Adabiyot azaldan insonni oliy qadriyat sifatida talqin va tadqiq qilib kelgan. Koinot gultoji boʻlmish odamzodni tugal oʻrganish va u haqida qatʼiy xulosaga kelish mushkul ish. Adabiyotshunoslikning markaziy obyekti sanalgan inson shaxsi turli darajada oʻrganib kelinmoqda. Inson mohiyatini oʻrganish va ochib berish adabiyotning abadiy muammo ekani sir emas. Badiiylik mezonlariga koʻra, asar maydonida ishtirok etuvchi har bir personajning harakat trayektoriyasi va badiiy yuki boʻlishi lozim. Har bir obraz oʻzida gʻoya va mazmun tashiydi. Har bir epizod muallif konsepsiyasini namoyon etuvchi qism sanalib, yaxlitlikni taʼminlashga xizmat qilgan. Oʻzbek adabiyotidagi ana shunday personajlardan biri – qaynona obraziga eʼtibor qaratmoqchimiz. Sababi qaynona obrazi jamiyat hayotidagi ijtimoiy ongning mahsuli sifatida milliy, tarixiy, diniy va axloqiy qadriyatlarni oʻzida aks ettiradi.

Ustoz adabiyotshunos olimlar I.Sulton va M.Qoʻshjonov bilan ozgina fursat birga ishlash nasib etdi. Ustozlar suhbatini tinglash, ularning bahs-munozaralariga guvohlik har qanday nazariy kitobdan olingan bilimdan foydali boʻlardi. Ayniqsa, Izzat Sulton juda hushyor va mavzuning mohiyatini tez anglab yetardi. Qoʻshjonov domla esa muammoga kengroq va erkinroq yondashardi. Bir safar zamon dramalari haqida gap ketganda Izzat Sulton: “Adabiyotning abadiy oʻzgarmas mavzulari bor. Ular orasida ayrimlari borki, koʻpchilik buni tan olgisi kelmaydi, masalan qaynona va kelin mavzusi tuganmas muammo, ammo tadqiqot qilinmaydi, maishiyligi uchundir balki…” dedilar. Xoʻsh, qaynona obrazi adabiyotda qanday aks etdi va asar kompozitsiyasidagi oʻrni qanday, obrazning adabiy-estetik qiymati bormi?

Qayinlik va onalik maqomi

Avvalo, soʻzning mazmuniga eʼtibro beraylik. Lugʻatga koʻra, kaynona erning onasi; nikoh orqali hosil boʻlgan qarindoshlik tizimida kelinning er tomonidan boʻlgan onasi hisoblanadi[1]. Qaynona ikki taraflama aloqadorlik doirasida qoʻllaniladi. Yaʼni “erning onasi” yoki “xotinning onasi” shaklida boʻlishi mumkin. Soʻzning etimologik jihati: “ikki komponentdan tashkil topgan – turkiy qayin (nikoh orqali paydo boʻlgan qarindoshlikni bildiruvchi oʻzak) + ona. “Qayin” oʻzagi asosida shakllangan terminologik uyaga qaynota, qaynogʻa, qaynisi, qaynsingil soʻzlari ham kiradi”. Baʼzi turkologik tadqiqotlarda “qayin” oʻzagi qadimgi turkiy “qayish, qovushish” (birlashmoq) feʼli bilan bogʻlanadi, deb taxmin qilinadi[2].

Turkologik manbalarda keltirilishicha, qayin urugʻi – bu er yoki xotinning qarindoshlari boʻlib, bu soʻzning etimologiyasi qayin daraxti nomi bilan bogʻliqligi aytilgan. Turkiy xalqlarda daraxt obrazi (ildiz, shox-shabba, novda) urug‘-aymoq tuzilishini ifodalash uchun keng qoʻllanilgan ramziy tizim sifatida qabul qilingan. Rus turkologi va etnografi N.P.Direnkova turkiy va oltoy xalqlar qarindoshlik tizimlari boʻyicha tadqiqotlarida  bu masalaga diqqat qaratadi. “Suyak – ota urugʻi (qon-qarindoshlik, ota tomondan); Togʻay – ona tomondan qarindoshlar; Qayin – xotin yoki er orqali bogʻlangan quda-qarindoshlar – nikoh orqali hosil boʻlgan, qondosh boʻlmagan qarindoshlik turi”[3] sifatida qayd etiladi. Olima qaynonani qarindoshlik tizmasidagi muhim shaxs sifatida oʻrganadi.

Gʻarb adabiyotida “qaynona” sharq xalqlari singari maʼno urgʻusiga ega boʻlmaydi va uni deyarli arxetip shaklida uchratish qiyin. Ayrim manbalarga koʻra qaynona oʻrnini oʻgay ona motivi egallaydi. Rus ertaklarini tizimli ravishda oʻrgangan olim V.Propp qaynonani “soxta qahramon”, “ziyonkor” yoki sinovchi funksiyasini bajaradi – u qahramon (kelin)ning yoʻliga toʻsiq qoʻyadi” deb taʼkidlaydi.[4]. Eʼtiborlisi, koʻp holatda qaynona ijtimoiy ideal darajasiga koʻtarilmaydi yoki markaziy qahramon sifatida gavdalanmaydi. U ikkinchi darajali qahramon sifatida voqelikka qoʻshimcha maʼno berish va ziddiyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbek maqol va matallarida qaynona-kelin munosabatiga aloqadorlari koʻp uchraydi. “Qaynonali kelin qarqara, qaynonasiz kelin masxara”,  “Qaynona – qirq yillik dushman”, “Yaxshi qaynona – kelinning ikkinchi onasi”,  “Kelin bilan qaynona – bir qozonda qaynasa ham dardi birmas” kabi maqollar mazmuniga koʻra qaynona ikki qirrali maʼnoni izohlaydi:

1.Tajribali va ustoz maqomidagi ona.

2.Munozarali va yangilikka qarshi chiquvchi ayol sifatida namoyon boʻladi.

Anʼanalar qoʻriqchisi

Anʼanaviy oʻzbek oilasida  qaynona – oila ichki hayotining amaliy boshligʻi, nazorat qiluvchisi, ish boshqaruvchisi kabi vazifaga oʻzini maʼsul sanaydi. Qaynona oiladagi ayollar orasida yuqori maqomga ega, uy yumushlarini taqsimlash, kelinning ota-onasinikiga borishi, oʻgʻilga munosabat, bola tarbiyasi kabi ishlarda boshqaruvchilik qiladi.  Teranroq nazar solinsa, qaynona oila qoʻrgʻonining himoyachisi, anaʼnalar qoʻriqchisi tarzida jonlanadi. Kelin yangi oilaga kelar ekan mana shu xonadon qadriyatlarini, talablarini hisobga olishi odatga aylangan. Odatga koʻra qaynona xoslanadi, kelin moslanadi.

Koʻp muammolar ham mana shu ikki ayol, qaynona va kelin orasida yuz beradi. Ijodkorlar aynan mana shu ziddiyatdan asarda harakatga keltiruvchi motiv sifatida foydalanishadi. Keyingi paytda qaynonani koʻproq kelin bilan oʻzaro raqib sifatida talqin qilish holati koʻzga tashlanmoqda. Odatda qaynona va kelin orasidagi munozaralar yangilik va eskilik orasidagi munosabatlar shaklida taqdim etiladi. Kelin aʼnanalarning davomchisi emas, balki yangi anaʼnalarni joriy etuvchi persona sifatida boʻy koʻrsatadi. Muammoning ildiziga nazar solinsa, oʻgay ona – qaynona – kundosh tarzida berish, uning salbiy jihatlarini boʻrttirib tasvirlash yetakchi shaklga aylandi deyish mumkin.

Oʻzbek adabiyotida qaynona obrazi koʻp holatda ijtimoiy muammolarni ochib beruvchi adabiy tip sifatida ifoda qilinmoqda. Qaynona milliy xarakter va ijtimoiy ongni belgilovchi oʻziga xos qahramon qiyofasida tasvirlanadi. Oʻtgan asr avvalida bunyod etilgan yangi oʻzbek adabiyotida qaynona obrazi jamiyatdagi eskicha fikrning timsoli sifatida ifoda qilindi. Jadidlar oilani isloh qilish orqali millat tafakkurini yangilashni maqsad qildi. Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon singari oydinlarimiz millat oilasining yangi modelini shakllantirish umidida taʼlim va tarbiyaga diqqat qaratishdi. Jadidlar ayolni millatning tarbiyachisi va davomchisi sifatida qabul qilishdi, uni maʼrifatli qilish markaziy muammo tarzida taqdim etildi.

Oʻzbek oyim – yangilik va eskilik oʻrtasidagi ayol

Dastlabki milliy romanlar muallifi A.Qodiriy ijodida ayollar obrazi talqini oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Oʻzbek oyim “Oʻtkan kunlar” roman badiiyatini taʼminlagan, muallifning xarakter yaratishdagi mahoratini koʻrsatgan jozibali obraz sifatida oʻzida bir qancha maʼnolarni tashiydi.

Romanning birinchi boʻlimida Turkiston xonlari va millat hayotiga, turmush tarziga chuqurroq qaraladi. Yaʼni biz yuqorida aytgan tashqi munosabatlar masalasi yoritib beriladi. Romanning ikkinchi boʻlimidagi “Ota-ona orzusi” nomli faslida oilaga, oʻzbek oliasining ichkarisiga nazar solinadi. Ziddiyatlarni kuchaytiruvchi sabablar ochiqlanadi. Mazkur boʻlim romandagi jiddiy koʻtarilish va burilishlarga boy sahnalardan tashkil topgan. Oʻzbek oyim asarda evrilishlar yuzaga kelishida katalizator vazifasini bajaradi. Obraz zamirida millat dunyoqarashi, saviyasi va xarakteri, qadriyatga munosabat, tafakkurdagi yangilanish kabi mazmun joylangan. Oʻzbek oyim maʼrifiy islohotchilik gʻoyasiga qarshi turuvchi va eski anaʼnalarni mahkam tutuvchi ijtimoiy tip sifatida tasvirlanadi.

Yozuvchining badiiy mahorati tufayli Oʻzbek oyimni qoralash ham, oqlash ham oson emas. Uning qiyofasida oʻz davri tutumlari va axloqiy qadriyatlari ichida harakat qiluvchi, psixologik jihatdan ishonarli tirik obraz jonlanadi. Shu sabab Oʻzbek oyim haqida juda koʻp maqolalar yozilgan. Ustoz U.Joʻraqulovning “Oʻzbek oyim nega ogʻma?” degan ajib maqolasida obraz mohiyatiga chuqur kiriladi, ishonchli asos berilganligi bilan eʼtiborga loyiq. Oʻzbek oyim obrazi milliy realistik asarda ayol xarakterini chuqur yoritib berishning goʻzal namunasidir. Oʻzbek oyim qaynona boʻlishni orzulagan ayolmi? Uni nima majbur qildi kundoshni xonadoniga olib kirishga? Oʻzbek oyim oʻgʻlini undan “ayirgan” joduchi “andi”dan qasos olishni niyat qiladi, alam alamzadalarni bunyod qiladi. Shu bois xonadonida kundoshlik chirogʻini yoqadi. Ayni shu jihat Oʻzbek oyimning romandagi oʻrnini taʼminlagan.

Adib salkam bir faslni Oʻzbek oyimni tanishtirishga qaratadi. Uning tabiatini, jamiyatdagi mavqeini va ruhiy holatini chuqur asoslaydi. “Oʻzbek oyim ellik besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabiʼatlik bir xotin boʻlsa ham, ammo eriga oʻtkirligi bilan mashhur edi”[5]. Oʻzbek oyimning oʻtkirligi “yolgʻiz erigagina emas, Toshkand xotinlarigʻa” ham havas edi. Nufuzli xonadonlarning toʻyi va uylarining “toʻrini Oʻzbek oyimgʻa” atalgan boʻladi. Oʻzbek oyim soʻzini oʻtkazgan va “oʻtkirligi erlar tomonidan ham tasdiq” etilganligi sharhlanadi. Izohlar nima uchun kerakligini keyinroq anglab yetamiz.

Romanda kundoshlik motiviga homiylik qilish Oʻzbek oyim zimmasiga yuk