Bu yil Oʻzbekiston mustaqil respublikaga aylanganiga 35 yil toʻladi. Ushbu 35 yillik yoʻlni oson deyish qiyin, chunki bu vaqti ichida oʻzbek xalqi taqchillikni, suiqasdlarni, teraktlarni, iqtisodiy oʻsish va tushishlarni, etnik toʻqnashuvlarni hamda dunyodan yopilib olish siyosatini koʻrdi. Oyina.uz Oʻzbekiston kelajagiga taʼsir koʻrsatgan, xalq xotirasida muhrlanib qolgan hodisalarni yillar kesimida esga oladi.

Ilk 10 yillik haqidagi maqolani bu yerda oʻqishingiz mumkin. 

2001-yil. Xonobod bazasi va XVJ bilan nizo

Valyuta konvertatsiyasining yopilishi XXI asrda ham Oʻzbekiston uchun salbiy oqibatlar chiqarishni davom ettiradi. Eng yirik xalqaro kreditorlardan biri – Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) 2001-yil aprel oyida Oʻzbekiston bilan aloqalarni toʻxtatadi hamda mamlakatga kredit ajratishni muzlatadi.

Jamgʻarma bunday qadam qoʻyishiga, Karimovning konvertatsiya qonunchiligini liberallashtirish boʻyicha bergan vaʼdalarini bajarmagani sabab boʻladi. Oʻzbekiston bu vaqtda tashqi qarzga ancha bogʻlangandi, natijada XVJʼning qarori respublika iqtisodiyotiga sezilarli bosim oʻtkazadi.

Shunday vaziyatda Islom Karimov yirik kredit bera oladigan ikkinchi yoʻnalish qidira boshlaydi. 15-iyun kuni Oʻzbekiston, aʼzolari Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti(SHHT)ga qoʻshiladi. Rasmiy Toshkent ushbu tashkilotga kirish orqali ilk bor Xitoy bilan xavfsizlik va iqtisodiy blokka birlashadi.

Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida. 2001-yil

2001-yilda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa taqdiriga jiddiy taʼsir koʻrsatgan voqea sodir boʻladi – 11-sentabrdagi teraktlardan keyin AQSH armiyasi Afgʻonistonda keng miqyosli harbiy amaliyot boshlaydi. Tolibonga qarshi kurashish uchun AQSH qoʻshinlariga tayanch-taʼminot nuqtalari kerak edi va Vashington bu boʻyicha Oʻzbekistonga murojaat qiladi. 2001-yilning oktyabrida AQSH Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Toshkentga shoshilinch tashrif bilan keladi va Oʻzbekiston rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazadi.

13-oktabr kuni imzolangan Oʻzbekiston-AQSH kelishuviga koʻra, Qarshi shahri yaqinidagi Xonobod (K2) aerodromi AQSH harbiylariga ijaraga beriladi. Ushbu aerodrom Afgʻonistonga askar va texnika yetkazib beruvchi logistik markaz, transport va tibbiy evakuatsiya punkti, razvedka va qoʻllab-quvvatlovchi parvozlar amalga oshiriluvchi nuqta vazifasini bajaradi.

Ushbu kelishuvdan soʻng Oʻzbekiston AQSH bilan yaqinlashuv siyosatini boshlaydi. Noyabr oyida Bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Vashingtonga tashrif buyurib, moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazadi.

2002-yil. Prezidentlik muddati oʻzgarishi, ikki palatali parlament va qoʻshni bilan ziddiyat

Oʻzbekistonda 2002-yil mamlakat kelajagiga katta taʼsir koʻrsatgan voqea bilan boshlanadi. 2000-yilning yanvarida ikkinchi muddatga saylangan Islom Karimovning prezidentlik muddati 2005-yil tugar va Konstitutsiyaga koʻra, u uchinchi muddatga nomzodini qoʻya olmasdi.

Shunday vaziyatda prezidentlik muddatini 5-yildan 7-yilga uzaytirish boʻyicha referendum (umumxalq ovozi) oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Bundan tashqari, referendumga anchadan beri muhokama qilib kelinayotgan Oʻzbekistonda ikki palatali parlament joriy qilish masalasi ham kiritiladi.

Islom Karimov tarafdorlari qurshovida

Referendum 27-yanvar kuni boʻlib oʻtadi va har ikki masala 90 foizdan koʻproq maʼqullovchi ovoz toʻplaydi. Shu tariqa Qonunchilik palatasi va Senatdan tashkil topgan yangi parlament tuziladi. Navbatdagi Prezident saylovlarini oʻtkazish sanasi 2005-yildan 2007-yilga koʻchadi.

Harbiy hamkorlik fonida AQSH-Oʻzbekiston siyosiy aloqalari ham mustahkamlana boshlaydi. Hukumat delegatsiyasidan soʻng, 2002-yil mart oyida Prezident Islom Karimov AQSHga rasmiy tashrif bilan boradi. Mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi birinchi Strategik sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya aynan AQSH bilan imzolanadi.

Dekabr oyida Markaziy Osiyodagi siyosiy muhitni oʻzgartirib yuborgan yana bir voqea sodir boʻladi. 16-dekabr kuni Turkmaniston xavfsizlik kuchlari xalqaro qonunlarga xilof ravishda, Oʻzbekistonning Ashxoboddagi elchixonasiga bostirib kiradi hamda u yerda tintuv oʻtkazadi. Bu anchadan beri ikki davlat oʻrtasida davom etib kelayotgan taranglikning soʻnggi nuqtasi boʻladi. Oʻzbekiston Turkmanistonga rasmiy nota topshiradi, chegaralar yopiladi, diplomatik aloqalar toʻxtatiladi. Ikki qoʻshni-qardosh davlatning ziddiyati Turkmaniston Prezidenti Saparmurod Niyozov vafotiga qadar davom etadi.

2003-yil. Xalqaro moliya tashkilotlari bosimi

XVJ va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining tanqid va bosimlaridan soʻng, Oʻzbekiston hukumati valyuta konvertatsiyasini ochishga qaror qiladi. Chunki bu davrda mamlakat rivojlanishga faol intilayotgan, xalqaro kreditlarga katta ehtiyoj sezayotgandi.

8-oktabrda Iqtisodiyot vaziri Rustam Azimov 2003-yil 15-oktabrdan boshlab Oʻzbekistondagi barcha valyuta konvertatsiyasini tartibga solish qoidalari XVJ Bitimining 8-moddasiga (ushbu modda aʼzo mamlakatlarga toʻlovlar va pul oʻtkazmalariga cheklovlar joriy etishdan tiyilish, kamsituvchi valyuta tartiblaridan voz kechish hamda shaffoflikni taʼminlash majburiyatini yuklaydi) muvofiq amalga oshirilishini hamda bu majburiyat qaytarib boʻlmas tarzda qabul qilinganini eʼlon qiladi.

Amir Temur koʻchasi, 2003-yil

Biroq keyingi yillar bu majburiyat shunchaki qogʻozda qolib ketganini koʻrsatdi. Oʻzbekiston rasman valyuta konvertatsiyasidan voz kechdi, ammo amalda 2017-yilga qadar bu sohada deyarli hech qanday oʻzgarish yuz bermadi.

Siyosiy maydonda Oʻzbekiston ham AQSH, ham SHHT bilan hamkorlikni davom ettiradi.

2004-yil. Teraktlar toʻlqini va yirik aviahalokat

Ushbu yil Oʻzbekiston tarixidagi eng fojiali va ogʻir yillardan biriga boʻladi.

Chunonchi, yil mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng yirik aviahalokat – Yak-40 samolyoti fojiasi bilan boshlanadi. 13-yanvar kuni Termizdan Toshkentga uchgan “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ning Yak-40 samolyoti Toshkent aeroportining qoʻnish yoʻlagida toʻxtolmaydi. Natijada aeroport hududidagi radiomayoqqa kelib uriladi va Qorasuv kanaliga qulaydi. Uchoq bortida boʻlgan barcha — 37 nafar inson (32 yoʻlovchi va 5 nafar ekipaj aʼzosi) halok boʻladi. 15-yanvarda umummilliy motam eʼlon qilinadi.

Afsuski, noxushliklar shu bilan tugamaydi. Oʻzbekistonning AQSH va Gʻarb bilan yaqinlashuvi baʼzi tashqi kuchlar va ular dastaklovchi mutaassib guruhlarga yoqmaydi. Natijada, ular vaziyatga taʼsir oʻtkazishga urinadi.

2004-yil 29-mart kuni Toshkentdagi Chorsu bozori yaqinida xudkush terrorchi oʻzini portlatib yuboradi. Bu Oʻzbekiston tarixidagi ilk xudkushlik shaklidagi terakt edi. Terakt natijasida uch nafar militsiya xodimi halok boʻladi. 20 ga yaqin kishi jarohatlanadi.