Yaqinda muhtaram Prezidentimiz raisligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Prezidentimiz maʼnaviyat-u madaniyat, adabiyot-u sanʼatdan tortib, inson kamoloti uchun zarur boʻlgan barcha sohalarda amalga oshirilgan ulugʻvor ishlar qatorida bugundan kechiktirmasdan – ayni damda bajarilishi zarur masalalarga atroflicha toʻxtaldi, qimmatli fikr mulohazalarini bildirdilar. Davlatimiz rahbari, albatta, har bir masalaning mohiyatini keng qamrovda tushuntirib berdiki, yigʻilishda qatnashayotgan ijodkor ziyolilar toʻlqinlanib, hayajon bilan tinglab turdi. Bugun Oʻzbekistonga xalqaro maydonda katta ishonch paydo boʻlgani, bu ishonch, avvalo, gʻururi baland, niyatlari ulug‘ oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan buyuk xalqimizning orzu-umidlari bilan chambarchas bogʻliq ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston mana shunday katta yoʻlga chiqib, oʻzining aniq yoʻnalishini belgilab, xalqaro hamjamiyat orasida obro‘-eʼtibor topib borayotgan paytda jonajon Vatanimiz haqida ogʻziga kuchi yetmagan, chala siyosatchilar tilidan ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat yoʻsinida bilan himoya qilib kelgan markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar tutumini tanlayotgani aytib oʻtildi. Bu mulohazalarni eshitar ekanman, shu kunlarda bunday gʻalamis kimsalarga ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqimizning mard va tanti farzandlari – ijodkor ziyolilar, shoir va adiblar, ommaviy axborot vasitalari xodimlari jasorat bilan bildirayotgan munosabatlari koʻz oldimga keldi.

Biz bugun zimdan olib borilayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy kurashlar zamonida yashayapmiz. Demakki, gap vatan manfaati va yurt taqdiri haqida borganda ijodkor-ziyolilar zimmasidagi vazifalar harbiylarimizning burch va majburiyatlaridan aslo kam emas. Prezidentimiz aytganlaridek, “Agar biz bu yorug‘ dunyoda “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak” bunday gʻalamislarga munosib javob berishimiz kerak. Mafkura poligonlarida soʻzimizni aytishimiz, fikrimizni oʻtkazishimiz, shu vatan, shu millat taqdiri har narsadan ustun ekanini el-u xalq orasida koʻproq tushuntirishmiz zarurligini angladim. Bu borada, albatta, bizga jadid bobolarimizning: “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan gaplari shior boʻlishi kerak. Shundagina biz bunday gʻoyaviy kurashlarda gʻolib boʻlamiz.

Koʻhna tarix zarvaraqlarida shonli sahifalarni bezab turgan oʻzbek degan nomga munosib yashash, ulkan maqsadlarga erishish uchun ham doimo zamon bilan hamnafas boʻlishimiz, ilm-fanda, madaniyat-u maʼrifatda, adabiyot-u sanʼatda yangi pogʻonani zabt etishimiz taqozo etiladi. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan bu boradagi vazifalarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida poytaxtimiz markazida Adiblar xiyoboni barpo etilib, bu maskanga xalqimizning yigirma toʻrt nafar suyukli farzandining siymosi aks etgan haykal oʻrnatildi. Bogʻga hamohang tarzda Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, unga yaqin masofada samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan taʼminlandi. Hududlarda yangi ijod uylari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, atoqli ijodkorlar: Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimovning tavallud sanalari keng nishonlandi.

Milliy adabiyotimizda tetapoya boʻlib qadam tashlayotgan yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari qayta tiklandi. Bugun adabiyotimizni navqiron nafas, oʻziga xos ifoda bilan boyitib borayotgan ijodkorlarning barchasini bundan chorak asr muqaddam Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligida ustozlar kashf etishgan, deb aytsak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Yosh qalamkashlarning mehrini qozongan, unga borish, qatnashish ijodkor sifatida eʼtirof etilishga tenglashgan ushbu seminarning tashabbuskori muhtaram Shavkat Mirziyoyev ekanini yaqin-yaqingacha koʻpchilik bilmasdi. 

Bu seminar zamonaviy adabiyotimizning goʻzal bir anʼanasiga aylandiki, qayta tiklangandan buyon koʻplab yosh ijodkorlar sheʼriyatimizni, nasrimizni badiiy yetuk asarlar bilan boyita boshladi. Jumladan, ularning ilk kitoblari Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasiga koʻra katta adadda chop etilib, taʼlim muassasalari va mahalla fuqarolar yigʻinlari kutubxonalariga yetkazilmoqda. Shuningdek, mualliflar tugʻilib oʻsgan mahallalar va ular taʼlim olgan oʻquv dargohlarda taqdimotlari tashkil etib kelinyapti.

Yana shunday ezgu ishlar qatorida  birinchi marta 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” nashr etilganligi oʻzbek xalqining maʼnaviy-adabiy dunyosi, balki butun turkiy olamda qiyosi yoʻq bir ish boʻldi. Negaki, bu yuz jildda turkiy xalqlarning qadim tarixidan, bugungacha boʻlgan davrda olamni va odamni idrok etishi, borliq va shaxs munosabatlari, qadriyatlari, qudrati, intellekti, bir soʻz bilan aytganda, qardoshlarimizning ham ulugʻvorligini va Amir Temur bobomiz taʼbiri bilan aytganda: “Millatlarning eng ulugʻi va qadimi turkning bosh boʻgʻini” ekanligimizni koʻrsatib turibdi.

Shu oʻrinda yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan toʻqqiz yoʻnalishdagi muhim tashabbusning har bir yurtdoshimizni hayotga, jamiyatga, maʼnaviyat-u adabiyotga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartiradi, deb oʻylayman. Chunki mazkur tashabbuslarning hayotiy ildizi turmushimizning barcha jabhalariga tomir otadigan, oʻsmir-yoshlarning ongu tafakkurini boyitadigan, qalb goʻzalligini shakllantiradigan tashabbuslardir.

Jumladan, madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarda hokimlarning masʼuliyatini oshirish; tuman va shaharlarda maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini ishga tushirish; shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida toʻrtta sektorga qoʻshimcha ravishda Maʼnaviyat sektori tashkil etilgani maʼlum qilindi. Ular joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat yuritishini soha vakillarni koʻtarinkilik bilan qarshi oldi. Ana shunday tashabbuslarga koʻra teatr sanʼatini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi yigirmata pyesa uchun adiblarimizga ijodiy buyurtma beriladi va mualliflarga ellik milliongacha qalam haqi toʻlanadi. Yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun sanʼat dargʻasi, ulug‘ ijodkor Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etish; korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishini yoʻlga qoʻyish; har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va toʻgarak xonalari boʻlgan bittadan Madaniyat markazini barpo etish taʼkidlandi.

Yanada quvonarlisi, bundan soʻng oʻzbek tilini oʻqitish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab ellik foiz ustama toʻlanishi belgilanadigan boʻldi. Shuningdek, xalqimiz orasida yanada kitobxonlik madaniyatini oshirish qoʻllab-quvvatlanadi. Tarjimonlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etiladi hamda nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida besh yilga soliqlardan ozod qilinadi.

Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yaratishda katta ahamiyat kasb etdi. Bu tanlovga yosh-u keksa birdek qiziqish bildirib, oilaviy kitobxonlik muhiti paydo boʻldi. Kamina, uzoq tumanlarda istiqomat qiladigan ana shunday bir necha kitobxon oilalarni bilaman. Ular tanlovning shaffofligiga, hakamlarning adolatiga oʻzgacha bir mehr bilan qaraydiki, yana va yana – takror-takror qatnashishdan zavqlanadilar.

Ana shu zukko kitobxonlarni zamonaviy oʻzbek adabiyoti bilan yaqindan tanishtirish, ulug‘ ajdodlarimiz haqida soʻnggi yillarda yozilayotgan asarlardan xabardor qilish, shu bilan bir qatorda, taniqli adiblarimiz, olimlarimiz va el-yurt orasida obro‘-eʼtibor topgan ziyolilarning kitob mutolaasi borasidagi tajribalarini “Yoshlik” jurnali yoritishni ham maqsad qilgan. Endilikda esa ana shunday maqolalarga yanada kengroq oʻrin beramiz. Negaki, keyingi yillarda bosma nashrlarning muammosi boʻlib kelayotgan obuna masalasiga Prezidentimiz alohida eʼtibor berib yigʻilish qatnashchilariga qarata: “Hozirgi vaqtda matbuot nashrlarining obunasi bilan bogʻliq ayrim muammolar mavjudligini bilamiz. 2022 yil 27 iyundagi Prezident qarorida  byudjet tashkilotlariga ulardagi kutubxona fondi xarajatlari orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna boʻlish uchun mablag‘ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi, deb koʻrsatilgan. Demak, masalaning aniq yechimi bor. Faqat buni amalga oshirishimiz kerak”, – dedilar.

Yigʻinda koʻtarilgan masalalardan koʻrinib turibdiki, oʻzbek xalqi yanada oʻzligini, oʻzini tanishi va anglashi, shaxsiga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlishi uchun qalbini uygʻotadigan, ruhini koʻtaradigan sohalarga eʼtibor qaratilishi bejiz emas, albatta. Oʻylaymanki, bu borada amalga oshirilishi koʻzlangan har bir tashabbus uchun ijodkor ziyolilar ming yillar qaʼridan soʻzlaydigan dostonlarimizda yangrab turgan “Dam shu damdir, oʻzga damni dam dema” deya jadid bobolarimizning fidokorligini, jasoratini oʻzlariga naʼmuna bilib kirishadi, va albatta, bu yoʻlda Prezidentimizga kamarbasta boʻlishadi.

Nurilla CHORIYEV,

“Yoshlik” jurnali bosh muharriri

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!