Markaziy bank kredit va kafillik toʻlovlari uchun mijozning roziligisiz bank kartasidan pul yechilganda, hisobvaraqlarda eng kam ish haqi miqdorining yarmini saqlab qolish talabini kiritdi. Qaror 2027-yil 10-yanvardan kuchga kiradi.

Markaziy bank boshqaruvi 3030-son nizom bilan bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlarda tijorat banklariga qoʻyiladigan minimal talablarga oʻzgartirish kiritdi.

Unga koʻra, agar bank va mijoz oʻrtasidagi shartnomada kredit va (yoki) kafillik toʻlovlarini mijozning topshirigʻisiz bank kartalaridan yechib olish nazarda tutilgan boʻlsa, bank mijozning barcha karta hisobvaraqlarida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yarmini saqlab qolishi shart.

Yaʼni, bank kredit qarzini avtomatik ravishda yechib olganda, mijozning kartalarida belgilangan miqdorda mablag‘ qolishi kerak.

2026-yil 1-sentabrdan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 mln 360 ming soʻm etib belgilangan. Agar bu miqdor yangi talab kuchga kirgunga qadar oʻzgarmasa, bank kredit toʻlovini mijozning topshirigʻisiz yechib olganida uning karta hisobvaraqlarida kamida 680 ming soʻm qolishi kerak boʻladi.

Markaziy bank boshqaruvining qarori rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi. Keltirilgan maʼlumotga koʻra, yangi talab 2027-yil 10-yanvardan amal qila boshlaydi.