Yozuvchi oq qogʻoz, aktyor boʻsh sahna, meʼmor koinotning qarshisida hamisha qoʻrquv va hayajonda turadi.

Odamzod paydo boʻlganidan beri hayotning mohiyatini, asl maʼnosini qidirib keladi. Inson maʼlum davrda hayotning mazmunini topadi, ammo vaqt oʻtishi bilan aslida yashashdan mohiyat bu emasligini tushunib, yana izlashga kirishadi. XX asrning ikkinchi yarmida Yevropada rivojlangan ekzistensializm falsafasida ayni mana shu jarayon oʻrganilgan, keyinchalik bu oqim texnologiya, ilm-fan, madaniyat va sanʼatning barcha yoʻnalishlarida katta oʻzgarishlarni keltirib chiqardi. Jumladan, arxitekturada ham tub burilishlarni yasab, takrorlanmas binolarning yaratilishiga sabab boʻldi. 

Ekzistensializm (lotincha existentia – mavjudlik) – insonning mavjudligi, yolgʻizligi, erkinligi, tanlovi va uning hayotdan maʼno izlanishlari bilan bogʻliq falsafiy oqim hisoblanadi. XX asrda Yevropada keng tarqalgan bu falsafa, avvalo, insonning shaxsiy tajribasi, ichki kurashi va hayotiy savollariga eʼtibor qaratadi. Oʻz davrida Soren Kierkegaard, Fridrix Nitsshe, Martin Haydegger, Jean-Paul Sartr hamda Alber Kamyu kabi faylasuf olimlar bu borada koʻplab izlanishlarni olib borgan. 

Rokko Housing

Ekzistensializmning otasi deya eʼtirof etiladigan daniyalik faylasuf Soren Kierkegaardga (1813-1855) koʻra, hayotning maʼnosi hech qachon darrov ochilmaydi, tayyor shaklda berilmaydi. Hayot inson boshdan kechirganidan keyin anglashiladi, lekin shunga qaramay, odam harakat qilishi, yashashi, tanlovni amalga oshirishi kerak. “Hayotni tushunish uchun ortga qarash kerak, lekin uni yashash uchun oldinga yurish lozim”, deydi u.

Olmoniyalik faylasuf Fridrix Nitsshe (1844-1900) Sorenning fikrini davom etar ekan, hayotdan mazmun qidirishning bosh gʻoyasi – inson hayotining maʼnosini oʻzi yaratishi kerak deya daʼvat etadi. Shuning uchun ham u tayyor, tashqaridan berilgan maʼnolarga (masalan, din, jamiyat, anʼanaviy axloqqa) qarshi chiqqan. “Kimda yashash uchun maqsad boʻlsa, u har qandan qiyinchilikni koʻtara oladi”, deydi olim. 

Fransuz ekzistensialist faylasufi (garchi buni oʻzi tan olmasa-da), yozuvchi, jurnalist hamda Nobel mukofoti sovrindori Alber Kamyu (1913-1960) esa hayotning hech qanday bosh maʼnosi yoʻqligini, buni tan olib, shunga qaramay yashashda davom etish lozimligini aytib oʻtgan: “Men hayotda hech qanday maʼno yoʻqligini bilsam ham, uni sevaman. Chunki hayotning oʻzi goʻzallikdir”.

Ekzistensializmning bu gʻoyalari XX asr arxitekturasida ham oʻz aksini topgan. Ayniqsa, modernizmga qarshi javob sifatida paydo boʻlgan turli meʼmoriy yondashuvlar insonning ichki holatini, maʼnaviy qidiruvini arxitektura vositasida ifodalashga intilgan. Bunday binolarda geometrik mukammallik yoki ijtimoiy prognoz emas, balki inson tajribasi, yolgʻizlik, sukunat, nur va soya, boʻshliq va shakl muvozanatlari orqali ruhiy holat koʻrsatilgan. 

XX asrning eng katta meʼmorlaridan biri boʻlgan Le Korbyuzye (1887-1965) dastlab funksional modernizmda ijod qilgan boʻlsa-da, keyinchalik ekzistensial shakllar hamda iloji boricha chuqur his uygʻotuvchi arxitektura ustida jiddiy shugʻullangan. Bunga ikkinchi jahon urushining meʼmor ruhiyatiga taʼsiri sabab boʻlgan. U shunchaki yashash uchun uylar emas, balki insonga taʼsir koʻrsatadigan makonlar yaratishga intilgan. Aynan shu davrdan uning arxitekturasida noaniq chiziqlar, tasodifiy oynalar, ichki kayfiyatni aks ettiruvchi shakllar koʻpaya boshladi.

Le Korbyuzye tomonidan loyihalashtirilgan Ronchamp ibodatxonasiga (Chapelle Notre-Dame-du-Haut, 1950–1955) arxitektura tarixidagi eng ekzistensial bino maqomini berish mumkin. Chunki ibodatxonada egri chiziqli tom, burma devorlar, ogʻir massa va qorongʻi ichki makondan foydalanilgan. Har xil oʻlcham va rangdagi derazalarning tasodifiy joylashtirilgani bino ichiga kirgan yorugʻlikni “ilohiy” tasvirga aylantiradi.