XXI asr inson omili davri boʻlishi bashorat qilingan edi. Darhaqiqat, postindustrial bosqichni boshdan kechirayotgan rivojlangan mamlakatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham yuqori malakali mutaxassislar taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanib ulgurdi. Shu bois ham davlatlar oʻrtasida yetuk mutaxassislar tayyorlash va ularni “ovlash” boʻyicha raqobat kuchaygandan kuchayib borayotir.
Oʻz sohasining piri boʻlgan muhojirlar har qanday jamiyatning iqtisodiy va madaniy ravnaqida muhim rol oʻynaydi. New American Economy jamgʻarmasi yaqinda oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, AQShdagi eng yirik 500 kompaniyaning 45 foiziga immigrantlar yoki ularning farzandlari asos solgan. Ular orasida Apple, Google kabi gigant korporatsiyalar ham bor. Yana bir diqqatga molik fakt: 2000-yildan buyon AQSh vakili sifatida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan olimlarning qariyb 40 foizini immigrantlar tashkil etadi (“The Economist” jurnali, 2019-yil 16-noyabr).
Hozirda yuqori malakali migrantlarning 28 millioni (75 %) Iqtisodiy hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish tashkilotiga (OECD) aʼzo boʻlgan mutaraqqiy davlatlarda istiqomat qiladi. Eʼtibor bering, oʻshalarning ham 70 hissasi inglizzabon toʻrt mamlakat – Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanadaga toʻgʻri keladi (Kerr et al., 2016, Global Talent Flows, Journal of Economic Perspectives). Bularning bari, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun boshogʻriq boʻlayotgan brain drain – aqllilar hijrati muammosini keltirib chiqarmoqda.
Ilmda brain drain masalasiga oʻtgan asrning 60–70-yillaridan eʼtibor berila boshladi. Mazkur hodisaga bir necha oʻn yil davomida akademik hamda siyosiy doiralarda rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga toʻsiq boʻlayotgan salbiy voqelik sifatida qarash hukmronlik qilib keldi. Sir emas, tolibi ilmni malakali mutaxassis darajasiga koʻtarish koʻp harakat-u katta xarajat talab etadi. Bunga esa, tabiiyki, oʻsha odam tugʻilib oʻsgan davlat balogardon. Ammo tayyor kadr – oʻz kasbining zoʻri boʻlib yetishgan odam biron mutariqqiy mamlakatga koʻchib ketadi; qarabsizki, nodir ishchining rohatini katta mablag‘ sarflab oʻqitgan vatani emas, balki u qoʻnim topgan oʻlka koʻradi. Shu sababga koʻra, bir zamonlar mutaxassislarning boshqa mamlakatga koʻchib oʻtishini taqiqlash taklif etilgan, ayrim mamlakatlarda bu borada amaliy choralar ham koʻrilgan. Ammo taqiq choralari aqllilar hijratini toʻxtatish oʻrniga, bilʼaks, jarayonning jadallashuviga olib kelgan.
90-yillar oxiriga kelibgina bu hodisa butkul salbiy emasligi, uni toʻgʻri va oqilona yoʻnaltirish mutaxassis “ega”si boʻlgan mamlakat uchun ham, u qoʻnim topgan davlat uchun ham manfaatli boʻlishi mumkinligi eʼtirof etildi. Xususan, Lotin Amerikasining ayrim davlatlari, Osiyoda Xitoy va Hindiston tajribasi brain drainni brain gainga, yaʼni aqllilar qaytishiga aylantirish mumkinligini koʻrsatdi. Ayni choqda, bu boradagi saʼy-harakatlar ham barcha mamlakatlarda birdek ijobiy natija bermadi.
Aqllilar hijrati turmush nisbatan farovon Sharqiy va Markaziy Yevropa davlatlarini ham chetlab oʻtmadi. Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlib kirgan mintaqa mamlakatlaridan yuz minglab mutaxassis yagona “Ovrupo uyi”ning boshqa hududlariga, xususan, Buyuk Britaniya va Irlandiyaga koʻchib oʻtdi.
Malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, munosib sharoit yaratish orqali ularni jalb qilish bugun ham koʻplab davlatlar uchun jiddiy muammo sanaladi. Soʻnggi oʻn yilliklarda dunyoning qator mamlakatlarida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida gumanitar fanlarda brain circulation atamasi isteʼmolga kirdi. Istilohning maʼnosi shuki, yuqori malakali mutaxassis boshqa mamlakatga koʻchib ketsa-da, aksar hollarda oʻzi ulgʻaygan jamiyat bilan, xususan, hamkasblari bilan aloqalarni saqlab qoladi. Vatanida qolgan oila aʼzolari, yaqinlariga pul yuboradi; hatto maʼlum vaqt oʻtgach, oʻz yurtiga qaytib kelishi ham mumkin. Bu vaziyatda intellektning harakati bir tomonlama emas, balki doirasimon – sirkulyatsiya tarzida kechadi. Bundan esa har ikki mamlakat manfaatdor. Demak, aqllilar migratsiyasini faqat salbiy voqelik sifatida talqin etish toʻgʻri emas. Salohiyatli kadrlarning chetga chiqib ketgani ularning oʻz yurti bilan aloqani butkul uzganini anglatmaydi. Xususan, birinchi avlod muhojirlari aksar hollarda oʻz vatani bilan bogʻlovchi rishtalarni mustahkam saqlaydi. Ular vatanida qolgan xesh-aqraboga yordam beribgina qolmay (aslida shuning oʻzi mamlakat taraqqiyotiga qoʻshilgan muayyan hissa), yangi ijtimoiy koʻnikmalar shakllanishiga ham sabab boʻladi. Deylik, u yurtida qolgan qarindoshlarining oʻqishga kirishi, ish topishiga yordam beradi.
Qolaversa, yuqori malakali mutaxassis – u universitet professori, yirik kompaniya huquqshunosi yoki salohiyatli shifokor boʻladimi – kim boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻzi istiqomat qilayotgan mamlakatda tugʻilib oʻsgan vatani nufuzi – imijini yaxshilash yoʻlida xizmat qiladi. Taʼbir joiz boʻlsa, norasmiy elchi vazifasini oʻtaydi. Bu, ayniqsa, endigina oyoqqa turayotgan davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Yanada aniqroq misol: deylik, gumanitar soha olimi xorijiy universitetda vatanidagi ijtimoiy masala boʻyicha tadqiqot olib boradi. Bu orqali u ham kindik qoni toʻkilgan oʻlkaning dunyoga tanilishi, ham oʻz yurtidagi muammolarning yechilishiga hissa qoʻshadi. Yirik korporatsiyada faoliyat yuritayotgan mutaxassis esa oʻz vataniga sarmoya kiritilishi uchun harakat qiladi.
Bu oʻrinda masalaning moliyaviy jihatini ham unutmaslik kerak. Deylik, Buxoroda bir yilda 2000 dollar daromad topadigan tor yoʻnalishdagi shifokor shuncha pulni mutaraqqiy davlatda bir-ikki haftada topishi mumkin. Mutaxassisning xorijiy mamlakatda yuqori malaka evaziga katta daromad topishi uning vatanidagi boshqa minglab yoshlarga ham ishonch va qatʼiyat bagʻishlaydi. Ular ham kasb egallash, til oʻrganish hamda bilim-koʻnikmalarini oshirish yoʻlida sidqidildan harakat qiladi.
Maʼlumki, IELTS, TOEFL kabi ingliz tili boʻyicha imtihon tizimlari xorijiy universitetlarga oʻqishga kirishda asosiy mezonlardan sanaladi. Hozir mazkur tizimlar boʻyicha sinov oʻtkazuvchi markazlarning Oʻzbekistondagi boʻlimlarida imtihondan oʻtish uchun bir necha oy oldin navbatga yozilishga toʻgʻri kelyapti. Chunki talabgorlar soni yildan-yilga oshib bormoqdaki, buni ham aqllilar migratsiyasining oʻziga xos ijobiy taʼsiri deyish mumkin. Albatta, xorijga ketish talabgorlarining barchasi ham murodiga yetmaydi. Ammo ushbu jarayon baribir mamlakatda umumiy bilim darajasining maʼlum foizlarda oshishiga xizmat qiladi.
Xorijda faoliyat yuritishni maʼqul koʻrgan mutaxassislarning barchasi ham oʻzga yurtda tup qoʻyib-palak yozib ketmaydi, ularning maʼlum qismi vataniga qaytib keladi. Masalan, oʻtgan asrning 80–90-yillarida Hindistondan chiqib ketgan axborot texnologiyalari (IT) sohasi vakillari dunyoning rivojlangan mamlakatlarida masʼuliyatli lavozimlarni egalladi, nufuzli tashkilotlarda boshqaruv aʼzosi boʻldi. Oʻsha kezlar koʻpchilik bu hol Hindiston ravnaqiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, deya xavotir bildirgan edi. Ammo vaqt oʻtishi bilan jahongashta kadrlarning bir qismi yurtiga qaytdi. Amerika kompaniyalarida yuqori lavozimlarda faoliyat yurituvchi hindistonliklar esa autsors hamda akademik almashinuv orqali vatanida axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdi. Shu tariqa Hindiston IT software (dasturchilik) eksporti borasida peshqadam davlatlardan biriga aylandi. Bugun AQShga yuqori malakali mutaxassis vizasini oluvchilarning aksari – hindistonliklardir. Xorijdagi vatandoshlari yuborgan mablag‘ evaziga millionlab hind oilasi qashshoqlik botqogʻidan chiqdi, millionlab yoshlar bilim olish imkoniga ega boʻldi.
Ayni shu holat Xitoyda ham kuzatildi. Butun dunyoga tariqdek sochilgan xitoylik mutaxassislar pirovardida vatani taraqqiyotida muhim rol oʻynadi. Pekin hukumati 2002-yilda chop qilgan maʼlumotlarga koʻra, 1990-yillarda AQShda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan xitoyliklarning 92 foizi mamlakatga qaytishni istamagan boʻlsa, 2014 yilga kelib xorijdagi olimlarning 54 foizi qaytib kelgan. Bu soʻnggi yillarda chet eldagi minglab xitoylik olimlar vataniga qaytayotganidan darak beradi (Cao et al. 2019, Returning scientists and the emergence of Chinaʼs science system, Science and Public Policy). Bundan tashqari, axborot texnologiyalari sohasining xitoylik koʻp sonli vakillari AQShda – Google yoki Amazon shirkatidan koʻra oʻz yurtida Huawei kompnaniyasida faoliyat yuritishni afzal bilmoqda.
Keng qamrovli tadqiqotlarga koʻra, xorijga chiqib ketayotgan universitet bitiruvchilarining soni 20 foizdan oshsagina bu oʻsha mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun jiddiy xavf sanaladi. 20 foizgacha boʻlgan koʻrsatkich esa unchalik xavfli emas va oqilona siyosat orqali uning salbiy taʼsirini kamaytirish mumkin (Docquier & Rapoport, 2009. Quantifying the impact of highly-skilled emigration on developing countries. CEPR). Bugun Oʻzbekiston uchun ham xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni yurtga qaytarish, mamlakatda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ularga munosib sharoit yaratish dolzarb vazifalardan biri boʻlib turibdi. Prezidentdan tortib xususiy kompaniya vakillariga qadar – katta-kichik davralarda yetuk kadrlar yetishmasligi muammo oʻlaroq ochiq aytilmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimizda bir tomondan yuqori darajada ishsizlik, ikkinchi tomondan esa mutaxassislarning yetishmasligi kuzatilmoqda. Davlat rahbari eʼlon qilgan soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda 13 ming shifokor, 2700 pedagog kadrga ehtiyoj bor.
Turli hisob-kitoblarga qaraganda, xorijda ishlayotgan yoki taʼlim olayotgan oʻzbekistonliklarning soni uch milliondan olti milliongacha yetadi. Albatta, ularning salmoqli qismini Rossiyadagi mehnat muhojirlari tashkil etadi. Ayni choqda, Qozogʻiston, Turkiya, AQSh, BAA, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ham bir necha oʻn minglab oʻzbekistonlik bor. Tan olish kerak, ularning aksari yuqori malaka talab etilmaydigan va mahalliy aholi talabgor boʻlmagan sohalarda band. Shu bilan birga, xorijdagi vatandoshlarimiz orasida oliy maʼlumotli, oʻz sohasida yuksak muvaffaqiyatga erishgan minglab yuqori malakali kadrlar ham borki, Oʻzbekiston hukumati oʻshalarning hech boʻlmaganda maʼlum bir qismini qaytarishga urinmoqda. Bu borada soʻnggi kezlarda talay ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo, rasmiy doiralarda hamda ommaviy axborot vositalarida xorijda yashayotgan oʻzbekistonliklarga nisbatan yondashuv-munosabat oʻzgardi. Ilgari xorijga ketgan vatandoshlar haqida gap borsa, “moʻmay daromad ilinjida”, “yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan qoniqmagan” kabi yoqimsiz iboralar qoʻllanardi. Bunday manfiy munosabat shakllanishiga bir jihati hadik hissi, qolaversa, “Umid” jamgʻarmasining tugatilishiga olib kelgan omillar ham sabab boʻldi. Oʻzbekistonda oliy rahbar almashuvi bilan hukumat darajasidagi salbiy qarashlar ijobiy tarafga oʻzgara bordi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bir guruh yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularni Oʻzbekistonda ishlashga taklif qilgani va bu voqea rasmiy matbuotda keng yoritilgani jamiyat, ayniqsa, amaldorlarning chetdagi vatandoshlarga munosabatini jiddiy isloh etdi.
2018-yil may oyida asli oʻzbekistonlik tadbirkorlar qoʻllovi bilan “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi tuzildi. Mazkur nodavlat-notijorat tashkilot ayni vaqtda asosan rivojlangan mamlakatlarda huquqshunoslik, moliya, tibbiyot, boshqaruv, ilm-fan kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 300 ga yaqin oʻzbekistonlik mutaxassisning boshini qovushtirdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini isloh qilish dasturlari, jumladan, “Oʻzbekiston – 2035” rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda kengash aʼzolarining jiddiy oʻrni bor.
Bundan tashqari, 2018-yil sentabrda mutaxassislarni xorijda oʻqitish va vatandoshlar bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼsis etildi. Bu muassasa yaqin besh yilda magistratura, doktorantura, qisqa muddatli kurslar va stajirovka dasturlari orqali besh ming nafar kadrning bilim va koʻnikmasini oshirishni moʻljallagan. Qayd etish joizki, 1998–2004-yillarda faoliyat yuritgan “Umid” jamgʻarmasi koʻmagida 828 nafar yigit-qiz xorijda taʼlim olgan edi. Ammo “umid”chilarning maʼlum qismi yurtga qaytmadi, qaytganlarning ham ishga olinishi murakkab kechdi. Sirasini aytganda, ularning aksari oʻsha kezlardagi Oʻzbekiston sharoitida toʻliq ishlab ketolmadi – jamgʻarmaning tugatilishiga shu kabi omillar ham sabab boʻlsa ajab emas. Yangi jamgʻarmani tuzishda yaqin oʻtmishning achchiq tajribasi ham inobatga olingan (“El-yurt umidi”: Oʻzbekiston kadrlarga, vatandoshlar madadiga muhtoj. “Amerika ovozi”, 2019-yil 7-iyun). U xorijda yashayotgan oʻzbekistonliklar bilan robita oʻrnatish, ularni Oʻzbekistonga taklif etishga ham masʼul. Shu maqsadda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi. Mazkur konsepsiyada xorijdagi vatandoshlar – yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlik lavozimlariga jalb qilish alohida vazifa sifatida belgilangan.
Chora-tadbirlarning amaliy natijasi ham koʻrinib qoldi. Oʻtgan ikki yil davomida oʻnlab yurtdoshlar Oʻzbekistonga qaytib, oʻrta va yuqori boʻgʻindagi boshqaruv lavozimlarini egalladi. Ular orasida agentlik rahbari hamda vazir oʻrinbosarlari bor. Qayd etish joizki, malakali mutaxassislarning aksari Oʻzbekistonga hukumat vakillari bilan “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi platformasi orqali olib borilgan muzokaralardan soʻng qaytdi. Xalq taʼlimi vazirligi ham xorijda taʼlim olgan va tajriba egallagan bir guruh kadrlarni ishga jalb etdi. Shuningdek, hukumatlararo kelishuv natijasi oʻlaroq Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, AQSh, Yaponiya kabi davlat vakillari turli boshqaruv idoralarimizda rahbar maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, Oʻzbekiston “aqllilar hijrati”ni “aqllilar qaytishi”ga aylantira oldi, deb xulosa qilishga hali erta. Negaki, bu jarayon hali tizimli tus olganicha yoʻq. Davlat rahbariyatining daʼvati, bu borada qoʻshimcha imtiyoz va qulayliklar yaratilayotganiga qaramay, chetga ketib qolgan aksar mutaxassislar vatanga qaytishga oshiqmayapti. Joriy yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev shu masalada gapirar ekan, “Koʻpi qaytib kelib ishlashga rozi emas. Shuni ham bilishimiz kerak. Bu ham bizga saboq” dedi. Qolaversa, oxirgi ikki-uch yilda oʻnlab kadr yurtga qaytgan boʻlsa, yana minglab mutaxassis munosib hayot orzusida mamlakatni tark etgan.
Kamina 2019-yil davomida Oʻzbekistonga qaytgan hamda hozir ham xorijda istiqomat qilayotgan yigirmadan ortiq yuqori malakali mutaxassis bilan suhbatlar (in-depth interviews) oʻtkazdi. Bu muloqotlar yurtga qaytish yoki qaytmaslik borasidagi fikrlar xilma-xil ekanini koʻrsatdi: qaytganlar oʻz qarorini vatanparvarlik, pragmatizm, islohotlarga hissa qoʻshish hamda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib qolish istagi bilan izohladi. Suhbatlardan maʼlum boʻldiki, koʻplab vatandoshlar eski maʼmuriy buyruqbozlik tizimidan butkul voz kechilmagani, jamiyatda chuqur ildiz otgan korrupsiya, iqtisodiy va siyosiy, jumladan, davlat boshqaruvi islohotlarining sekin kechayotgani, turmush darajasining pastligi, bolalar uchun taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlari hamin qadarligi kabi omillarni qaytishga toʻsiq deb hisoblar ekan. Joriy yil boshida hukumat saʼy-harakati bilan “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilarining Toshkentda oʻtgan uchrashuvida ham byurokratik muammolar hali toʻliq bartaraf etilmagani taʼkidlandi.
Ayni choqda, hukumat chinakam iqtisodiy, siyosiy islohotlar oʻtkazishi va maʼmuriy buyruqbozlik darajasi kamayishiga umid soʻngani yoʻq. Suhbatdoshlarimiz xorijdagilarning qaytishini tezlashtirish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb hisoblaydi. Masalan, davlat xizmati toʻgʻrisida qonun tezroq qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir. Bu byurokratiyaning kamayishi, xodimlarni ishga olishda meritokratiya tamoyillariga amal qilish, yaʼni jamiyatda barcha tabaqa vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilishiga asos boʻladi. Pirovardida esa hamon jadal davom etayotgan aqllilar hijrati kamayib boradi.
Yuqori malakali mutaxassislarni Oʻzbekistonga jalb qilish xususida soʻz borar ekan, faqat xorijdagi vatandoshlar bilan cheklanib qolish toʻgʻri emas. Har qanday davlat bunday kadrlarni taʼlimga katta sarmoya yoʻnaltirish orqali yetishtirishi mumkin. Lekin buning kam xarajat va oz vaqt talab qiladigan nisbatan oson yoʻli ham bor: bu – millati yoki tugʻilgan mamlakatidan qatʼiy nazar, har qanday yuqori malakali shaxslarning Oʻzbekistonda yashash va mehnat qilishi uchun zaruriy shart-sharoit yaratishdan iboratdir. Yuqorida zikr etilgan konsepsiyada ham bu boradagi toʻsiqlarni olib tashlash va yangi imtiyozlar yaratish asoslari belgilangan.
Unutmaslik kerakki, oʻz vaqtida xorijga doimiy yashash uchun ketgan koʻplab vatandoshlarimiz bor kuchini, taʼbir joiz boʻlsa, umrining eng gullagan damlarini oʻzi qoʻnim topgan mamlakatda muqim yashab qolish, oʻsha yerda tomir otishga sarflagan. Ularning muayyan qismi Oʻzbekistonga butkul qaytish niyatida emas. Albatta, bu uchun ularni qoralab boʻlmaydi. Aslida, xorijda muqim yashashni niyat qilgan vatandoshlar imkoniyatidan ham unumli foydalanish mumkin. Ular oʻzi yashayotgan mamlakat hamda Oʻzbekiston oʻrtasida koʻprik boʻlib, tijoriy, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizni har jihatdan targʻib etishga hissa qoʻshishi mumkin. Demak, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki fuqarolikni yoʻqotgan vatandoshlar, shuningdek, ajdodlari Oʻzbekiston hududida yashagan yoki oʻzini etnik-madaniy jihatdan shu hududga mansub deb bilgan chet elliklar bilan ham yaqindan aloqa oʻrnatmogʻi lozim.
Xulosa qilib aytganda, “aqllilar hijrati”ni “aqllilar qaytishi”ga aylantirish uchun boshlangan iqtisodiy, siyosiy islohotlarni ogʻishmay davom ettirmoq lozim. Ayni choqda, nainki vatandoshlar, xorijlik mutaxassislarni ham jalb etish uchun tizimli siyosat yuritish talab etiladi.
Sherzod ERALIYEV,
PhD, Xelsinki universitetining Rossiya,
Sharqiy Yevropa va Yevroosiyoni oʻrganish
Aleksanteri instituti tadqiqotchisi
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son.
“Aqllar hijrati” maqolasi