Bu yil Oʻzbekiston mustaqil respublikaga aylanganiga 35 yil toʻladi. Ushbu 35 yillik yoʻlni oson deyish qiyin, chunki bu vaqti ichida oʻzbek xalqi taqchillikni, suiqasdlarni, teraktlarni, iqtisodiy oʻsish va tushishlarni, etnik toʻqnashuvlarni hamda dunyodan yopilib olish siyosatini koʻrdi. Oyina.uz Oʻzbekiston kelajagiga taʼsir koʻrsatgan, xalq xotirasida muhrlanib qolgan hodisalarni yillar kesimida esga oladi.
Ilk 10 yillik (1991-2000) va ikkinchi 10 yillik (2000-2010) haqidagi maqolalarni bu yerda oʻqishingiz mumkin.
2011-yil. 7 yillikdan yana 5 yillikka
Sanksiyalar bekor qilingandan soʻng Yevropa va Oʻzbekiston munosabatlari yana iliqlasha boshladi. Xususan, yanvar oyida Islom Karimov Yevropa Komissiyasi raisi va NATO Bosh kotibi bilan uchrashish uchun Yevroittifoq markazi – Bryusselga bordi.
Mart-aprel oylarida Konstitutsiyaning baʼzi moddalariga bir qancha oʻzgartirish kiritildi. Xususan, Bosh vazir va parlamentning oʻzaro munosabatlari qayta tartibga solindi hamda parlamentning hukumat ustidan nazorat mexanizmlari kengaytirildi.
Karimov NATO Bosh kotibi Anders Rasmussen bilan. Bryussel, 2011-yil
Dekabrda esa Oʻzbekistonda navbatdagi Prezidentlik muddati oʻzgarishi yuz berdi. 2002-yilda Prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, shu asosda 2007-yil qayta saylangan Islom Karimov 2014-yilgacha mamlakatni boshqarishi kerak edi.
Biroq 12-dekabr kuni Oʻzbekiston Prezidentining vakolati muddatini 7 yildan 5 yilga qisqartirishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilinib, Konstitutsiyaning tegishli moddasiga oʻzgartirish kiritildi.
Shu tariqa Prezidentlik muddati yana 5 yilga qaytariladi. Biroq navbatdagi saylov baribir 2014-yilda oʻtkazildi.
2012-yil. Yana KXSHTdan chiqish
Oʻzbekiston 1992-yilda postsovet mamlakatlarini birlashtirgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qoʻshilgan, 1999-yilda esa undan chiqib ketgan hamda 2006-yil tashkilotga aʼzoligini qayta tiklagandi. Islom Karimov yana oʻzining “mayatnik” uslubini davom ettirib, 2012-yil iyunda KXSHTdagi aʼzolikni toʻxtatdi.
Rasmiy Toshkent bunga sabab sifatida, KXSHT faoliyatida Oʻzbekiston manfaatlari va pozitsiyasi yetarlicha hisobga olinmayotganini koʻrsatdi. Manbalarga koʻra, tomonlar Afgʻoniston masalasida ikki xil pozitsiya egallagan.
Karimov tashqi siyosatda goh u tomonga, goh bu tomonga oʻtish orqali siyosiy manyovrlar amalga oshirishga uringan
Shu yilning 1-aprel kuni Oʻzbekiston qoʻshni Tojikistonga gaz yetkazib berishni birdaniga butunlay toʻxtatib qoʻydi. Bu Tojikiston iqtisodiyotiga keskin zarba boʻldi, chunki mamlakatda gaz qazib olish hajmi juda kam, soha Oʻzbekiston taʼminotiga bogʻlanib qolgandi. Oʻzbekiston tomoni ushbu harakatni soʻnggi vaqtlardagi bahslar sabab Tojikiston hukumatiga bosim oʻtkazish uchun amalga oshiradi. Oradan biroz oʻtib, taʼminot qayta tiklanadi.
2012-yilda Oʻzbekistonda mashhur boʻlgan “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirildi.
2013-yil. Gulnora Karimova ishi
Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 1995-2013-yillarda turli yuqori davlat lavozimlarda ishlagan, oʻnlab ijtimoiy loyihalarga asos solgan va hokimiyat tizimida katta taʼsirga ega boʻlgandi.
Gulnora Karimova va unga yaqin insonlar Oʻzbekistonda koʻplab korxona va koʻchmas mulklarga ega, iqtisodiyotning katta qismni nazorat qilar va odatda bundan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanardi.
2013-yil boshida Gulnora Karimova bir qancha vazirlar va mansabdorlarni ochiq tanqid qila boshladi. Tez orada Karimova va unga aloqador guruhlarning turli iqtisodiy jinoyatlari fosh etildi. Ular ustidan tergov va sud jarayonlari boshlandi. Oʻta yirik miqdordagi korrupsiya ishida ayblangan Gulnora Karimova shaxsan Prezident buyrugʻi bilan uy qamogʻiga olindi.
Gulnora Karimovaning qoʻlga olinishi, 2013-yil
Respublikada ancha mashhur va katta taʼsiriga ega boʻlgan Karimovaning hibsga olinishi, shubhasiz, yilning eng shov-shuvli voqeasiga aylandi. Keyinroq unga aloqador shaxslar va firmalar faoliyati boʻyicha oʻnlab jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Unga tegishli koʻplab telekanallar va radiolar yopib qoʻyildi.
Shu yili Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida strategik sheriklik shartnomasi imzolandi.
2014-yil. Parlament saylovi
Oʻzbekiston oʻzining koʻp vektorli tashqi siyosatini davom ettirib, Xitoy bilan aloqalarni rivojlantirdi. 19-avgustda Islom Karimov Xitoyga safar qildi va Si Szinpin bilan muzokaralar oʻtkazdi. Ushbu tashrif yakunida 6 millard dollardan ortiq qiymatga ega bitimlar imzolandi va bu Oʻzbekistonning Xitoy tomon iqtisodiy diversifikatsiya qilish siyosati kuchayganini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Xitoy bilan asosan tabiiy gaz eksport qilish boʻyicha shartnomalar imzoladi
Yil oxirida, 21-dekabr kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar boʻlib oʻtadi. Unda Prezident aʼzosi boʻlgan Oʻzbekiston Liberal-Demokratik partiyasi katta muvaffaqiyat qozonib, 52 deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritdi.
2015-yil. Toʻrtinchi (yoxud birinchi) prezidentlik saylovi
2011-yilgi oʻzgarishlarga muvofiq, Islom Karimovning 7 yillik muddati tugagach, navbatdagi prezident saylovi belgilandi. Prezidentlik muddati oʻzgarishi Karimovga yana bir bor saylovda birinchi muddatga nomzod sifatida qatnashishga imkon berdi.
29-mart kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda amaldagi prezident Islom Karimov 90,39 foiz ovoz toʻplab, oʻz lavozimini saqlab qoldi.
2015-yilgi saylovlardan soʻng Karimov 2020-yilgacha Prezidentlik qilish vakolatiga ega boʻldi
Mamlakat doimgi oqimdan ketishda davom etdi. Respublikada yirik va keskin oʻzgarishlar yuz bermadi.
2016-yil. Burilish nuqtasi – Yangi Oʻzbekiston
Ushbu yilni mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng muhim yillardan biri deb aytish mumkin. Chunki 2016-yil respublikaning kelajagini jiddiy oʻzgartirib yuborgan voqealar sodir boʻldi.
Mamlakat 23-24-iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qildi. Toshkentga oʻnlab davlatlar rahbarlari tashrif buyurdi. Sammit yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Avgust oyi oʻrtalaridan xorij nashrlarida Oʻzbekiston Prezidenti salomatligi bilan bogʻliq xabarlar tarqala boshladi. 29-avgust kuni Oʻzbekistonda Islom Karimovning sogʻligʻi yomonlashgani haqida rasmiy xabar berildi. Oradan bir necha kun oʻtib, 2-sentabrda Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti vafot etgani eʼlon qilindi.
Islom Karimovning vafoti Oʻzbekistonda 27 yil davom etgan bir siyosiy epoxaning yakunlanishi boʻldi
Karimovning vafoti mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi muhim siyosiy voqea boʻldi. Mamlakatda qariyb 27 yil davom etgan bir siyosiy davr oʻz nihoyasiga yetdi.
Uch oy muddat ichida navbatdan tashqari Prezident saylovini oʻtkazish belgilandi. Saylovlarga qadar respublikani boshqarish Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.
4-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovida OʻzLidep partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev 88,61 foiz ovoz toʻplab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi. 14-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev tantanali ravishda Oʻzbekiston Prezidenti vazifasini bajarishga kirishdi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yangi siyosiy kurs boshladi
2017-yil. Mirziyoyevning “Yangi kurs”i (New deal)
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda mutlaqo yangi siyosiy yoʻnalish boshladi. 7-fevral kuni Prezident farmoni bilan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu strategiyasi asosida koʻplab sohalar liberallashtirildi.
Xususan, davlatning diniy siyosati keskin liberallashtirildi, dindorlarni taʼqib qilish toʻxtatildi. Hukumat oldingi maʼmuriyat shakllantirgan bir qancha “qora roʻyxat”larni tugatdi.
Oʻzbekistonda paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanishga barham berildi. Shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurash boshlandi. Oʻqituvchilar, talabalar va shifokorlarni paxta terimiga jalb qilish amaliyotiga chek qoʻyildi.
OAV faoliyatida oʻzgarishlar yuz berdi. Soʻz erkinligi bilan bogʻliq holat yaxshilandi, bir qancha tanqidiy loyihalar ishga tushdi.
Qoʻshnilar bilan munosabatlar yangi davrga kirdi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik aloqalari oʻrnatishga jiddiy eʼtibor qaratdi. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan muloqot tiklanib, munosabatlar normallashtirildi.
Mirziyoyev ilk prezidentlik kunlaridanoq qoʻshnilar bilan aloqalarni normallashtirishga kirishdi
Ijtimoiy sohada yangi hukumat xalqning bir necha yil davomida toʻplanib qolgan muammolarini eshitish va yechish uchun “Xalq qabulxonalari” institutini joriy qildi. Fuqarolarga oʻz murojaatlarini toʻgʻridan toʻgʻri Prezidentga yuborish imkonini beruvchi Prezident portali ishga tushirildi.
Va eng katta, Oʻzbekiston xalqi hamda iqtisodiyoti kutgan liberallashuv ham amalga oshirildi – valyuta konvertatsiya toʻliq ochildi. 2-sentyabr kuni Prezident “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi. Natijada, oʻzbekistonliklar chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda sotib olish imkoniga ega boʻldi. Soʻmning rasmiy va norasmiy kursi tafovuti tugadi. Bu Oʻzbekistonning haqiqatdan bozor iqtisodiyoti tomon qadam tashlayotganiga yorqin dalil boʻldi.