom etib kelmoqda. Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan A.Y.Yakubovskiy “Oʻzbek xalqining yuzaga kelishi masalasi haqida” nomli asari rus va oʻzbek tillarida chop etilgan. Unda shunday fikrlarni oʻqiymiz: “Soʻgʻd shaharlarida (Buxoro, Samarqand va boshqalar) sharqiy Eron, ayniqsa Xuroson tili bilan umumiy boʻlgan va tojik-fors tili deb atalishi joiz boʻlgan til yaratildi”. “Somoniylar zamonida turklashish protsesi Shosh viloyatida ildamroq bordi”. A.Y.Yakubovskiy oʻz fikrini tasdiqlash uchun tarixiy manbalarni, masalan Mahmud Koshgʻariy fikrlarini buzib talqin qilgan: “Turklashish hammadan burun turk tili va nutqining gʻlaba qozonishida ifodalandi, buni XI asrning mashhur olimi Mahmud Koshgʻariy qayd qilib oʻtadi” [Yakubovskiy.1941. 9]. “Devonu lugʻatit turk” asarida esa bunday fikr uchramaydi.

Bundan tashqari, A.Y.Yakubovskiyning “Oʻrta Osiyo va, xususan, Oʻzbekistonning qadimgi xalqlari tomonidan yaratilgan madaniy meros turklar uchun juda katta ahamiyatga ega boʻldi” [Yakubovskiy.1941. 16]. “X asrda Movarounnahr va Xuroson tuprogʻidagi turklar madaniy boyliklarni yaratishda qadimgi shaharlardagi tojik aholisi saviyasiga koʻtarildilar” [Yakubovskiy.1941.17] singari gaplarda ilgari surayotgan fikrlari zamiridagi maqsad ham turkiylar tarixini soxtalashtirishdir.

Y.Polivanovning oʻzbek tilidagi singarmonizm va unlilar toʻgʻrisidagi qarashlarining inkor qilinishi

Oʻzbek tilshunosligi taraqqiyoti, rivojlanishida Y.Polivanovning ishlariga juda yuqori baho berilganligi mutaxassislarga maʼlum. Baʼzi oʻrinlarda esa uni ideallashtirish, hatto oʻzbek tilshunosligining, oʻzbek dialektologiyasining asoschisi, deb eʼtirof etish holatlari ham kuzatiladi [Ғуломов 1976б 3-4; Шоабдураҳмонов 1974б 62; Ишаев 2011б191]. N.Karimov “Jahon adabiyoti”dagi “Buyuk tilshunos olim” nomli maqolasida Y.Polivanovning oʻzbek tiliga oid qator ishlarini sanab keladi-da “Polivanovning oʻzbek tili grammatikasi va dialektologiyasini ilmiy oʻrganish ishiga tamal toshini qoʻygan zabardast olim sifatida hurmat qilishimiz va eʼzozlashimizga toʻla asos beradi” [Karimov. 2011. 191], “turkiyshunoslik fanlarining yuzaga kelishiga muhim hissa qoʻshgan... Е.D.Polivanov tom maʼnoda jahon tilshunoslik fanining yirik namoyandalaridan biri” [Karimov. 2011. 192], deb eʼtirof etadi.

20-yillarning oxiri 30-yillarning boshlarida Y.Polivanovning oʻzbek tilidagi singarmonizm hodisasi va unlilarning soni ham qoʻllanishi, oʻzbek adabiy tili uchun asos boʻladigan shevalarni belgilash toʻgʻrisidagi qarashlarini mahalliy aholi vakillaridan birortasi ham maʼqullamagan. Bu haqda Abdulla Alaviy “Profisoʻr Polivanif tarafidan olgʻa surilgan bu fikrni yolgʻiz ovropoli mustashiriqlarning bir qismida oʻziga tarafdor topgan boʻlsa-da, oʻzbeklar orasida buni yoʻqlovchi boʻlmadi” [Alaviy. 1929. 20], deb yozgan edi.

Yana: “Muhtaram profisoʻr Polivanof toshkent shevasini asos tutish va uni adabiy sheva qilib olish toʻgʻrisida taklifda boʻlindi. Dalil oʻlaroq, Toshkentning madaniy markaz ekanini, bugun Oʻzbekistonda yozuv bilaturgʻon xalqning aksari shu shevada yoxud shungʻa yovuq shevalarga mansub ekanini soʻyladi.

Lekin biz masalaga bunday tor qaray olmasdiq, chunki birinchi bizning (yaʼni Turkiston turklarining) koʻb asrlardan beri kelgan ohang qonunigʻa asos qilingʻon adabiy tilimiz bor. Bu til – hamma shevalarga umumiy bir til boʻlub kelgan, butun yozuvlarimiz shu tilda yozilgʻon va buni hechkim yot siramagʻon.

Bu kungi oʻzbek tilining yuqorisidagʻi tilning davomi va bir oz mukammallashgan shakli ekaniga kim shubha etadir?

Hol shunday ekan, bugun, qaysi shevaga mansub boʻlmasun, yozuv bilaturgʻon kishimiz shu tilda yozar ekan, “siz falon xilda til tuzingiz, falon...” deyishlar, “samoyedlar” uchun foydali kengash boʻla olsa-da, “oʻzbeklar” uchun behuda boʻgʻoz yirtishdir...”, degan fikri ham bor. [Alaviy. 1927. 8].

Gʻozi Olim esa Y.Polivanov toshkent shevasini yaxshi bilmasligi, toshkent shevasi unlilari haqidagi qarashlari notoʻgʻri ekanligini qayd etgan: “Profisoʻr Polivanif toshkent shevasida oʻrta alif oʻrnida har vaqt qalin alifli ishlatadi. Holbuki, toshkent shevasida qalin alifli soʻz bir necha yuzga etmadigi holda, oʻrta alif hokim bir oʻrun tatadi. Profisoʻr Polivanif toshkent shevasini juda oz bilganligi orqasida boʻlsa kerak bu shevaning soitlari toʻgʻrisida koʻb yanglishadiki, bu yonglishlar toʻgʻrisida toʻgʻri kelganda yozarmiz” [Gʻozi Olim. 1927. 50].

Elbek ham Y.Polivanov qarashlariga oʻz munosabatini bildiradi: “Soʻzimga dalil qilib profisoʻr Polivanifning 28 nchi yil, 22 nchi oʻktabr tarixli 244 nchi sonli “Правда Востока” gazetasida “Невозможно молчать” sarlavhasi ostida bosilgʻon maqolasini koʻrsatsam boʻladir. Bunda Polivanif oʻrtoq alla qaydan turib musht koʻtaradir, oʻz fikriga qarshi chiqqanlarni “nodon” deb soʻkadir, oʻzining chiday olmagʻonini yuqoridagʻi sarlavha bilan bildiradir.

Uzoq yillar Oʻzbekistonda boʻldingiz, oʻzbekning til-imlo kengashi, qurultoylarining barchasigʻa deyarlik qatnashdingiz, lekin kimsani oʻzingizga ergashtira oldingizmi? Buni ham qoʻyayliq, 1926 nchi yil, avgʻust kengashida oʻzingiz qarorgʻa qoʻl koʻtargan holingizda yana shu kengash majlisiga qatnashgʻonlarni endi “nodon” deb soʻkishga tutinasiz. Bu yaxshi emas, muhtaram profisoʻr!

...Yana shuni ham aytay: sizning Toshkent, Samarqand shevalari ustidagi tekshirishingiz va “olti choʻzgʻili toshkent shevasi”ni umum oʻzbeklar uchun oʻrtoq adabiy til ravishida kiritishga urinishingiz behuda. Chunki, sizning oʻylagʻoningiz toshkent shevasida 6 emas 9 choʻzgʻi tugal-toʻkis bordir. Buni Toshkent til bilarmonlari alla qachon tekshirib bilganlar”. “Toshkent shevasi oʻzbekning adabiy tili roʻlini oʻynay olmaydir” [Elbek. 1929-yil 29-yanvar].

Singarmoʻnizmchi esa: “Oling profisoʻr Polivanifni. Ul til toʻgʻrisida sizga shunday yoʻl koʻrsatadirkim, u yoʻlgʻa kirgan kishi, albatta, adashadi” [Singarmoʻnizmchi. 1928], deb  oʻz munosabatini bildirgan.

А.K.Borovkov “eronlashishi” nazariyasining tarafdorlari oʻylab topilgan sxemalarini tiqishtirgani, hatto Y.Polivanov tomonidan Toshkent soʻzining “toj(i)kent” tarzda etimologiya qilinishi [Поливанов. 1927. 19] tarixiy jihatdan ham, lingvistik jihatdan ham mavjud emas, deb bildi: “Защитники теории «иранизации» всячески подгоняли под надуманную схему явления языка, строили надуманные этимологии, напр., проф. Е.Д.Поливанов в угоду своей схеме выводил название Ташкента из таж(и)-кент, т. е. «таж(и//к)ское селение», хотя исторических и лингвистических оснований для такой этимологии нет и т.д.” [Боровков. 1955. 91].

Eroniylashgan shevaning oʻzbek tiliga aloqasi yoʻqligi

1926-yilning fevral oyida Bokuda boʻlib oʻtgan Birinchi turkiyshunoslar qurultoyida turkiy xalqlarning tili, tarixi, etnografiyasi boʻyicha rus turkologlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarda qator kamchiliklar, noaniqliklar borligi koʻrsatib oʻildi. Oʻzbekiston vakili sifatida ishtirok etgan Gʻozi Olim Yunusov qurultoyning 1926-yil 27-fevral kuni oʻtkazilgan yigʻilishida turkiy xalqlarning etnografiyasi haqida qilingan maʼruzalarda juda kam va umumiy maʼlumotlar berilgani, shuningdek, xalqlarni bir-biridan ajratib turadigan, bir-biriga oʻxshamagan farqli juhatlari yoritilmagani haqida gapirgan. Oʻzbeklar haqida esa tamomila notoʻgʻri fikr bildirilganligini alohida urgʻulagan: “Когда говорят об узбеках, у всех получается какое-то туманное представление. Что они представляют собой? Узбеки – это люди с длинной бородой, большой чалмой и длинными широкими халатами. И толко. И действительно, взглянешь на альбом, где изображены типы узбеков. Что же этот альбом нам говорит? Абсолютно ничего. Например, вместо узбека снят таджик персидского, иранского происхождения; в их чертах совршенно нет тюркского элемента. Такие альбомы, вероятно, составлены человеком, совершенно не знающим состояния Узбекистана” [Тюркологический съезд. 1926. стр. 86-87].

Yunusov, shuningdek, o‘zbek tili bo‘yicha olib borilgan ishlar, ularda ilgari surilayotgan fikrlar ham g‘ayri ilmiy, hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan eroniylashgan sheva deb talqin qilinayotgan sheva asliga o‘zbeklarga, o‘zbek tiliga mutlaqo aloqasi yo‘qligiga qurultoy qatnashchilari diqqatini qaratgan: “Наши языковеды не знают, какие имеются наречия у узбеков. Например, чагатайское, смешанное узбекское наричие, они называют узбекским. А потом еще выдумали какой то сартский язык и говорят, что это их особый язык, тогда как сарты все говорят на персидском языке. Когда они говорят на узбекском языке, они знают, что они персы. Таджиков, сартов определяют без всякого затруднения. Они говорят по-узбекски так же, как я говорю по-русски; сейчас же можно узнать, что я не русский, что они не тюрки. А некоторые наши ученые писали в своих трудах, что вот мол сарты происходят из иранской расы, они забыли свой язык и приняли тюркский язык, что в Узбекистане имеется сартское наречие. Это конечно неправильно, это – большая ошибка... Ни Москва, ни Ленинград серьезно этим вопросом не занимались. Я просил бы, чтобы Курултай на это обратил внимание” [Тюркологический съезд. 1926. стр. 87].

Elbek ham eroniylashgan shevani oʻzbek tiliga aloqasi yoʻqligini qayd etgan: “Ammo samarqand shevasiga kelsak, buni siz “eronlashgan” sheva deb yuritasiz. Holbukim, bu eronlashgan sheva emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri forsiy tilning buzilgʻoni boʻlib, uning oʻzbek tiliga sira bogʻlanishi yoʻqdir” [Elbek. 1929-yil 29-yanvar].

Qator rus sharqshunoslarining ishlarida oʻzbek tiliga fors (tojik) tilining taʼsiri, natijada tovush tizimidagi oʻzgarishlar haqida fikrlar bildirilgan edi. А.K.Borovkov turkologik adabiyotlarda mustahkam oʻrnashib qolgan oʻzbek tilining “eronlashishi” nazariyasining gʻayriilmiy va shu nazariya asosida amalga oshirilgan oʻzbek dialektlari tasnifi notoʻgʻri degan toʻxtamga keldi. Olim oʻzbek tili ayrim shahar shevalaridagi singarmonizm hodisasining yoʻqolishini, u aholi qatlami asli turkiy boʻlmaganligi, oʻz tillarini yoʻqotib oʻzbek tilini qabul qilganliklari natijasida ularning tilida singarmonizm boʻlmaganligini qayd etdi: “что таджики, подвергнувшиеся ассимиляции и утратившие родной язык, усвоили узбекский язык, сохранив исконное таджикское произношение, в первую очередь, таджикский, иранский вокализм, в результате чего в узбекских городских говорах исчезло явление сингармонизма” [Боровков. 1955. 90].

Oʻzbek tilining “eronlashishi” bilan bogʻliq fikr, asosan XX asr turkologiyasida, xususan, rus turkologiyasida uchrashini va bunga katta eʼtibor berilganini, sovet fani turkiy xalqlarning mintaqadagi mavqeini tizimli ravishda tarixiy haqiqatlarni buzib talqin qilganliklarini kuzatish mumkin. Sovet olimlari tadqiqotlardagi fikrlar, tarixiy adabiyotlar, manbalar bilan asoslanmagani ham mutaxassislarga maʼlum.

XI asrda yaratilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asaridagi dalillar esa, А.K.Borovkov aytib oʻtganidek, maʼlumotlar oʻylab topilganini, ajdodlarimiz yashab kelayotgan katta hududdagi shaharlar asosan turkiy xalqlar tomonidan bunyod etilganini, ularga forsiy tilda gaplashadigan  aholi keyin koʻchib kelganligini koʻrsatmoqda. Mahmud Koshgʻariy “qaz” soʻziga izoh berganda koʻplab shaharlar turklar tomonidan qurilganini aytib oʻtadi: “Afrosiyob qizining nomi. Qazvin shahrini shu qurgandir. Bu soʻzning asli qaz oʻyni – gʻoz oʻynaladigan joy demakdir. Chunki u shu yerda turar va shu yerda oʻynar edi. Shuning uchun baʼzi turklar Qazvinni turk shaharlaridan hisoblaganlar. Shuningdek, Qum shahri ham chegara hisoblanadi. Chunki qum turkcha soʻzdir… Baʼzilar turk shaharlari chegarasi Marvash-Shohijahondan boshlanishini soʻzlaydilar. Chunki Qazning otasi Toʻnga Alp er – Afrosiyobdir. U Tahmurasdan uch yuz yil keyin Mervni bino qilgandir.

Baʼzilar butun Maverannahrni turklar oʻlkalaridan deb hisoblaganlar. U Yankanddan boshlanadi. Uning bir oti Dïzruyïndir. U sariqligiga koʻra, mis shahri demakdir. Bu Buxoroga yaqindir… Butun Maverannahr, Yankanddan Sharqqacha boʻlgan oʻlkalarni turk shaharlaridan deb hisoblashning asosi shuki, Samarqand, Semizkänd, Tashkand – Shosh, Özkänd, Tỹnkänd nomlarining hammasi turkchadir, känd turkcha shahar demakdir. Ular bu shaharlarni qurdilar va shunday nom qoʻydilar. Hozirgacha ham shunday kelmoqda. Bu yerlarda forslar koʻpaygach, soʻng ular ajam shaharlari kabi boʻlgan” [Mahmud Koshgʻariy. 1963.  163-134].

Mahmud Koshgʻariyda Toshkent soʻzining etimologiyasi ham berilgan. U “Tärkän” soʻzining izohida “Shosh [Toshkent]ning ismi. Uning asli Tash kand boʻlib, toshdan qurilgan shahar demakdir”, degan maʼlumotni keltirgan [Mahmud Koshgʻariy. 1960. 414].

Demak, Mahmud Koshgʻariyning guvohlik berishicha, butun Maverannahr, Yankanddan Sharqqacha boʻlgan oʻlkalardagi shaharlar, asosan, turk shaharlari boʻlgan. Semizkänd, Tashkand – Shosh, Özkänd, Tỹnkänd kabi katta shaharlarning nomi ham turkchadir. Turklar bu shaharlarni qurib shunday nom qoʻyganlar. Bu yerlarda forslar koʻpaygach, soʻng ular ajam shaharlari kabi boʻlgan.

Bundan tashqari, mintaqada, xususan yurtimizdagi arxeologik qazishma ishlari, tangashunoslik boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar, yutimizning turli hududlaridan topilgan qadimgi turk yozuvida bitilgan yodgorliklarining topilishi va tadqiqoti natijalari ham ushbu hududda ajdodlarimiz qadimdan yashab kelganligini ilmiy jihatdan isbotlaydi, forsiylarning turklashishi haqida bildirilgan fikrlar asossiz ekanligini koʻrsatadi.

Oʻzbek adabiy tili singarmonizmga amal qilsin, ayrim soʻzlar singarmonizmga boʻysundirilmasin

Abdurauf Fitrat tom maʼnodagi katta olim edi. U oʻzbek tili, oʻzbek tilining imkoniyati va boyligi, tarixda tutgan oʻrni, oʻzbek tilida yaratilgan tarixiy manbalar va mohiyatini chuqur bilardi. Olim singarmonizm haqidagi qizgʻin bahslarda qatnashib, dastlab oʻzbek tilidagi barcha soʻzlarni bu hodisaga toʻla boʻysundirish haqida fikr bildirdi. Lekin u koʻp oʻtmay oʻzbek tilidagi barcha soʻzlarni singarmonizmga boʻysundirish mumkin emasligini yoki Polivanov ilgari surayotganidek, oʻzbekcha soʻzlarni singarmonizmdan mutlaqo mahrum qilish notoʻgʻri ekanligini tushunib yetdi. Olim bu muammoni hal etmaslik kelgusida qator chalkashliklar, tushunmovchiliklar keltirib chiqarishini nazariy jihatdan isbotlab berdi. Singarmonizm haqidagi bahslar avjiga chiqqan bir paytda Fitrat birinchilardan boʻlib bu muhim masalaga jamoatchilik eʼtiborini qaratgan edi: “Biz bilan madaniy, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy munosabat qilgʻon xalqlardan biz koʻp soʻzlar olgʻon va olmoqdamiz. Tashqaridan kelgan bu soʻzlarning jabbor, qalam, maqola kabi bir qismlari bizda oʻzlashib qolgani uchun tovush ohangiga tobe boʻlgʻon, lekin... tovush ohangiga tobe boʻlmagʻon ... xususiyat, diyonat, parvona, bola, lola kabi tovush ohangiga uymagʻon soʻzlarimiz ham bor. Bularni nima qilamiz... tajriba koʻrsatdi: yot soʻzlarning, hatto gʻildirak kabi oʻz soʻzlarning ham bir qismini tovush ohangiga tobe qila olmadik. Demak, tovush ohangi qoidasidan bir qism soʻzlarni mustasnoga chiqarish majburiyati bor” [Xudoyberdiyev. 1997. 16. 56-59; Hudoyberdiyev. 1998. 433-443].

Ashurali Zohiriy ham bu masalaning jiddiyligini, oʻz vaqtida oldi olinmasa, boshboshdoqlik keltirib chiqarishini anglab yetdi. Muammoning yechimi haqida shunday taklif berdi: “Bizda singarmoʻnizm yuz foiz boʻlgʻusidir, tilimizga oralashqon ajnabiy soʻzlarni ham oʻz qoidamiz (singarmoʻnizm)gʻa boʻyin sundiramiz. Bundan boʻyin tovlaydurgʻonlari oʻrnigʻa oʻz tilimizdan soʻzlar topishgʻa harakat qilamiz.

Gʻijjak, gʻaltak, gʻildirak, pildiroq, yoʻlak singari oʻzlashgan forsiy soʻzlar (yoki forsiycha qoʻshimcha qoʻshilgʻon soʻzlar)ni oʻzgartmasdan singarmoʻnizm qoidasidan mustasno qilamiz” [Zohiriy.  1929-yil 31-mart].

1929-yil may oyida Samarqandda oʻtkazilgan Til-imlo konferensiyasida alifbo, imlo va singarmonizm masalalarining koʻrilishi

1929-yilning 15-23-may kunlari Samarqandda til-imlo konferensiyasi boʻlib oʻtdai. Unda adabiy til, termin va imlo masalalari qizgʻin myhokama qilinadi.  Konferensiyada singarmonizmli shevalar xususiyatini, oʻzbek tilining boshqa turkiy tillar bilan yaqinligini taʼminlash zarurligini hisobga olib, adabiy til 9 unli tovushga asoslanishini maʼqullaydi. Imlo qoidalarida ham shu tamoyillarga amal qilinadi. Ushbu masalalar qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻladi.

Bahrom oʻzbek tili meʼyorlarini belgilashda imkon qadar barcha lahja va shevalarni asos qilib olish zarurligi va uning ahamiyati haqida fikr bildirgan. Til uchun bir shevani asos qilib olish xato ekanligini alohida taʼkidlab oʻtgan: “Baʼzi oʻrtoqlar, qanday boʻlsa boʻlsin biror mahalning shevasi olinsin, deb aytadilar. Biz oʻylaymizki, tilimizni ayrim shevalarga boʻlib yurish yaramaydir. Hech bir joyning shevasi bizga asos boʻla olmaydir. Biz adabiy til qurar ekanmiz, oʻzbeklarning har bir joyigʻa yaʼni ommaga yaqinlashuvimiz kerak. Bu kungi tilimizga “yoʻqchi”, “joʻqchi”, Xorazm shevalaridan ham eng lozim boʻlgʻan unsurlarni oluvimiz lozim. Bu ish tilimizni kengaytiradir va boyitadir. Albatta bu boyitish, kengaytish, oʻstirish kerak.

Biz bir yerning shevasini asos olib qoʻysaq xato qilgʻan boʻlamiz.

Shuning uchun oʻzbekning butun shevalarining hammasidan istifoda qilishimiz kerak” [Til-imlo. 1932. 58-59].

Oʻzbek adabiy tilining imlosi toʻgʻrisida maʼruza qilgan Qayyun Ramazon [Til-imlo. 1932. 91-103] imlo qoidalarini tuzishda turk soʻzlarida singarmonizm qonuni toʻla tatbiq etilishi haqida gapirib oʻtgan [Til-imlo. 1932. 94-95]. Ushbu masala yuzasidan Imad Noʻgʻaybek [Til-imlo. 1932. 103-106], Ajdarov [Til-imlo. 1932. 106-107], Xoʻjanov [Til-imlo. 1932. 107], Fitrat [Til-imlo. 1932. 107-109], Elbek [Til-imlo. 1932. 109-110], Isxoqov [Til-imlo. 1932. 110-111], Goʻzi Olim [Til-imlo. 1932. 111-112], Sobirjon Ibrojimov [Til-imlo. 1932. 112-113], Shokirjon Rahimiy [Til-imlo. 1932. 113-114], Begjon [Til-imlo. 1932. 115-116], Hodi Fayziy [Til-imlo. 1932. 116-117], Orif Ayyub [Til-imlo. 1932. 117], Sariboyev [Til-imlo. 1932. 117-119], Buyuk Karimiy [Til-imlo. 1932. 119-120], Murod Shamsiy [Til-imlo. 1932. 120-121], Abdulhay Ayyub [Til-imlo. 1932. 121-122] oʻzbek tilida singarmonizm mavjudligi va uni adabiy til uchun asos qilib olish haqida fikr bildirganlar.

Ushbu qurultoyda Coʻponzoda barcha jumhuriyatlar singarmonizmli alifbodan voz kechganligi,  Oʻzbekistonda adabiy til uchun singarmonizmni asos qilib olishning hech keragi yoʻqligi, lotinlashtirishning asoslaridan biri turk-tatar va bashqa sharq xalqlarining yozuvlarini yaqinlashtirish ekanligini aytib oʻtadi: “Soʻng oʻlaroq singarmunizm haqida bir qancha soʻz soʻylamakchi boʻlaman. Konferensiyadagi chiqishlar oʻzbek lahja, yoxud shevalarining asosiy eʼtibori bilan singarmunizmli boʻlgʻanini koʻrsatdi. Buning uchun choʻzgilarni ozaytirmoq masalasini bu konferensiyadan soʻngra qatʼiy suratda ortadan koʻtarmak lozim keladir. Singarmunizmli alifbe tajribasi ikki yil muddaticha Qazaqistan, Qirgʻzistan kabi jumhuriyatlarda yayildi.

Bu tajribalardan chiqqan natijalar manfiy boʻlgʻani uchun ortiq 1 nchi plenumda butun jumhuriyatlar singarmunizmli alifbedan voz kechdilar. Endi yangidan Oʻzbekistonda bu tajribani takror etmakning menimcha hech keragi yoʻq. Ikkinchi tomondan lotinlashtirish ideyasining asoslaridan birisi turk-tatar va bashqa sharq xalqlarining yozuv madaniyatlarini yaqinlashtirmoq edi” [Til-imlo. 1932. 15].

Oʻzbek adabiy tilining imlosi muzokaralarida qatnashgan Axunov ham Choʻonzoda tomonidan ilgari surilgan fikrlarni deyarli qoʻllab-quvvatlaydi: “Oʻrtoqlar, adabiy til haqida boʻlsin, termin haqida boʻlsin, rezolyutsiya qabul qilishda tilning oʻsishi, yuksalishi asos qilinib olindi. Haqiqatan ham turmushning talabi shunday, albatta til oʻsadir, yuksaladir, oʻzgaradir. Shuning bilan birga bu kunning talabi boʻyincha singarmoʻnizm qoidasining ham asos qilib oluv kerak. Biroq koʻp kuchli olimlar, shu jumladan proʻfessoʻr Choʻponzoda, keyin oʻzimizdagi mutaxassislar ham, oʻzimizdagi tilchilar ham singarmoʻnizm bora-bora yoʻq boʻladir degan narsani eʼtirof etadirlar. Bu albatta tajribadan kelib chiqqan narsa. Singarmoʻnizm yolgʻiz turk tillarida boʻlmasdan boshqalarda ham boʻlgʻan va tillari oʻskan sari yoʻq boʻlib ketkan. Shuning uchun singarmoʻnizmni temir qoʻrgʻon shaklida emas, vaqtincha bir chora deb qabul qilmoq kerak”. “Koʻpchilikning talabi choʻzgʻularni qisqartish ekan, har bir joyda shuni talab qilar ekan, shuni eʼtiborgʻa olib, koferensiya oʻz qarorlarida koʻpchilikning savodli boʻluvi uchun 6 choʻzgʻini qabul qilsa” [Til-imlo. 1932. 122].

Unli tovushlarni ifodalaydigan harflar sonini aniqlashda turli takliflar bildiriladi. Oxunov 6 ta, Shokirjon Rahimiy 8 ta, Fitrat, Begjon, Hodi Fayziy, Orif Ayyub, Buyuk Karimiy, Murod Shamsiy, Abdulhay Ayub 9 ta, Ajdarov 10 ta, Sobirjon Ibrohimov 14 ta, Elbek 16 ta harif olinishini bildirganlar. 

Imlo haqidagi qarorning ikkinchi bandida singarmonizm oʻzbek soʻzlarining imlosida saqlanishi qayd etiladi: “2) Yoʻgʻonliq ingichkalik oʻzbek soʻzlarining imlosida saqlanadir” [Til-imlo. 1932. 124]. Shuningdek, toʻliq imlo lugʻatini tayyorlash ham qaror bilan ilmiy shoʻro huzuruda tuziladigan komissiyaga yuklatiladi: “29) Yoʻgʻonliq ingichkalikda turli lahja va shevalarimizda turlicha boʻlib yurgan soʻzlarni bir yagʻliq qilish va tezdan toʻluq bir imlo soʻzligi tuzishni zarur bilamiz va bu ishlarni shoʻro qoshida tuzilaturgʻan komissiyaga yuklatilsin va ular tezdan ommalashtirilsinlar” [Til-imlo. 1932.  126]. Anjuman qarorida alifbodagi harflar tartibi va soni ham belgilangan: “27) Bizning alifbemiz birlashtirilgan yangi turk alifbesi va tartibi ham lotin asosida birlashtirilgan tartibdir. Aa, Bb, Cc, Çç, Dd, Ee, Әә, Ff, Gg, Ƣƣ, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Ņņ, Oo, Ѳѳ, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Уy, Zz, Ƶƶ, Ьь” [Til-imlo. 1932.  126].

Samarqandda boʻlib oʻtgan anjumanda davriy matbuotda va konferensiyada singarmonizm haqidagi bildirilgan turli fikrlar jamlanib, chuqur tahlil qilinmasdan barcha soʻzlar singarmonizm hodisasiga boʻysundiriladi, degan qaror qabul qilingan. Qabul qilingan imlo qoidalarida ayrim tub soʻzlar, baʼz rus tili va rus tili orqali oʻzlashgan soʻzlarning singarmonizmga boʻysunmasligiga aniqlik kiritilmadi. Koʻp oʻtmay bu kabi muammoli masalalar, chalkashliklar bilinib qoldi. 30-yillarning boshlaridan alifbo, imlo masalasi qaytadan kun tartibiga qoʻyildi.

Oʻzbek adabiy tilidagi singarmonizmning chiqarilishi va unlilar sonining qisqartirilishi

1933-yil 7-yanvarda Butunrossiya Markaziy Ijroiya qoʻmitasi huzuridagi Ilmiy kengashda oʻzbek adabiy tili va uning imlosi haqidagi masala koʻrib chiqiladi. Ushbu Ilmiy kengash oʻzbek adabiy tilini, uning imlosini tubdan oʻzgartirgan, oʻzining asrlar davomida shakllangan boy tarixidan uzib qoʻygan, kommunistik mafkura qoliplariga moslashtirishga harakat qilingan dastlabki qadam edi. Ilmiy kengashda Otajon Hoshimning “Yangi oʻzbek adabiy tili va uning imlosining baʼzi masalalari” deb nomlangan maʼruzasi tinglangan.

Eʼtibor berilsa, maʼruza mavzusida “Yangi oʻzbek adabiy tili va uning imlosi”ga alohida urgʻu berilgan. Bu vaqtda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub burilishlar boʻlgan, barcha sohada yangi jamiyat qurilganligi, qurilayotganligi, uning olamshumul ahamiyati, oʻtmishdan nafratlanishga oid targʻibot ruhidagi maʼlumotlar keng quloch yozgan edi. Otajon Hoshim maʼruzasining umumiy mazmuni va mohiyati ham shunday edi. Maʼruza chigʻatoy adabiy tilining XIV asrdan boshlanganligi, u tilga ijod etgan adiblar, ularning faoliyatiga oid maʼlumotlarni anglatish bilan boshlangan: “В эту эпоху образовалось феодальное государство Тимура и Тимуридов. В эту эпоху усилилось господство помещиков-феодалов, племенной феодальной чагатайской аристократии; ее идеология пропитала, разумеется, и литературы. Чагатайская  литература возникла во дворцах Тимура и Тимуридов и достигла наивысшего развития с появлением произведений Атаи, Байкара, Лютфи, Наваи, Бабура и др. Многие из этих писателей были сами ханами, визирями и крупными феодалами. Все их произведения написаны на литературном чагатайском языке” [Хашимов. 1933. 37]. Albatta, 30-yillarning boshlarida “chigʻatoy tili”, “chigʻatoy adabiyoti”, “chigʻatoy gurungi”, “burjuaziya vakili”, “Temur va Temuriylar” haqidagi fikrlar, yumshoqroq qilib aytganda, faqat ayblov uchun ishlatilgan.

Ushbu maʼruzada Alisher Navoiyning “Muhokamatul lugʻatayin” asarida ilgari surilgan fikrlar chigʻatoy aslzodalarining oʻz tillarini yaratish yoʻlidagi harakat sifatida baholanadi. Alisher Navoiyning Temuriylardan Husayin Boyqaroning vaziri va yaqin doʻsti ekanligi alohida urgʻulangan, panturkistlar Navoiyni oʻz bobolari sifatida qarashlari aytib oʻtilgan: “Отсюда ясно, почему националисты-пантюркисты в части литературного языка до и после Октября выпячивали значение Наваи, объявляя его своим “дедушкой”, борцом за тюркский язык. Националисты-пантюркисты доходили до утверждений, что Наваи, и его лице – чагатайский литературный язык, приближался к живым диалектам” [Хашимов. 1933. 37].

Shundan soʻng chorizmning bosqinchilik siyosati va milliy tillarni  ruslashtirish borasida olib brogan ishlari tanqid qilinadi [Хашимов. 1933. 38]. Jadidlar, ularning turkiy tillar uchun yagona tilni yaratish xususidagi faoliyati, “Chigʻatoy gurungi”ning oʻzbek adabiy tilini rivojlantirish yoʻlidagi qarashlari qoralanadi [Хашимов. 1933. 38-39].

Otajon Hoshim ushbu maʼlumotlardan keyin oktyabr inqilobi bergan ulkan  imkoniyatlar, I.Stalinning “Sharq xalqlari dorilfununining siyosiy vazifalari”, VKP(b)ning XVI sʼezdida qilgan “Milliy masaladagi qinggʻayishlar bilan kurashuv toʻgʻrisida”gi maʼruzasi ahamiyatiga alohida toʻxtalgan. Oʻzbek tilining yangi davrda oʻsib, rivojlanib borayotganligi, lotinlashtirish yangi adabiy tillarni rivojlantirish yoʻlidagi bir bosqich ekanligini aytib oʻtgan [Хашимов. 1933. 40-41].

Olim shundan keyin singarmonizm va unli tovushlarni ifodalaydigan harflar sonini qisqartirish haqidagi qarashlarini bayon etgan: “Последнее связано с вопросом о сингармонизме. В большинстве говоров, городских и кишлачных на данном этапе развития языка сингармонизм все больше ослабляется, нарушается. Это происходит, главним образом, в связи с развитием социалистического хозяйства и культурной революции Узбекистане, с развитием фабрик, заводов, ростом пролетариата впитывающего крестян разлияных говоров, при усилении связи между городом и деревней и между различными районами, с созданием совхозов, колхозов, куда входят представители различных языков, и т. д.

В результате всего этого получается скрещивание различных городских, кишлачных диалектов а масштабах, каких прежде не видел Узбекситан. До Октября результатам этого скрещивания являлась усиленная тенденция выравнивания жвых говоров как городских, так и кишлачных. Эта тенденция именно и приводит к все большему ослаббению сингармонизма. Такова основная линия развития жвых узбекских говоров.

При составлении орфографии необходимо учитывать этот основной закон уменьшения роли сингармонизмов, который можно видеть и наблюдать в языке.

Каким образом мы должны развивать орфографию узбекского языка, каким образом должны составить ее, чтобы ускорить этот процесс, чтобы создать базу для единой орфографии? При разрешении этого вопроса мы должны учитывать уничтожение сингармонизмов на данном этапе развития узбекского языка. Поэтому мы стоим на той точке зрения, что количество гласных можно сократить до пяти (а, ə, ь, i, о, ө, u, у, е = а, о, u, i, э). Сокращение гласных в узбекском алфавите поможет решить этот основной, кардинальный вопрос для трудящихся масс Узбекистана, перед которыми стоит задача быстрейшего поднятия своего культурного уровня. Этот вопрос для нас является важнейшим вопросом культурной революции” [Хашимов. 1933. 41].

Ushbu maʼruza yuzasidan qaror ishlab chiqish uchun akad. Samaylovich (rais), akad. Meshaninov, Hoshimov (maʼruzachi), prof. Fitrat (NKP OʻzSSR), prof. Yakovlev, (Butun ittifoq markaziy komissiyasi yangi alifbo komiteti), Borovkov (Fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti), Alaverdov (Butun ittifoq markaziy komissiyasi yangi alifbo komiteti ilmiy kotibi), Jurgenov (OʻzSSR xaiq komissarlar soveti), Yudaxin (Ilmiy tadqiqot assotsiatsiyasi milliy masalalarni oʻrganish lingvistik komissiyasi), Raximiy (OʻzSSR NKP huzuridagi terminkom) lardan iborat komissiya tuzilgan. Qarorda Otajon Hoshim maʼruzasida ilgari surilgan barcha fikrlar qamrab olingan [Хашимов. 1933. 43-45].

Ushbu maʼruza, maʼruza asosida qabul qilingan qaror oʻzbek adabiy tili va imlosi haqida oʻtkaziladigan anjumanlar, taqdiqotlar, matbuotda eʼlon qilinadigan maqolalar va boshqa ishlar mazmunini, yoʻnalishlarini belgilab bergan.

Qisqa bir muddatdan keyin “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida Qayum Ramazon imzosi bilan “Oʻzbek tilining birlashgan imlosi” loyihasi eʼlon qilindi. Unda unlilar soni 9 tadan 5 taga (а, ə, ь, i, о, ө, u, у, е = а, о, u, i, э) qisqartirilgan, singarmonizm oʻz vazifasini tilning boshqa sohalariga oʻtkaza boshlagani, shu sababli bundan keyin singarmonizm muhim rol oʻynamasligi qayd etilgan [Ramazon. 1933].

Ushbu loyihaga koʻplab munosabatlar bildirildi. Otajon Hoshimning “Oʻzbek yangi adabiy tili va uning imlosi haqida” nomli maqolasi asosan yuqoridagi maʼruza mazmuniga mos edi. Unda yangi davrda oʻzbek tilining rivojlanish tamoyillari, хаlqаrо (asosan rus tili va rus tili orqali ovrupo tillaridan) soʻzlarning kirib kelishi, yangi tovush tizimi, yangi qoʻshimchalarning (-izm, -ik kabi) ishlatilishi, unli tovushlarning qisqarishi jarayonlari bayon qilindi. “Chigʻatoy adabiy tilining (Navoiy, Bobur, Lutfiy va boshqa) feodal mohiyatidan olingan imlo”, “panturkist, panislomist oqimlarining ... imlosi”, “jadidizm imlosi”, “oʻzbek tili yuksalishini burjuaziya yoʻliga boshlagan imlo”, “chigʻatoy tilining imlo prinsiplari” tanqid qilindi. 1929-yilga qadar oʻtkazilgan anjumanlarda oʻzbek tilidagi unlilarning qisqarishi va singarmonizmning yoʻqolib borishi alifboda aks ettirilmaganligi koʻrsatib oʻtildi.

Shundan keyin eʼlon qilingan Elbek, Ulug‘ Tursun, F.Ismoil va boshqalarning maqolalarida ham oʻzbek tilidagi singarmonizmning yoʻqolishi, unli tovushlar sonining qisqarib borishi haqida fikrlar bildirildi. Otajon Hoshim qarashlari qoʻllab-quvvatlandi.

Faqat Tursun Ibrohimov oʻzbek tilning birlashgan imlosi loyihasida unlilar sonining qisqarishidagi ilmiy asoslar koʻrsatilmagani, juft unlilarning bir qancha shevalarda mavjudligi uchun ularning sonini ham qisqartirib boʻlmasligi, singarmonizmdan ham foydalanish kerakligi, haqida fikr bildirildi. [Ibrohimov. 1933].   

Singarmonizm, unlilar toʻgʻrisidagi bahs-munozaralarga 1934-yil 7-yanvarda Toshkentda boʻlgan Til-imlo konferentsiyasi yakun yasadi. Anjumanda yangi imlo qoidalari toʻgʻrisida Otajon Hoshim maʼruzasi tinglandi. Muzokaralarda Shokirjon Rahimiy, Faxri Kamol, Sobirjon Ibrohim, Avloniy, Gʻozi Olim va boshqalar qatnashgan. Konferensiyada tasdiqlangan yangi imlo qoidalarida unlilar soni 6 ta (а, ə, о, u, i, e) qilib koʻrsatilgan, singarmonizm yangi sharoitda yoʻqolib borayotganligi alohida taʼkidlangan. Oʻz MIK prezidiumining 1934-yil 13-mart qarori bilan tasdiqlangan mazkur imlo qoidalaridan keyin oʻzbek tilining yozuv tizimida singarmonizm aks ettirilmadi, 9 ta unli tovushdan 3 tasi qisqartirilib  6 ta qilib belgilandi va bu hodisalar oʻzbek adabiy tilining katta ijobiy yutugʻi sifatida baholanib kelindi.

Xulosa. Shunday qilib, 1930-yilga qadar mahalliy olimlarning barchasi oʻzbek adabiy tilida singarmonizm rioya qilishini shart deb bilishgan va shu fikrda qatʼiy turishgan. Y.Polivanov ularga qarshi chiqqan. 30-yillardan keyin esa mahalliy olimlar qarashlarida ham oʻzgarish paydo boʻlgan. Ular endi yangi oʻzbek adabiy tilini yaratish, singarmonizmning yoʻqolishi, unli tovushlarning qisqarishi toʻgʻrisida fikr bildira boshlaganlar.

Nega shunday? Chunki 30-yillarning boshiga kelib totalitar tuzum oʻz mavqeini mutlaqo mustahkamlagan edi. Kimki millat, turk degan boʻlsa, “millatchi”ga, “panturkist”ga aylantirildi. Millat maʼnaviyatining tayanchlari А.Qodiriy 1926-yilda hibsga olindi, Fitrat, Choʻlponlar oʻz “millatchiliklarini” eʼtirof etdilar. Munavvarqori qatl qilindi... 30-yillarning boshlaridan asosiy eʼtibor “qosimovchilar”, “milliy ittihodchilar”, “millatchilar”, “panturkistlar”, “sotqinlar”ni fosh qilishga qaratildi.

J.Boybulatovning 1932-yilda chop etilgan “Chigʻatoyizm - panturkizm” nomli asari asosan Fitrat, Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” asari, “Chigʻatoy gurungi” faoliyati va Otajon Hoshim faoliyatidagi panturkizmni fosh qilishga qaratilgan edi [Байбулатов. 1932]. Miyon Buzruk Salihovning 1933-yilda nashr etilgan “Oʻzbek adabiyotida millatchilik koʻrinishlari” asarida esa “panislomizm”, “panturkizm”, “millatchilik” masalalari yanada kengroq yoritildi [Salihov. 1933]. Davr matbuoti, anjumanlaridagi holat ham shunday edi. Qisqa qilib aytganda, oʻzbek tilini boshqa turkiy tillardan ajratib tashlash, unli tovushlarni ifodalaydigan harflar sonini kamaytirish, oʻzbek tilining “yiqilmas qoʻrgʻoni” deb bilingan singarmonizmni imlo qoidalaridan chiqarib tashlash uchun vaziyat yetildi. Y.Polivanov “Правда Востока”da alohida taʼkidlab oʻtgan “5, 10 yoki 20 yil” uzoqqa choʻzilmadi. 

Yuqorida keltirilgan dalillardan shunday xulosa chiqarish mumkin.

1. 1921-yil Toshkentda boʻlgan til va imlo qurultoyida, 1922-yilgi Maorif va madaniyat xodimlari qurultoyida hamda 1923-yilda Buxoroda boʻlib oʻtgan Oʻrta Osiyo oʻzbeklarining imlo anjumanlarida oʻzbek tilida singarmonizm hodisasi mavjud boʻlganligi haqida fikr yuritilgan. Bu davrda oʻzbek tilida singarmonizmning mavjud emasligi haqida mulohazalar bildirilmagan. Anjumanlarda qabul qilingan qarorlarda oʻzbek tilida singarmonizmning mavjudligi, soʻzlar singarmonizm hodisasiga amal qilib yozilishi qayd etilgan.

2. Arab alifbosidan lotin yozuviga oʻtish davrida singarmonizm hodisasi turlicha nuqtai nazardan: oʻzbek adabiy tilida singarmonizm yuz foiz mavjudligi va imloda shunga amal qilinishi; oʻzbek adabiy tili singarmonizm hodisasi boʻlmagan shevalar asosida tuzilishi; oʻzbek adabiy tili singarmonizmga amal qilib, ayrim soʻzlar singarmonizmga boʻysundirilmasligi, tahlil qilingan.

3. Davr matbuotida, anjumanlarda Abdurauf Fitrat, Elbek, Gʻozi Olim, Ashurali Zohiriy, Otajon Hoshim, A.Alaviy, Singarmonizmchi va boshqalar oʻzbek adabiy tili singarmonizmga yuz foiz amal qilishi kerakligi, alifboda unli tovushlarni ifodalash uchun 9 harf olinishi kerakligini bildirishgan.

4. Y.Polivanov, K.Yudaxinlarning ishlarida oʻzbek adabiy tili uchun 6 unli tovush mavjud boʻlgan, singarmonizm hodisasi boʻlmagan eroniylashgan shahar shevalarini asos qilib olish bayon qilingan.

5. Gʻozi Olim Yunusov, Elbek, Borovkovlar “eroniylashgan shevalar”, “eroniylashgan shahar shevalari”, deb yuritilayotgan qatlam asli oʻzbek tilida gapirayotgan tojik millati vakillari ekanligini, ularning oʻzbek tiliga aloqasi yoʻqligini bildirishgan.

6. Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy kabi olimlar oʻzbek tilidagi barcha soʻzlarni singarmonizm hodisasiga boʻysundirish mumkin emasligini yoki Y.Polivanov ilgari surayotganidek, barcha oʻzbekcha soʻzlarni yozishda singarmonizm qoidasiga amal qilmaslik ham notoʻgʻri ekanligini tushunib yetdilar. Bu muammoni hal etmaslik kelgusida qator chalkashliklar, tushunmovchiliklar keltirib chiqarishini isbotlab berganlar. Ular ayrim soʻzlarni istino tariqasida singarmonizm hodisasiga boʻysundirmaslik zarurligini kun tartibiga qoʻyganlar.

7. 1929-yil may oyida Samarqandda oʻtkazilgan til-imlo konferentsiyasida oʻzbek adabiy tiliga singarmonizmli shevalar asos qilingan va 9 talik (а, ə, ь, i, о, ө, u, у, е). unlilar tizimini joriy etish haqida anjuman qarori qabul qilingan.

8. 30-yillarning boshlaridan oʻzbek adabiy tilidagi unlilar soni, singarmonizm hodisasi haqidagi qarashlar oʻzgara boshladi. Yangi jamiyatda yangi oʻzbek adabiy tili shakllanayotganligi, oʻzbek tili oʻsib, rivojlanib singarmonizm hodisasi mutlaqo yoʻqolish arafasida ekanligi, oʻzbek adabiy tili imlosini qaytadan tuzish, unli tovushlarni ifodalaydigan harflar sonini qisqartirish zarurligi kun tartibiga qoʻyildi. Bu masala 1933-yil 7-yanvarda Butunrossiya Markaziy Ijroiya qoʻmitasi huzuridagi Ilmiy kengashda muhokama qilingan. 1934-yil 7-yanvarda Toshkentda boʻlgan Til-imlo konferentsiyasida tasdiqlangan yangi imlo qoidalarida unlilar soni 6 ta (а, ə, о, u, i, е). qilib belgilangan, singarmonizm yangi sharoitda yoʻqolib borayotganligi alohida taʼkidlangan. Mazkur imlo qoidalari Oʻz MIK prezidiumining 1934-yil 13-mart qarori bilan tasdiqlangan, unda singarmonizm oʻzbek adabiy tilidan chiqarilgan, unlilar soni 9 tadan 6 taga tushirilgan.

Joʻra XUDOYBERDIYEV,

OʻzMU katta oʻqituvchisi

Adabiyotlar:

Alaviy. 1927. Абдулла Алавий. Ўзбек янги алифбосини тузишда асослар. Тошкент-Самарқанд, 1927. 24 бет.

Alaviy. 1929. А.Алавий. Тил-имло соҳасида. Маориф ва ўқитувчи, 1929, 6-сон. 20-бет.

Behbudiy. 2021. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Танланган асарлар. II жилд. Тошкент. 2021. 34-44.

Elbek. 1929-yil 28-yanvar. Элбек. Тил-имломиз устида. “Қизил Ўзбекистон” газетаси. 1929 йил 28 январ.

Elbek. 1929-yil 29-yanvar. Элбек. Тил-имломиз устида. “Қизил Ўзбекистон”. 1929 йил 29 январ.

Elbek. 1929-yil 30-yanvar. Элбек. Тил-имломиз устида. “Қизил Ўзбекистон”. 1929 йил 30 январ.

Fitrat. 1927, 3, 6-7. “Маориф ва ўқитғувчи”, 1927, № 3 San, s 6-7.

Gʻozi Olim. 1927. Ғози Олим. Ўзбек тилининг товишлари. “Маориф ва ўқитғувчи”, 1927, № 12.

Hoshim. 1927. Отажон Ҳошим. Ўзбекистонда илмий ишлар. “Маориф ва ўқитғувчи”. Тошкент. 1927, 11-сон. 7-19-бетлар.

Hoshim. 1933-yil 14-iyun. Отажон Ҳошим. Ўзбек янги адабий тили ва унинг имлоси ҳақида. “Қизил Ўзбекистон”, 1933 йил, 14 июн.

Hozirgi oʻzbek adabiy tili. 1966. Ҳозирги ўзбек адабий тили. I. Фонетика, лексикология, Морфология. Тошкентю 1966.

Hudoyberdiyev. 1997. Сöra Xudoyberdiyev. Fitrat va lotin yozuvi. Türk lehçeleri ve edebiyatı. Ankara. 1997. 16. 56-59.

Hudoyberdiyev. 1998. Сöre Hudoyberdiyev. Özbeçede ses uyumunun yok edilişi. Türk dünyasi dil ve edebiyat dergisi. Ankara. 1998-5. 433-443.

Ibrohimov. 1933. Т.Иброҳимов. Ўзбек тилининг бирлашган имлоси проекти тўғрисида баъзи мулоҳазалар. “Қизил Ўзбекистон”, 1933 йил 26 май.

Karimov. 2011. Наим Каримов Буюк тилшунос олим. “Жаҳон адабиёти”, 2011 йил январь 187-192.

Mahmud Koshgʻariy. 1960. Маҳмуд Кошғарий. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк), т. I, таржимон ва нашрга тайёрловчи. С.М. Муталлибов. – Тошкент: 1960

Mahmud Koshgʻariy. 1963. Маҳмуд Кошғарий. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк), т. III, таржимон ва нашрга тайёрловчи. С.М. Муталлибов. – Тошкент: 1963

Mahmudov.  1996. Қ.Маҳмудов. Тил яқинлиги – дил яқинлиги”. “Фан ва турмуш”, 1996 йил, 4-сон.

Mahmudov. 1995. Қозоқбой Маҳмудов. Қадимги Туркистон. “Ўзбекистон адабиёти ва санъати”, 1995 йил 24 ноябрь.

Nurmonov. 1997. Абдуҳамид Нурмонов. Ўзбек тили унлиларининг фонологик белгилари. “Ўзбек тили ва адабиёти”. 1997. 2-сон. 74-77-бетлар.

Oʻrta Osiyo oʻzbeklari. 1923. Oʻrta Osiyo oʻzbeklarining birinchi til va imlo maslahat majlisi. “Buxoro axbori”, 1923-yil 12-oʻktabr.

Oʻrta Osiyo. 1923. Ўрта Осиё ўзбекларининг имло конфиренсияси. Туркистон. 1923 йил 31 ўктабр.

Oʻzbek maorif.  1922. Oʻzbek maorif va madaniyat xodimlarining 2 nchi oʻlka qurultoyi. Harf-imlo masalasi. “Qizil bayroq”, 1922-yil. 26-aprel.

Otajon. 1927. 7-8-сонлар. 54-57-бетлар Отажон. Боку пленуми натижаси. “Маориф ва ўқитғувчи”. Тошкент, 1927. 7-8-сонлар. 54-57-бетлар.

Otamirzayeva. 1996. С.Отамирзаева. Сингармонизмни тиклаш шартми? “Ўзбекистон адабиёти ва санъати”, 1996 йил 19 январь.

Otamirzayeva. 1998. Сорахон Отамирзаева. “А” юмшоқми ё қаттиқ. “Фан ва турмуш”, 1998 йил, 1-сон, 31 бет 30-31.

Politexnik maktab. 1934, 3. Politexnik Maktab va Pedagogika. 3.San.

Qilichev. 1999. Ҳозирги ўзбек адабий тили. Бухоро. 1999.

Ramazon. 1933. Қаюм Рамазон. Ўзбек тилининг бирлашган имлоси. “Қизил Ўзбекистон”, 1933 йил 18 май.

Reshetov, Shoabdurahmonov. 1978. В.В.Решетов, Ш.Шоабдураҳмонов. Ўзбек диалектологияси. Тошкент, 1978. 231 бет.

Salihov. 1933. М.Бузрук Салиҳов. Ўзбек адабиётида миллатчилик кўринишлари. Ташкент. 1933.

Safarov. 2005. Машариф Сафаров. Тилшуносликдаги бир баҳсли қараш ҳақида. “Ўзбек тили ва адабиёти”. 2005. 5-сон. 90-94-бетлар.

Shoabdurahmonov. 1980. Ш.Шоабдураҳмонов, М.Асқарова, А.Ҳожиев, И.Расулов, Х.Дониёров, Ҳозирги ўзбек адабий тили. Тошкент, “Ўқитувчи”, 1980. 448 бет.

Shoabdurahmonov. 1998. Шоназар Шоабдураҳмонов. Ўзбек тилида сингармонизм. Ўзбек тили ва адабиёти. 1998 йил 4-сон. 22-25-бетлар.

Singarmoʻnizmchi. 1928. Сингармўнизмчи. Яна тил-имло масаласи устида. “Қизил Ўзбекистон”, 1928 йил 15 феврал.

Til va imlo. 1922. 1921 йил январда бўлғон биринчи ўлка ўзбек Тил ва имло қурултойининг чиқарғон қарорлари. Тошкент 1922.

Til-imlo. 1929. Тил-имло ва истилоҳ конфиренсиясида имло тўғрисида чиқарилғон қарор. “Қизил Ўзбекистон”, 1929 йил 2 июл.

Til-imlo. 1932. Til-imlo konferensiyasi materiallari. 1929 nchi yil mayning 15-23 nchi kunlarida Samarqandda butun Oʻzbekiston miqyosida toʻplangʻan oʻzbek til-imlochilari va adbiblar konferensiyasining toʻla hisobi, Tashkent. 1932.

Toğan. 1999. Zeki Velidî Toğan. Hâtıralar. Ankara, 1999,s. 394.

Umarov. 1989. Эргаш Умаров. Маҳмуд Кошғарий: илтимос, асаримни тўғри изоҳланглар. “Миллий тикланиш”, 1989 йил 1 декабр.

Umarov. 1991. Эргаш Умаров. “Муҳокамат ул-луғатайн”да акс этган унлилар. Ўзбек тили ва адабиёти. 1991 йил 1-2-сонлар. 26-28-бетлар.

Umarov. 1994. Эргаш Умаров. Ўзбек тилида тил олди товушлари борми? Ўзбек тили ва адабиёти. 1994 йил 4-5-6-сонлар. 77-80-бетлар.

Umarov. 1997. Эргаш Умаров. Ким ҳақ...? Ўзбек тили ва адабиёти. 1997 йил 1-сон. 76-78-бетлар.

Umarov. 2000. Эргаш Умаров. Сингармонизм нима? “Миллий тикланиш”. 2000 йил 25 январ.

Umarov. 2003. Эргаш Умаров. Бобур бир фонетик ҳодиса ҳақида. “Тил ва адабиёт таълими”, 2003 йил 1-сон.

Umarov. 2005. Эргаш Умаров. Луғат маълумотлари – ишончли манба. “Ўзбек тили ва адабиёти”. 2005 йил 5-сон. 94-97-бетлар.

Umarov. 2009. Эргаш Умаров. Мумтоз ўзбек тилидаги тўрт “ў”нинг тақдири. “Ўзбек тили ва адабиёти”. 2009 йил 6-сон. 83-84-бетлар.

Xudoyberdiyev. 1999. Жўра Худойбердиев. Масаланинг тарихига қарайлик. “Миллий тикланиш”, 1999 йил, 20 январь 3(176)-сон.

Yakubovskiy. 1941. A.Y.Yakubovskiy. Oʻzbek xalqining yuzaga kelishi masalasi haqida. Toshkent. 1941.

Yudaxin. 1928. К.Юдахин. Водил қишлоғи лаҳжаси ҳақида бир неча сўз.

“Маориф ва ўқутғучи”, 1928, 7-сон 48-50-бетлар.

Yusuf. 2008. Berdak Yusuf. Lugʻat maʼlumotlari doimham ishonchli manbami?.. “Sogʻlom avlod uchun” 2008-yil 10-son, 8-15, 18-22-betlar.

Zohiriy.  1929-yil 31-mart. Ашурали Зоҳирий. Лаб оҳанги тўғрисида. “Қизил Ўзбекистон”, 1929 йил 31 март.

Байбулатов. 1932. Дж.Байбулатов. Чагатаизм – пантюркизм. Москва-Ташкент. 1932.

Бартольд. 1922. В.В.Бартольд. Мусулманский мир. Петербург. 1922. стр 40.

Боровков. 1946. А.К.Боровков. Алишер Навоий как основоположник узбекского литературного языка. / Алишер Навои. М.-Л. 1946. 105-107.

Боровков. 1955. А.К.Боровков. По поводу теории иранизации узбекского языка. Известия академии наук УзССР. 1955. № 8. 79-92.

Мелиоранский. 1900. П.М.Мелиоранский. Араб филолог о турецком языке. СПб., 1900, стр. XI, прим. 5.

Мусульманские депутаты. 1998. Мусульманские депутаты Государственной думы Росии 1906-1917 г.г. Уфа, 1998.

План работы.1932. План работы Всесоюзного центрального комитета нового алфавита (основные моменты) на 1932 год, приняты президиумом ВЦК на 5 января 1932 года. 150 Революция и письменность № 1-2 (11-12), Москва. 1932.

Поливанов. 1922. Е.Поливанов. Звуковой состав ташкентского диалекта. “Наука и просвещение”, Ташкент, 1922, № 1, стр 17-19.

Поливанов. 1924, № 4. Е.Поливанов. Образцы фонетической записей ташкентского диалекта. “Бюллетень 1-го Средне-Азиатского государственного университета”, Ташкент, 1924, № 4, стр. 87-90.

Поливанов. 1924, № 6. Е.Поливанов. Проект латинского шрифта узбекской письменности, “Бюллетень 1-го Средне-Азиатского государственного университета”, Ташкент, 1924, № 6, стр. 158-159.

Поливанов. 1924, № 7. Е.Поливанов. Новая казак-киргизская (Байтурсуновская) орфография. Спорные вопросы киригзской графики и орфографии. “Бюллетень Средне-Азиатского государственного университета”, Ташкент, 1924, № 7, стр. 35-43.

Поливанов. 1927. Е.Поливанов. О происхождение названия Ташкента. // В.В.Бартольду туркестанские друзья, ученики и почитатели. Ташкент, 1927, стр. 395-400.

Поливанов. 1928, 22 октябрь. Е.Поливанов. Невозможно молчать, газ. “Правда Востока”, Ташкент, 1928, 22 октябрь.

Поливанов. 1929. Е.Поливанов. Образцы не-сингармонистических (иранизованных) говоров узбекского языка // Доклаы АН СССР Серия В, Л., 1928, № 5, стр. 92-96.

Поливанов. 1933.  Е.Поливанов. Узбекская диалектология и узбекский литературный язык. Ташкент, 1933. Стр. 45.

Поливанов. 1926. Е.Поливанов. Этнографическая характеристика узбеков, вып I. Происхождение и наименование узбеков, Ташкент, 1926. Стр. 31.

Радлов. 1880. В.В.Радлов. Средняя Зеравшанская долина. Записки ИРГО по отд. Этнографии. Т.6. СПб., 1880. Стр. 67.

Тюркологический съезд. 1926. Первый Всесоюзный тюркологический съезд. 26 февраля - 5 марта 1926 г. (Стенографический отчет). Баку 1926.

Хашимов. 1933. А.Хашимов. Новый узбекский литературный язык и некоторые вопросы  его орфографии. // Революция и письменность. № 1(16). Москва. 1933. Стр. 36-42.

Юдахин. 1929. К.К.Юдахин. Материалы к вопросу о звуковом составе чагатайского языка. Культура и письменность Востока. Книга IV. 1929. стр. 62-68.