Oʻzbek kinosi haqida fikr mulohaza yuritilgan davralarda, koʻpincha milliy kino sanʼati asarlaridan norozilik kayfiyati seziladi. Oʻzbek kinosi bilan xorij kinosi, xususan AQSH yoki Eron, Turkiya, Yevropa davlatlari filmlari solishtiriladi va “biz hali beri ularni darajasiga chiqolmaymiz”, deya munozarali xulosalarga kelinadi. Lekin aynan darajasi yuqori sanalayotgan davlatlarning filmlari kinomuxlislarimizga sanoqli darajada tanish ekanligi unutiladi. Aksar hollarda Gollivud filmlari son va sifat jihatidan birinchilikda turadi. Ammo Gollivud filmlarini milliy kinofilmlar sirasiga kiritish mumkinmi, yoʻqmi bu bahsli masala... Aytmoqchimizki, dunyo kinomanlari orasida oʻzbek filmlarini yaxshi koʻrgan va koʻrayotganlari ham talaygina. Ayniqsa, mustaqillik yillarida turli kinofestivallarda ishtirok etib kelayotgan kinoijodkorlarimiz anchayin tanilib ulgurishgan. Uzoq muddat mafkura qolipiga solingan kino sanʼati milliy oʻzanida erkin rivoj topishi uchun, albatta, maʼlum tarixiy bosqichlar zarur boʻladi...
Oyina.uz bugungi mavzu doirasida kechagi oʻzbek kinosi qanday toʻsiqlarga uchragani, mustaqillik yillari davrida milliy kino sanʼatiga qaysi filmlar qanday tamal toshi qoʻygani haqida fikr yuritadi.
Shoʻro qolipidan erkin ijod tomon
Oʻzbek kinosining shakllanish va rivojlanish bosqichida koʻpmillatli sovet davlatiga xos sanʼatning anʼanaviy yoʻnalishlari oʻz aksini topgan edi. Oʻsha hukmdor ideologiyaga muvofiq tasvirlangan voqea va hodisalarda sinfiy kurash yoki maʼnaviy qoloq insonlarni qayta tarbiyalash anʼanasi muhim boʻlib, salbiy va ijobiy qahramon orasidagi konflikt badiiy asar uchun bosh mezon hisoblanardi. Gʻarb kinosanʼati taraqqiyot bosqichlarida esa falsafa muhim oʻrin tutgan edi. Shuning uchun ham, yagona koʻpmillatli davlat tarkibida boʻlgan oʻzbek kinosida gʻarb kinofilmlarida boʻlganidek, muallifning “zohidona” falsafiy dunyoqarashi aks etgan asarlar umuman uchramaydi. Albatta, ramziy maʼnolarga ega kadrlar yoki majoziy tasvirlarga urgʻu berilgan oʻzbek filmlarining sarasi hanuzgacha estetik qiymatini yoʻqotmaganligini, milliy ruhiyat yoki milliy anʼana va qadriyatlarning sof ekran muqobili topilgan filmlargina oʻzbek kinosining rivojlanishida muhim poydevor xizmatini oʻtaganini unutish mumkin emas.
(“Tohir va Zuhra”, “Nasriddin sarguzashtlari”, “Nasriddin Buxoroda” “Sen yetim emassan”, “Toshkent non shahri”, “Inson qushlar ortidan boradi”, “Nafosat”, “Sevishganlar” kabi kinoasarlar oʻz davrida ustun turgan mafkuraviy koʻrsatmalarni qisman yengib oʻtgandek tasavvur uygʻotadi.)
.jpg)
Oʻtgan asrning 60-yillarida sovet kinoshunoslari ayrim hollarda ekran sanʼatining vizualligini birinchi oʻringa qoʻydilar, filmda adabiy asosga tayanishni arxaizm deb bildilar. Ularning fikricha, kinematograf – “harakatlanuvchi vizuallik” sanʼati boʻlib, na adabiy asos va na soʻz materialning sof tasviriyligi oʻrnini bosa oladi. Kinoning tasviriyligini (кино видимость) asosiy omil deb biluvchilar ssenariyning adabiyot asari ekanligini inkor etib, kino inson ruhiyatini chuqur ifodalashga ojiz, shuning uchun ham fan dunyosiga, falsafiy qarashlarga daʼvogar boʻlolmaydi, chunki kino hissiylikning faqatgina birinchi pogʻonalarida turishi mumkin, deb hisoblardilar. Koʻp oʻtmay, bunday notoʻgʻri qarashlar barham topdi.
Qayta qurish davrida barcha sobiq sovet respublikalari kinosanʼatida sodir boʻlgan nosoz “tebranish” oʻzbek kinematografiyasini ham chetlab oʻtmadi. Boshqa tomondan mamlakatdagi turli ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarning aksi tasmalarga muhrlana boshladi. Bu holat nafaqat badiiy filmlar, asosan ekran publisistikasi, animatsiyada ham namoyon boʻldi. Oʻz-oʻzidan voqeʼlikni ruhan erkin ijodkor sifatida anglay boshlagan rejissorlar, tabiiyki asarlarida yaqin oʻtmish haqida, undagi qoliplar va shaxsga sigʻinish oqibatlari, milliy qadriyatlar va anʼanalarga nisbatan boʻlgan tahdidlar haqida ochiq gapirish imkoniyatini namoyon etdilar. Shu tariqa ilk qayta qurish davridan mustaqillik davrigacha boʻlgan kezlarda kinopublisistlar – Bahodir Muzaffarov, Shuhrat Mahmudov, Roziqa Merganbayeva, multiplikatorlar – Nozim Toʻlaxoʻjayev, Sergey Alibekov, rejissorlar – Qamara Kamalova, Yusuf Roziqov, Zulfiqor Musoqov, Sobir Nazarmuhamedov, Nozim Abbosov, Jahongir Qosimov, Yolqin Toʻychiyev, Ayub Shahobiddinovlarning ijodida oʻtish davrining oʻziga xos manzarasini koʻrgandek boʻlamiz. Garchi, keyingi mustaqillik yillarida yaratilgan aksariyat filmlarda “sots realizm metodi”ning normativlariga rioya qilinmagan boʻlsa-da, yetmish yildan ortiq davr mobaynida hukmronlik qilib kelgan mafkuradan, “koʻrsatmalar” beruvchi, ijodkor erkinligini taqiqlovchi kino sohasidagi siyosat taʼsiridan tamomila qutulish uchun davr masofasi zarur boʻldi.
Ayni vaqtda yaratilgan asarlarda voqeʼlikka, borliq va insoniyat toʻgʻrisidagi umumiy tushunchalarga nisbatan mualliflarning xolis munosabati koʻzga tashlana boshladi. Milliy kinoning yangi davrida maʼlum voqea haqida falsafiy mushohada yuritayotgan mualliflar qahramonlar xatti-harakatini baholash, qoralash yoki oqlashdan yiroq boʻldilar. Aksincha, yaqin oʻtmishda shakllangan ijodkor ayni davrdagi erkinlikni mutlaq haqiqat sifatida tan olishda ehtiyotkor boʻlishga, gʻarb kinosanʼatining taʼsiri ostida intellektual kino unsurlariga koʻr-koʻrona ogʻishmaslikka harakat qildi. Bu maʼnoda oʻzbek kinorejissorining milliy madaniyati, tafakkuri oʻz-oʻzidan boshlangʻich nuqta vazifasini egalladi. Yaʼni, aksar sobiq sovet mamlakatlari kinosida oʻtgan davr voqealaridan ochiqdan-ochiq kulish yoki qoralash prinsipi yetakchilik qilgan boʻlsa, oʻzbek kinematografiyasida asosan badiiy uslubiy izlanishlar bilan birgalikda, milliy anʼanalarga, qadriyatlar va madaniyatda ustun turgan milliy tafakkurga bevosita murojaat etish tamoyili ustun turdi. Bu maʼnoda, sobiq sovet davlatlari mustaqillik davri kinosini oʻrgangan rus kinoshunosi Yelena Stishovaning fikricha, Osiyoning madaniy immuniteti oʻziga yot boʻlgan begona madaniyat bosqinchiligiga bardosh bera olishi maʼlum boʻldi. Sobiq sovet respublikalarining kinosi buni tasdiqlab turibdi.
Bagʻrikenglik aks etgan filmlar
1998-2007-yillar oraligʻida yaratilgan “Voiz”, “Yolgʻiz yodgorim”, “Vatan”, “Oʻtov” kabi filmlarda rejissorlar sobiq mustamlakachilik siyosatini qoralashni emas, erkin ijodkor sifatida boʻlib oʻtgan hodisaning ildizlarini insonning ruhiyati bilan bogʻlashga harakat qildilar.
Jamiyatning tabiiy tadrijiy rivojlanishini bir zumda buzib yuborish qudratiga ega inqilob va sovet davlati siyosatining ozod inson ruhiyatiga keskin taʼsir etgan salbiy oqibatlarini qayta idrok etgan kinorejissorlar – Y.Roziqov, S.Nazarmuhamedov, Z.Musoqov, Y.Toʻychiyev va A.Shahobiddinovlarning oʻtgan asr siyosati qurboni boʻlgan inson qismati yoritilgan asarlarida milliy tafakkurning ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabati aniq namoyon boʻldi.
Oila qurish va bir yoʻla marhum akaning ikki rafiqasini tanmahramlikka olish qismati Oʻzbekistonda inqilobning amalga oshayotgan kunlariga toʻgʻri kelib qolgan Iskandarning talatoʻplarga boy hayoti (“Voiz”), umrining navqiron fasllarini “siyosat qogʻoziga oʻralgan” husumat tufayli surgunda oʻtkazishga majbur boʻlgan inson taqdiri (“Yolgʻiz yodgorim”, “Vatan”) va shoʻrolar hokimiyatiga nisbatan ishonchsizlik hissi bilan yashab kelgan odamovi Ubaydulloh ruhiyatidagi (“Oʻtov”) evrilishlar aks etgan filmlarda mualliflarning inqilobning inson taqdiriga taʼsiriga faylasufona munosabati koʻrinadi.
“Voiz” filmi Kinoshunoslar va tanqidchilar gildiyasining “Kinoshok” festivalida (ОКФ, 1999) “Konformizm mavzusini istehzoli hal qilgani uchun” maxsus sovrini va “Eng yaxshi badiiy filmi uchun” “Oltin uzum” Gran-prisi bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2000-yilda Buxoro oʻtkazilgan milliy filmlar festivalida “Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi tasviriy yechim uchun” mukofotlarini qoʻlga kiritgan.
.jpg)
Filmda XX asr boshlaridagi suronli yillarda beixtiyor “xalqparvar inqilobchi” obraziga kirib qolgan Iskandarning eʼtiqodi uni har qanday siyosiy taʼsirlardan omon saqlab qolgan boʻlsa, “Yolgʻiz yodgorim” filmining qahramoni yurtiga qaytish umidi bilan aldamchi tashqi taʼsirlarga berilmagan, oʻz maslagida sobit inson qiyofasida koʻrinadi. Turli tafovutlarga qaramay, hikoya etilayotgan hodisaga yondashuvda ikki rejissorning gʻoyasi bir-biriga oʻxshash. Yaʼni, shaxsiy manfaatlar ortidan moddiy boylik, obro‘ yoki amal quvmagan ikki film qahramoni taqdir zarbalarini yengishda burch va sadoqat tuygʻularini tarannum etgan qahramon darajasiga koʻtariladilar. Ayniqsa, “Yolgʻiz yodgorim” filmi ssenariysining dramaturgik qurilishi, davrning haqqoniy tasvirlanishi, barcha qahramonlarning oʻz biografik xarakteriga egaligi inqilobning mehnatkashlar ommasiga baxt va saodat olib kelganligini emas, aksincha ozod va baxtiyor inson halovatiga rahna solgan buzgʻunchi harakat ekanligini yoritgan muallif gʻoyasini aniq namoyon etadi.
Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yozning yolgʻiz yodgori” qissasi asosida suratga olingan “Yolgʻiz yodgorim” filmi bosh obraz Adash buvaning xotiralaridan iborat sujetlar asosida yaxlit fabulani tashkil etadi. Ushoq syujetlardan iborat pishiq va puxta “ulangan” xotiralar zanjiri taqdir zarbalari taʼsirida maʼnaviy dunyosi parchalanmay, aksincha ruhiyati sayqallanib borgan bosh qahramonning xarakterini yoritib borar ekan, kinoijodkorlar jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan maʼnaviy jihatdan barkamol inson dunyoqarashini qarama-qarshi qoʻyadilar. Siyosat yoki inqilobga sigʻingan odamdan koʻra, poklik, maʼnaviyat, goʻzallik kabi estetik kategoriyalarni oʻzida mujassamlashtirgan insongina haqiqatga yetishishi mumkin, qachonki uning maqsadi oliy boʻlsa – film bosh gʻoyasi mana shu fikrni ilgari suradi.
.jpg)
“Yolgʻiz yodgorim” filmi qahramonining qismati “Vatan” kinoasarining bosh qahramoni qismatiga yaqin. Ikkala filmda ham bir qizni ikki yigit sevgani, ulardan biri Sibirga surgun qilinishi, ikkinchisi esa uni surgunga joʻnatishda yetakchilik vazifasini oʻtashi ssenariy tugunini belgilagan. Agar “Voiz” va “Oʻtov” filmlarida sobiq shoʻro hokimiyatining siyosatiga nisbatan muallifning istehzoli tabassumi aks etsa, “Yolgʻiz yodgorim” va “Vatan” filmi mualliflari oʻzbek xalqining azaliy qadriyatlaridan – kechirimli boʻlish, dushmandan qasos olmaslik, boriga qanoat qilish va hukmni yagona yaratganning oʻziga topshirish eʼtiqodining ekran muqobilini ikki film fabulasiga singdirib yuboradilar.
“Yolgʻiz yodgorim”da uzoq muddat Sibirga surgun qilingan Adash Vataniga qaytganida bundan yigirma besh yil muqaddam uni qamoqdan chiqarishga astoydil harakat qilgan doʻsti – inqilobchi qizil askar bilan tasodifan uchrashib qoladi. Ikki xil maslakda umr kechirgan doʻstlardan biri – sobiq qizil askar farroshlik bilan kun kechirmoqda, alamzada qiyofasida baxtdan asar ham yoʻq, “xalq dushmani” boʻlib, muddatini oʻtab kelgan Adash esa nigohlari sokin, qalbi pok, vijdon amriga sodiq inson. Film ijodkorlari voqeʼlikni nozik kinematografik nigoh bilan tadqiq etar ekanlar, bu yerda oʻz-oʻzidan muallifning oʻtgan davr haqida, inqilob va uning asoratlari haqida aytmish soʻzlari namoyon boʻla boradi.
“Vatan”da mamlakatning mustaqillik yillarida xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning Oʻzbekistonga kelish imkoniyatidan bahramand boʻlganlari namunasini koʻrishimiz mumkin. Lekin kimnidir sogʻinch, kimnidir otalar vasiyatini ado etish burchi ona yurtga chaqirgan boʻlsa, “Vatan” filmining qahramonini vatandoshiga nisbatan qahr yetaklab keladi. Musofirchilikda umr kechirish, Sibirdagi mashaqqatli hayot, sevgilisining ayanchli oʻlimi va butun orzu umidlari sarobga aylanishiga sababchi boʻlgan insonni topish, qachonlardan beri tinchlik bermayotgan oʻch olish hissini qondirish maqsadi bilan ona yurtga kelgan Qurbon obrazi “Vatan” filmining gʻoyasini toʻlaqonli ochilishiga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
.jpg)
Sobir Nazarmuhamedov ham, Zulfiqor Musoqov ham bosh qahramonning fojiasida jamiyatdagi ijtimoiy oʻzgarishlardan koʻra yaxshilik va yovuzlik oʻrtasidagi azaliy kurash muhim oʻrin tutganligini ibotlay oldilar. Albatta, milliy dunyoqarashning ekran muqobilini topishga harakat qilgan ikki rejissorning filmi qiyosiy tahlil etilsa, ssenariy dramaturgiyasi va ijrochilik mahorati jihatidan “Vatan” filmining kemtik joylari bamisoli “yirik plan”da namoyon boʻladi...
Y.Roziqovning “Voiz” filmida inqilob milliy, diniy qadriyatlarga, azaliy anʼanalarga tahdid soluvchi va insonning tinchligini besabab buzuvchi favqulodda kuch ekanligi retro yoʻli bilan yoritilgan boʻlsa, S.Nazarmuhamedovning “Yolgʻiz yodgorim”ida jamiyatdagi oʻzgarishlar tabiiy ekanligi va inson bunday favqulodda oʻzgarishlar oldida faqatgina oʻzgarmas va aniq eʼtiqod tufayli omon qolishi mumkinligi aytiladi. Shu bilan birga, oktyabr inqilobi jamiyatning rivojida muhim oʻrin tutganligini unutish mumkin emasligi “Voiz” filmida aniq va haqqoniy taʼriflandi. Yaʼni, xotin-qizlarni paranjidan ozod etish, jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish, sinfiylik, tabaqalanish muammolari nisbatan hal etilganligi va bu jarayonda inqilobni “haqiqatning qaror topishi” maʼnosida qabul qilgan kishilarning hayoti fojiali yakun topganligi “Voiz”da ham, “Vatan”da ham, qisman “Yolgʻiz yodgorim”da ham oʻz isbotini topdi.
Oʻz davrini yashab boʻlgan siyosatning inson taqdiriga koʻrsatgan salbiy oqibatlari “Oʻtov” filmida oʻzgacha talqinda yoritildi (2007 yilda yaratilgan “Oʻtov” filmi shu yili Anapa shahrida boʻlib oʻtgan “Kinoshok” festivalida “Eng yaxshi erkak roli uchun” sovrinini qoʻlga kiritgan).
.jpg)
Oʻzbek kinosiga 2000 yillarda kirib kelgan ikki yosh rejissor Y.Toʻychiyev va A.Shahobiddinovlar hamkorligida yaratilgan “Oʻtov” filmi shoʻro hokimiyatining inson taqdirida qoldirgan ayanchli izlari haqida hikoya qiladi. Odamovi, togʻda yolgʻiz farzandi bilan soʻqqabosh kun kechiruvchi Ubaydulloh umr boʻyi shoʻrolarga nisbatan qahr-gʻazab bilan yashaydi va bunga oʻzini haqli, deb biladi ham. Rejissor qatʼiyatli, jamiyatda ustun turgan ijtimoiy fikr bilan qiziqmagan va jamoadan ayro yashashni xush koʻrgan insonning dunyoqarashi tashqi koʻrinmas kuchlar taʼsirida oʻz-oʻzidan oʻzgarib borishini pand-nasihatdan yiroq, nafis kinematografik boʻyoqlar yordamida yoritadi. Oʻgʻlini kuch va qahr bilan oʻz izmiga boʻysundirib yashagan choʻpon vaqti kelib farzandi oʻzidek choʻrtkesar, qatʼiyatli boʻlib boʻy koʻrsatishini, bu esa unga nisbatan aks taʼsir etishini kutmagan edi. Tabiat va inson, hamda bu ikkalasini oʻz domiga tortib ketuvchi jamiyatning inson erkini tushovlaydigan qonunlari tabiiy hol va bunda kimnidir yoki nimanidir aybdor qilish notoʻgʻri, deyayotgandek boʻladi film ijodkorlari.
Yaqin oʻtmish saboqlari namoyon boʻlgan toʻrttala filmda ham kinorejissorlar munozarali siyosiy masalalarga javob topish yoʻlidan bormaydilar. Nazarimizda, “maʼlum bir makon va zamonda osuda harakatlanayotgan insonning yoʻlidagi mashaqqatlarni yengishda muhim vosita nima?”, savoliga har bir film – maʼnaviy barkamollik va murosasozlik, deb javob bergandek. Lekin tom maʼnosi bilan inqilobning osuda hayotga rahna solishi aniq ekanligini ham aynan soʻz yuritilgan filmlar misolida anglash mumkin.
Koʻrinadiki, oʻzbek kinosi istiqlol yillaridagina oʻzining asl milliy qiyofasini topish yoʻlida izlanmoqda. Chunki milliy madaniyatning rivoji oʻtgan asrning 90-yillariga qadar “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” shiorini ilgari surgan metodik koʻrsatmaga boʻysunishga majbur boʻlib kelgan. Bu holat nafaqat oʻzbek sanʼati va madaniyatiga, balki sobiq qardosh respublikalar madaniy rivojiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazganligi maʼlum.“Sovet Sharqida sotsrealizm metodi asosida yaratilgan minglab kartinalar madaniyatdan mosuvo boʻlgan sanʼatning aniq namunasidir. Zotan ularda na anʼanalar va na tarixiy milliy sanʼat bilan bevosita uzviy bogʻliqlik bor. Albatta, agar doʻppilar, choponlar va boshqa diqqatni milliylikka tortishga qaratilgan maishiy jihozlarni inobatga olmaganda”, deb baho bergan edi bu davr haqida kinoshunos G.Zakoyan.
Shoʻro davrida yaratilgan aksariyat oʻzbek kinofilmlariga nisbatan aytilgan ushbu soʻzlar milliy madaniyatning rivojini tazyiqlar bilan toʻsishning oqibatlarini koʻrsatadi. Mustaqillik davrida esa oʻzbek kinosida milliy qadriyatlarning aksi mohiyatan sof milliy xususiyat kasb etib borayotgani va buning uchun ijodiy erkinlik sanʼatkor uchun muhim omil boʻlayotgani amalda oʻz isbotini topmoqda.
Shohida ESHONBOBOYEVA.
Oyina.uz