Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va alohida strategik sheriklik tarixida muhim bosqich boʻldi. Nihoyatda sermazmun dastur ilk daqiqalardanoq Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga nisbatan samimiy mehmondoʻstlik, yuksak ehtirom va chuqur hurmat ruhida oʻtdi.
Tashrifning markaziy voqeasi Prezident Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda oʻtkazilgan muzokaralar boʻldi. Yetakchilar koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga boʻlgan qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar.
Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik va Bosh vazir Xan Son Suk bilan uchrashuvlarda parlamentlararo aloqalarni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olindi.
Tashrif dasturida Oʻzbekiston – Koreya biznes forumi, qoʻshma loyihalarni ishga tushirish hamda davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya biznesi gigantlari va eng yirik moliya institutlari rahbarlari bilan oʻtkazgan qator amaliy uchrashuvlari muhim oʻrin egalladi. Jumladan, Koreya Eksimbanki, Lotte, Hyundai, KIA, Rotem, Shinhan, KIND, KIGAM, KIRAM va Inchxon xalqaro aeroporti korporatsiyasi rahbarlari bilan muzokaralar Oʻzbekistonda yirik investitsiyaviy va yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochdi.
Tashrifning eng muhim iqtisodiy natijasi misli koʻrilmagan hujjatlar toʻplami – biznes forum yakunlari boʻyicha 12 milliard dollarlik investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar hamda Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik sheriklik dasturining qabul qilinishi boʻldi.
Ushbu kelishuvlar ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va toʻliq yuqori texnologik ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Ularning amalga oshirilishi zamonaviy korxonalar va yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlari va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugun tashrif dasturi Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi ishtiroki bilan davom etadi. Bunday formatda ilk bor Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya Respublikasi yetakchilari bir maydonda jam boʻladi. Ushbu tarixiy voqea koʻp yillik mintaqalararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, unga tizimli va uzoq muddatli tus berish hamda tinchlik, innovatsiyalar va umumiy farovonlik yoʻlida yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi.