Ayni damda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi butun yurtimiz boʻylab keng miqyosda nishonlanmoqda. Xoʻsh, bu davr mobaynida Oʻzbekistonda qanday islohotlar amalga oshirildi?  Oyina.uz 32 yil davomida amalga oshirilgan 32 ta eng muhim islohotlarni jamladi.

Taʼlim

1.     Maktabgacha taʼlim rivojlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentabr kuni “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat bilan esa Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi.

Vazirlik tuzilmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi, viloyatlardagi maktabgacha taʼlim boshqarmalari hamda ularning shahar va tuman boʻlimlari kiritildi. Shu davr mobaynida 2017-2022-yillarda jami 1 926 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, jami 5 828,5 mlrd. soʻmlik kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirildi.

Mazkur vazirlik 2022-yil yakunida tugatilib, 2023-yildan agentlik sifatida faoliyat olib bormoqda.

2.     Maktablarda bepul darslik hamda tekin tushlik

Mazkur islohotni ushbu roʻyxatga kiritmaslikning iloji yoʻq. Sababi, bu ota-onalar uchun quvonchli xabar boʻldi. Aynan 2023-yilgi oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistondagi barcha maktablarning boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul tushlik beriladi. Bu haqda “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida belgilab qoʻyilgan.   

Bundan tashqari, maktab darsliklarining ijara puli doimiy ravishda bekor qilindi. Bu haqda esa Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Temur Komilov maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, rasmiyning xabarida avvaliga ijara puli faqat 2022-2023-oʻquv yili uchun bekor qilingani aytilgan, ammo keyin qaror doimiyga oʻzgargan.

3.     Prezident maktablari

Taʼlim sohasida soʻnggi 10 yillikda koʻplab islohotlar amalga oshirilgani ayni haqiqat. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-fevral kuni “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni  imzolagani buning yorqin isboti. 

Maʼlumot uchun, ilk Prezident maktablari 2019-yilda Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida oʻz faoliyatini boshlagan.

Mazkur turdagi maktablar bitiruvchilariga bir qator imtiyozlar ham berilishi belgilandi. Jumladan, “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida ana shu jihatga eʼtibor qaratilgan.

Unga koʻra, 2021−2022 oʻquv yilidan prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz davlat OTMlariga oʻqishga qabul qilinadi.

Shuningdek, agar ushbu turdagi maktab bitiruvchilari Oʻzbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi.

4.     Xotin-qizlar uchun imtiyoz: kontraktdan holi magistratura

2022-yil 15-avgustdagi hukumat qarori bilan davlat OTMlarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt summasini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur xabardan soʻng turli savollar yuzaga keldi. Yaʼni, ushbu imtiyoz faqat 2022-yil uchun amal qiladimi? Barcha talaba qizlar ushbu imkoniyatdan foydalana oladimi? Biroq koʻp oʻtmay keyingi oʻquv yilida ham magistraturaga qabul qilingan qizlarning toʻlov-kontrakti toʻlab berilishi eʼlon qilindi.

5.     “1 million dasturchi”

Yoshlar sportdan yuqori natijaga erishadimi yoki ilm-fandanmi, hukumat va masʼullar tomonidan eʼtirof etilishi hamda esdalik sovgʻalari berilishi odatiy holga aylangan. “1 million dasturchi” loyihasi ham gʻoliblarga eski noutbuklar sovgʻa qilingani ortidan yaxshigina tanilib oldi.

Loyiha global mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan toʻrtta mutaxassislikni oʻz ichiga oladi: maʼlumotlarni tahlil qilish, Android, FrontYend va FullStack. Umumiy kurs 120 soatlik taʼlim uchun moʻljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi hamda ularga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.

6.     Innovatsiya vazirligi - ilmiy ishlanmalarni moliyalashtiruvchi ilk tashkilot

Prezidentning 2017-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida tashkil etilgan Innovatsiya vazirligining asosiy vazifalari ham koʻp oʻtmay eʼlon qilindi.

Yaʼni, u ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirishdan tashqari yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ularning tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ilmiy va innovasion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirishdan iborat edi. Shu sabab vazirlik yil davomida turli startap hamda ilmiy loyiha tanlovlarini eʼlon qilib, ularni moliyalashtirib keldi.

Alohida qayd etish lozimki, vazirlik faoliyati yoʻlga qoʻyilmagunga qadar Oʻzbekistonda ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirishga masʼul boʻlgan tashkilot mavjud emas edi. Ammo mazkur vazirlikning ham umri uzoq boʻlmadi. U ham tengdoshi, Maktabgacha taʼlim vazirligi kabi 2022-yilda tugatilib, hozirgi kunda agentlik sifatida faoliyat olib bormoqda.

Siyosat

7.     Ochiq qoʻshnichilik munosabatlari

Shavkat Mirziyoyev siyosati natijasida erishilgan muvaffaqiyatli islohotlardan biri eng yaqin qoʻshnilar – Qirgʻiziston va Tojikiston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining oʻrnatilishidir. 2018-yil oktabr oyida ikki davlat oʻrtasidagi davlat chegarasi chizigʻining 85 foizini tartibga solish boʻyicha Oʻzbekiston-Qirgʻiziston kelishuvi kuchga kirdi. Tojikiston bilan chegara va suv-energetika masalalari boʻyicha ham muloqot davom ettirildi. 2017-yil aprel oyida 1992-yilda toʻxtatilgan poytaxtlar oʻrtasidagi havo yoʻli qatnovi qayta tiklandi. Oradan bir yil oʻtib, 2018-yilning mart oyida (yetti yillik tanaffusdan soʻng) ikki davlatning janubiy hududlari yana temir yoʻl orqali bogʻlandi. Ikki davlat fuqarolarining 30 kungacha boʻlgan muddatga oʻzaro vizasiz sayohatlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo kelishuv ham kuchga kirdi.

Aynan 2018-yilning mart oyida Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari nutq soʻzlab, oʻzaro tashriflar, muntazam uchrashuvlar va muzokaralar oʻzaro manfaatli munosabatlarga aylanganini taʼkidladi. Oʻzaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratildi. Uning natijalariga koʻra, bir qator dolzarb muammolarga amaliy yechim topildi. Yangi shartnoma va bitimlar imzolandi.

8.     Yoshartirish siyosati

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda eʼlon qilgan reytingga koʻra, bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 foizi) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 foizi) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14 foizi) – 51 yoshdan 55 yoshgacha. Mahalliy hokimiyat organlarining tarkibi ham sezilarli darajada yangilandi. Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda hokimlarning oʻrtacha yoshi 46 yoshni tashkil etadi.

Mazkur reyting 2019-yildan buyon eʼlon qilinmoqda. Shu vaqtga qadar bu mavzuda hech qanday rasmiy yoki norasmiy oʻrganishlar eʼlon qilinmagan.

9.     “Jasliq”ning yopilishi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 2-avgust kuni “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish toʻgʻrisida”gi (“Jasliq” qoʻrgʻonida joylashgan) qarorni imzoladi. Mazkur qaror barcha ijtimoiy faol qatlam tomonidan, shuningdek, xorijiy tashkilotlar hamda siyosatchilar tomonidan eʼtirof etildi.

10.                       Yangi partiya tuzildi

2018-yil 14-noyabr kuni yangi – “Oʻzbekiston ekologik partiyasi” tashkil etildi. Taʼkidlash lozimki, mazkur partiya Oʻzbekiston fuqarolarining qulay sharoitda yashash huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligini saqlashga yoʻnaltirilgan tizimli oʻzgarishlarga jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga daʼvat qiladigan siyosiy kuch sifatida tuzilgan.

Ammo ijtimoiy tarmoq faollari ekologik muammolar koʻtarilganda, partiyaning sukutini inobatga olgan holda, “nomi bor-u, oʻzi yoʻq partiya” sifatida ham eʼtirof etishadi.

11.                        Yangi – Tabiat vazirligi

Ekopartiya mamlakatda barcha jabhalarni oʻziga qamrab olishga intilgan 4 ta partiya bilan oʻzining ekomuhitni himoya qilish maqsadini ilgari surayotgan davrda yangi, tabiat uchun masʼul boʻlgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tashkil etildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi oʻsimliklarni koʻpaytirish va saqlash kabi masʼuliyatli vazifalarni oʻz zimmasiga olgan vazirlik jamoat orasida ekologik tarbiya, targʻibot va taʼlimni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishni ham bajarishi lozim.

Biroq jamoat joylaridagi hali ham kuzatilayotgan salbiy holatlar, jumladan, chiqindining tashlanishi, unga bir tekisda chora koʻrilmasligi vazirlik yuritayotgan siyosatga ijobiy qarashni biroz oʻzgartiradi. Bundan tashqari, sababsiz daraxtlarning kesilishi, oʻsish ehtimoli past boʻlgan hududlarga koʻchatlarning oʻtqazilishi, yovvoyi hayvonlarning esa ovlanishiga qarshi oldindan chora koʻrilmasligi bu tizimda hali koʻp oʻzgarishlar qilish kerakligini koʻrsatadi.

12.                        Raqamlashtirish siyosati

Butun dunyoda sunʼiy intellektdan foydalanish koʻrsatkichi oshayotganiga qaramay, Oʻzbekiston amalga oshirayotgan raqamlashtirish siyosatini alohida qayd etamiz. Boisi, endilikda deyarli barcha davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish mumkin. Xususan, passport olishga soʻrov, bolani bogʻchaga navbatga qoʻyish, navbatni tekshirish, viza uchun soʻrov kabilar toʻlaqonli elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Kelgusida esa 200 ta yangi elektron xizmat ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Biroq davlat rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini 1 mlrd. dollargacha oshirish reja qilinganini qayd etdi. Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerak.

13.                        Gender tengligi

Statistika agentligining 2023-yilning 1-yanvardagi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda ayol rahbarlar boshqaruvidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni 39 078 tani tashkil etadi. Hozirga kelib bu koʻrsatkich oʻsgan boʻlishi mumkin. Qayd etilishicha, siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy taʼlimda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbar lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi esa – 33 foiz. Bugungi kunda 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayol xodimlar rahbarlik qilmoqda.

Raqamlardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonda gender tengligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, mazkur islohot natijasida 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

14.                        Kambagʻallikning tan olinishi

Maʼlumki, 2020-yilning birinchi choragida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga aylantirilishi eʼlon qilindi. Taʼkidlash lozimki, oʻsha yilga qadar Oʻzbekistonda “kambagʻal” soʻzi rasmiy hujjatlar yoki axborotlarda qayd etilmagan. 2020-yilning boshida davlat rahbari mamlakatimiz parlamentiga yoʻllagan Murojaatnomasida hududlar, ayniqsa, qishloqlar aholisining aksariyati yetarlicha daromad manbalariga ega emasligini taʼkidlagan edi. Barcha mamlakatlardagi kabi bizda ham aholining kam taʼminlangan qatlamlari borligi hamda gap mamlakatimizdagi 4-5 million aholi haqida ketayotganini maʼlum qilgan. Bu esa Oʻzbekiston tarixida ilk bora kambagʻallik statistikasining rasmiy eʼlon qilinishi edi.

15.                        Soʻz erkinligi

Bu aslida bahsli mavzulardan biri. Shunday boʻlsa-da, mustaqillikdan soʻng Oʻzbekistonda soʻz erkinligi borasida bir qator ishlar amalga oshirilganini tan olish kerak.

Xususan, 2019-yil may oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbari 2000-yillarning oʻrtalaridan boshlab mamlakatda bloklangan xorijiy saytlarga kirish toʻliq tiklangani haqida maʼlum qilgan edi.

Hozirgi kunga kelib esa Oʻzbekistonda soʻz erkinligi hamda ochiqlik siyosatini taʼminlash maqsadida AOKA bilan qatorda Prezident Administratsiyasida ham Axborot siyosati departamenti hamda Matbuot kotibi faoliyat yuritmoqda.

16.                        SHHTga yaqinlik

2022-yilning sentabr oyida Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo boʻlib kirishi dengiz yoʻllariga chiqishda va aʼzo davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik qilishda keng imkoniyatlar yaratadi.

Ijtimoiy hayot

17.                        Davlat ichidagi “davlat” quladi

2020-yil “propiska” bekor qilingani bilan barchaning yodida qolgan boʻlsa, ajab emas. Gap shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻsha yilning 24-yanvarida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida hukumat 1-aprelga qadar “propiska” tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini taʼkidlagandi.

“Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlarimiz oʻrtasida tafovut mavjud. Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirish. Shu bois parlament va hukumat 2020-yil 1-aprelga qadar “propiska” tizimini isloh qilish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim”, degan edi oʻshanda davlat rahbari.

Oradan koʻp oʻtmay, oʻsha yilning 22-aprelida Oʻzbekiston Prezidentining “Doimiy “propiska” qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi.

Taʼkidlash kerakki, bu hujjat sababli aksariyat ishsizlar ishli boʻldi. Uyini oʻz nomiga sotib ololmagan ayrim fuqarolarning muammolari yechildi. Umuman olganda, davlat ichidagi “davlat” quladi. Ishga kirish, oʻqish, uy olish kabi masalalarni “propiska” hal qilmay qoʻydi.

18.                        “Open byudjet” portali

Ushbu islohotni baʼzi faollar eʼtirof etsa, baʼzilari tanqid ostiga oladi. Boisi, loyihalarga ovoz toʻplash jarayonlari bahsli shov-shuvlarga sabab boʻlmoqda. Qaysidir loyiha faollari ichimlik tarqatsa, boshqasi yana qandaydir mahsulot bilan gʻoliblikka intiladi.

Aslida esa portal yaqin yillarda ishga tushgan boʻlib, unda davlat byudjeti va qarzi boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilib borilishi rejalashtirilgan. Plaftormada “Tashabbusli byudjet” boʻlimi yaratilgan. U orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yoʻllarni qurish, maktablarni taʼmirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar boʻyicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.

Shu kunga qadar “Tashabbusli byudjet”ga ajratilgan mablagʻlar kattagina summani tashkil etadi. Qayd etilishicha, shu kungacha 49 464 tashabbus kelib tushgan, undan 33 489 tasi tasdiqlangan va umumiy hisobda 8 018 539 ta ovoz yigʻilgan.

19.                        Prezident Xalq qabulxonasi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 28-dekabr kuni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Unga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida Oʻzbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Qabulxonaning tashkil etilishi 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilingani bilan bevosita bogʻliqdir.

Soʻnggi maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, 2017-2021 yillar davomida Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 5 mln 780 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 mln 288 mingdan ortigʻi qanoatlantirilgan.

20.                        Oʻzbek pasportlari berilishi yoxud oʻzbekistonliklarning Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olinishi

2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatda 15 yildan beri doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga bevosita fuqarolik maqomini berish tartibini joriy etish taklif qilingan edi.

Mazkur taklif tasdiqlanib, shu yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri 15 yil davomida mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibi joriy etildi.

Maʼlumot uchun, 2019-yilning oʻzida mamlakatga 1995-yilgacha kelgan 50 ming nafardan ortiq kishi fuqarolik pasportlarini olishgan.

“Kelgusi yilda mamlakatimizga 2005-yilgacha kelgan va bu yerda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini beramiz”, deya eʼlon qilgan edi davlat rahbari 2019-yildagi nutqida.

21.                       Mahallaning “qulashi” yoxud hokim yordamchisi lavozimi

2021-yil mahallalarga eʼtibor kuchaytirildi. Xususan, yoshlar yetakchilari hamda hokim yordamchilari lavozimlari joriy etildi. 2022-yildan esa rasman hokim yordamchilari oʻz faoliyatini boshladi.

Ularga eng masʼuliyatli vazifalardan biri – tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditga tavsiya berish huquqi berildi. Shu sabab mahallalarda hokim yordamchisining obroʻsi oshdi. Mahalla raislari esa tilga deyarli olinmay qoʻydi.

Iqtisodiyot

22.                        Milliy valyutani tasdiqlash

Har qanday davlatning tasdiqlovchi asosiy atributi uning milliy valyutasidir. Tan olish kerak, bu islohot tezlikda amalga oshmadi. Yaʼni, 1993-yil noyabr oyida vaqtinchalik valyuta (soʻm-kupyura) tasdiqlanib, 1994-yilning oʻrtalarigacha toʻlov vositasi sifatida foydalanildi. Hozirgi davrdagi soʻm 1994-yil 1-iyulda Oʻzbekiston Prezidentining 1994-yil 16-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan muomalaga kiritilgan.

23.                        Paxta islohoti

Hech kimga sir emaski, 1950-1990-yillarda SSSRning paxta mustaqilligini taʼminlash vazifasi Oʻzbekiston zimmasiga yuklatilgan edi. Maʼlumki, 1950-yilda 1,1 million gektarga paxta ekilgan boʻlsa, 1985-yilda paxtazorlar qariyb ikki barobarga kengaygan. 1990-yilga kelib esa paxta Oʻzbekistonda barcha sugʻoriladigan yerlarning 65 foizini egallagan.

Paxtachilikda kimyoviy vositalardan faol foydalanganligi sababli aholi salomatligiga ham zarar yetgani bor gap. Bu muammolar ekologiyani ham chetlab oʻtmadi.

Taʼkidlash joiz, 2017-2022-yillarga moʻljallangan dastur doirasida Oʻzbekistonda paxta hosilini qisqartirish boshlandi. 2017-2018-yillarda ekinlar 140 ming gektardan ortiq maydonga qisqardi. Natijada, paxtaga boʻlgan siyosiy qarash oʻzgardi. Maktab oʻquvchisi ham, talaba yoki oʻqituvchilar, umuman olganda, hech kim majburiy mehnatga (paxta terimiga) jalb etilmaydigan boʻldi.

24. Valyuta bozorini liberallashtirish

2017-yil sentabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilingan boʻlib, unda yuridik va jismoniy shaxslar valyutani erkin konvertatsiya qilishlari mumkinligi taʼkidlangan. Ushbu farmon Oʻzbekistonda qora bozor ("valyutchik"lar)ning maʼlum maʼnoda yoʻqolishi hamda plastik kartalardagi pullarni foizsiz naqd qilish imkoniyatini yaratdi.

25. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish

2019-yil Oʻzbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi. Shu yildan eʼtiboran, mamlakatga xorijiy kapitalni jalb qilish masalasiga jiddiy eʼtibor berila boshlandi. Shundan soʻng, Prezidentning 2020-yil 28-dekabrdagi qarori bilan 2021-2023-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

26. Xususiylashtirish jadallashdi

Hozirgi kunga kelib barcha sohalarda xususiylashtirish bilan bir qatorda xususiy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda xususiy OTMlar, xususiy bogʻchalar bilan birga xususiy TVlar, xususiy banklar ham tashkil qilinmoqda. Davlat rahbari tomonidan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Shuningdek, davlat rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ham 2023-yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari aholi uchun ochiq va shaffof savdoga chiqarilishi belgilangan.

27. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish

Mamlakatimizda bu boradagi ishlar 2019-yil oktabr oyida “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2030-yillarda yashil iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha strategiyasi” qabul qilinganidan keyin boshlangan. Strategiya energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni koʻpaytirish, resurslar samaradorligini oshirish va ekinlar hosildorligini taʼminlash, yerlarning degradatsiyasini pasaytirish orqali mamlakatda issiqxona gazlari-chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan. 2020-yilda Strategiyani amalga oshirish boʻyicha ishlar COVID-19 pandemiyasining avj olishi munosabati bilan sekinlashdi. Global sogʻliqni saqlash inqirozi aholi salomatligi, iqlim va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlikni kuchaytirdi. Hozirgi sharoitlar yashil iqtisodiyotni qurish uchun eng yaxshi turtki boʻlishi mumkin (iqlim oʻzgarishiga javoban yashil va aylanma iqtisodiyotga global tarzda oʻtish uchun).

28. Energetika mustaqilligi

Ushbu islohot bahsli boʻlsa-da, bari-bir roʻyxatga qoʻshdik. Sababi, XXI asrda mehnat samaradorligi, tinch-totuv hayot, aholiga yaratilgan shart-sharoitni elektr taʼminoti belgilaydi.

Shu bois, hukumat energetika sohasini yaxshilash boʻyicha koʻplab qarorlar qabul qildi. Xalqaro energetika agentligining 2022-yilgi hisobotida shunday deyilgan: “2019-yilda boshlangan energetika sektorini isloh qilish barqaror surʼatda davom etmoqda. Uning koʻlami va qamrovi boshqa mamlakatlarga nisbatan juda katta va Xalqaro energetika agentligi (XEA) Oʻzbekiston hukumatining energetika sohasida bugungi kungacha erishgan yutuqlarini yuqori baholaydi”.

29. Transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish

Oʻzbekistonda quruqlik va havo transporti, avtomobil yoʻllari tarmogʻi kundan kunga rivojlanib bormoqda. Temir yoʻl zichligi boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi oʻrinni egallaydi. Transport vazirligining taqdim qilgan maʼlumotlariga koʻra, 2022-yil yanvar-dekabr oylarida temir yoʻl, havo, avtomobil transportlarida jami yuk tashuvlari hajmi 1,34 mlrd tonna (oʻtgan-yilning mos davriga nisbatan 98,6 foiz), yuk aylanmasi 45,5 mlrd tonnani (103,5 foiz) tashkil etdi. Barcha transportda yoʻlovchi tashish hajmi 6,17 mlrd (102,3 foiz), yoʻlovchi aylanmasi kilometriga solishtirganda 144,7 mlrd (105,6 foiz)ga yetdi.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlar oʻrtasida ham havo qatnovi sohasida davlatlararo va hukumatlararo harakterdagi 52 ta xalqaro shartnomalar imzolandi.

30. Yerusti metrolari qurilishi

Toshkentda aholining katta qismi jamoat transportidan foydalanadi. Ayniqsa, noqulay ob-havoda metro barcha uchun qulay hisoblanadi. Tobora ortib borayotgan aholi soni sabab fuqarolarning jamoat transportiga talabi oshib borar ekan, transport tizimi qayta-qayta islohotga muhtoj boʻlib boraverdi.

Shuni inobatga olgan holda, mamlakat Prezidenti 2016-yilning 29-noyabrida “Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarorini imzoladi. Natijada, Oʻzbekistonda ilk yerusti metrosi ishga tushdi.

Koʻp oʻtmay yerusti metrosining “Doʻstlik” liniyasi ham qurib bitkazildi. Ayni vaqtda ikki tomondan ochilgan yerusti metro bekatlari tutashtirilib, aholiga xizmat koʻrsatish yanada qulaylashdi.

Ammo ijtimoiy tarmoq faollarining aksariyati yangi metro bekatlariga hali hamon ishonchsizlik bildiradi. Bu bejizga emas. Masalan, 2021-yil Sergeli yoʻnalishida texnik muammo sabab metro harakati 6 soatga toʻxtab qolgan edi.

31. Mahalliy va xalqaro turizmni rivojlantirish

Prezident turizm islohotlarini tezlashtirish boʻyicha yangi qarorni imzoladi. Xususan, turoperator va aviatashuvchilarning ayrim xarajatlari uchun subsidiyalar ajratilib, yangi qurilgan mehmonxonalar uchun xarajatlarining bir qismi qoplab beriladigan boʻldi. Shuningdek, besh qavatdan past boʻlmagan mehmonxona 2026-yilning yakunigacha foydalanishga topshirilsa, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarga qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi koʻrsatilgan miqdorlarda qoplab berilishi belgilandi. Shu bilan birga, 2026-yilning oxirigacha dunyo mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi uchun Oʻzbekiston rezidentlari boʻlgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab 3 yil mobaynida belgilangan miqdorda qisman moliyalashtiriladigan boʻldi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, soʻnggi yillarda turizm milliy iqtisodiyotning oʻsish nuqtalaridan biriga aylandi. Jumladan, endilikda dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari Oʻzbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Bu esa turizm sanoatini yanada rivojlantirishga yordam beradi. Isbot tariqasida, 2022-yilda Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3,4 mln kishidan oshgan hamda oʻsish 2,8 barobardan ortiqni tashkil etgan. Natijada, turizm xizmatlari eksportida ham sezilarli oʻsish boʻlgan. 2017-yilda turizm xizmatlari eksporti 546,9 mln dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 2,9 barobar oshib, 1,6 mlrd.ga yetgan.

32. Natijasi sezilmayotgan islohot

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi global koalitsiya boʻlgan “Transparency International” tashkilotining dunyo boʻyicha bergan koʻrsatkichlarida 2019-yil korrupsiya indeksi boʻyicha Oʻzbekiston 25 ballik koʻrsatkich bilan jahon reytingida 153-darajani egallagan. Albatta, bu juda yomon koʻrsatkich.

Shu sabablidir hukumat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida potensial ahamiyatga ega boʻlgan qonun hujjatlari bazasi yaratilgan. Xususan, bugungi kunga qadar mazkur illatga qarshi kurashish uchun 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.  Ammo bunday kurashlarning natijasi tez fursatlarda koʻrinmaydi, balki uzoq davr chora-tadbirlarning samarasini koʻrsatib beradi.

Shaxnoza TOʻRAMURODOVA,

оyina.uz