Toponimlar xalqning hayoti, tarixini koʻrsatishda yozma va arxeologik manbalar kabi muhim hisoblanadi. Joyning nomi oʻsha yerda qaysi xalq, qaysi millat, qaysi urug‘ qancha vaqt davomida, qanday yashaganini koʻrsatadi. Ayni shu mavzuda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Boʻronov va filologiya fanlari doktori, jurnalist Rustam Jabborov bilan suhbatlashdik.
– Shu maʼnoda toponimlarning ahamiyati qanday, ularning oʻzgartirilishi nimalarga olib keladi?
Anvar Boʻronov: – Toponimlar, aslida, vatan tushunchasi bilan mushtarak. Biz yashayotgan joy aynan bizniki ekanini bilish uchun nomi bizning tilda boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda turib “Kommunizm”, “Lenin”, “Moskva” degan kolxozlarda yashab koʻrdik. Bizga begona joy nomlari bilan nomlashganda, bizning tafakkurga ham, mental xususiyatlarimizga ham taʼsir qildi. Moskvani orzu qiladigan, baxt-saodat oʻsha yerda deb oʻylaydigan boʻldik.
Iyul oyida Oltoyga bordik, oʻsha yerda atay bir choʻponning uyida yashadik, qishloq nomi “Qirliq” ekan, xuddi vatanimizda yotganday orom yotdik. Yaʼni, joy nomlari ham ruhimizga ozuqa, tinchlik beradi. Nom keyingi avlod tarbiyasida milliy gʻururni shakllantiradi. Oʻzbek yashasa-yu, nomlar boshqacha boʻlsa, bu gʻururni shakllantirishi qiyin. Turli davrlarda bizni bosib olgan bosqinchilarning hammasi oʻzlarining nomlarini suqishtirishga harakat qilgan. Hozirgi toponimlarimizdagi turli xillik, begona nomlar saqlanib qolgani, bugun ham kirib kelayotgani juda fojiali narsa. Shuning uchun bu mavzu juda dolzarb. Yosh avlodda ham boshqa tilda nomlanishga qarshi immunitet shakllantiradigan davr keldi. Shunga tayyor boʻlish kerak deb oʻylayman.
Rustam Jabborov: – Joy nomi pasport hujjuti kabi. Shunga qarab turib joy kimga tegishli ekani bilinadi. Oʻzbekiston hududida juda koʻp xalqlar, madaniyatlar, sivilizatsiyalar toʻqnashgani uchun joy nomlarimiz turlicha – sugʻd, fors, arab, turkiy kabi turli tillarda. Lekin bugun Oʻzbekistonda davlat tili aynan oʻzbek tili, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunda joylarni nomlashda oʻzbek tili qoidalariga rioya qilish shart deb belgilangan.
Bir holat boshlangan. Yurtimizdagi haqiqiy turkiycha joy nomlarini arabcha, forscha va boshqa tillardagi joy nomlariga alishtirish keng kuzatilyapti. Masalan, Toshkent shahridagi Toʻytepani Nurafshon deb oʻzgartirishdi. Bu soʻz ham oʻzbekcha-ku, deyishlari mumkin, lekin unday emas, arabcha, forscha soʻzlar yevropa tillaridan kirgan soʻzlar kabi ajralib turmasligi, tilimizga oʻrnashib qolgani sabab farqlay olmaydi odamlar. Holbuki, turkiy tilning oʻz ildizi bor, bir til oilasiga mansub. Boʻston, Guliston, Shahriobod kabi nomlar oʻzbekcha koʻringani bilan uning oʻzagi yo arabcha, yo forscha boʻladi.
Tojikistonda koʻplab joy nomlari tojikchalashtirildi. Turkiycha boʻlgan Qoʻrgʻontepa shahri nomi Boxtar deb oʻzgartirildi. Yuzlab shunaqa nomlar almashtirilgan hozir. Nega deyilsa, turkiycha ekan, tojikcha boʻlishi kerak, deyishadi.
Podkastni toʻliq holda havola orqali koʻrishingiz mumkin.