Bir muddat avval “Estrada oʻrnini repga boʻshatib beryaptimi? Maishiy mavzulardan uzoq, ijtimoiylashib borayotgan oʻzbek repining bugungi qiyofasi” nomi bilan maqola eʼlon qilgan edik. Repning kelib chiqishi, tarixi, oʻsish dinamikasi haqida soʻzlangan ushbu maqolada oʻzbek repi haqida koʻp oʻrin ajratilgan, u zamonaviy sanʼat sifatida rivojlanib, oʻz shakliga, soʻziga ega boʻlib borayotgani taʼkidlangandi. Quyidagi maqolada ham xuddi oʻsha mavzu koʻtarilgan boʻlib, oʻzbek repining “tresh” davri, qanday qilib mumtoz adabiyotni yoshlarga yaqin qilish mumkinligi haqida maʼlumotga ega boʻlasiz.
Oyina.uz tahririyati
Ilgari oila davrasida televizordan rep musiqasi yangrasa, kattalar boshqa dasturga olishga harakat qilar edi. Maʼlum vaqt davomida oʻzbek repida koʻcha ruhiyatidagi, soʻkish va haqoratlardan nariga oʻtmaydigan tresh musiqalar ham mavjud boʻlib, yoshlar orasida tarqalishga ulgurdi. Esimda, maktabda oʻqib yurgan paytlarimiz – 2013–2014-yillarda mahalliy koʻcha “repperchalari” orasida bir-birini haqorat qilish, soʻkib javoblar (koʻcha repperlari tilida “diss” yoki “otvet”) qaytarish urfga kirgan edi. Kim koʻproq va “chiroyliroq” soʻkib, haqoratlar bilan rep kuylasa, raqiblariga javob bersa, uning obroʻsi baland boʻlib, kuchli repper sanalar edi. Bunday “tresh” kontent yoshlar orasida maʼlum muddat davomida ommabop boʻlib turdi. Koʻp oʻtmay oʻzbek repida yangi va umidli ijodkorlar paydo boʻla boshladi. Yoshlar allaqachon baqir-chaqir, haqorat-u soʻkishlardan iborat repdan charchagan edi. Mazmunli, muammolarni ochiq tanqid qiladigan, mehnat va harakat qilishga undaydigan repga boʻlgan talab kuchaydi. Mahalliy repperlar mana shunday talabga javob beradigan sifatli va mazmunli treklar yaratishni boshladi.
Bugungi kunda yurtimizda Konsta, Shokir, Shaka, Timur Alixonov, Abbos Sulaymonov, Massa, Asl Wayne va boshqa koʻplab taniqli reperlar ijod qilishmoqda. Ularning barchasi oʻziga xos kuylash uslubiga va koʻp sonli muxlislariga ega.
Tan olish kerak, Konsta taxallusi bilan ijod qiluvchi Sharif Abdullayev ijodining sermahsulligi va muxlislari soni koʻpligi bilan ajralib turadi. Buning sababi, uning qoʻshiqlarida har birimizni qiynayotgan ijtimoiy, hayotiy muammolar roʻyi-rost tilga olinadi. Jumladan, Konstaning yaqinda ommaga taqdim qilingan “Oʻzbekistonlik” treki barchaga birdek manzur boʻldi, desak adashmagan boʻlamiz. Dunyoning turli burchaklariga omadini sinash uchun yoʻl olayotgan, u yerlarda oʻzining munosib oʻrnini topayotgan jasur yurtdoshlarimizga bagʻishlab aytilgan bu qoʻshiq har qanday tinglovchiga maʼnaviy ozuqa boʻlish bilan birga uning ruhini ham koʻtaradi. Bu trek ayniqsa, xorijda oʻqishni maqsad qilgan yoshlarga katta motivatsiya vazifasini bajarishi bilan ahamiyatlidir. Qoʻshiqda jumladan, quyidagi toʻrtliklar uchraydi:
Oʻzing ham ishonmasang, orzularing ushalmaydi,
Oʻzingga oʻzing ishonmasang, hech kim ishonmaydi.
Xohlasang ucha olasan, seni hech kim ushlolmaydi,
Oʻzing koʻtaril, yulduzlar oldingga tusholmaydi!
Sen yolgʻizmassan, orzuying bor seni,
Bekorchimassan, oʻz mavzuying bor seni.
Aniq maqsad va makoning bor seni,
Harakat qilsang, olov kabi qoning bor seni.
Konstaning Timur Alixonov bilan duet shaklida aytilgan “Odamlar nima deydi” nomli qoʻshigʻi ham yoshlar orasida anchayin tanilishga ulgurdi. Unda bugungi yoshlarni qiynayotgan muammolardan biri – doim oʻzgalar fikriga quloq solib, maʼlum bir qoliplar doirasida yashash tanqid ostiga olinadi:
Odamlar nima deydi?
Indama, gapirma, koʻtarma boshni
Qattan boʻsayam topish kere toʻyga
Nima deydi qoʻni-qoʻshni? Zoʻr qil oshni!
Odamlar nima deydi?
Tengdoshmi? Kelin qimiman sinfdoshni!
Odamlar nima deydi?
Qilma koʻz yoshlar, qizim joyingda qolgin toshday
Ushbu qoʻshiq yarim yil ichida YouTube videohostingida 2,4 millionta koʻrishlar sonini yigʻishga ulgurdi. Bu esa bugungi oʻzbek repining jamiyatdagi ta’sir kuchi, ommabopligi yuqori ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Yana bir shov-shuvlarga, katta qiziqishlarga sabab boʻlgan oʻzbekistonlik repperlardan biri Shakadir. Uning replari oʻziga xos yoʻnalishga, uslubga ega. Dubayda yashab ijod qiluvchi Shaka noodatiy uslubdagi chiqishlari bilan, qoʻshiqlaridagi kinoyaga yoʻgʻrilgan, yashirin ma’noga ega jumlalari bilan boshqa hamkasblaridan ajralib turadi. Uning replari orasida mumtoz she’riyatni ham, sevgi-muhabbatni ham, vatanparvarligu ijtimoiy muammolarni ham uchratishingiz mumkin. Umar Xayyom ruboiylaridan foydalanib aytilgan “May” trekini uning tashrif qogʻozi deyish mumkin. Qisqa vaqt ichida bu qoʻshiq yoshlar orasida mashhurlikka erishdi. Quvonarli jihati shundaki, “May” qoʻshigʻi sababli Umar Xayyomning falsafiy mushohadaga chorlovchi, teran ma’noga ega to‘rtliklari bugungi virtual axborot makonida yashovchi, mumtoz adabiyotni koʻp ham xushlamaydigan yoshlar tomonidan iliq qarshi olinib, hatto yodlab olinmoqda. Jumladan, men ham Umar Xayyomning oldin oʻzim eshitmagan ruboiylarini shu rep orqali yodlab oldim. Unda quyidagi kabi har qanday insonni oʻyga toldiruvchi ruboiylar mujassamlangan:
Men keldim-u, dunyo koʻrdimi foyda?
Ketsam martabasi osharmi? Qayda!
Hech kim tushuntirib bera olmadi:
Kelishim-ketishim sababi qayda.
Bunday mumtoz adabiyot matnlarini rep ohangiga solib kuylash katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Zamonaviy ruh va musiqalar bilan kuylangan gʻazal va tarbiyaviy soʻzlari mavjud ruboiylarni shu yoʻsinda yoshlar orasida ommalashtirish mumkin. Bu orqali yoshlar dunyoqarashini va ma’naviy olamini ijobiy tomonga o‘zgartirish imkoniyati mavjud. Buni birinchilardan bo‘lib boshlab bergan Shaka har qanday tahsinga loyiq.
Shaka ijodida ijtimoiy muammolar ham koʻp bora tilga olinadi. Jumladan, yoshlarning asosiy vaqtini yutib yuborayotgan qora oʻpqonga bagʻishlab aytilgan “Ijtimoiy tarmoqlar” treki ham yoshlar orasida ancha mashhur boʻlib, muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Unda bir eshitishda xotiraga oʻrnashib qoluvchi quyidagi jumlalar mavjud:
Telefondan boshni koʻtar, miyangga tushmasdan qurt,
Youtub-u Facebook uzra boʻlib qolmagin manqurt.
Tur oʻrningdan, qadam bos, yur, tiril, uygʻon, yugur,
Badantarbiya bu koni foydadur.
Ijtimoiy tarmoqlar bu ixtiyoriy qamoqdir,
Mubtalo boʻlgan – oʻlar ! Tubsiz jarlik, soʻqmoqdir.
Yuqoridagi kabi saviyali, ijtimoiy yuki bor rep musiqalarini bugungi zamonaviy oʻzbek repperlarimiz ijodidan yetarlicha topishimiz mumkin. Muhimi, bugungi oʻzbek repi vakillari jamiyatda kechayotgan jarayonlarga, mavjud muammolarga befarq emas va yoshlarni qiynayotgan masalalarni, muhokama qilinmaydigan mavzularni ochiq-oydin kuylamoqda. Maishiy mavzulardan uzoq, real vaziyatga obyektiv baho bera olayotgan oʻzbekcha rep ayni paytda nafaqat yoshlarni, balki yoshi kattalarni ham uni eshitishga undamoqda.
Avazbek SHERMATOV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
kichik ilmiy xodimi