Keyingi yillarda matbuotda va ilmiy davralarda “maromiylik” dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Nega deysizmi? Chunki sokin ruhdagi ushbu soʻz amalda oʻzbekning ming yillik muammosiga qarshi qoʻyilgan.

Bundan oʻn yilcha avval ayni muammoni matbuotda koʻtargandim. Toʻylar, dafn marosimlari, yubiley va boshqa tadbirlardagi isrofgarchiliklar haqida respublika gazetalarida chiqish qilgandim. Ammo u davr boshqa edi: rahbarlar oʻzlari dabdabali toʻy qilib, elga oʻrnak boʻladigan imom-domlalar esa “ochil dasturxon”ning boshida oʻtirib isrofga qarshi vaʼz aytishardi. Soʻz va amal ayro tushgan paytlar edi. Hozir vaziyat biroz oʻzgarganday...

***

Oʻtgan yili (2025) dabdabali toʻylar hamda boshqa oilaviy tadbir, marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan “Maromiylik” dasturi joriy etilgandayoq jamiyatda uygʻonish sezildi. Shu yilning 26-iyun kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida shu mavzuga bagʻishlangan konferensiya tashkil qildi. Unda respublikamizda oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar sarhisob qilinib, soʻnggi yillardagi amaliy ishlarning samarasi oʻlaroq, barcha ziyolilarni oʻylantirib qoʻyadigan muammolar oʻrtaga tashlandi.

Meni eng koʻp ajablantirgan jihat – Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning keltirgan maʼlumotlari boʻldi. Eʼtibor bering-a, aholining 71,5 foizi toʻylarni oddiy va ixcham oʻtkazib, tejalgan mablagʻni uy olish yoki farzandining taʼlimiga yoʻnaltirishni afzal koʻradi. Ammo bu istakni amalga oshirishning deyarli iloji yoʻq. Chunki aholining 69,9 foizi “odamlar nima deydi?” degan gapdan qochib, dabadabadan voz kecholmas ekan.

Shu oʻrinda, “odamlar nima deydi?” degan fenomenga toʻxtalishni lozim topdim. “Odamlar” – shunday mavhum tushunchaki, uning ortidan aniq aybdorni topib boʻlmaydi. Vaholanki, yuqoridagi raqamlarning oʻiyoq buni aytib turibdi: “odamlar nima deydi?” deb aynan oʻsha 69 foiz aholining oʻzi aytyapti. Shunday ekan, jamiyat serxarj marosimlardan voz kecha olmayotganining asosiy sababchilarini aniqlash va ularni alohida ijtimoiy guruh sifatida qayd etish muhimroq koʻrinadi.

Toʻgʻri, dabdabalardan voz kecha olmayotganimizda, avvalo, marosim egasining “men”i birinchi oʻrinda turadi. “Orzu-havas”, “birovdan kam boʻlmaslik”, “elning oldidan oʻtish” yoki dafn marosimida “ota (ona)ning haqqini ado qilish” kabi qarashlar shaxsning qaror qabul qilishi va tashabbuslariga sabab boʻladi. Ammo istamaganlarni kim majbur qiladi? Ana shu savolga javob topilsa, toʻy maslahatlaridagi ijtimoiy bosimning ildizi ochiladi. Shaharlar bundan istisno, biroq barcha qishloqlarda “maslahatgoʻy”, “duogoʻy” odamlar topiladi. Ayamay aytish kerakki, ularning aksariyati mutaassib kishilar. Koʻpchiligi maxsus maʼlumotga ega emas, huquqiy ongi ham haminqadar. Qadriyat tushunchasini oʻzlarining dogmatik qarashlari bilan baholaydi. Ular oʻzlarini goʻyo “urf-odatlar himoyachisi” kabi koʻrsatib, katta toʻy qiladi, oʻzgalarni ham shunga undaydi. Duogoʻylari boyning toʻy-maʼrakasida doim hozir boʻlib, uzundan uzoq duo qiladi, kambagʻalnikiga esa ogʻrinib borib, qisqa fotiha beradi. Aynan shu qatlam toʻy-maʼrakalarda toʻrda oʻtiradi va mahallada katta “nufuz”ga ega boʻladi. Mahalla raislari ham ularning maslahatisiz bir qaror qabul qilishi amrimahol. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, ularning ayrimlari oʻzlari mehnat qilmay, “parazitar” hayot kechiradigan, toʻydagi tugunlarga qarab qolgan kishilardir.

Epizod: 90-yillarda bir ziyoli toʻylardagi dabdaba-yu isrofni koʻrib oʻylanib qolibdi. Dindan chuqur ilmi yoʻqligi sababli, oʻsha paytdagi mutassiblarning kattasinikiga borib: “Domla, men toʻy qilmoqchi edim, ammo toʻyni boshqacharoq oʻtkazsam deyapman”, debdi. Domla: “Qanday oʻtkazasiz?” deb soʻrasa, u: “Toʻy dasturxoniga internatdagi yetim va nogiron bolalarni taklif qilsam yoki ehsonni toʻgʻridan-toʻgʻri internat oshxonasida oʻtkazsam, shariatda bunga nima deyilgan?” debdi. Domlaning jahli chiqib, unga tushuntira ketibdi. “Toʻgʻri toʻyga miskinlarni va yetimlarni taklif qiling deyilgan. Ammo siz aytayotgan joy aslo boʻlmaydi. Bilasiz-ku, internatda bolalar namoz oʻqimaydi. Ularni ateistlar oʻqitadi. Agar siz taom bergan, sizning taomingizdan kuch olgan bolalar ateist boʻlib chiqsa nima boʻladi? Qiyomatda javob berasiz!” debdi. Shu tariqa toʻy eski qolipga qaytibdi. Muttassibning bu “fatvo”si qancha odamlarni – yetim va nogoronlarga ehson qilishdek xayrdan tiyib qoʻydi.

Meni koʻp oʻylantiradigan yana bir voqea. Toshkentda oʻqigan, aqida ilmidan xabardor manbashunos olim qishlogʻiga borsa, janoza ustidan chiqibdi. Oʻsha kuni oʻttiz yashar yigit vafot etgan, ortidan 3 nafar yetimi qolayotgan ekan. Olim savobdan quruq qolmaslik umidida janazaga, dafn marosimiga boribdi. Soʻng fotiha uchun mayyit chiqqan uyga kelishsa, qoʻy soʻyilgan, dasturxonlar bezatilgan “mutassiblar guruhi” osh ustida... Manbashunos 18 yoshida qishloqdan chiqib ketgan emasmi... bu dabdabalardan bexabar yoki eʼtiborsiz boʻlgan. Shartta oʻrtaga chiqib, “Bu ishlar johillik, mayyit chiqqan uydan taom yeb boʻlmaydi. Yetim qolayotgan uydan yegan taom yeyish yetim molini yeyish”, deya odamlarni qaytarmoqchi boʻlibdi. Ammo qarindoshlari, “bizni sharmanda qilmang”, deb uni olib chiqib ketishibdi. Eng yomoni, mutaassiblar haqni aytgan odamning ortidan “vahhobiy” degan tamgʻani bosib yuboradi. Bunday voqealar boshqa hududlarga ham begona emas.

Aslida bu kabi illatlar kecha paydo boʻlmagan yoxud Sovet davridagi eʼtiqodsizlikning mevasi emas. Bir asr oldingi ogʻriqlar. Mutassiblarni Sadriddin Ayniy “Odina”sida yaqqol koʻrsatib bergan. Toʻylardagi dabdabalarni Abdulla Qodiriy “Fikr aylagʻil” sheʼrida (1915) qoralaydi. Parchaga eʼtibor bering;

Yer sotarlar elda necha toʻy bajo etmak uchun,

Chunki bidʼatin yoʻlida ham fidodur jon-u tan.

Pulni koʻb isrof etarmiz, bizgʻa toʻgʻri kelmagʻay,

Toʻlibon toshti bu vaqt ul aqchalardin restoʻran.

Abdulla Avloniyning “Oʻzbekni toʻy balosidan qutqaring” degan hayqirigʻi yangraganiga ham, Munavvarqori imzosi bilan qabul qilingan “Shoʻroyi islom” tashkilotining “Toʻy-hashamlar, maʼraka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz oʻtkazish” toʻgʻrisidagi qarornomasiga ham bir asrdan oshiq vaqt oʻtdi.

Xoʻsh, nega biz, butun bir millat Abdulla Avloniy aytmoqchi “bu balo”dan qutila olmayapmiz. Balki dabdaba, hasham, isrof va maqtanchoqlikni qadriyat deb oʻylayotgandirmiz. Unda u qanday qadriyat?! Diniymi, milliymi?

Eslatib oʻtaman, qadriyatning mezonlari bor. Bu – baholash. Baholash (aksiologik tanlov) orqali inson atrof-muhitdagi voqelikni “yaxshi-yomon”, “foydali-zararli”, “goʻzal-xunuk” kabi mezonlar asosida saralaydi. Saralashda turli yondashuvlar bor: orzular, emotsiyalar, tuygʻular, mayllar yoki ezgu istaklar, aql-idrok va mulohazalar hosilasi boʻlishi mumkin. Eng yaxshi baho aql-idrok va mulohazalar hosilasidir. Uning natijasi oʻlaroq borliqning muayyan predmeti biz uchun qanday qimmatga egaligi aniqlanadi. Demak, bu borada orzu (ideal toʻy), emotsiya (hayajonli lahzalar), tuygʻu (farzandlarning xursandchiligi, ajdodlarning rozi-rizoligi) ustun boʻlmasligi kerak. Qolaversa, qadriyatlarga berilgan baho ijobiymas salbiy boʻlishi, kishilar farqlolmayotgan boʻlishi ham mumkin.

Shunday ekan, keling, oʻzbeklar oʻtkazadigan marosimlarning tarixi, mazmun-mohiyatiga nazar tashlab koʻraylik. Trenddan tushirmaydigan dabdabalarimizning negizi nimada ekanini anglab yetarmiz. Tanlov qarori oʻzimizda.

Toʻy

Toʻy turkiylarning milliy qadriyati. Islomda toʻy tushunchasi yoʻq, nikoh va uning valiymasi bor. “Valiyma – kelin tushirish (nikoh toʻyi) marosimi. Nikoh toʻyini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtiradi. Bu hanafiy mazhabi boʻyicha sunnat amaldir. Ushbu toʻy orqali nikoh eʼlon qilinadi. Toʻyga hozir boʻlgan musulmonlar jamoasining yangi oila, kelin-kuyov haqqiga duolari olinadi”[1]. Musulmonlar orasida boshqa: aqiqa, xatna toʻylari ham bor. Ammo ularni qilish, qilmaslik odamning oʻz ixtiyorida. Islomda faqat valiymagina sunnat boʻlib, unda ham dabdaba va isrofga ruxsat yoʻq. Toʻyga miskinlar va yetimlar taklif qilinishi esa sunnatdir. Imom Buxoriy keltirgan hadisda buning tasdigʻi turibdi: “Rasululloh “Taomning eng yomoni boylar daʼvat qilinib, kambagʻallar tark qilgan valiyma (ziyofat) taomidir”, der edi”.

Turkiy olamda esa toʻy kishining jamiyatdagi mavqeini belgilab beradigan, nufuziga xizmat qiladigan dabdabali marosimlar, oʻyin-kulgu, turli musobaqlardan iborat madaniy tadbirlar majmuiga aylanib ketgan. Ertaklarimizni eslang! “Murod maqsadiga yetibdi, qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy beribdi”. “Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy” – oʻzbek xalq ertaklarida qahramonlarning murod-maqsadiga, baxtga yetishining eng yuqori choʻqqisi sifatida tasvirlangan. Duolarimiz toʻylarga qaratilgan: “Topgan-tutganing toʻyga buyursin”, “Iloyo boshing toʻydan chiqmasin”, “Iloyo qoʻsha-qoʻsha toʻylar qilsin”...

Toʻylarning turi ham koʻp. Beshik toʻy, muchal toʻy (har bir muchal yilida), uylanish toʻyi, oxirgisi “ming oylik toʻy”.

Turkiy lafzdagi toʻy “toʻymoq” feʼlidandir. Shuning uchun toʻy soʻzini eshitishingiz bilan xayolingizga darrov sarxil taomlar, bazm, ziyofatlar keladi. Achinarlisi, bugun aynan shular toʻyning mazmunini anglatadi, mohiyatini belgilab beradi. Shu vajdan “hasham”larda taomlarning miqdori va soni urgʻulanadi. Ayni sababga koʻra, boyning toʻyiga oshiqlar koʻp.

Toʻgʻri, toʻy millatning tarixiy ongida saqlanib kelayotgan qadriyat boʻlib, odamlarning jipsligi, ijtimoiylashuv, anʼnalarning saqlanishida muhim oʻrin tutadi. Ammo haddan oshish, isrof, manmanlik, riyo ustunlik qiladigan marosimlarni maromga keltirmasak, illatlarni keltirib chiqarishi shubhasiz.

Eng achinarlisi, toʻylar qarz bilan boshlanib, qarz bilan tugaydi. Sotsiologik tahlilga koʻra, soʻrovda ishtirok etgan aholining 69,8 foizi qarz olishga qatʼiy qarshi, ammo aynan shu guruhning 18,2 foizi hayotida toʻy uchun qarz olgan. 2025-yilgi tadqiqotlarda keltirilishicha, nikoh toʻylarga oʻrtacha 270-970 million soʻmgacha sarflangan, mablagʻning deyarli yarmi qarz yoki kredit boʻlgan.

Dabdaba vasvasasi hayotimizda qanday boʻy koʻrsatyapti? Voyaga yetgan yigit toʻyida qarz koʻtarmaslik taraddudida moʻmay pul qidirib yo yomon yoʻlga kirib qolyapti, yo xorijga ketyapti. Yosh oilalar yangi hayotga qarz bilan kirishiga, kuyov chillasi chiqmay kelinni tashlab mehnat migrantiga aylanishiga olib kelyapti. Natija: kutilgan baxt oʻrnini egallagan ayriliq, tashvish va koʻpincha xiyonatlar ortidagi ajrim.

Toʻyana

Koʻpchilik toʻyanani toʻyga qoʻshiladigan yordam deb tushunadi. Aslida unday emas. Baʼzan odamlar toʻyonaga ishonib katta toʻy boshlaydi – kafolatsiz moliyaviy tavakkalchilikka qoʻl uradi. “Biz ham hammaning toʻyiga toʻyana berganmiz, biznikiga ham albatta olib kelishadi” degan ishonch ularni aldab qoʻyadi.

Bugungi kunda katta toʻylardan voz kechilmayotganining asosiy sabablaridan biri shu. Koʻpchilik toʻyanalardan tushadigan mablagʻga ishonib toʻy boshlaydi.

Toʻyana soʻzi toʻy oʻzagidan yasalgan. Bugun shu soʻz adabiy tilimizda toʻyga yordam sifatida yaqinlar va mehmonlar keltiradigan pul, qimmatbaho sovgʻa yoki jonliqni anglatadi. Azalda turkiylarda uch xil toʻyana mavjud boʻlgan: sovun, sogʻum va sovgʻa.

Sovun – toʻyga qoʻshish uchun olib kelingan pul, yaʼni qarz. Uni berish majburiy emas, ammo bermaslik uyat sanalgan.

Sogʻum – toʻyga qoʻshish uchun keltirilgan mol: tuya, ot, sigir, qoʻy, echki. Sogʻum ham qarz sanalgan. Toʻy egasi uni qaytarishi nazarda tutilgan.

Sovgʻa – toʻy egalarini xursand qilish uchun olib kelinadigan tuhfa. Uni koʻproq qarindoshlar, ularning ayollari keltirishgan. Sovgʻa – qarz emas. Uni qaytarish shart boʻlmagan. U koʻpincha oilaning biron aʼzosiga atalgan. Sovgʻalar ichida togʻa jiyanining (opa yoki singlisining oʻgʻli[2]) toʻyiga keltiradigan “baqra” alohida eʼtiborga molik. “Baqra” sovgʻasi ot yoki hoʻkiz koʻrinishida boʻlgan. “Toʻylariga navvos boqar togʻasi” degan jumla shundan. Baqra qarz emas, jiyan uni togʻasiga qaytarmagan. Ammo oʻz navbatida jiyan oʻz jiyaniga qaytargan.

Toʻyanalarning miqdori koʻpincha mansab, nasab, qarindoshlik, doʻstlik, hamkasblik va boshqa oʻzaro yaqinlikka qarab belgilanadi.

Epizod: 2000-yillarda bir mansabdorning toʻyiga bordim. Respublikadagi eng yirik banklardan birining rahbari toʻy qilayotgan edi. Toshkentdagi katta toʻyxonaning kirish joyida stol, undan toʻyana miqdorini yozadigan kotib oʻtiribdi. Sinchkovligim qursin, hayotning shu sahnasini kuzatdim. Koʻrayotganim toʻy emas, kelayotgan pullar toʻyana emas. Bu pul yigʻish marosimi, toʻyana deb olinayotgani esa pora.

Bu odatning ildizi ham qadimga ketadi. Xonlar-u sultonlar, beklar toʻy qilganda butun muzofotga jarchi joʻnatib toʻyga chaqirgan. Bu aslida oʻz hurmatlarini bilish, “qani kim meni qanchalik hurmat qilar ekan” degan ilinj bilan qilingan. Bunday toʻylarning el orasida “yilqi yigʻdi toʻy” degan nomi qolgan. Sababi, oʻsha davrlarda toʻyanalarning, sogʻum, soʻgʻumning yaxshisi yilqi boʻlgan.

Oʻrtamiyona odamlarda toʻyananing mezoni “tenga-teng”. Odamlar toʻyga nima qoʻshsa oʻshani talab qilgan va bundan “toʻyniki toʻyda qaytadi...” degan soʻz qolgan. Islomda toʻyana evaziga hech narsa soʻralmaydigan, minnatsiz va tana qilinmaydigan hadya boʻlsagina maʼqullanadi.

Hoji toʻy

Keyingi yillarda mamlakatimizda “hoji kuzatish”, “hoji kutish”, “hoji toʻy”, “hoji chaqiriq” kabi marosimlar koʻpaydi. “Hoji kuzatish” haj yoki umraga ketishdan oldin, “hoji kutish”, “hoji toʻy” qaytgandan keyingi oʻtkaziladigan “tadbir”. Hojilarni yaqinlari va mahalladoshlari “Hoji chaqiriq” koʻrinishida mehmon qiladi.

“Hoji kuzatish” boshqa mintaqalarda katta dabdabalar bilan oʻtkazilmaydi, Markaziy Osiyo hududlarida alohida qadriyat sifatida qoliplashgan. Bu avvalo, haj yoʻlining uzoq va xatarli boʻlgani, koʻp holatlarda hojilar uyiga tirik qaytmagani yoki ketishdanoq muborak yerlarda qolib ketishi bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻsha davrlarda koʻpchilik hajda, Boqiy qabristonida dafn etilishni orzu qilgan. Shu sabab, koʻpincha “hoji kuzatish” vidolashish marosimiga aylangan. Ashtarxoniy hukmdorlardan Imomqulixon, Nodir Muhammad, uning oʻgʻli Abdulazizxon, Boburiylardan oʻgʻli Kamron mirzo va nevarasi Doniyor mirzolar umrining soʻngini Makka va Madinada oʻtkazib, vafot etgan.

“Hoji kutish” “hoji toʻy”ning boshlanish qismi. Bu amallar va ularning mazmuni haqida venger sayohatchisi, XIX asrda Oʻrta Osiyoga sayohat qilgan Herman Vamberi ajoyib maʼlumotlarni yozib qoldirgan. Vamberi Oʻrta Osiyoga kelish uchun darvesh qiyofasiga kirib, hajdan qaytayotgan hojilarga qoʻshilib oladi. U shu sabab hojilarning mashaqqatlari, hojilik amallari haqida ishonchli manbalar yozib qoldirgan. Jumladan, hojilarning xon saroyida, ovullarda kutib olinishi, oddiy odamlarning ularni tavof qilishi, sovgʻalar berib, dasturxon yozib duo olishi haqida ham yozgan, ziyofatlardagi isroflarni oʻkinch va afsus bilan tavsiflagan. Hoji kutishdagi riyokorliklar Komil Yashin ssenariysi asosida Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan “Olovli yoʻllar” badiiy filmida boyning haj ziyoratidan qaytishi va unga bagʻishlangan “hoji kutish” sahnasida kuchli va taʼsirli dramatizm bilan ochib berilgan.

Sovet davrida bu marosimlar yoʻqolib ketdi. Mustaqillikdan soʻng xalqimiz hajga boradigan boʻldi. Dastlabki 25 yil, kvotalar juda kam boʻlgan davrda haj va umra amallari qimmat va uzoq muddat talab qilardi. 2017-yildan keyin kvota oshib, umra safari maqbullashtirilgach, narxlar arzonladi. Ammo haj bilan bogʻliq qadriyatlar ham mazmunan oʻzgardi. Goʻyo odamlar “ola-taʼsir” – bilib-bilmay hajga, umraga borib kelayotganga oʻxshaydi. Bu esa jamiyatda hojilarning obroʻsi tushishiga, shu bilan muqaddas hajning ham maʼnan qadri tushishiga olib kelmoqda.

Epizod: Oʻrtamiyona yashaydigan bir oilada mehmon boʻldim. Mezbonlar chol-kampir – pensiyada, qarilik gashtini surib, ibodatini bajarib yurgan insonlar. Oʻsha kuni qoʻshnisi umradan kelgan ekan. Gurungi boʻldi. Gap orasida “sizlarga ham nasib qilsin, bir borib kelingizlar”, dedim. Shunda mezbon yerga qarab, boshini egdi. “Ikki oʻgʻlim Rossiyada, sal oldin ularga gap soldim. Katta oʻgʻlim, ota, sizlaga umra paketini olib berishga kuchimiz yetadi, ammo “hoji toʻy”, “hoji chaqiriq”da keladigan ming kishini mehmon qilishga hozircha qurbimiz yetmaydi, deb qoldi. Oʻgʻlim toʻgʻri aytadi. Hali kichik oʻgʻil uylangan yoʻq. Shaharda yashasak ekan, hech kimga bildirmay umra qilib kelsak”. Chol homush tortdi. Hajga boradigan odamlar, riyodan qochib, hayoni saqlab turishibdi.

Ziyoratdan kelgach mabrurlikni saqlab, riyodan voz kechayotgan, oʻrnak boʻlayotgan hojilarimiz ham koʻp. Shahrisabzda bir boy hajga joʻnayotganda mahalla imomi hojilarning isrofi haqida maʼruza qilibdi. Shunda boy imomga, nima qilishimiz kerak, shuni ayning, biza bajaraylik, debdi. Imom uning gapiga ishonqiramay, hoji toʻylardan voz kechishimiz kerak. Qaniydi sizday boylar ibrat boʻlib boshlab bersa, deya taklif qilibdi. Boy ayoli bilan hajga boribdi. Qaytib kelgach eshigini yopib qoʻyibdi. Ertasi kuni ishga chiqibdi. Qolganlar ham unga ergashibdi.

Bu gap koʻp davralarda aytildi. Hamma oʻsha boyni alqadi, duo qildi. Demak, hojilar oʻz “men”i atrofidagi soxta orzularidan voz kechsa, isrofdan tiyilsa boʻlar ekan.

Janoza, dafn va taʼziya marosimlari

Abu Hanifaning mazhabi, moturidiya aqidasiga tayansak marhumni dorilbaqoga kuzatish mashaqqat emas. Islomda aza muddati uch kun. Erkak yoki yaqin qarindoshi oʻlgan ayol uch kundan ortiq motam tutishi mumkin emas. Eri oʻlgan ayol toʻrt oy-u oʻn kundan ortiq ham, kam ham motam tutishi mumkin emas[3]. Janoza kuni mayyit chiqqan uyda ehson qilish, hatto qozon osish ham mumkin emas.

Unda yurtimizda bajariladigan janoza kuni jonliq soʻyish, yetti, yigirma, qirq, yil marosimlari, payshanbalik, yakshanbalik, is chiqarishlar qayerdan kelgan?

Koʻpchilik bu marosimlarni bidʼat deydi. Aslida bular islomgacha turkiylar eʼtiqod qilgan tangrichilik dinidan qolgan johillik elementlari.

Tangrichilik dinida kishi oʻlgan kuni dafn etilmagan. Uch kun uyda saqlanib, bu dunyo bilan xaylashishi uchun shamanlar tomonidan uch kun “xolos, xolos” marosimi oʻtkazilgan. Bu uch kun davomida butun qarindoshlar marhum bilan xayrlashish uchun yigʻilib kelgan va ularga taom tortilgan. Ayollar ham, erkaklar ham ovoz chiqarib yigʻlagan va bu “yoʻqlov” marosimi deb atalgan. Uch kunlikning soʻnggi ziyofati qabr ustida tortilgan. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozim, islomgacha turkiylar marakalarda aroq ichishgan. Keyin dafn, dafndan keyin ziyofat, soʻng yetti, yigirma, qirq, yil marosimlari oʻtkazilgan. Turk xoqonligi, Chingizxon va keyingi xon davrlarida bu marosimlarni oʻtkazish toʻra va adat qonunlari bilan mustahkamlangan. Oʻz davrida mayyit egalari kelganlarga qancha koʻp ehson qilsa, mayitga shuncha yengilliklar boʻladi, degan aqida singdirilgan. Hozirgi kunda ham yoʻqolib ketmayotgan marosimlar aynan shu elementlar bilan bogʻliq.

Tangrichilik eʼtiqodiga koʻra, aza bir yil davom etadi. Shu davrda marhumning uyida toʻy, xursandchilik taqiqlangan. Bu element turk animizmining taʼsirida shakllangan va shu orqali odamlar goʻyo ajdodlarining ruhlariga hurmat bajo keltirishgan.

Mayyit chiqqan uyda toʻy toʻxtatilgani, ayollar bir yil motam libosida boʻlgani Yusuf Roziqovning mashhur “Dilxiroj” (2002) filmida ham oʻz aksini topgan. Maʼlumot oʻrnida keltiraman, musulmon turkiylarida motam liboslari turlicha boʻlgan. Gʻarb musulmonlari kundalik hayotda oq, oʻlimlikka qora kiyishgan. Azador ayolni kiyimiga qarab ajratishgan. Sharqlik ayollar koʻk kiyib, azada oq kiyishgan. Janublik ayollar qizil, azador boʻlsa koʻk kiygan. Shimol musulmonlari kundalik hayotda qora, oʻlimlikka oq kiyishgan. Buxoro amirligi hududlarida 90-yillarda ham “koʻk kiydi” iborasi aza tutishni anglatardi.

Epizod: Sovet davrida barcha hududlarga tovarlar teng taqsimlanardi. 80-yillarda oʻzim guvoh boʻlganim, magazinda koʻk rangli gazlamalar koʻp miqdorda toʻplanib qolardi. Azador ayollardan boshqa hech kim koʻk kiymagan. Fargʻonada esa koʻk gazlama topish mushkul. Oʻshanda magazinchilar mahalliy fargʻonachilarning koʻmagi bilan gazlamalarini Fargʻonaga olib borib sotib kelishardi.

Bugun xalqimiz oʻzini musulmon sanab, johillikdan voz kecha olmayotgani achinarli. Qariyalarimiz hamon oʻlimlik uchun pul yigʻadi. Chunki ayrim tumanlarda mudom janozaga kelganlarga mato, pul tarqatiladi. Qolaversa, mutaassiblar zoʻr berib dastaklab keladigan “davra” tadbiri ham bor. Unga koʻra vafot etgan kishi tiriklik chogʻida oʻqiy olmagan namozlari va tuta olmagan roʻzalarining gunohini soqit qilish niyatida bir guruh kishilar (odatda mahalliy mullalar va namozxonlar) davra qurib oʻtirishadi. Marhumning yoshidan balogʻatga yetmagan yillari chiqarib tashlanib, qolgan yillari uchun maʼlum miqdordagi pul yoki mato davradagilar oʻrtasida qoʻlma-qoʻl aylantiriladi. Oxirida ushbu “mablag‘” davra ishtirokchilariga boʻlib beriladi. Bu udum baʼzi joylarda janozaga kelib pul ishlab ketishdan tap-tortmaydigan guruhlarning paydo boʻlishiga olib kelgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bu borada oʻnlab fotvolar chiqarib, dafn marosimlari va taʼziya kunlari (masalan, janaza, 3, 7, 40 yoki yil oshi kabi kunlarda) mato, pul tarqatish yoki isrofgarchilik qilib dasturxon yozish, davra marosimlari shariatga zid ekanini taʼkidlab keladi. Ammo.... Yana oʻsha mutaassiblar dastaklagan ishlar davom etaveradi.

Bugungi globallashuv davrida qadriyatlar tanazzuli bot-bot koʻzga tashlanadi. Diniy, milliy, oilaviy qadriyatlar transformatsiyaga uchragani uchun mohiyatni aniqlash qiyin kechayapti. Bugun axloqiy tamoyillarga tayanib boʻlmaydi. Birovga “unday qilma, bunday qil” deyish ogʻir. Jamoatchilik nazorati ham ish bermaydi. Keksa avlodning oiladagi va mahalladagi maslahatgoʻylik mavqei yoʻqolib bormoqda. Demak, davlat aralashuvisiz “maromiylik”ni amalga oshirib boʻlmaydi. Vaholanki, tadqiqotlarda ham marosimlarning davlat tomonidan tartibga solinishini 85,3% aholi qoʻllab-quvvatlagan.

Marosimlarning davlat tomonidan tartibga solinishi faqat majburlov va jazolash choralariga tayanib olmasdan, maʼrifiy tadbirlar bilan uygʻunlashuvi zarur. Shu bilan birga, mahalla faollariga qadriyatshunoslik darslari joriy etish ham katta samara beradi. Bilimsiz odamlar bilan hech qaysi ishni amalga oshirib boʻlmaydi. Bilimsizlar – johillik va mutaassiblikka moyil boʻladi.

Marosimlarning tartibga solinishida olimlarning ilmiy xulosalariga tayanish bugungi ssentizm davrining talabi. Aksiologik tadqiqotlarga keng yoʻl ochish, baholash mezonlarini qayta oʻrganish, qadriyatlarning jamiyat hayotiga foydalilik kaeffitsentlarini aniqlash, yangi ijtimoiy mexanizmlarni ishlab chiqish kabi masalalarga eʼtiborni kuchaytirish, davlat tomonidan qoʻllab quvvatlash zarur.

Misol uchun, yillar davomida mahalla aholisi bir-biriga toʻyana berib kelgan. Juda koʻplab hududlarda toʻyana qarz sifatida daftarga yozib, qayd etib boriladi. Bu qarzlar shunday zanjirki, uni uzish juda murakkab va muammoli ish. Agar toʻsatdan uzsangiz, ijtimoiy tarqoqlikni keltirib chiqaradi. Ayrim qarindosh va doʻstlarning yuzkoʻrmas boʻlib ketishiga olib kelishi ham mumkin. Shu sabab aksiologik tajriba-tadqiqot ishlariga, aprobatsiya xulosalariga tayanish oʻrinlidir.

Umuman olganda, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Maromiylik” loyihasi jamiyatdagi isrofgarchilik va riyokorlikka barham berish yoʻlidagi eng toʻgʻri qadam boʻldi. Endi loyihaning yanada kengroq ommalashishi hamda mamlakatning eng chekka hududlariga ham kirib borishi uchun izchillikni saqlab qolish lozim. Bu jarayonda barcha ziyolilar, xususan, davlat xizmatchilari, olimlar va ijodkorlarning faol ishtirok etishi zarur deb oʻylayman.

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,

Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi



[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. (Isrof kitobidan). https://islom.uz/maqola/6706

[2] Turkiy anglashimda “jiyan” deganda faqat ayol qarindoshlarning farzandalri tushuniladi. Aka yoki ukaning farzandalari jiyan emas, ogʻayni deyilgan.

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. https://islom.uz/maqola/1602