Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oʻnyillikda gazetalar soni 283 taga kamaygan: 2010-yili 649 tani, 2021-yil 1-yanvarda 366 tani tashkil etgan.

“Gazetaning umri tugadimi?” Bu savol ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida bot-bot muhokama qilinadi. Oyina.uz mustaqillik yillarida obuna koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar bilan tanishtiradi. Infografikada beshta markaziy gazetaning soʻnggi oʻttiz yillik tirajlari orasidagi tafovutni koʻrishingiz mumkin.

“Xalq soʻzi”ning 1992-yil 1-soni (bosh muharrir Ahmadjon Muxtorov) 118 800 nusxada chop etilgan boʻlsa, 2002-yil 1-soni (bosh muharrir Abbosxon Usmonov) 34 610 nusxada nashr qilingan. 2012-yil 1-soni (bosh muharrir Oʻtkir Rahmatov) 106 447 tirajda, 2022-yil 1-soni (bosh muharrir Oʻtkir Rahmatov) 35 742 adadda chiqqan. Oʻttiz yilda obunachilar soni 3,5 barobarga tushib ketgan.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 1992-yil 30-oktabrdagi 44-soni (bosh muharrir Ahmadjon Meliboyev) 210 723 dona chiqarilgan (yil boshidagi sonlarida tiraj koʻrsatilmagan), 2002-yil 1-soni 6 512 adadda nashr qilingan (bosh muharrir yozilmagan). 2011-yil 52-soni (bosh muharrir Saʼdulla Hakim) 4 415 nusxada chop etilgan. 2022-yil 1-soni (bosh muharrir Salim Ashur) 925 nusxada bosilgan. Demak, obuna oʻttiz yilda 227 barobarga ozaygan.

“Yoshlar ovozi” gazetasi 1994-yil (“Turkiston”) 17-sonda 41 426 nusxada nashr qilingan (bosh muharrir Gʻaffor Hotamov). 2002-yilning 1-2-qoʻshma soni esa 4 694 adadda chiqqan (bosh muharriri Salim Ashurov).  2013-yil 1-son 15 225 nusxada chop qilingan (bosh muharriri Salim Ashurov). 2022-yil avvalida 622 nusxada chop etilgan gazetaning obunachilari iyul oyida 10 584 tani tashkil etyapti (bosh muharrir Hamza Abdullayev). Oʻttiz yillik farq 4 barobarni tashkil qiladi.

“Oʻzbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 3-soni (bosh muharrir Rasul Rahmonov) 349 745 tirajda bosilgan boʻlsa, 2003-yil 1-soni (bosh muharrir Safar Ostonov) 15 155 nusxada chiqarilgan. 2012-yil 1-son 20 075 adadda chop etilgan (bosh muharrir Safar Ostonov). Gazetaning 2022-yil 1-soni 2 010 dona chiqqan (bosh muharrir Toʻlqin Toʻraxonov). Obuna koʻrsatkichi oʻttiz yilda 174 barobarga qulagan.

“Maʼrifat” gazetasining 1992-yil 1-soni  160 000 nusxada chiqarilgan (bosh muharrir oʻrinbosari Qambar ota). 2002-yil 1-soni (bosh muharrir Halim Saidov) 27 539  tirajda bosilgan boʻlsa, 2012-yil 1-soni (bosh muharrir Abdusamat Rahimov) 56 361 nusxada nashr qilingan. Gazetaning 2022-yil 1-soni adadi 3 276 dona (bosh muharrir Husan Nishonov). Tiraj oʻttiz yilda 48 barobarga kamaygan.

Matn: Nargiza Odinayeva

Dizayn: Nuriddin Nazrulloyev