Soʻzmunchoq... Bu nomni ilk bor eshitganimda, soʻzlarning munchoqdek tizilganini, nafis bir soʻz marjonini tasavvur qilgandim va loyihaning nomlanishiga qoyil qolgandim. Loyihaga jalb etilgan ijod namunalarini oʻqir ekanman, bu nom bejiz tanlanmaganiga yana bir bor guvoh boʻldim.

Chop etilgan kitoblarning nomlariyoq mualliflarning badiiy dididan darak berib turibdi: “Qushlar salovati”, “Garashalik koʻngil”, “Axtarim”, “Hadik”, “Burch”, “Uch”, “Gulimoh”, “Tajohil ul-orif”, “Toshloq koʻchalar”...

Koʻcha. Bekat. Odamlar.

Maydalikdan dil toʻygan.

Nazarimda odamlar –

Koʻkka qaramay qoʻygan.

Shoira Nargiza Asadovaning yuqoridagi misralarida “maydalik” va “koʻk” istioralari orqali inson ruhiyatidagi qarama-qarshiliklar ifodalanadi. Bugungi kunda insonlar fitratidagi ayrim maydaliklarga sabab ularning koʻkka tikilmay qoʻygani emasmikan, degan haqli savol oʻquvchi koʻnglida tugʻiladi.

Nargiza Asadovaning “Qushlar salovati” kitobida tabiat va inson masalasi markaziy oʻrinda turadi. Shoira bahorning kelishini shunday tasvirlaydi:

Dast koʻtardi boychechak qaddin,

Parcha qordan chekmay xijolat.

Sumalaklar sinib billurday,

Borliq uzra oʻzgardi holat.

Mumtoz adabiyotda “Qizordi gul uyattin anjumanda”, “Noziklik ichra belicha yoʻq tori gisuyi, Oʻz haddini bilib belidin oʻltirur quyi” kabi tashxis sanʼatining ajoyib namunalari bor. Gulning xijolatdan qizarishi, sochning oʻz haddini bilishi kabi ifodalar tashxis – jonlantirish sanʼatini yuzaga keltiradi. Nargiza Asadovaning sheʼrlarida ham ana shunday jonlantirishlarni kuzatamiz. Boychechakning qor oldida xijolat chekishi uning qorlar ichra ochilishini yanada taʼsirchan ifodalaydi.

Shoiraning nafaqat tabiat, balki koʻngil lirikasida ham oʻziga xos tasviriy ifodalar, antitezalar mavjud. Jumladan, muallif “Yana telefon haqida” sheʼrida shunday iqrorlikka keladi:

Mumkin, bir lahzada oʻlmoq, tirilmoq

Sening tabassuming, qaroqlaringdan.

Azizim, ne boʻlsam, boʻlaman hozir –

Kutyapman...

Qoʻrqyapman...

Qoʻngʻirogʻingdan.

“Qushlar salovati” – jim koʻngilning botiniy nidolaridan tashkil topgan sheʼriy marjondir. Uni oʻqish jarayonida tabiat, jamiyat, muhabbat kabi mavzularning insonni qurshab turgan muhit bilan uzviy bogʻliq holda namoyon boʻlishini kuzatish mumkin.

“Soʻzmunchoq” doirasida Iroda Umarovaning “Garashalik koʻngil” kitobining ham nashr etilishi shoiraning muxlislariga ajoyib tuhfa boʻldi. Sheʼr yozish – muttasil oʻsib borish demak. “Garashalik koʻngil” kitobini mutolaa qilish jarayonida shoiraning kitobdan kitobga qadar ijodiy jihatdan oʻsganiga amin boʻldim.

Talabaligimda Iroda Umarovaning “Uchinchi dunyo” kitobini boshdan-oyoq yod olganman. Undagi inja tasvirlar, ichkin iqrorlardan lol qolganman. “Garashalik koʻngil”dagi sheʼrlar esa ulgʻaygan, aqli ham, ruhi ham muayyan muvozanatga kelgan, yetuklikka erishgan ayolning fikriy va hissiy tugʻyonlaridan iborat. Bu holat shoiraning kitobdan kitobga oʻtgan sari ijodiy kamolot kasb etayotganini koʻrsatadi.

Ichkin tuygʻularni real va taʼsirchan ifodalash – Iroda Umarova sheʼrlariga xos xususiyat. Quyidagi lirik sheʼrda ham muallifning ichki isyonlari latofat bilan ifodalangan:

Har tun uxlasam-u, turmasam deyman,

Bilaman, yodingiz uygʻotganini.

Hanuz tushunmayman bozor dunyoda,

Sizni nima uchun yoʻqotganimni.

Sheʼrni oʻqigan sheʼrxon beixtiyor oʻzining qalbidagi yoʻqotilganlar haqida oʻylay ketadi, Iroda Umarovaning har satri oʻquvchini oʻz qalbiga yuzlantiradi. Sheʼrxon oʻzining qalbidagi hislarni taftish etishga tushadi:

Ishq bu – tariqatdir, goʻzal tariqat,

Sheʼrga aylantirar har ohimizni.

Sevgilim, qandaydir... sogʻindim faqat...

Sevgilim… Bilmayman gunohimizni…

“Gunohimiz” deb nomlangan bu sheʼrda aslida sevish – gunoh emas degan gʻoya ilgari suriladi.

Shunday...

Jonlantirib olis xulyoni,

Unut ohanglarni takrorlab qalban –

Butun odamzodni, bir kam dunyoni

Tinglab yashayapman koʻzlarim bilan...

Eh bechora, demang, shunday choram bor,

Sizda bunday inʼom yoʻqdir, ranjimang –

Quloq pardalarga yetmogʻi dushvor,

Saslarni hislarda qilgum tarjima…

Bu kabi iqrorlar oʻquvchini chuqur mulohazaga  chorlaydi. Shoirlik aslida turli xil saslarni hissiyotlar orqali tarjima qilmoqdir. Ayni shu tarjima sanʼati shoiraning sheʼrlarida koʻp uchraydi. U Vatan haqida yozadimi, qishlogʻi Garasha haqida yozadimi – har gal hislarning samimiy tarjimasiga duch kelaverasiz.

Bobur Elmurodning sheʼrlari zamon va jamiyatga berilgan savollarning badiiy ifodasiday taassurot qoldiradi. Kitobning nomlanishi ham “Tajohil ul-orif” – shu nomli sheʼrda aytilganiday: “Bilib bilmaslikka olish” degani. Shoir ham ushbu toʻplamdagi sheʼrlarida juda katta-katta mavzularni bilib bilmaslikka oladi, yaʼni tajohil ul-orif qiladi. Ularni tayyor xulosa shaklida emas, savol shaklida oʻquvchi idrokining roʻparasiga qoʻyadi.

Chiqmay turib biror mansabga,

Tushmay turib biror amaldan.

Qay bir modda bilan yuragim

Qovurgʻamga nohaq qamalgan.

Ushbu satrlardagi falsafa, ramziy-majoziy obrazlar, soʻroqning noodatiyligi beixtiyor oʻquvchini chuqur taxayyulga chorlaydi: yurakning maskani qafas boʻlgani holda uning erk istashi nihoyatda tabiiy hol. Shoir kichik toʻrtlikda ayni shu holatni tasvirlamoqda.

“Boshi yonar odamlar haqida tush” sheʼri bugungi kun jamiyatiga tutilgan koʻzgudir. Ushbu sheʼr ramziy mazmunga ega, unda “yonayotgan boshlar” obrazi orqali inson tafakkuri, maʼrifati va fidoyiligi tasvirlanadi.

Xayolan boraman – bir yorug‘ makon,

Koʻrinmas zaminning oy-u quyoshi.

Bu yurtda oʻzgacha erur har inson,

Gugurt donasidek yonuvchan boshi.

Sheʼrda, ayniqsa, fidoyilikning davomiyligi va maʼrifatning abadiyligi taʼsirli ifodalanadi. Sheʼrning keyingi qismida bu ideal manzara real hayot bilan keskin qarama-qarshi qoʻyiladi. Shoir uygʻongach, jamiyatda bunday fidoyi, yonib yashaydigan insonlar juda kam ekanini anglaydi:

Oʻzimga kelaman, u yurtdan chiqib,

Tepamda charaqlab turadi quyosh.

Nahotki bu yurtda ming yildan buyon,

Tinimsiz yonadi faqat bitta bosh.

Lirik qahramon oʻzi ham yonishni, yaʼni jamiyat uchun xizmat qilishni istaydi, biroq buning uchun “bosh egish” zarurligini his qiladi. Ammo:

Boshqa u tushlarni koʻrmayman – qasam,

Yurakda bir ogʻriq oʻrtanar lov-lov.

Baʼzan yonish uchun bosh egay desam,

Hech kimning boshida yonmaydi olov.

Shoir bu kabi ijtimoiy mazmunga yoʻnalgan sheʼrlari bilan jamiyatga savollar yogʻdirarkan, uning lirik sheʼrlarida ham tirik bir ruh koʻrinadi: sodiq, samimiy, sirli. U yorga boʻlgan munosabatini ich-ichiga yashirgan: hatto yorni oʻylashi uchun ham faqat ich-ichida sharoit bor:

Men sening haqingda oʻylashim uchun,

Faqat ich-ichimda bordir sharoit.

Bu satrlar orqali inson hatto xayolini-da ichiga yashirishi lozim va mumkinligidan hayrat va iztirobga tushasiz. Bandaning bandaga boʻlgan mehri Xudo oldidagina haq ekaniga iqror boʻlarkan, muallif sheʼrni shunday yakunlaydi:

Ishqilib Xudoga ayon boʻlsin-da,

Seni ich-ichimdan yaxshi koʻrishim.

“Tajohil ul-orif” toʻplamida Bobur Elmurodning goh dadil savollari oldida mulzam qolasiz, goh ichkin iqrorlaridan iztirobga tushasiz, ammo har qanday mavzudagi sheʼrning ham ruhingizga yorugʻlik, oydinlik baxsh etayotganini his qilasiz.

Bahodir Bahrom ijodi bilan ham talabalik davrlarimdan tanishman, shoirning savollari, qarashlari, muddaolari ulkanlashgani, mulohazalari bir qadar teranlashgani “Gulimoh” toʻplamida koʻzga tashlanadi.

Shoirning Rauf Parfiga bagʻishlab yozgan sheʼrida ulkan ziddiyat mavjud:

Ming yilki, suronlar turar Turonda,

Ming yilki, sudralar zanjirband hurlik.

Ming yilki, orzular gullaydi qonda,

Ming yilki, hurlikday tuyilar xoʻrlik!

“Zanjirband hurlik”, “qonda gullagan orzular”, “hurlikday tuyilgan xoʻrlik” kabi istioralar zid maʼnoli tushunchalar orqali real hayotdagi ziddiyatlar ifodalanadi. Federiko Garsia Lorkaning “Eng qaygʻuli shodlik” nomli toʻplamining nomlanishida ham shunga oʻxshash ziddiyat bor. Bu adabiyotshunoslikda oksimoron sanʼati deyiladi. Rauf Parfida ham “olovli muzlarga isinaylik, yur” kabi tasvirlarni uchratamiz. Oksimoron sanʼati muallif ruhiyatida qarama-qarshi kechinmalar poʻrtanasidan vujudga keladigan badiiy ifoda usulidir. “Gulimoh” kitobidagi sheʼrlar bilan tanisharkansiz, muallifning bir-biriga ziddek ko‘֯ringan, ammo aslida bir-birini taqozo qiluvchi ruhiy olami borligiga amin boʻlasiz.

Shoirning sheʼrlarida oʻtmish va bugunning yashirin bahsi, tashqaridan kulib turgan, ichida otashlar yongan yigitning taqdiri, insonlarning ona Vatanga boʻlgan his-tuygʻularidagi paradokslar aks etadi. Eng muhimi, shoir mavhum holarlarni ham nihoyatda aniq tasvirlaydi, muallif his qilgan ogʻriqlar oʻquvchini ham chetlab oʻtmaydi:

Biroq yodga tushsa ismingiz,

Kuygan etday achishadi jon.

Yuragimda oʻsha... yigʻingiz

Koʻtaradi bir dunyo isyon.

Xalqimizda “ichim achidi”, “ichim kuydi” degan iboralar bor. Koʻpincha ular oʻz-oʻzidan, tabiiy ishlatiladi, maʼnosiga esa koʻp ham eʼtibor qaratilmaydi. Ammo “Siz ketdingiz” sheʼrida muallif afsus, sevgi, sogʻinch, iztirob kabi mavhum tuygʻularni inson his qilar darajada aniq tasvirlaydi: kuygan et juda yomon achishadi – dori qoʻysangiz ham, qoʻymasangiz ham. Ayni shu holatni muallif oʻzining ishq iztirobi bilan bogʻlaganki, natijada dardning, ogʻriqning moddiylashuvi roʻy bergan.

“Gulimoh” toʻplamida oʻz-oʻzini taftish etib charchamayotgan, hatto oʻzidan-da yashirgan dardlari mavjud boʻlgan, ruhidagi ikkita insonni muvozanatga keltirishga intilayotgan lirik qahramonni koʻramiz. U sheʼrdan sheʼrga oʻtgani sari savollari, isyonlari koʻpaya boradi. Ammo bu isyonlar ortida Oliy Taqdirga boʻlgan ulug‘ bir taslimiyat borligi ayondir.

Yulduz Oʻrmonovaning “Axtarim” toʻplamining nomlanishiyoq diqqatimni tortdi. Shoiraning yulduzi – axtari kim ekan? Shu nomli sheʼrni oʻqidim va taxminim toʻgʻri chiqdi. Axtari – onasi ekan. Umuman, Yulduzning boshqa mavzudagi sheʼrlarida ham Ona mavzusi tez-tez boʻy koʻrsatadi. Bu mavzu yaradan silqib turgan qon misol uning sheʼrlaridan ham silqib turadi. Onasini bevaqt yoʻqotgan farzandning faryodi Yulduz sheʼrlarining matnosti maʼnolariga jamlangan.

Onam – yorug‘ axtarim,

Butun umr axtarim.

Manzil qayda, xatlarim

Izlab-izlab qoldilar...

Yorug‘ yulduzini yoʻqotib qoʻygan yoʻlovchining ruhiy holatini ochib beruvchi bu sheʼr 4+3 turoq, 7 hijolik vaznda yozilgan.  Shu bois oson oʻqiladi, ammo hazm qilish ogʻir. Folklorshunoslikda bunday oʻlchamdagi sheʼrlardan qahramonning ruhiy holatida katta oʻzgarishlar ketayotganda yoki uning jismoniy harakati tezlashganda foydalanilishi haqida maʼlumotlar bor. Yulduzning ushbu sheʼrida ham qahramon ruhiyatidagi evrilishlar aks etadi. Onasini izlayotgan, biroq kutilmaganda uni topa olmay qolgan bolaning holi koʻz oldingizda gavdalanadi.