Oyina.uz bugungi oʻzbek zamonaviy sanʼati qanday yaratilayotganini ijodkorlarning oʻzi va ularning ish jarayonlari orqali koʻrsatishni maqsad qilgan “Ichkaridan” nomli maxsus suhbatlar loyihasini boshlamoqda. Uning ilk mehmoni — kitob dizayneri Bahriddin Bozorov.
Muqova qanday tugʻiladi? Dizayner muallif, nashriyot va bozor talablari oʻrtasida qanday muvozanat topadi? Oʻzbek kitobida milliy vizual uslub shakllanganmi? Bahriddin Bozorov bilan suhbatda shular haqida soʻz yuritamiz.
“Hali ham oʻquvchiman”
“Muqovangizga ishqim tushdi”, “Faqat shu muqova uchun ham kitobni olsa arziydi”, “Muqovalar qiroli”, “Rauf Parfining xos dizayner-rassomi”... Bahriddin Bozorovning yangi ishlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlishi bilan izohlar osti ana shunday eʼtiroflarga toʻlib ketadi. Nomsiz muqovalari talash boʻlib, baʼzan hali yozilmagan asarlar uchun ham muqovalar “band”lanadi.
Foto: Mumtozbegim
Uni taniganlar: “Sizning muqovalaringizga qarab odamlar kitob yozaman deydi, avval teskarisi boʻlgan”, desa, ishlarini ilk bor koʻrganlar: “Oʻzbekistonda bunaqa gʻoyali kitob rassomi boʻlmasa kerak, gʻoyani, ehtimol, shoirning oʻzi bergandir”, deb hayratlanadi. Uning ishlari Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Rossiya-yu, Buyuk Britaniyadagi kitoblarni ham bezab turadi. Biroq rassom bilan uchrashganimizda suhbat muqovalardan emas, uning ustozidan boshlandi.
“Agar shu yoshimgacha nimagadir erishgan boʻlsam, bunga sababchi, men umrimning oxiriga qadar minnatdor boʻladigan ustozim bor. Bu inson – Oʻzbekiston sanʼat arbobi, Milliy teatr bosh rassomi Baxtiyor Toʻrayev. Oʻzimning shogirdlarim boʻlishiga qaramay, hali ham Baxtiyor akaning oʻquvchisiman, undan maslahat soʻrayman va bir umr shunday boʻlib qoladi. Har bir ishda ularning duosi men uchun muhim. Bu intervyuni ham ustozimning oldidan oʻtmasdan bera olmayman”, – deydi rassom.
Bahriddin aka oʻzbek millatida azaldan boʻlgan ustoz-shogirdlik anʼanasining maʼnosi yoʻqolib borayotganidan xavotirda ekanini yashirmaydi. “Shogirdlar, oʻzlaricha maʼlum bir mahorat darajasini egallaganlaridan soʻng, ustozidan uzoqlashib ketadi. Navoiy bobomiz: “Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila, aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila”, – deganlar. Bir ustozga shogird tushib kasb oʻrganish kishining butun hayot yoʻliga taʼsir qiladi. Demak, shogirdda ham shunga yarasha munosabat boʻlishi kerak”, – deydi u.
Oq yoʻl umidida teatrga, ustozning oldilariga otlandik. Shu orada Bahriddin akaning yoshligi bilan tanishamiz. 1974-yil Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanida tugʻilgan Bahriddin Bozorovning oilasida rassomlar boʻlmagan. Uning tasvir va shriftlarga qiziqishi maktab davridayoq sezila boshlagan.
“Har bir sinfning devoriy gazetasi boʻlardi. Biz fizika xonasida oʻtirganimiz uchun gazetamizga “Galaktika” deb nom bergandik. Uni maroq bilan oʻzim bezardim. Kitoblarni oʻqiganda ham koʻproq chizilgan qismlari eʼtiborimni tortardi. Gazeta-jurnallardagi chiroyli shriftlarning boʻlaklarini olib, daftarimga yopishtirib, yigʻib yurardim. Oʻshalardan ilhomlanib, gazetaga chizib ketaverardim. Maktabda hamma meni rassom deb atardi”, – deydi uning oʻzi.
Foto: Akademnashr
Bahriddin aka maktabni bitirib, tumandagi rassomchilik ustaxonasida ishlay boshlaydi. Ana shu kezlarda koʻchalardagi shiorlar tasvirlangan plakatlarni koʻrib, ularni qoʻl mehnati bilan yaratadigan “xudojnik-oformitel”larga havaslanib yurganlarini yaxshi eslaydi.
Orada harbiy xizmatga borib kelgan yigitchaning oldida ikki yoʻl turardi – yo rassomchilik institutiga, yoki Benkov bilim yurtiga oʻqishga topshirish. “Benkovda oʻrgatadi, institutda talab qiladi”, deb eshitgach, oʻrganish yoʻlini tanlaydi va 20 yoshida Toshkentga keladi.
Harbiy xizmatdan qaytgan yigit ota-onasidan pul soʻrab oʻtirsa, gʻalati-ku deb, oʻqishdan boʻshagan vaqti uchun ish izlaydi. Koʻchalardagi vitrinalarga yangi yil tasvirlarini chizib, pul topgan vaqtlari ham boʻladi. Ana shunday kunlarda boʻlajak rassomning ustozlaridan biri Hamza teatrining bosh rassomiga uni tavsiya qiladi. “Doʻstim bilan teatrga ishlarimizni koʻtarib bordik. Oʻshanda ustozim bir ogʻiz “yoʻq” deb, qaytarib yuborganda Xudo biladi, kim boʻlib ketardim?!”, – deydi qahramonimiz.
Teatr rassomi sahna bezagi bilan shugʻullanadi, Bahriddin Bozorov kitob rassomi-ku dersiz. Gap shundaki, 1996-yilda uning ustozi Baxtiyor Toʻrayev “Yosh kuch” jurnalining bosh rassomi ham boʻlgan.
“Ustoz jurnal maketini qoʻlda qilardilar. Jarayonda grafika, illyustratsiya, shriftlarni oʻrganib borar, tayyor maketni kompyuterga koʻchiradigan dizaynerlarga eltardim. Lekin ular rassom boʻlamagani uchun ishlaridan u qadar koʻnglimiz toʻlmasdi. Oʻzimiz qilsak yaxshiroq boʻlar, degan xayol bilan kompyuterni oʻrgana boshladim”, – deb eslaydi u.
Teatrning moʻjazgina ustaxonasida bizni 60 yoshga sira oʻxshamaydigan Baxtiyor Toʻrayev qarshi oldi. “Bahriddin bilan mana shu yerning changini yutib katta boʻlganmiz. Oʻsha soddagina yosh yigitcha hozir Oʻzbekistonda oʻz sohasining birinchi raqamlisi”, – deya xonani samimiy kulguga toʻldirdi ustoz.
Baxtiyor aka shogirdi bilan boʻlgan ilk xotiralarini shunday eslaydi: “Rassomlar istarali odamni tez payqaydi. Ijodini koʻrdim – isteʼdodli, yuziga qarasam – nur bor. Ishlashni boshladik. Salobatli, vazmin bir yigitcha qachon qaramay boʻyoqlarning ichida kichik-kichik narsalar chizib oʻtirardi. Kamgap, shu bilan birga atrofiga oʻziga xos energiya tarqatadigan, eshita biladigan bola edi”.
“Shunday shogirdni kitob dizayniga berib yuborish oson boʻlmagandir?”, deb ustozni savolga tutaman. U esa ijodga tashna shogirdining salohiyatini teatrda emas, aynan kitob sanʼatida koʻrganini aytadi.
“Teatr biroz sershovqin joy. Bahriddin shartta-shartta gapirib tashlash, soʻzlari bilan chimchilab olishni bilmaydigan halim yigit edi. Boʻlmagʻur gaplar, baqir-chaqirlarning ichida yurish uning qalbini ogʻritib qoʻyishi mumkin edi. Qarasam, kitobga mehri ham, qobiliyati ham teatrdan balandroq. Sokin dunyoning odami shunday ruhiy muhitda boʻlishi kerak, deb uni tahririyatga oʻzim olib bordim. Xulosalarim pand bermadi, koʻp oʻtmay butun ishni oʻziga topshirdim”, – deydi Baxtiyor aka.
Bahriddin Bozorov 2000-yillarda “Yangi asr avlodi” nashriyotining bosh rassomi boʻlgach, teatrdagi faoliyatini yakunlab, toʻliq kitob olamiga oʻtib ketadi. 2014-yildan buyon esa “Akademnashr” nashriyoti bosh rassomi.
Baxtiyor aka bir paytlar oʻzining kitobi chiqqanida ustozidan eshitgan gapini eslaydi. “Agar shogirdlarimdan zinapoya qilinsa, eng yuqoridagi pogʻonaga Baxtiyorni oʻtkazaman, degandilar. Bugun esa men bu joyga Bahriddinni qoʻyaman. Ustozimning rasmlari va kitoblari xonamning toʻridan joy olgan. Bir kun kelib, Bahriddin ham mening kitoblarimni tokchasiga qoʻyar. Shogirdlari esa Bahriddinnikini. Shunday qilib, ustoz-shogirdlik zanjiri davom etadi”, – deydi u.
Muqova qanday “tugʻiladi”?Ustozdan duo olib, ortga qaytdik. Bahriddin aka esa muqova yaratish jarayoni haqida soʻzlardi. Rassomning ishi qoʻlyozmani oʻqib chiqishdan boshlanadi. Baʼzan gʻoya kitobni oʻqib turgan paytning oʻzida, baʼzan esa tugatgandan keyin keladi. Asarning ruhiyatini his qilmay turib, unga mos vizual yechim topish qiyin.
Ayrim hollarda kitobni toʻliq oʻqib chiqish ham yetarli boʻlmaydi. Masalan, rassom bir safar xonanda Mahmud Namozov haqidagi kitobni tayyorlashdan oldin mualliflardan ijodkorning barcha qoʻshiqlarini olib kelishni soʻragan. Musiqalarni obdon tinglab, ijodkorning ovozi, dardlari-yu ruhiyatini toʻla his qilgachgina dizayniga shoʻngʻigan.